Yuqoridagilarni hisobga olganda, qo‘shma terminlarni maxsus o‘rganish, ularning imlosi va qo‘llanishidagi chalqashliklarni bartaraf etish, hech bo‘lmaganda, minimum holga keltirish muhim ahamiyatga ega. Ushbu ishda qo‘shma terminlarning yasalish manbalari va tiplari, ularning ayrim semantik xususiyatlari hamda ularning imlosi va qo‘llanishini tartibga solish tamoyillari qisqacha bayon etiladi. Biroq qo‘shma terminlarning qo‘shma so‘zlar bilan bo‘lgan umumiy tomonlariga mufassal to‘xtolmadik, chunki yuqorida aytib o‘tganimizdek qo‘shma so‘zlar o‘zbek tilida ancha yaxshi o‘rganilgan. Biz ko‘proq qo‘shma terminlarning o‘ziga xos xususiyatlariga, ularning yangi tiplariga (qo‘shma so‘zga nisbatan) ko‘proq e’tibor berdik. Qo‘shma terminlar hosil bo‘lishining manbalari. Ma’lumki, qo‘shma so‘zlar tilda muayyan ehtiyoj , zarurat tufayli tug‘iladi. Shuning uchun ham ma’lum tushunchani ikki yoki undan ortiq so‘z birikuvidan hosil bo‘lgan yangi yaxlit so‘z orqali ifodalashga ehtiyoj seziladi. Masalan, hozirgi kunda ikki planda teng qo‘llanuvchi, ya’ni ham umumiste’moldagi so‘z, ham botanika termini (nomeni) hisoblangan otquloq, qo‘ziqorin singari qo‘shma so‘zlar muayyan o‘simliklarni, ularning tashqi ko‘rinishini konkret, kishilarga oldindan ma’lum bo‘lgan predmetlarga o‘xshatish orqali nomlash natijasida yuzaga kelgan. «Qo‘shma so‘zlar, - deb yozgan edi G. O. Vinokur, - faqat yangi so‘zlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish uchungina emas, balki ko‘proq haqiqatan ham, ikki tushunchani bir so‘z orqali ifoda etish zarurati bo‘lgani uchun ham zarurdir». Hozirgi kunda fan va texnikaning turli sohalarida yuzaga kelayotgan ko‘plab qo‘shma terminlar ayni ana shu maqsad - bir so‘zda ikki tushunchani ifodalash uchun xizmat qilmoqda. O‘zbek tilida avvaldan qo‘llab kelingan an’anaviy qo‘shma so‘zlarning ko‘pgina qismi tilimizning asosiy lug‘at fondi bazasida o‘z so‘zlarimizdan, qisman, o‘zbek tiliga singishib ketgan arab va fors so‘zlaridan yasalgandir. Keyingi davrda rus tilining o‘zbek tiliga, uning leksikasiga ta’siri natijasida tilimiz qo‘shma so‘zlarning yangi tip va modellariga ega bo‘lib, ko‘plab qo‘shma so‘zlar bilan boyidi. Bular, asosan, yangi-yangi tushunchalarni ifodalovchi qo‘shma terminlardir. Qo‘shma terminlar ham qo‘shma so‘zlar kabi o‘z so‘zlarimizdan, boshqa til materiallaridan hamda har ikkala manbaning o‘zaro qo‘shilishidan tug‘iladi. O‘zbek tili materiallari asosida yuzaga kelgan qo‘shma terminlar asosan umumiste’moldagi tayyor qo‘shma so‘zlarning ilmiy termin yoki nomen sifatida terminologik sistemalarga qabul qilinishi mahsulidir. Bunday ikki plan Vinokur o‘sha asar. - B. da qo‘llanuvchi leksik birliklar ko‘proq; xalq tili bilan bog‘liq holda rivojlangan terminologik sistemalarda (masalan, botanika, zoologiya kabi) tez-tez uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |