Savol va topshiriqlar:
1. Sinfdan tashqari mashg‘ulotlarga nimalar kiradi?
2. To‘garaklarning qanday ko‘rinishlari mavjud?
3. To‘garakning me’yoriy hujjatlariga nimalar kiradi?
4. Ommaviy tanlovlar haqida gapiring.
5. Adabiy kechani o‘tkazishning asosiy shartlarini sanab bering.
Adabiyotdan dars turlari
Reja:
1. Dars va uning turlari.
2. Sinf-dars shaklida olib boriladigan mashg‘ulotlar.
3. Dalton-reja tizimi.
4. Amaliy va tajriba ishlari shaklida olib boriladigan mashg‘ulotlar.
O‘quvchilarimizga shunday ta’lim beraylikki, ular o‘zgacha bir zavq bilan darsni tinglasinlar, mashg‘ulotning faol ishtirokchisiga aylansinlar. Bunda, albatta, o‘qituvchi mahorati va tayyorgarligining roli katta. Ma’lumki, pedagogika va metodika fanida dars va dars tahlili atamalari asosiy tayanch so‘zlar qatorida turadi. Dars arabcha so‘z bo‘lib, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da bu so‘zga “Ta’lim muassasalarida ilm, ma’lumot berish maqsadida o‘tkaziladigan o‘quv mashg‘ulotlari, saboq”98 deb izoh beriladi. Professor B. To‘xliyev va boshqalar muallifligida yozilgan “O‘zbek tili o‘qitish metodikasi” o‘quv qo‘llanmasida “Dars – bu o‘quvchi va o‘qituvchi hamkorligida, dastur va darsliklar asosida, izchil tartib va oldindan belgilangan yo‘sinda doimiy o‘quvchilar jamoasi bilan o‘tkaziladigan ta’limning yetakchi shakli sanaladi. Qisqa qilib aytganda, dars – inson tafakkuri, mahsuli – bilimni yoshlarga singdirishning asosiy shaklidir”99, – deb ta’kidlangan bo‘lsa, Y. Rasulova va O. Nurmatova hammuallifligida chiqarilgan “Pedagogika” deb nomlangan o‘quv qo‘llanmasida “Dars – bevosita o‘qituvchining rahbarligida muayyan o‘quvchilar guruhi bilan olib boriladigan ta’lim mashg‘ulotini anglatadi. Bundan tashqari, sinf yoshi va bilimi jihatidan bir xil bo‘lgan, ma’lum miqdordagi o‘quvchilar guruhi darsdir”100 degan ta’rif keltirilgan. Lekin bugungi kunda Y. Rasulova va O. Nurmatovalarning qarashlaridagi “o‘qituvchining rahbarligida” degan tushuncha bir oz bo‘lsa-da o‘zining mohiyatini yo‘qotdi. Chunki bugungi ta’lim tizimida ko‘p o‘rinlarda bir vaqtning o‘zida o‘quvchi ham obyekt, ham subyekt vazifasini bajarmoqda. Shunday ekan, dars – muayyan o‘quvchilar guruhi bilan olib boriladigan ta’lim mashg‘uloti. Bundan tashqari, sinfda yoshi, dunyoqarashi va bilim saviyasi jihatidan deyarli bir xil bo‘lgan, ma’lum miqdordagi o‘quvchilar guruhiga ma’lum hajmdagi bilimlarni yetkazish maqsadida amalga oshiriladigan mashg‘ulot darsdir, desak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ta’limning dars shakli insoniyatga uzoq vaqtlardan beri ishonchli tarzda xizmat qilib kelmoqda. Ammo bundan dars o‘qitish shakli sifatida asrlar davomida o‘zgarmagan, degan ma’no kelib chiqmaydi. O‘quv xo‘zbek larimizdagi hozirgi zamon ta’lim jarayoni faqat sinf-dars shaklidagina emas, boshqa shakllarda ham olib boriladi. Shunga ko‘ra, o‘quv muassasalarida olib borilayotgan ta’limni tashkil etish shakllarini 2 turga ajratish mumkin:
I. Sinf-dars tizimi shaklida olib boriladigan mashg‘ulotlar;
II. Amaliy va tajriba ishlari shaklida olib boriladigan mashg‘ulotlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |