Savоl va tоpshiriqlar:
Epik asarlarningqanday o`ziga хоsliklari mavjud. O`quv tahlilida ulardan qanday fоydalanish mumkin?
Epik asarlarning syujеti va kоmpоziiyasini o`rganishda qaysi jihatlarga ko`prоq e’tibоr bеrilishi kеrak dеb o`ylaysiz? Nima uchun?
Asarning оbrazlar tizimini tahlil qilishda qanday o`ziga хоsliklar mavjud? Uni aniq bir asar misоlida tushuntirib bеring.
«Muallif izidan tahlil»ni qanday tushunasiz?
Badiiy asarni tahlil qilish, tahlil turlari
Reja:
Badiiy tahlilning estetik tamoyilga asoslanishi.
Badiiy tahlilning shakl va turlari.
Badiiy tahlilda matn asosiy vosita ekanligi.
Adabiy asarning badiiy estetik mohiyati uning kompozitsiyasini, ya’ni undagi turli-tuman qahramonlar, bir-biriga o‘xshamaydigan sahnalar, alohida joy, manzara, vaziyat tasvirlari, monolog, dialoglar, o‘y, xayol, tush va boshqa turli komponentlarning murakkab tartibini o‘rganish, sharhlash orqali o‘zlashtiriladi. Tahlil jarayonida o‘qitishning xilma-xil usullaridan foydalaniladi. Bularning orasida adabiy o‘qish alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki adabiy o‘qishda matnning asl mohiyati dastlabki tarzda tasavvur etiladi. Uning o‘zak muammolari o‘quvchining ko‘z oldida osonroq gavdalanadi. Adabiy o‘qishda dastlabki urg‘u tushishi lozim bo‘lgan o‘rinlar ajratiladi, ular o‘quvchilarning ongiga ham, tuyg‘ulariga ham kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Gap epik asarlar ustida borar ekan, ularda «har qanday hissiyot voqealar qa’riga berkitilgan» bo‘lishiga e’tibor berish zarurati bo‘ladi, Chunki «qahramonlarni hayotiy voqealar og‘ushida ko‘rsatish xususiyati epik asarlarda insoniy kechinmalarni tasvirlar jarayoniga joylash imkonini beradi va o‘quvchidan bu sezimlarni ilg‘ab olish talab qilinadi. Adabiyot o‘qituvchisi o‘z o‘quvchilarida ayni shu malakani – epik asar zamiridagi badiiy ma’noni ilg‘ay olish va mantiqiy xulosaga kela bilishni shakllantirishi muhim vazifa hisoblanadi»71.
Adabiy o‘qish o‘qituvchining ish faoliyatidagi asosiy metodik vosita bo‘la oladi. Adabiy o‘qish vositasida alohida olingan qahramonning, yoki bir necha qahramonlarning saviyasi, ularning asarda tutgan mavqei, asar mavzusi, yozuvchi ko‘zda tutgan badiiy-estetik niyatning ifoda tarziga e’tibor tortilishi mumkin. Masalan, Akademik litseylarning 1-bosqichida Ahmad Yugnakiyning «Hibat ul-haqoyiq» dostoni yoki Rabg‘uziyning «Qissayi Rabg‘uziy» asarini o‘qish jarayonida har ikki adib tanlagan janrlarning o‘ziga xos xususiyatlari tushuntirilmasa, o‘quvchilar mazkur asarlarning asl mohiyatini, ularda ko‘zda tutilgan badiiy-estetik mohiyat mag‘zini chaqa olmaydilar. Natijada ulardagi haqiqiy badiiy tarovat yo‘qqa chiqadi, ular o‘quvchilar ongiga yetib bormaydi, ularning qalblarida tegishli his-tuyg‘ularning paydo bo‘lishiga yordam berolmaydi.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va kasb hunar kollejlarining adabiy dasturlarida xalq og‘zaki ijodi, mumtoz va zamonaviy adabiyot, shuningdek, jahon adabiyotiga mansub bo‘lgan xilma-xil janrlardagi epik asarlarni o‘rganish ko‘zda tutiladi. Jumladan, 5-sinfda «Uch og‘a-ini botirlar», «Susambil» xalq ertaklari, H.Olimjonning «Oygul bilan Baxtiyor», Hans Xristian Andersenning «Bulbul», Janni Rodarining «Hurishni eplolmagan kuchukcha», Anvar Obidjonning «Odil Burgutshoh va «Zamburug‘» laqabli josus haqida ertak» adabiy ertaklari, Alisher Navoiyning «Sher bilan Durroj», Sa’diyning kichik hikoyalari, Abdulla Qodiriyning «Uloqda», G‘afur G‘ulomning «Mening o‘g‘rigina bolam», Oybekning «Fonarchi ota», N.Norg‘obilovning «Oqbo‘yin», Nodar Dumbadzening «Hellados» hikoyalari, O‘tkir Hoshimovning «Dunyoning ishlari», Chingiz Aytmatovning «Oq kema», qissalari berilgan. Ko‘rinib turibdiki, faqat 5-sinfning o‘zidayoq epik turga mansub bo‘lgan xilma-xil janrlardagi asarlar taqdim etilgan. Ayni paytda boshqa sinflarda og‘zaki ijodning doston, yozma adabiyotning roman janrlaridan namunalarni o‘rganish ham ko‘zda tutiladi. Xuddi shuning uchun ham ularning har biriga o‘zlari mansub bo‘lgan janrlar nuqtai nazaridan yondashilishi zarur bo‘ladi, aks holda o‘quvchilarda noto’g’ri taassurot yuzaga kelishi, ko‘zda tutilgan badiiy-estetik samara olinmasligi mumkin.
Adabiy asarning, jumladan epik turga mansub bo‘lgan asarlarning matni ustidagi ish adabiy ta’limning o‘zak masalalaridan biridir. U «o‘quvchilarni badiiy adabiyot olamiga olib kirish, tasvirlanayotgan voqealarga nisbatan muallifning munosabati va niyatlarini payqab olishga imkoniyat»72 yaratadi. Badiiy matn ustida ishlash jarayonida o’quvchilar asarning poetik mohiyatini anglab yetadi, uning mazmunini tahlil qiladi, mavzuning talqinlariga e’tibor qaratadi, tasvirlanayotgan voqea-hodisalar, qahramonlar va umuman, asardagi voqealar rivojiga muallif munosabatini aniqlashga harakat qilishadi.
Matn ustida ishlashning asosiy nuqtalaridan biri asarni o‘qishdir. Uning turlari ham nihoyatda ko‘p. Bular orasida ifodali o‘qish, adabiy o‘qish, sharhli o‘qish, yakka va guruh bo‘lib o‘qish, rollarga bo‘lib o‘qish kabi turlarni ko‘rsatish mumkin. Rus metodist olimasi O.Yu.Bogdanova bu haqda shunday deydi: «O‘qish muammosi, kitobxonlikni, kitobxon ma’naviy olamini shakllantirish muammosi hanuzgacha eng dolzarb ilmiy muammo bo‘lib qolar ekan, metodika fanida badiiy matnni yaxlit idrok etishni, uni chuqur sharhlashni, yozuvchi poetikasini anglashni ta’minlaydigan ish usullariga ustunlik berish davom etaveradi. Adabiy ta’limdagi asosiy komponent sifatida badiiy asarni o‘qish va o‘rganish, uni sharhlashning aytilishi tasodifiy emas»73. Bir qarashda unchalik qiyin ko‘rinmaydigan mana shu adabiy o‘qishga ham alohida e’tibor zarur. Qanchalik g‘alati ko‘rinmasin, shuni alohida ta’kidlash joizki, boshlang‘ich sinflarda, shuningdek, umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichida, 5-6-sinflarda nisbatan yaxshi yo‘lga qo‘yilgan mazkur usul yuqori sinflarda, bugungi akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida bir ozgina e’tibordan chetda qolyapti.
Badiiy asar tahlili ham badiiy asar ustida ishlash bosqichlarining eng muhimlaridan biridir. Tahlilning maqsadi, vazifasi, tarkibi va o‘ziga xos mazmuni mavjud. Biroq ularni har doim bir xilda bo‘ladi, deb tasavvur qilish to‘g‘ri emas. Har bir ijodkor, har bir asar bilan bog‘liq holda tahlil ham o‘ziga xoslik kasb etadi. Badiiy asarni «o‘kish, xususan, uqish o‘ziga xos ijoddir. Kitobxon – badiiy matn unga xoh yoqsin - xoh yoqmagan bo‘lsa-da - his-hayajonga beriladi, u haqda o‘ylay boshlaydi. Kitobxon ijodining bu bosqichida badiiy matn yo badiiy asar sifatida qabul qilinadi, yo badiiylikka aloqasi yo‘q matoh sifatida inkor etiladi»74.
Safo Matjonning qayd etishicha, «Aslida kitobxon ham yozuvchi singari ijodkor. U asar mutolaasi jarayonida muallif faoliyatini takrorlash yo‘lidan boradi. Yozuvchi ijodining murakkabligi shundaki, u xayolida tug’ilgan g‘oyani adabiy qahramonlarning xatti-harakati, kurashlari misolida konkretlashtirsa, kitobxon unga teskari - adabiy qahramon xatti-harakati, kurashlari tasviridan umumiy xulosalar chiqarish yo‘lini tutadi»75. Demak, tahlil jarayonida mana shu psixologik-ijodiy holat nazarda tutilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Barcha tahlillar uchun qo‘yiladigan asosiy talab – ilmiylikdir. Real nazariy asoslarga, badiiy-estetik mantiq talablariga javob bera oladigan tahlil o‘quvchining haqiqiy yordamchisi bo‘la oladi. Tahlil albatta, o‘quvchilarning yosh xususiyatlarini nazarda tutgan bo‘lishi kerak. Tahlillar uchun qo‘yiladigan asosiy talablardan yana biri uning tarbiyaviy maqsadlarni ko‘zda tutishidir. Folklor yoki yozma adabiyot namunasi, ijodkorning tarjimayi holi yoki muayyan bir asar, epik, lirik yoxud dramatik turga mansub ijod namunasi tahlil qilinar ekan, ular o‘z-o‘zicha emas, balki muayyan pedagogik maqsadni ko‘zda tutgan holdagina tahlil qilinishi shart. Bu jihatlarga e’tibor berilmas ekan, ko‘zlagan asosiy maqsad samarasiz bo‘lib qolaveradi.
Metodist olima M.Mirqosimova ko‘rsatib o‘tganiday: «Adabiy tahlil she’r yoki nasriy asarni ifodali o‘qishdan boshlanadi; o‘qish davomida ijodkor yaratgan tafakkur tarzi anglanadi, o‘zlashtiriladi, muhokama qilinadi, kitobxon ko‘z o‘ngida yaratilgan poetik manzara yoki holat ham tashqi, ham ichki harakatlar, tuyg‘ular orqali idrok etiladi, his qilinadi. O‘sha ta’sirchan manzarani yaratishda shoir yo yozuvchi qo‘llagan tasviriy vositalarga sirtdan ahamiyat berilmaydi, asosiy e’tibor o‘qish jarayonida mazmunga, obrazning ichki ma’nolariga jalb etiladi. Ammo, tahlil jarayonida ana shu ma’nolarni ifoda etishga safarbar qilingan barcha vositalar o‘rganiladi. Xilma-xil davrda yashab ijod etgan ijodkorlar yaratgan asarlarni badiiylik, hayotiylik va ta’sirchanlik mezonlari asosida o‘rganish maktab adabiy ta’limining bosh vazifasini belgilaydi»76.
Tajribalardan ma’lum bo‘ldiki, qanday maqsadda amalga oshirilayotganiga ko‘ra ham badiiy asar tahlilining: a) ilmiy(filologik); b) o‘quv ( didaktik) singari ikki turi mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |