4. QISSA JANRIDA SUJET VA KOMPOZISIYA
Qissada har qanday badiiy ijod namunasida bo‘lgani kabi kompozisiya alohida o‘rinni egallaydi. Yozuvchi voqea va xarakterni tasvirlashda kompozision butunlikni saqlashi lozim. Aks holda, asarning badiiy saviyasiga putur yetadi.
Ma’lumki, kompozisiya badiiy asarning ta’sir kuchini oshiradigan, emosionalligini kuchaytiradigan, hayotdagi tasodifiy, o‘tkinchi hodisalarni emas, yozuvchi nuqtai nazaridan, eng muhimi, eng xarakterli hodisalarni tanlab olishga yordam beradigan omillardan biridir.
Badiiy asarning kompozisiyasi, umuman mushtarak qonuniyatlar asosida yaratilsa-da, har qaysi janrning o‘ziga xosligidan kelib chiquvchi alohida talablar va prinsiplar ham bo‘ladi. Chunonchi, roman ham, qissa va hikoyada ham kompozisiya voqealarni, syujetni asarning asosiy g’oyasidan iborat markaz atrofiga ixcham va muvofiq uyushtirish prinsipi asosida qurilishi kerak. Bu - umumiy qonuniyat. Shu bois qissa janrining o‘ziga xosligi uning kompozisiyasini ham puxta tuzilishini, ortiqcha tafsilotlardan holi bo‘lishini taqazo qiladi.
Ma’lumki barcha janrlardagi kabi qissada ham ekspozisiya, tugun, voqea rivoji, kulminasiya, yechim kabi qismlar mavjud bo‘ladi. Bu komponentlarning hammasi qissada ketma-ket qat’iy tartibda kelishi shart emas, albatta. Ular o‘rin almashgan bo‘lishi yoki ulardan ba’zi biri tushib qolishi ham mumkin. Bu yozuvchiga bog’liq. Muhimi berilmoqchi bo‘lgan fikrni kitobxonga yetkazish, qissani kompozision jihatdan qura bilishi ham uning badiiy jihatdan mukammal chiqishiga yordam beradi.
“Asarning kompozisiyasi, dastavval muallifning tasvir etilayotgan hayotiy materialga munosabati bilan tayin etiladi, ya’ni kompozisiya birinchi navbatda g’oyaviy - estetik kategoriya (tushuncha)dir. Yozuvchi nuqtai nazari kompozisiyaning hal etuvchi elementidir...
Hayotda uchragan qanday kishilarni va nima sababdan tasvir markaziga qo‘yishni yozuvchining hayotga qarashi, uning g’oyaviy - estetik nuqtai nazari hal etadi"30.
Murod Muhammad Do‘stning "Galatepaga qaytish yoxud saodatmand G’aybarov rivoyati" nomli qissasi bunga misol. Qissa 80-yillarning birinchi yarmida yaratilgan. Asar qadimiy milliy urf-odatlardan biri aza tasvirlari bilan boshlanadi. Qissa qahramoni G’aybarov, kech bo‘lsa ham, marosimga yetib keladi. Uni eng yaqin qarindoshlari ko‘zda yosh bilan kutib oladi.
"G’aybarov ukasiga indamay go‘rga yaqinroq bordi. Qoraygan lahad og’zida turgan Naim amaki unga yig’lamsirab mo‘ltiradi. Kimdir tobutning iplarini yechdi. G’aybarov otasining oq kigizga o‘ralgan jasadini avaylab ko‘tardi, go‘r qiblasidan kelib, Naim amakiga uzatdi…
Kigiz oq, kafan oq - murdaning lahadga o‘tgani sezilmadi.
... oq pilla ichida oppoq bir g’umbak.
Xiyol o‘tib, lahad ichidan Mannonning guvillagan ovozi keldi:
-Xudo u dunyosini bersin, makoni keng... Salimboyga rahmat!...
Salimboy, lahadni qazigan odam, go‘r labida turgan edi.
-Muning savobi ko‘p, - dedi u, -Oqsoqol jannati odam, Mannonboy. Makoni keng bo‘lsin, iloyim, makoni nurga to‘lsin!...»31
Shu taxlitda asarga Rayim oqsoqol obrazi kirib keladi. Yozuvchining maqsadi endilikda realistik tasvir usulida ochila boradi. Rayim oqsoqol o‘g’liga har oy pul yuborib turgan. Toshpo‘lat G’aybarovning puli tugagach, Galatepaga qaytib keladi, otasining mulla Chori bilan suhbatlashib turganini ustidan chiqadi. Ushbu kichik mustaqil syujet asar kompozisiyasida turg’un syujet funksiyasini bajargan.
Yozuvchi syujet rivoji uchun shunday hayotiy detallarni tanlaydiki, bu detallar Raim oqsoqolning sir-asrorini, xarakterini yorqin ko‘rsatib turadi. G’aybarovning ukasi Mannonboy alohida yashash taraddudiga tushib qoladi. Otasi undan bir mashina sement bilan yordam qilishni so‘raydi. Bu muammoni Kamol bilan uchrashib hal qilishini aytadi. Rejadagi bu ishlar amalga oshmasa, sementni o‘zim topib kelaman, deb ogohlantiradi u. Bu detal Raim oqsoqolning xarakteri – cho‘rtkesarligini ko‘rsatadi.
Yozuvchi Raim oqsoqolning dafn marosimidagi voqealarni G’aybarovning nigohi orqali tasvirlaydi. Va dahriy G’aybarov bilan mustar G’aybarovning ma’naviy dunyosini ochib beradi.
"Mulla Chori, qo‘lida tuproq solingan ko‘k chorsi, G’aybarovning yoniga keldi:
-Bir siqim tuproq tashlang, o‘g’lim.
G’aybarov yerga engashib, go‘r labida uyulgan nam tuproqdan bir kaft oldi.
-Tuproqqa dam soling, o‘g’lim, - dedi mulla Chori.
G’aybarov pichirlab duo o‘qirkan, go‘rning narigi tarafida turgan ukasi Zokirni ko‘rdi. Keyin birdan ko‘zlari tindi. Zokir xiralashib, tepaga uchib ketganday bo‘ldi" ( 7-bet).
Qissa Raim oqsoqolning yerga qo‘yilishi voqeasi bilan boshlanadi. Asarda G’aybarovning shaxsiy va oilaviy sir-asrorlari oshkora bayon etilmaydi. Qissanavis bu yerda fabuladan o‘rinli foydalangan
Otasining o‘limi haqidagi o‘ylar G’aybarovga tinchlik bermaydi, u dafn marosimida bunday o‘ylardan iztirobga tushadi. «... ko‘mishadi, et suyakdan ajraladi, so‘ng suyakning bir o‘zi qoladi. Umurtqa ochiladi, xuddi tuproqday, xuddi kaftimdagi tuproqday, oxiri xok, xok bo‘ladi?...» -shunday o‘ylar uning xayolidan kechadi.
Bir kaft tuproq detali yordamida yozuvchi G’aybarovning o‘lim haqidagi o‘ylarini ochib beradi. Har bir detal asarda tasvirlanayotgan voqea ruhiga mos tushadi.
Raim oqsoqolning dafn marosimida ko‘ngilga qattiq botadigan gaplar aytiladi. Ayniqsa, "Bekiting, qaytib chiqmaydigan bo‘lsin!.." deyilgan so‘z G’aybarovning qalbini ag’dar-to‘ntar qilib yuboradi. Bu gapni aytgan Turdiqul, Raim oqsoqolni otasining qotili deb o‘ylardi. Holbuki, bu mudhish voqeaning sababchisi Ochil Kuch edi:
"Ochil Kuch maqtanganda, Raim oqsoqol nochor iljayardi. Aslida, Panji o‘g’ri devor oshib qochmagan, qo‘llari rasmana bog’log’liq, keng ko‘chada oldinga tushib ketayotgan mahali otilgan edi. Keyin uni qochdiga chiqarishdi...
Panji o‘g’ri odam bo‘lib, belga belbog’ boylaganidan beri Ochil Kuchga o‘xshagan hovliqma, pishangtalab mardumni pisand qilgan emas. Agar u uchinchi gal ham omon qaytsa, Raim oqsoqol bilan o‘zining ammasini otgan bo‘lardi. Panjini sotgan kishi shu Amma edi. O‘g’irlab keltirgan tillasini bekitib, o‘zini Raim oqsoqolga sotgan" (9-10-betlar).
Raim oqsoqolning o‘limi sabab butun bir Galatepa odamlarining sarguzashtlarga boy tarixi birin-ketin tasvirlanadi. Shunday fabula bilan boshlangan qissada, qahramonlarning o‘ziga xos hayoti mahorat bilan tasvir etiladi. Hatto Turdiqulning soch-soqoliga oq tushishida ham ramziy ma’noni ko‘ramiz.
Toshpo‘lat G’aybarov otasining dafn kuni bundan yigirma yillar oldin ro‘y bergan voqealarni ko‘z o‘ngidan o‘tkazadi.
Qissada Raim oqsoqolning o‘limidan so‘ng, yig’i-sig’i sahnasi bor. Mazkur sahna bir necha epizodik obrazlarni yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Bu- Toshpo‘latga e’tiqod qo‘ygan mulla Soat obrazi. U Hazrati Alining ikki o‘g’li vafot etganida Odam Atoning kelishi va o‘limning ota meros ekanligi haqidagi rivoyatni aytib beradi. Soatboy bilan mulla Chori o‘rtasidagi tortishuvdan keyin inson bilan tuproqning qadimiy aloqasi haqidagi ibratli rivoyat qissa sahifasidan joy oladi.
"-Muning tarixi uzoq, - dedi mulla Chori. -Xudo yetti qabat osmonni yaratdi, farishtalarni, maloikalarni, jinlar va moridlarni va eng oxirida odamni, siz aytgan Odam Atoni yaratdi. Uni yaratmoqdan avval Jabroilni Zaminga yubordi. Jabroil pastga tushdi, yerdan bir kaft tuproq olib, tag’in osmonga uchdi...» (23-bet).
Mulla Chori aytgan rivoyat davradagilarni hayratga soladi. Tasvirlangan voqea zamirida hayotiy haqiqatning yotishi, voqeani hikoya qilgan personaj tilining jonli, shirali, xalqona ekanligi va muallifning bu voqeaga munosabati uning asar kompozisiyasida tutgan o‘rnini yanada kuchaytiradi.
Hayotning jonli manzarasi G’aybarov obrazi Mulla Soat bilan mulla Chorining diniy mavzuidagi bahslari, Chorining urush yillari nemislarga asir tushgani sahifalarda o‘ta yorqin tasvirlanadi.
Qissaning navbatdagi ikkinchi qismi "Opa" deb nomlangan. Bu qismdagi voqealar ham G’aybarovga kelib bog’lanadi. Opa obrazi tufayli Toshkent voqealari, oliy o‘quv yurtlari bilan bog’liq epizodlar, opaning yurak to‘la dardlari tasvirga tortiladi.
Qissaning "Murod amaki" deb nomlangan uchinchi qismida Toshpo‘lat G’aybarovning Murod amaki bilan bo‘lgan muloqotlari tasvirlangan. G’aybarov kishilardagi yaxshi insoniy fazilatlar, yaxshiliklarning ko‘p qismini Murod amakida ko‘rdi. Yillar o‘z kuch-qudratini ko‘rsatgan, amakining soch-soqoliga oq oralagan edi.
Murod amakining ham boshqalarnikiga o‘xshamaydigan o‘z tarixi bor. U urush yillari, tahlikadan jon saqlab qolish uchun tegirmon tagiga yashiringan. So‘ngra urushga borib, sog’ -omon qaytib kelgan.
Umuman, Murod amaki obrazi asarda alohida o‘rin tutadi. Yozuvchi bu obrazni tasvir doirasiga olib kirar ekan, uning «zimmasi»ga alohida vazifa yuklaydi. Murod amaki asardagi hamma obrazlar, xususan, bosh qahramon uchun ham ma’naviy tayanch vazifasini o‘taydi. Pirovardida aqldan ozgan bu odam qissadagi yagona ezgulik ramzi bo‘lib qoladi.
Qissaning "Qizil olmalar" deb nomlangan qismida G’aybarovning bolalik yillari tasvirlangan. Qissaning bu qismida Anzirat va Oysha obrazlari o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi.
Yozuvchi qissada galatepaliklarning o‘ziga xos dunyosini ochishni maqsad qilgan. Gap Raim oqsoqolning dafn marosimi haqida ketar ekan, uning o‘g’li Toshpo‘lat G’aybarov ham voqealar jarayonidan o‘rin oladi. Yozuvchi G’aybarovning turli davrdagi kechinmalarini o‘ziga xos usulda hikoya qiladi. Tasvir davomida muallif asar to‘qimasiga Oysha ismli qahramonni olib kiradi. Oysha-turmush tashvishlarini yengib yashayotgan oddiy o‘zbek ayoli. Uning kechinmalari yozuvchi tomonidan nihoyatda ishonarli tasvirlangan.
Qissada bir qancha ayollar xarakteri yaratilgan. "Uch kun avval" deb nomlangan qismda ham turmushda uchrovchi juda ko‘p g’aroyib voqealar: G’aybarovning bozordagi uzumfurush bilan besh so‘m ustida talashishi, Qobil va Zamira bilan uchrashish lavhalari tasvirlangan. Toshpo‘lat G’aybarovning Zamirani sevib qolishi bilan bog’liq nuqtalar asarda juda o‘ziga xos tasvirlangan. Zamira bilan G’aybarovning ishqiy munosabatlari tasviridan so‘ng qissaning "Samad" deb nomlangan qismi boshlanadi. Bu qismning o‘ziga xos ekspozisiyasi bor. (G’aybarov Samad bilan talabalik yillaridan beri do‘st, ular bir shahardan, ikkisi ham fan nomzodi, oralaridan qil o‘tmaydi). Bu qismda tasvirlangan syujet chizig’ining o‘ziga xosligi shundaki, Samad Toshpo‘latdan oldin uylangan bo‘lib, Ma’suma bilan shirin turmush kechirishadi, qizlari bor. Toshpo‘lat har kelganda uning qizi bilan o‘ynab, ko‘nglini ko‘taradi. Bu syujet bo‘lagi mustaqil chiziqni tashkil etadi: Samad G’aybarovni sustkashlikda ayblab, direktor Haykal G’aniyevichga maqolalar yozib berganini pisanda qiladi va o‘zining doktorlik dissertasiyasi ustida ishlamayotganligini yuziga solib, u bilan bahslashadi. Bu qismda tasvirlangan voqea o‘ziga xos ekspozisiya vazifasini o‘tab, asarning kulminasion nuqtasiga ko‘tariladi.
Qissaning shundan so‘nggi qismi "Muhabbat" deb nomlangan. Unda G’aybarovning Inora ismli qizni yaxshi ko‘rib qolgani tasvirlanadi. Bu qiz G’aybarovning sustkashligi tufayli bir ucharga yo‘liqib, nomusini barbod etadi va shu sababdan Toshpo‘lat G’aybarovning muhabbatini rad etadi.
Qissaning «Shoir» deb atalgan qismida o‘tmishdagi ma’naviy madaniyatimizning bugungi kundagi ahamiyati haqidagi ilmiy munozaralar, shoirning turli qiyofalarga kirib, o‘z asosiy ishidan chalg’ib ketishlari hajv etilgan.
Bu syujet qismlarini o‘zaro bog’lab turuvchi asosiy nuqta asar kompozisiyasining muvaffaqiyatini belgilagan.
"Ikki kun avval" degan qismda Haykal G’aniyevich Toshpo‘latni katta bir yig’inda islom mavzuida nutq so‘zlashga taklif etadi. G’aybarov esa gapni islomning uzoq tarixidan boshlaydi. U devlar va jinlar, roviylarning yuzaga kelishi, Muhammad payg’ambarning paydo bo‘lishi to‘g’risida gapirib, tarixiy davrga xarakteristika beradi. Shundan so‘ng Sulaymon payg’ambarning bo‘ysunmagan jinlarni ko‘zalarga solib ta’qib etishi-yu, devlarning bahaybat qiyofaga ega ekanligi to‘g’risida gapiradi.
Jinlar bilan devlarni taqqoslab, devlarning ustunligini birin-ketin ochib boradi. Bu gaplardan zalda jonlanish paydo bo‘ladi. Ma’ruza yig’ilganlarga kuchli ta’sir etadi.
Qissa ateistik targ’ibot kuchaygan bir paytda yaratilgan. Yozuvchi hyech ikkilanmasdan o‘sha davr ateistlarining ma’naviy dunyosini ochib bera olgan. Muallifning o‘zi ham masalaga jiddiy yondashib, kitobxonni davr jarohatlarining mohiyatini tushunishga chaqiradi. Qissa qahramoni G’aybarov - ilm odami. U islom dinining tarixi va nazariyasini mukammal biladi. Lekin davr G’aybarov kabi fikrlaydigan kishilarning hatti-harakatlarini cheklab qo‘ygan.
Yozuvchi qalamga olgan mavzuning nihoyatda murakkab va muhimligi "Galatepaga qaytish" qissasining badiiy va ijtimoiy qimmatini belgilagan. Syujet obrazlarning mantiqiy shakllanishi bo‘lgani kabi, kompozisiya mavzuning mantiqiy davomidir.
Toshpo‘lat G’aybarov ilmiy jamoatchilik o‘rtasida obro‘-e’tibor qozonadi. Ma’ruza notiqning insoniyat tarixini chuqur o‘rganganligidan dalolat beradi. Ma’ruza paytida Haykal G’aniyevich Toshpo‘lat G’aybarovning kamchiliklarini to‘ldirishga intiladi. Mavzuning asl mohiyatini ochish zarurligini ta’kidlaydi. Jin, devlar ezgulikdan yiroq, yovuzlik timsollari ekanligini aytadi. Lekin Toshpo‘lat G’aybarov bo‘sh kelmaydi ilohiy dunyodagi jamiki razilliklarni yuzaga kelishiga faqat jin va devlar sababchi emas, balki bu dunyo odamlarining ham “hissasi” borligini uqtiradi.
G’aybarov va Haykal G’aniyevich o‘rtasida bo‘lib o‘tgan tortishuv har ikkala qahramonning ichki dunyosini yanada chuqurroq ochib berishga xizmat qilgan. G’aybarov so‘fiylar haqida ilmiy ish qilish niyati borligini aytadi. Haykal G’aniyevich esa bu qiyin mavzu deb, G’aybarovga e’tiroz bildiradi. Bu bilan u G’aybarovning ko‘nglini ko‘tarmoqchi, ikkinchi tomondan, uning munosabatini bilmoqchi bo‘ladi. Holbuki Haykal G’aniyevich aslida sodda inson, buni o‘zi ham tan oladi.
Qissada Rayim oqsoqolning o‘limi va unga bog’liq voqea-hodisalar tasviri bilan bir qatorda, ilm-fanga daxldor masalalar ham o‘rin olgan.
Qissa bosh qahramoni G’aybarov o‘ziga xos xarakter bilan adabiyotimiz arsenalida yangi obraz sifatida e’tirof etildi. G’aybarov obrazini berishda yozuvchi psixologik tahlil imkoniyatlaridan keng foydalandi. Uning tabiatidagi ichki va tashqi to‘lqinlarni aks ettirish evaziga, G’aybarov xarakteriga xos barcha nuqtalarni ochishga muvaffaq bo‘lgan. Yozuvchi voqea-hodisalarni ruhiy tahlil yordamida rivojlantiradi. Otasining o‘limi G’aybarovni xayol ummoniga g’arq etdi. Turmush chorrahalaridagi burilishlar, to‘qnashuvlar biroz loqayd, xayolparast, sodda G’aybarovning ko‘zini ochadi. Qissa e’lon qilinishi munosabati bilan G’aybarov obrazi xususida e’tiborga loyiq ko‘p fikrlar aytilgan, bu obraz atroflicha tahlil etilgan32.
Xuddi shuningdek M.M.Do‘stning “Galatepaga qaytish” qissasi to‘g’risida A.Rasulov, A.A’zam, A.Ulug’ov kabi adabiyotshunoslar o‘z fikrlarini e’lon qildilar. Ayniqsa, professor A.Rasulov va A.A’zam o‘z taqrizlarida asarning janriga nisbatan ikki xil fikr bildirdilar. A.Rasulov fikricha “Galatepaga qaytish” asari kompozisiya jihatidan va qahramon (G’aybarov) yashagan muhit talqini bilan roman janri talabiga emas, balki, qissa janrining talablariga javob beradi degan.
A.A’zam “Davradan tashqaridagi odam” taqrizida “Galatepaga qaytish”ni roman deb atagan. Bu yerda asarning janr xususiyatini belgilashda ortiqcha baho berish ko‘zga tashlanadi.
A.Rasulovning oldinga surayotgan fikrlaridan jon bor. Lekin har ikkala adabiyotshunos ham ushbu asarni ilmiy-estetik jihatdan tahlil etib adabiyotimizning yutug’i ekanligini ta’kidlaydilar.
Yozuvchi 80-yillarning boshlarida o‘zbek qissachiligiga olib kirgan yangi obrazlari ichida G’aybarov obrazi o‘zining mukammalligi va murakkabligi bilan ajralib turadi. G’aybarovning ichki dunyosini yozuvchi shu qadar mahorat bilan ochganki, bu obraz orqali zamondoshlarimizning o‘ziga xos qiyofasini ko‘ramiz.
Qissada shunday bir epizod bor. Bir o‘tirishda Qobul Parijdan keltirgan konyagini olib kelish uchun uyining kalitini Toshpo‘lat G’aybarovga beradi. Shu-shu G’aybarov bir umrlik do‘sti Samaddan ayriladi.
Asarda G’aybarov bilan Samad o‘rtasidagi keskin farq ochib beriladi.
«...Tuflisi bilan poyondozni bosib o‘tarkan, chapdagi xona eshigi yonida turgan Mazlumaga ko‘zi tushdi.
-Siz uyda ekaningizni bilmabman, - dedi u qizarib, - Men konyakka keluvdim, kelin. Qo‘rqmang, Qobil o‘zi ichmaydi... Oshxonadagi javonda, deb aytdi...
Mazluma javob qaytarmadi, tek qotib turaverdi. Endi o‘rindan turganmi, sochlari to‘zg’igan, ust - boshi ham betartibroq edi.
G’aybarov oshxona tomon yurdi. Ichkari kirib, gaz plitasi yonida devorga qapishib turgan Samadni ko‘rdiyu hamma gapga tushundi. Do‘sti ko‘ylagini kiyishga ham ulgurmabdi, yarim beligacha yalang’och, ko‘r er paypaslab ham topolmaydigan joyga kelib turibdi!...» (206-207- betlar).
Qissadagi har bir voqea va personaj o‘z joyiga ega. Ortiqcha tafsilotlarga o‘rin berilmagan. Voqyealarning rivojiga imkoniyat yaratilgan. Bularning barchasi muallifning kompozisiya qurish san’ati takomillashganidan dalolat beradi. Qissaning bosh qahramoni G’aybarov qishloqda ham, shaharda ham davr tug’dirgan illatlarga duch keladi. Ularni yo‘qotish uchun kurash olib boradi, biroq ko‘p o‘rinda ojizlik qiladi.
Yozuvchi Samadlar qiyofasida jamiyatdagi manfur kishilarning qiyofasini beradi. Holbuki, bu toifadagi kishilar har bir jamiyatda bo‘lgan. G’aybarov mana shunday nopok ishlar bilan kun ko‘rayotgan kishilarga qarshi kurashayotgan qahramon obrazi. Biroq G’aybarovlar soni kam, qarshi kuchlar esa tez birlashib, G’aybarov kabilarning ma’naviy dunyosini oyoqosti qiladilar.
Kompozisiyada tugun yoki yechim ham muhim o‘rin tutadi. U qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, kuyning so‘ngidagi baland pardaday, kitobxonda mamnuniyat hissi yoki iztirob tuyg’ularini uyg’otishi mumkin.
Qissaning 14-qismi "Galatepaga qaytish" deb nomlanadi. Otasining vafotidan jabr topgan Toshpo‘lat G’aybarov o‘z qishlog’i tomon yo‘l oladi. Otasini so‘nggi yo‘lga kuzatishning oxirgi damlarida odamlarning bildirgan hamdardliklari Toshpo‘latning qalbini yoritadi.
Qissa "Haqiqat" nomli qism bilan nihoyasiga yetgan.
Butun boblardagi tahlildan shunday xulosa kelib chiqadiki:
80-yillarning birinchi yarmidayoq qissanavislarning safi o‘sdi. O‘zbek qissachiligining tematik doirasi yangi mavzular hisobiga boyidi.
So‘nggi yillar o‘zbek qissachiligida yangi yo‘nalishlar paydo bo‘ldi. Bu qissalarda insonning ma’naviy dunyosini boyitishga xizmat qiladigan voqealar tasvirlandi. «Galatepaga qaytish» kabi qissalarda esa o‘z qiyofasiga, qalb evrilishlariga ega bo‘lgan obrazlar yaratilganligini ko‘ramiz.
Ko‘ramizki, hayotiy voqealar tasviri va kompozisiya bir-biriga bog’liq hamda bir-biriga ta’sir o‘tkazuvchi hodisalar ekan. Muallif asar kompozisiyasini retrospektiv shaklda qurar ekan, bu bilan tasvir obyekti bir qishloq va u orqali butun jamiyatning muayyan manzarasini tiklashga erishadi. Bosh qahramon holati uning xotirasida shunga mos hodisalarni yuzaga keltiradi. Bu voqelikni chuqur tahlil qilish, yozuvchiga voqea va qahramonlarni turli rakursdan ko‘rsatish imkonini bergan.
Kompozisiya ham shakl, ham mazmunga tegishli hodisa bo‘lib, u bu ikki hodisaning uzviy birligi sifatida maydonga keladi.
Kompozisiya barcha adabiy –badiiy asarlarda bo‘lgani kabi qissa janrida ham alohida o‘rin egallaydi. Izchil kompozisiya qissaning muvaffaqiyatli chiqishi uchun zamin hozirlaydi.
Kompozisiya asarning markaziy o‘qi vazifasini o‘taydi. Syujet, ekspozisiya, tugun, yechim ana shu markaziy o‘q atrofida izchillik bilan joylashadi. Natijada asarning kompozision yaxlitligi vujudga keladi.
O‘zbek qissachiligida keyingi yillarda yaratilgan asarlarda o‘ziga xos muvaffaqiyatli ijodiy urinishlar ko‘zga tashlanadi. M.M.Do‘stning «Galatepaga qaytish yoxud saodatmand G’aybarov rivoyati» qissasi kompozision qurilishi va real voqelikni aks ettirish nuqtai nazaridan ana shunday qissalar sirasidandir. Yozuvchi qissada qahramon o‘y-kechinmalarini hayotiy voqelik hodisalari bilan bog’laydi. Asar kompozisiyasi qahramon o‘y-kechinmalarining turmush haqiqatlari bilan qarama-qarshi kelishi asosiga qurilgan. Adib mahorati asar kompozisiyasining yaxlitligini ta’minlay olgan.
Konflikti psixologik, ya’ni ichki kolliziya shaklidagi asarlardagi kechinmalarning ijtimoiy, shaxsiy-intim konfliktlardan farqi nimada? “Ot kishnagan oqshom”, “Oydinda yurgan odamlar”, “Yozning yolg’iz yodgori”, “Iste’fo” kabi asarlardagi kolliziyalarda qahramonlar – muxoliflarning maqsad yo‘lidagi kurashidan tug’iluvchi hayotiy muammolar emas, balki og’ir hayotiy sharoit va hodisalarning ta’siri, aks-sadosi ustundir. Ularda ba’zan uchrab turadigan xarakterlar to‘qnashuvi tashqi hodisalar ta’sirida yuz berayotgan ichki kurashlar zamiridagi o‘tkinchi holat sifatida ko‘rinadi, ya’ni hal qiluvchi, yangidan-yangi to‘qnashuvlar tug’dirmaydi. A.Tolstoy hayotiy qarama-qarshiliklarni aks ettirishda qo‘llaniladigan bunday konfliktni kurashning aynan o‘z shakli emas, balki “kurashning in’ikosi”, deb baholaydi33.
“Adabiyotshunoslik terminlarining ruscha-o‘zbekcha izohli lug’ati”da “badiiy konflikt”ga shunday ta’rif beriladi: “Kolliziya – to‘qnashuv, qarama-qarshilik so‘zidan olinib, badiiy asarda xarakterlarning o‘zaro kurashi, sharoit va xarakterlar o‘rtasidagi to‘qnashuv deb baholanadi”34. Ushbu ta’rif ziddiyatning tuyg’ular kolliziyasi ma’nosini u qadar to‘liq ifodalamaydi. Bunga shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, “kechinmalar kolliziyasi” – asar qahramonlari ruhiy olamini namoyon etuvchi, ular ruhiyatida kechayotgan o‘zgarishlar, bo‘hronlar, to‘qnashuvlar tabiatini ifodalovchi tuyg’ular kurashidir. Demak, kolliziya – bu his-tuyg’ular ziddiyati, kurashi demakdir. Ko‘rinadiki, konfliktning botiniy – kolliziya shaklidan foydalanish adabiyotimizning barcha turlari va janrlarida – epos35, romanlarda36, dramaturgiyada37 bo‘lgani kabi qissachilikda ham samarali kechmoqda.
Adabiyotshunos A.Bocharov shunday deb yozgan edi: “Muayyan asarning ko‘pkonfliktliligi bugungi nasrimizning tabiiy belgisi bo‘lib bormoqda. Ko‘pkonfliktlilik – tashqi va ichki, ijtimoiy va shaxsiy, obyektiv va subyektiv, asosiy va ikkinchi darajali, lokal va parabolik konfliktlarning chatishuvidan tashkil topadi”38. Asarlarini biz tahlilga tortgan yozuvchilarimizning XX asr so‘nggi choragidagi qissalari ana shunday ko‘pkonfliktlilik yo‘lidagi ilk urinishlar mevasidir.
Biz tahlilga tortgan asarlar bir umumiy xususiyatga – konfliktning ruhiy kolliziya deb nomlanuvchi ko‘rinishiga asoslanganligi bilan ajralib turadi. Ayrim tanqidchilar istaganidek, ularda “qahramonlar ikki qarama-qarshi qutbga tizilib, oshkora “nayzabozlik” qilishmaydi yoki ilg’or kuchlar bilan “konservatorlar” o‘rtasida murosasiz to‘qnashuvlar” yuz bermaydi.
5. MUSTAQILLIK DAVRI O‘ZBEK QISSACHILIGI
Mustaqillik davri o‘zbek adabiyotida yangi qahramonlar yuzaga keldi. Ijtimoiy hayotda bo‘lgani kabi, adabiyotda ham eskilik bilan yangilik o‘rtasidagi konfliktlar shu davr adabiyoti mavzularidan birini tashkil etdi. O‘zbek prozasining yetakchi janrlaridan hisoblangan qissachilikni ham bu mavzu chetlab o‘tmadi. Konfliktlarning vujudga kelishida subyektiv va obyektiv omillar sabab bo‘ladi. Chunki hayotda yuz bergan o‘zgarishlar odamlar tafakkurida silliq kechmaydi.
Tarix va adabiyot bir-biridan kuch oladigan, boyitadigan, biri biriga doimiy madad beruvchi yondosh sohalardir. Zero, adabiyot hayotiy material sifatida tarixga murojaat etar ekan, uni asos qilib oladi hamda unga mas’uliyat bilan yondashishga, uning asosiy nuqtalarini to‘g’ri aks ettirishga majburiyat sezadi. Tarixiy qissaning o‘ziga xosligi haqida fikr yuritar ekanmiz, masaladagi ikki jihatni farqlashimiz zarur. Birinchidan, tarixiy qissa bilan zamonaviy mavzudagi qissa sintezi; ikkinchidan, tarixiy qissa bilan tarixiy roman o‘rtasidagi farqli jihatlar.
Zamonaviy qissada muallif bir qadar erkin bo‘ladi, ya’ni u o‘z badiiy niyat-maqsadiga mos voqea-hodisalarni tanlaydi va tasvirlay oladi. Bunda yozuvchi badiiy to‘qimaga keng o‘rin beradi, ko‘pchilik e’tiboriga arzirli voqea yaratadi. Bunday voqea va qahramonning yashovchan va mumtoz bo‘lib qolishi yozuvchining kuchi, iqtidoriga bog’liq.
Shuning uchun ham tarixiy qissada yozuvchi tarixiy voqeaga muayyan darajada «qaram» bo‘ladi. Bu voqea yozuvchi erki va tasarrufidan tashqarida ham mavjud. Bu voqeani u yaratmagan, kimdir bu voqealarda ishtirok etgan, o‘z hayotiy faoliyati bilan ularni dunyoga keltirgan. Yozuvchi ularga yangi bir yo‘nalish, jonli tafsilotlar qo‘shadi, xolos.
Tarixiy qissa bilan tarixiy roman o‘rtasida farqli jihatlar mavjud. Yozuvchi biror tarixiy davr yoki buyuk shaxs haqida roman yozishga kirishar ekan, voqealarni to‘liq, buzmasdan ko‘rsatib berishiga to‘g’ri keladi. Zero, asosiy xususiyatlaridan biri epik kenglik bo‘lgan roman janri shuni taqozo etadi. Tarixiy qissanavis o‘zida bunday majburiyat sezmaydi, u nisbatan erkin, o‘ziga kerak biror nuqtani, aniqrog’i, ma’lum qahramon shaxsini ajratib olib, voqeani o‘sha atrofida shakllantiradi. Shu ma’noda tarixiy qissa fragmentar (katta hodisaning bir qirrasi) xarakterga ega. Katta voqea yoki shaxs muayyan bir rakursda yoki boshqa birov nigohida yaratiladi. Bu - ko‘p jihatdan «Saodat sohili» tarixiy qissasiga to‘g’ri keladi. Unda tarixiy shaxs Bobur Mirzo bevosita, o‘z-o‘zicha emas, balki, boshqa bir qahramon, so‘fiy alloma Hofiz Ko‘ykiy nigohi orqali tasvirlanadi. Muallifning «Boburiynoma» asarida «Saodat sohili» qissasining tug’ilishi haqida gap ketgan o‘rinlarda yozuvchi Erkin A’zam tomonidan aytilgan fikr, garchand hazilomuz tarzda aytilgan bo‘lsa-da, muhim ahamiyat kasb etadi:
“Roman yozsang – uzun yoz, kessa bo‘lur,
Qissa yozsang – qisqa yoz, qo‘shsa bo‘lur”39.
Bundagi «uzun» roman va «qisqa» qissa roman janrining biz yuqorida qayd etgan sertafsilot, kengko‘lamliligi va qissaning voqea-hodisadagi nuqtalarda faqat bir-ikkitasini tanlab olib, asosiy e’tiborni shunga qaratishga ishora desa bo‘ladi.
Tarixiy mavzuga qo‘l urgan yozuvchi uchun tarixiy shaxs va o‘tmishdagi voqealar «xomashyo» vazifasini o‘taydi. Ularga badiiy ishlov berish, uni obrazga aylantirish uchun ijodkordan iste’dod, mahorat va mehnat talab qilinadi. Yuzaki qaraganda, tarixiy mavzu oson va qulaydek tuyuladi: voqealar aniq, bo‘lib o‘tgan, tarixiy shaxslar ma’lum va mashhur, faoliyat maydoni, tarjimai holiga ega. Lekin bu «qulaylik»ning xavfli tomoni ham bor: adib tarixiy voqealarning tub mohiyatini ocha bilmasligi, o‘tmishda o‘tgan shaxsning ichki olamini yetarli darajada yorita olmasligi mumkin. Natijada tarixiy voqealarning quruq bayoni yuzaga kelib, unda ishtirok etuvchi shaxslar badiiy obraz darajasiga ko‘tarila olmasligi mumkin. P.Qodirov Shukur Sodiq bilan suhbatda shunday deydi: «Tarix unutilib ketadigan narsa emas. Ajdodlar boshidan kechirgan hodisalar, kechinmalar yuz, besh yuz yil o‘tgach ham avlodlar hayotida turlicha yo‘sinda takrorlanishi mumkin ekanki, bu o‘sha irsiy yo‘nalish, genlar orqali yuzaga keladi, deb o‘ylayman»40. Yozuvchining bu fikriga to‘la qo‘shilish mumkin.
XX asrning so‘nggi choragida tarixiy mavzudagi qissalarda yangicha ijodiy jarayon shakllandi. Abdulla Qodiriy, Oybek, Abdulla Qahhor kabi yozuvchilar tarixiy haqiqatdan chekinmagan holda tarixiy mavzularda umrboqiy qissalar bitdilar. Akademik I.Sulton tarixiy shaxs badiiy obrazning prototipi ekanligi xususida: «Birinchidan, yozuvchining tushunishiga muvofiq, tarixiy shaxslarning o‘z davrida tutgan sosial mavqyei, jamiyat hayotidagi roli tarixiy haqiqatga mos ravishda, buzmasdan saqlanadi, haqqoniy tasvir etiladi… Ikkinchidan, tarixiy shaxslar asarda to‘qima yo‘li bilan yaratilgan xarakterlar taqdiriga chambarchas bog’langan holda tasvir etiladilar»41, - deb yozadi. Demak, tarixiy asarda real shaxs obrazi yoki prototipli obraz to‘qima obrazlar bilan ham shakliy, ham mazmuniy uyg’unlik kasb etishi kerak. Qolaversa, tarixiy shaxs badiiy asar «maydonida» (I.Sulton) ba’zi o‘rinlarda asos, ba’zi o‘rinlarda vosita bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Tarixiy asarda prototip-obrazning yetakchilik qilishi prototip obrazga asos bo‘lganidan dalolat beradi.
Badiiy asarlarda shunday prototiplar ham uchraydiki, ular haqidagi tarixiy dalillar endilikda tarixiylik bosqichidan o‘tib, afsona, rivoyat vazifasini bajara boshlaydi. Yozuvchi Mirkarim Osimning «To‘maris», «Shiroq» qissalari qahramonlarini shu toifaga kiritish mumkin.
Mirkarim Osim "To‘maris", "Shiroq", "O‘tror", “Ibn Sino qissasi”, "Temur Malik" singari qissalarida tarixiy shaxslar, tarixiy voqealarni badiiyat mulkiga aylantira olgan adib sifatida nasrimiz taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdi. Yozuvchi ushbu asarlarda ajdodlarimizning Vatan ozodligi yo‘lida olib borgan qahramonona kurashlari, madaniyatimiz fidoyilarining jahon ma’rifat xazinasiga qo‘shgan hissalari haqida so‘z yuritadi.
Qissaning yana bir muhim jihati shundaki, muallif qissa qahramonlarining xatti-harakatlarini ishonchli dalillar orqali ochib beradi, tarixiy voqealarni buzmasdan tasvirlaydi. Shuning uchun ham qissada qalamga olingan tarixiy-badiiy voqelik kitobxonda shubha uyg’otmaydi. Bu esa Mirkarim Osimning tarixni mukammal bilganidan, tarixiy dalilga manba bo‘lgan buyuk tarixchi Gerodot qarashlarini to‘g’ri talqin etganidan va uni badiiy yo‘l bilan tiklay olganidan dalolat beradi.
Haqiqatan ham Mirkarim Osim ijodida badiiy tasvir ko‘lami juda keng. U kichik tarixiy detal vositasida chuqur mazmunga ega, mukammal badiiy lavhalar yaratib, bunga o‘quvchini ishontirishga, qiziqtirishga erisha oladi. Aynan shu jihat tarixiy asarga xos muhim xususiyat hisoblanadi.
Tarixiy qissalarda tarixiy va to‘qima obrazlar munosabati muhim o‘rin tutganidek, makon masalasi ham o‘ziga xos estetik vazifa bajaradi. Makonga xos detallarning joylashuvi va ularning badiiy zamon bilan muvofiqligi obrazning tarixiy realligini asoslashga xizmat qiladi. «Haykaltaroshlik va rassomlikdan farqli ravishda adabiy asarda makon tushunchasi hissiy mohiyatni ifodalaydi, materiallarning zichligi va uyg’unligi assosiativ mohiyat kasb etadi»42.
Mirkarim Osim qissaga kiritgan har bir obraz, voqea tarixiy dalillar bilan bevosita bog’lanib, badiiy hodisaga aylanib ulgurdi. Tarixiy voqelikning badiiy talqini muallif dunyoqarashiga xos obrazli tafakkur bilan belgilanadi. Adibning o‘tmishga, Navoiyga bo‘lgan munosabati «Zulmat ichra nur» asarining mazmun-mohiyatini belgilaydi.
O‘zbek qissanavislari jahon adabiyoti durdonalarini o‘rganish jarayonida o‘z mahoratlarini takomillashtirib bordilar. Tarixiy qissalarda tarixiy shaxs, prototip-obrazning mavjud bo‘lishi asarning tarixiylik prinsipidan kelib chiqadi. Prototipning tarixiy hujjatlar vositasida asoslanganligi, tarixiy makon va zamon kabi tarixiy-badiiy komponentlar bilan uyg’unligi tarixiy janrning muhim sharti hisoblanadi. Ammo tarixiy qissada makon va zamon bilan prototip-obraz o‘rtasidagi mushtaraklik hayotiy – real mantiq asosida emas, badiiy mantiq asosiga qurilgan bo‘ladi. Real va to‘qima obraz tarixiy shaxs va to‘qima obrazlar bilan birgalikda asar g’oyasini ochishdagi muhim halqalardan biridir. Tarixiy shaxslarni keng qamrovli planda tasvirlashda to‘qima obrazlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Nabijon Boqiyning istiqlol davrida yaratilgan «Qatlnoma» tarixiy qissasida faqat tarixiy shaxslar asos qilib olingani bois, badiiy ta’sirdan ko‘ra publisistik pafos yetakchilik qiladi. Bu o‘z navbatida, hujjatlar tizmasidan iborat ilmiy-publisistik asarning yuzaga kelishiga olib keladi.
S.Siyoyevning “Bir chora zamon istab” qissasida tarixiylik mezoniga rioya qilinmaganligi sababli tarixiy shaxslar o‘rtasidagi (Feruz va Avaz O‘tar) munosabat haqqoniy ifodasini topmagan. Demak, tarixiy qissalarda hayotiy haqiqat va badiiy me’yor masalasi muhim nuqta hisoblanadi.
Adabiyotshunos M.Qo‘shjonovning ta’kidlashicha, yangi badiiy tafakkurni o‘z zaminimizga tayanib yaratishimiz mumkin. Chunki “Ming-ming yillar davomida taraqqiy etib kelayotgan adabiyot va san’atning asosiy suyanchi insonparvarlikdir”43.
Yangi badiiy tafakkur badiiy obraz yaratish mezonlariga ham kuchli ta’sir o‘tkazganligini Bahodir Murod Alining "Ko‘kto‘nliklar" qissasida ko‘rishimiz mumkin. Qissaga ko‘p marta qalamga olingan tarixiy mavzu - O‘zbekistonda sobiq sovet hokimiyatining o‘rnatilishi va bosmachilik harakati asos bo‘lgan. Qissani yaratish jarayonida milliy qadriyatlarimizdan ijodiy oziq olgan adib o‘z asarida davrning murakkab tarixiy voqealariga obyektiv baho bera olgan, tarixiy voqelikni qayta tiklash masalasini badiiy obrazlar yordamida amalga oshirgan.
Yangi badiiy tafakkurning mohiyati shundaki, tarixiy voqelik bor bo‘yi bilan idrok qilinadi, soxtalashtirilmaydi, o‘tkinchi mafkuralarga moslashtirilmaydi, tarixiy voqelik badiiy haqiqatga aylantiriladi. Yozuvchining iste’dodi va mahorati asosiy mezon vazifasini o‘taganligi uchun bu qissada tarixiy haqiqatning o‘ziga xos badiiy talqinini kuzatamiz. Yozuvchi millat fidoyisi Asqaralibekni bir necha rakursdan turib kuzatib, obrazning o‘ziga xos qirralarini ochishga harakat qiladi Bunda u Asqaralibek va unga xayrixoh hamda antipatik munosabatni ifodalovchi obrazlar guruhidan foydalanadi. Xuddi shu o‘rinda roviy va qahramon; roviy va muallif munosabati ayni uyg’unlikni ta’minlaydiki, bu «epos janriga xos xususiyat” hisoblanadi 44.
Obraz yaratish orqali milliy turmushimizning manzaralarini berishda aniqlikka rioya qilgan yozuvchi, Asqaralibekning ruhiy iztiroblariga butun bir davrning ma’naviy inqirozini singdirib yuboradi. Asqaralibek o‘z-o‘zini ayblaydi-yu, o‘zi yo‘l qo‘ygan xatolar zamirida davrning yetilmagan ijtimoiy tafakkurini ko‘radi. Asqaralibek yerli aholi vakillari ko‘magida qo‘lga tushgach, uni qizil komandir so‘roq qiladi. Qizil komandir bilan Asqaralibekning tortishuvlarida ikki xil dunyoqarashni ko‘ramiz. Ulardan biri milliy g’ururi va e’tiqodi butun inson, ikkinchisi aldangan, sarob g’oyalar quli. Asarda qizil imperiya va mustaqillik mafkurasining hayot – mamot jangi butun ziddiyati bilan ochib berilgan.
Yangi ijtimoiy davr yozuvchilarga to‘la erkinlik berdi. Endi yozuvchi obraz yaratayotganda qahramonlarini ijobiy va salbiyga ajratib o‘tirishi shart emas. Har bir adabiy tip taqdirida insonga xos fazilatlarni ham, insoniylikka dog’ tushiradigan nuqsonlarni ham badiiy obrazga ko‘chirishi mumkin. Yangicha badiiy tafakkurga xos mezon shundaki, tarixiy voqelik soxtalashtirilmasligi, balki ro‘y-rost o‘z bahosini olishi, soxta ko‘tarinkiliklardan xoli bo‘lmog’i lozim. Yozuvchi Jaloliddin va Asqaralibeklarning xatolarini qirg’iy bola timsolida ochib tashlaydi.
Bahodir Murod Alining qissasida tarixiy voqelik qalamga olingan bo‘lsa-da, unda aniq tarixiy shaxslar yo‘q. Qissada sho‘ro tuzumining yangi hokimiyatga qarshi kurashga otlangan bir guruh zarg’aldog’lik yigitlarning yurt uchun qayg’urishlari va bu yo‘lda kurashlari o‘z aksini topgan. Yozuvchi tarixiy manbalarga murojaat qilmagan. Zarg’aldog’ qishlog’ida boshlangan milliy ozodlik harakatlari qissaning bosh mavzusini tashkil etadi. Ana shu mavzu atrofida adabiy tiplar yaratiladi.
Buyuk faylasuf Aflotun: «... har kim g’azabnok (shiddatli) ruhni eng buyuk hilm bilan birlashtirishi zarurdir. Boshqa odamlar tomonidan sodir etiladigan og’ir, tuzalishi qiyin va hatto, umuman bedavo adolatsizliklardan qutilishning faqat bitta vositasi bor: bu, ular bilan kurashish, daf etish, g’alaba qozonish va ularni beayov jazolamoqdir», - deb yozadi45.
O‘zbek adabiyotida ulug’ adibimiz Oybek davr tazyiqlariga qaramay "Navoiy" tarixiy romanini, Maqsud Shayxzoda "Mirzo Ulug’bek", "Jaloliddin Manguberdi" tragediyalarini, Mirkarim Osim "O‘tror", Pirimqul Qodirov "Yulduzli tunlar", "Avlodlar dovoni", Odil Yoqubov "Ko‘hna dunyo", "Ulug’bek xazinasi" kabi asarlarni yaratdi. Bu an’anani yangi avlod vakillari ham davom ettirdilar. Xurshid Davronning "Bibixonim qissasi yoki tugamagan doston", Xayriddin Sultonovning "Saodat sohili" asarlariga muayyan davr voqealari, tarixiy shaxslar asos qilib olingan.
O‘tgan asrning 20-30-yillari tarix, adabiyot uchun alohida dolzarb mavzuga aylandi. Zero, tarixiy voqelik 70 yil davomida sho‘ro mafkurasi tomonidan soxtalashtirilgan edi. Lekin shunga qaramay olimlar, tadqiqotchilar, ijodkorlar tarixiy haqiqatni chuqur o‘rgandilar. Uzoq izlanishlar natijasida Nabijon Boqiyning "Qatlnoma", Bahodir Murod Alining "Ko‘kto‘nliklar", Alisher Ibodinovning "Qo‘rboshi Madaminbek" kabi qissalari vujudga keldi. Shu tariqa, «Adabiyotda yangi bosqich, yuksalish hamisha yangi qahramon bilan, yangi ijodiy individualliklarning paydo bo‘lishi bilan boshlanadi. Yangilik eskilik zaminida tug’iladi, u bilan birga yashaydi, ba’zan u bilan bahslashadi, ba’zan esa murosaga kirishadi. Insonni badiiy bilish va aks ettirish jarayonidagi ziddiyatning boisi xuddi shundadir»46.
Xurshid Davronning "Sohibqiron nabirasi yoki mitti yulduz qissasi" (1993-1994) tarixiy voqealarga boyligi, ularga xolisona yondashilganligi hamda badiiy jihatdan yuksakligi bilan ajralib turadi. Muallif Turon davlatining tarixini mukammal o‘rganib, asarning qimmatini yanada oshirgan. Yaqin paytlargacha hatto asrimizning o‘ttizinchi yillarigacha nashr etilgan tarixiy-badiiy asarlar bilan tanishish qati’yan man qilingan edi. Bu to‘siqlarga qaramay, Xurshid Davron temuriylar avlodi haqida asar yaratishga jazm qildi va buning uddasidan chiqdi. Yozuvchining biz tilga olgan asarida olis tariximizning ahamiyatga molik voqealari qalamga olinadi. Bu voqealar chuqur tahlil etiladi. Haqiqatan ham qadim Turkiston ko‘p qirg’inlarni boshidan kechirdi. Bu yurtni Iskandar Zulqarnayn, Eron va arablar va nihoyat, chor Rossiyasi mustamlakaga aylantirdilar. Lekin har bir davrda Turon xalqi bosqinchilarga qarshi mardona jang qila oldi.
Mazkur qissada millat tarixi haqida juda qimmatli ma’lumotlar keltiriladi. Yozuvchi kitobxonni o‘z tarixini bilishga, avaylab o‘rganishga da’vat etadi. Xurshid Davron asarda qalamga olingan shaxslar haqida atroflicha fikr yuritadi, yetarli ma’lumotlar bilan ta’minlaydi.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, tarixiy qissalarda qahramon muammosi bilan daxldor yangiliklar yuzaga chiqar ekan, asarda ishtirok etuvchi qahramonning fikrlash manerasini o‘sha davr yoki makon tarziga muvofiqlashtirish yozuvchi mahoratining muhim qirrasi ekanligini e’tibordan soqit qilmaslik lozim.
“Adabiy qahramonlarning fikrlash tarzida davr shiddati, ijtimoiy munosabatlar murakkabligi, zamondoshlarning orzu-armonlari, tashvish-quvonchlari, dardlari o‘z ifodasini topmoqda. Qissachiligimiz obrazlar sistemasida esa Ibn Sino, Beruniy, Muhammad al-Xorazmiy, Amir Temur, Alisher Navoiy, Bobur singari tarixiy shaxslar obrazlari orqali xalqimiz hayotining kamolot bosqichlarini, hozirgi taraqqiyotning tarixiy asoslarini, ijtimoiy ildizlarini aks ettirish alohida sahifaga aylandi”47.
Xurshid Davron tarixiy qissalarida tarixiy shaxslar obrazini yaratishda voqealarni o‘tmish va bugungi kun nuqtai nazaridan uzilmagan holda tarixiy aspektda yoritib berganini asar muvaffaqiyatini ta’minlovchi omil deb qarash mumkin.
Badiiy tafakkurning yangilanishi juda sekin kechadigan jarayon bo‘lib, uzoq muddat davom etishi mumkin. Shuning uchun biz yangi tafakkur haqida fikr yuritganimizda badiiy adabiyotning tub masalalaridagi yangilanishni ko‘zda tutmaymiz. Bu sobiq Ittifoqning parchalanishi, eski mafkuraning mag’lubiyati natijasida ijtimoiy va badiiy tafakkurda yuz bergan keskin o‘zgarish bilan bog’liq qarashlardir. Zero, kommunistik mafkura sobiq Ittifoq xalqlari adabiyoti, xususan, o‘zbek adabiyotiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan edi. Mustaqillikni qo‘lga kiritishimiz, mustaqil taraqqiyot yo‘liga chiqib olishimiz jamiyat ma’naviy hayotida, jumladan, badiiy adabiyotda ulkan o‘zgarish yasadi. Zamonaviy voqelik va tarixiy o‘tmishga yangi, milliy istiqlol g’oyasi bilan nazar tashlash, buzib talqin qilingan ko‘plab tarixiy shaxs va tarixiy voqealarni qayta baholash zarurati yuzaga keldi.
Yaqin tarixda “millatchi”, “bosmachi” tamg’alari urilgan tarixiy shaxslar faoliyatini haqqoniy yoritish maqsadida bir nechta hujjatli qissalar yuzaga keldi. Ularda hujjatlilik, publisistik ruh, keskin tanqidiy munosabat yetakchilik qiladiki, bu keyingi davr o‘zbek qissachiligining o‘ziga xos xususiyatlaridan hisoblanadi. Tarixiy haqiqatni bayon etish zarurati, badiiyat talablaridan bir oz chekinib bo‘lsa-da, belgilangan vazifani bajardi. Mazkur holat qissa janriga xos bo‘lgan yangi qirralarni yana bir bor ta’kidlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |