Bol fe’li asosida vujudga kelgan bog‘lovchilar shart mayli yoki ko‘makchi shakliga ega: turkm. bols‘a, tur. olsun (ayiruv), gag. osa//osaydї (yoki), qirg‘. bolbas (agar), qoz. bolmasa, uyg‘. bolg‘ach (sabab bog‘lovchi), tuv. bolg‘ash, yoq. buolbakka (agar–inkor va zidlov bog‘lovchisi), chuv. pilinte, pulsan (agar) va hokazo.
Ba’zi turkiy tillarda bog‘lovchilar va bog‘lovchi so‘zlar o‘rnida turli olmoshlar ishtirok etadi, binobarin, bunda ham xuddi fe’ldan vujudga kelgani kabi, olmoshlarning qo‘llanish chastotasi muammoni hal etadi.
Ancha keng qo‘llaniladigan bog‘lovchilar orasida ne so‘roq olmoshi faol bo‘lib, turkiy tillar va ularga boshqa til guruhlarida–hind-yevropa tillarida, avvalo, nisbiy olmoshlarga aylangan, so‘ngra bog‘lovchi so‘zlar va, nihoyat, bog‘lovchilar vazifasini bajarishga o‘tgan.
Ne barcha tillarda, qayerda u bog‘lovchi vazifasini bajaradigan bo‘lsa, ayiruvchilik vazifasini o‘taydi, ko‘pincha, ikkilangan inkor fe’l shaklida bo‘ladi: qoz., q.balq:, qum., q.qalp., no‘g‘., qar., q.tat., gag. ne ... ne, qozoq, q.balqar, qumiq va boshqa tillarda yoki ma’nosini anglatadi: tat., chuv. ni ... ni, ozarb. nä ... nä.
Ne bog‘lovchisini boshqa so‘zlarga biriktiruvchi bog‘lovchilar ham oz emas. Bunday bog‘lovchilar soni hozirda ko‘payib bormoqda: q.balq. neda, neya (yoki), ne üchün deseñ (shuning uchun), kar. nedinchä (shu paytga qadar), qum. nege dese (shuning uchun), no‘g‘., q.qalp., qoz. nege deseñ; gag. nechinki (shuning uchun) kabi.
Ne so‘roq olmoshi, ya’ni shaxs kategoriyasini ifadalaydigan kim bog‘lov-chisi vazifasida nisbatan kam ishlatiladi: qar., ozarb. kim; qoz. kim…sol(kim, u), tur. kimi…kimi…(bir va boshqalar) kabi. Bular fors adabiyoti va eski o‘zbek tili ta’sirida bo‘lgan tillarda uchraydi. Bu tillarga o‘g‘uz, qarluq va shimoliy qipchoq (Volgabo‘yi) tillari kiradi. Ulardagi ki boshqa bog‘lovchilar bilan birga, arab va fors tillaridan o‘zlashgan. Ki negizida o‘g‘uz va qarluq tillarida yangi bog‘lov-chilar paydo bo‘lmoqda.
Keyinchalik, tarjima, ikki tillilik va ko‘p tillilik ta’sirida sintaksisning rivoji natijasida boshqa so‘roq olmoshlari bog‘lovchilar va bog‘lovchi so‘zlar vazifasida qo‘llanila boshlaydi: ozarb. hachan, q.balq. qalay, gag. nasї (qanday), q.balq. qachan, gag. achan (qachon), qoz. keyde (ba’zan) va hokazo. Yangi bog‘lovchilar, shuningdek, so‘roq olmoshlari va boshqa so‘zlar birikuvidan yuzaga keladi: qoz. qansha…sonsha, qirg‘. qancha...oshoncho, qoz. qanday...sonday, uyg‘. qandaq...shundoq kabi.
Ko‘pchilik bog‘lovchilar ko‘rsatish olmoshlari negizida vujudga kelgan bo‘lib, ularning aksari alohida predmet ma’nosini bildiradi: ol, sol. Bu negizida vujudga kelgan olmoshlar ko‘p emas. Ol sermahsul bo‘lib, so‘z yasovchilarni, kesim affiksini qabul qilib, turli so‘zlar bilan birikib, teng va ergashtiruvchi bog‘lovchilarni va bog‘lovchi vazifasidagi so‘zlarni yuzaga keltiradi. Bunday jarayon turkiy tillarda ko‘p takrorlanmaydi. Sababi bu bog‘lovchilar har bir turkiy tilda mustaqil rivojlanadi: q.balq. alay (ammo), xak. alay (yoki), yoq. onon (shuning uchun), qoz. sondїqtan, qirg‘. oshonduktan, yoq. uonna (so‘ngra), xak. alay ba (yoki), qoz. alay de (baribir, ammo) kabi. Ayrim turkiy tillarda bog‘lovchilarning vujudga kelishi bir model va komponentlarning biri negizida paydo bo‘ladi: qoz., q.qalp. öytkeni, qirg‘. antkeni (shuning uchun). Boshqalarida qadimgi turkiy an’ana davom etadi: q.qalp., qoz. onuñ üshin, qar. anїñ üchün, ozarb. anun üchün, q.balq. anї üchün, qum. anu üchün, yoq. ol ihin...va hokazo. Ko‘rsatish olmoshlari negizida vujudga kelgan bog‘lovchilarda keyinchalik zaiflashuv kuzatiladi: qirg‘. oshontkenimenen, qoz. öytkenimen (qaramasdan) va hokazo.
Do'stlaringiz bilan baham: |