Yuqoridagi halqaro terminlar, binobarin, ular tarkibidagi termin elementlar ham O‘zbek tilida o‘zlashtirma hisoblanadi. Biroq rus tilida bunday emas. Mazkur tipdagi terminlar, ya’ni yunon va lotin tillari materiallaridan shakllangan terminlar ikkiga bo‘linadi: o‘zlashtirilgan halqaro terminlar va yunon-lotin tillari materiallari asosida rus tili bazasida yaratilgan terminlar. O‘zbek tilida ushbu terminlarning rus tili vositasida o‘zlashtirilganligi yoki rus tili bazasida yaratilganligi aniq sezilmaydi. Chunki yuqoridagiday terminlarni tashkil etgan komponentlar halqaro termin elementlardir, shuning uchun ular O‘zbek tili uchun umuman baynalmilal termin hisoblanadi. Baynalmilal deb hisoblangan bunday terminlar har tomonlama maqsadga muvofiqdir, ular tarkibidagi termin elementlar muayyan ma’noni konkret, doimo bir xil ifodalaganligidan(anti-, -log, makro-, -drom ), ular polisemiyadan yiroq turadi. To‘g‘ri, hozirgi kunlarda fan va texnika taraqiyoti natijasi ularoq tushunchalarning, binobarin, terminlarning ko‘payib borishi tufayli ayrim termin elementlar polisemantik elementlarga aylanmoqda. Chunonchi, bibliograf, kardiograf,avtograf terminlarida -graf komponentining har uchala holatdagi ma’nosi har xildir. Postpozitiv halqaro terminzlementlarning ko‘pma’noliligi bunday terminlar qisqa, biroq; ma’noni nisbatan to‘liq ifodalaydi. «Halqaro so‘z yasovchilar fondidan foydalanish, - deb yozadi terminshunos V. P. Danilenko, - faqat an’ana tufayligina emas (busiz ham ahamiyatlidir), balki katta maqsadga muvofiqligi uchun ham qo‘llab-quvvatlanadi. Bunday so‘zlar aksar hollarda bir ma’nolidir (standart semantikaga ega bo‘lganligi sababli), durustgina klassifikatsiyalash xususiyatiga egadir...» Yuqorida aytilganidek klassik tillar doirasida oqilona shakllantirilgan terminlar qisqa, aniq ifodali bo‘lganliklaridan Har bir tilga, jumladan, O‘zbek tiliga ham tarjimasiz qabul qilinaveradi. Masalan, telefon yoki elektrod so‘zlarini bir qator tillarda uchratish mumkin. Bu terminlarni boshqa tillarga bir so‘zli termin sifatida tarjima qilishning imkoniyati yo‘q. Agar ularni tarjima qilish yoki tushuntirish zaruriyati tug‘ilgan taqdirda, «telefon - muayyan masofaga tovush uzatuvchi asbob», «elektrod - suyuqlik yoki gazga elektr o‘tkazuvchi o‘tkazgich» kabi bir necha so‘zdan iborat tavsiflarga ega bo‘lar edik.Halqaro termin elementlar prefiksal (prepozitiv) va post-fiksal (postpozitiv) ko‘rinishga egadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |