Xalqaro termin elementlar ishtirokida to‘zilgan terminlarning yildan-yilga ko‘payib borayotganligining sababi shundaki, «bunday maxsuslashgan termin elementlardan tuzilgan terminlar nisbatan to‘la aniqlikka ega bo‘ladi. Ular... o‘zlari bildirgan tushunchalarning belgilari haqida ko‘proq ma’lumot bera oladi. Bunday terminlarning ma’noviy tushunarliligi va nisbatananiqligi ularning qiyosan qisqaligi bilan birga uyg‘unlashib ketadiki, bu narsa ko‘pincha u yoki bu terminning yashovchanligini oldindan belgilab beradi. Yunoncha va lotincha qisqa o‘zaklar ko‘pchilik holatlarda rus tilida xiyla cho‘ziq so‘z va so‘z birikmalari orqali ifodalangan belgilarni bildirib keladi» Halqaro termin elementlarning harakterli xususiyatlaridan biri ularning umumlashtirish qobiliyatidir. Bu xususiyat, ayniqsa, postpozitiv termin elementlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Chunki -gamiya, -graf, -grafiya, -drom, -yemiya, -log, -logiya, -skop, -stat, -tron kabi termin elementlar ishtirokida muntazam, bir ma’noli terminlar hosil qiladi. Bunda mazkur termin elementlar o‘zlari ishtirok etgan terminlarning umumlashtiruvchi-turkumlovchi qismi sifatida namoyon bo‘ladi. Masalan, -log termin elementi ishtirokida tarkib topgan terminlar doimo bir xil ma’noni, ya’ni biror fan sohasining mutaxassisi degan ma’noni bildirib keladi: dermatolog, ixtiolog, nevrolog, leksikolog, seysmolog, farmakolog, urologkabi. Ko‘rinib turibdiki, postpozitiv, ya’ni suffiksal xarakterdagi termin elementlar to‘la abstraktlik natijasini namoyon qilib, gurdosh va turkumdosh ma’nolarni, tasavvurlarni terminlarda konkretlashtiradi. Xuddi shunga o‘xshash prepozitiv termin elementlar ham umumlashtirish xususiyatiga ega, biroq ularning umumlashtiruvchilik xossasi avvalgilarga nisbatan kamroq pastroq darajada bo‘ladi, ya’ni ularning umumlashtirish xususiyati kichik tur va turkumlar ichida yanada aniqroq belgilar doirasida bo‘ladi. Ma’lumki, suffiksatsiya usuli bilan so‘z yasash adabiy tilda ham, terminologiyada ham keng qo‘llanadi. Prefiksatsiya orqali so‘z yasash esa adabiy tilda uncha rivojlanmagan, biroq fan vatexnika sohasida prepozitiv termin elementlar bilan hosil kilingan terminlarni ko‘plab uchratish mumkin. Bu yer da o‘zbek tiliga o‘zlashtirilgan halqaro terminlarni prefiks, o‘zaq suffiks deb termin elementlarga ajratishning hojati bormi degan e’tiroz bo‘lishi mumkin. Biroq mazkur tipdagi terminlarga faqat adabiy tilda so‘zlashuvchi oddiy bir shaxs nuqtai nazari bilangina emas, mutaxassislar nuqtai nazari bilan ham yondashish zarur. Adabiy tilda anglashilishi qiyin bo‘lgan terminlar bir qator fan sohalarida ham tushunarli bo‘ladi. Masalan, ixtiolog termini adabiy tilning oddiy vakili yoki zoologiyadan uzoqroq bo‘lgan soha mutaxassisi uchun tushunarsiz bo‘lishi mumkin, biroq zoologlar, umuman, biologlar mazkur germindagi «ixti» terminelementining yunoncha «baliq» ekanligini va termin «baliqlarni o‘rganuvchi mutaxassis» degan ma’noni ifodalashini juda yaxshi bilishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |