Shunga qaramasdan aytish mumkinki, qo‘shma so‘zlarni o‘rganish hali nihoyasiga yetmagan, bu jarayonda chalqashlik va nuqsonlarga yo‘l qo‘yilgan va yo‘l qo‘yilmoqda. Qo‘shma so‘zlarga bag‘ishlangan ishlarda ularning sodda so‘zlardan va so‘z birikmalaridan farqi hali yetarlicha ochib berilmagan - bu masalada turli mualliflarning qarashlari turlichadir. Bunday har xilliklar, cxalqashliklar ayni «qo‘shma so‘z» terminini turlicha tushunish natijasida kelib chiqqan bo‘lishi ham mumkin. O‘zbek tilida qo‘shma so‘zlar masalasini to‘la va to‘g‘ri hal etish faqat nazariy jihatdangina emas, balki amaliy jihatdan ham muhim ahamiyatga egadir. Chunki o‘zbek tilida ham, boshqa bir qator tillarda bo‘lganidek qo‘shma so‘zlar miqdor jihatdan salmoqli o‘rin egallaydi. Ayniqsa, keyingi yillarda fan va texnika yutuqlari turmushimizga kirib kelishi natijasida ko‘plab terminlar, jumladan, qo‘shma terminlar umumadabiy tilga, jonli so‘zlashuv tiliga o‘zlashib, uni boyitmoqda. Biroq ana shu qo‘shma so‘z va terminlarning imlosi meyoriy bo‘la olgan deb bo‘lmaydi. Umumadabiy tilning o‘zida qo‘shma so‘zlarning imlosi, ularning yozilishida kelishmovchiliklar mavjudligi tufayli, qo‘shma so‘zlarning mavjud tayyor modellari asosida yuzaga kelgan ayni qo‘shma terminlarning yozilishida ham har xilliklar mavjud. Qo‘shma so‘zlar va qo‘shma terminlar imlosini to‘g‘ri hal etish, ularni tartibga solish uchun birinchi galda qo‘shma so‘zlar nazariy jihatdan to‘la va to‘g‘ri o‘rganilishi kerak, ya’ni qo‘shma so‘zlarning sodda so‘zlardan va, ayniqsa, so‘z birikmalaridan farqi, ularning chegarasi aniq belgilab olinishi kerak. Turli mualliflarning mazkur masaladagi fikrlari o‘rganilib, mushtarak holga keltirilmog‘i zarur. Shuni aytish kerakki, qo‘shma so‘zlarga oid yuqoridagidek tortishuvli masalalarni hal etish ushbu maqola doirasiga kirmaydi. Chunki bunday masalalar ustida hanuz torti-shuvlar davom etmoqda. Hatto N. Mamatovning keyingi davrdanashr etilgan «O‘zbek tilida qo‘shma so‘zlar» nomli monografiyasi ham bu masalalarni uzil-kesil hal eta olgani yo‘q. Shuningdek, 1983 yilda matbuotda e’lon qilinib, bir yil davomida qizg‘in muhokama etilgan o‘zbek tili imlo qoidalarining yangi loyihasidagi qo‘shma so‘zlarning imlosi masalasi ham ancha tortishuvlarga sabab bo‘ldi. Umumadabiy til doirasida qo‘shma so‘zlar, ularning tabiati, strukturasi va asosan imlosi masalalariga doir bir qator ishlar bajarilgan bo‘lsa-da, biroq qo‘shma so‘zlar masalasi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan qo‘shma terminlar masalasi hali o‘zbek terminologiyasida yaxlit o‘rganilmagan. To‘g‘ri, ayrim soha terminologik sistemalarini lingvistik tadqiq etish jarayonida tegishli o‘rinlarda qo‘shma terminlarga qisqacha to‘xtab o‘tiladi. Biroq bu tadqiqotlarda muayyan fan sohalarida uchrovchi qo‘shma terminlarning yasalishi, ularning strukturasi va material tomoni umumiy asoslarda, qo‘shma so‘zga qiyosan o‘rganilgan. Ayniqsa, qo‘shma terminlar imlosining qo‘shma so‘zlar imlosi asosida hal etilishi terminlar mazmuniga zarar keltiradi, ya’ni muayyan qo‘shma termin ifodalashi lozim bo‘lgan tushunchani noto‘g‘ri idrok etishga olib keladi. Shu bilan birga, qayd etish kerakki, keyingi davrda paydo bo‘layotgan qo‘shma terminlar imlosi ancha barqarorlashib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |