O`ZBEK ADABIYOTIDA
“HAYOT HODISASIDAN BADIIY TO’QIMAGA” YO`L OCHGAN IJODKOR
Tozagul Jo`rayeva
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani
25-sonli umumiy o’rta ta’limi maktabning
Ona tili va Adabiyot fani o’qituvchisi.
Annatatsiya: A. Qahhor ijodida o’ziga xoslik, soddalik, siqiqlik, so’zdan unumli foydalanish mahorati.
Kalit so’z: Murakkab insoniy taqdirlar, keskin vaziyatlar, kutilmagan holat, ayanchli yechim.
Bu ijodkor inson ruhiyatini larzaga soluvchi va beqiyos yumor ortidagi chuqur o’kinch tuyg’ulari qorishib ketgan hikoyalari orqali xotiramizda manguga muhrlangan. O`zbek adabiyotida hikoyanavis ijodkor deya e`tirof etiladigan, Abdulla Qahhor zimmasiga og`ir yukni olgan edilar. O’quvchi adibning hikoyalarini oz fursatda o`qiydi, ammo uzoq vaqt unutmaydi.
Adib o`zbek adabiyotida yangi sahifa ochdi. Kichik hikoyalarida butun bir davr muhitini singdirdi shu bilan birga badiiy qochirimlar, mutolaago`y hissiyotlarini qitiqlovchi go`zal o`xshatishlar bilan o`z asarlarini boyitdi. Ko`pgina hikoyalarida asar mohiyatini ochib beruvchi epigraflarning qo`llanilishi, yozuvchidan baland saviya va yuqori estetik didni ta`lab etardi. Bu sifatlar esa ustoz ijodkorda bisyor edi.
A.Qahhor o`zlarining “Hayot materiallaridan badiiy to`qimaga” nomli maqolasida, bir necha hikoyalarining real hayot bilan bog`liqligini, ya’ni ularning asl zuvalasi hayot haqiqatlariga qorilganini ta`kidlagan.
Xususan, maktab darsligida o`tiladigan “Bemor” hikoyasi. Uning hayotiy bog`liqligini aks ettirib: asardagi Sotiboldi ijodkorning otasi - Abduqahhor aka, Sotiboldining bemor xotini- ijodkorning to`lg`oq dardi tutayotgan onasi va saharda turib duo qiluvchi 4 yoshli qizaloq - 5 yoshli yozuvchining o`zi ekanligini ta`kidlaganlar.
Zamona qistoviga ko`ra qishloqma qishloq kezib, tirikchilik qilishga majbur bo`lgan Abduqahhor akaning holatini, xotinini davolatish uchun barcha choralarni qo`llab ko`rgan chorasiz Sotiboldining ruhiy holatiga o`xshatishimiz mumkin.
Adib hayot haqiqati bilan badiiy to`qima orasidagi to`siqlarni olib tashlaydi. Ketma-ket farzandlarini qora yerga beraverib, yuragi suv bo`lib ketgan 5 yoshli Abdullaning onasi va zamona xotasi tufayli o`limga “mahkum” etilgan Sotiboldining bemor xotini orasida ham bog`liqlik bor aslida.
Hayot materillaridan ustomonlik bilan foydalana bilgan ijodkor, so`zning ta`sir kuchidan ham unumli foydalangan. Yozuvchi do`stlarining ta`riflashicha: adib “so`zga ziqna” bo`lganlar va bu o`zbek adabiyotida yorqin iz qoldirishlari uchun omil bo`ldi desak adashmaymiz.
Biz maktab darsliklaridagi “O`g`ri” va “Dahshat” hikoyalari bilan tanishganimizda, o`quvchi undagi har bir obraz bilan yonma-yon yurganini his etadi. Hikoyani shunchaki, chetdan kuzata olmaysiz. Undagi sehrli kuch sizni o`z olamiga tortib ketadi.
Dastlab “O`g`ri” hikoyasini oladigan bo`lsak, -Kampir tong qorong`usida xamir qilgani turib, ho’kizidan xabar oladi. Shu jumladayoq adib o`sha davrning nechog`lik og`ir yukini o`quvchi zimmasiga tashlaydi.
Kampir nega xamir qilish uchun tong qorong`isida turadi? Xamirni tong otgach qilsa bo`lmasmidi? Axir uning ko`zlari xiralashgan.
Uyda xamir qiluvchi kampirdan boshqa ayol masalan kelini, qizi yo`qmi? Turishga turdi, lekin nega ho`kizdan xabar olsin?
Adib hikoyaning avvalidayoq oddiy xalqning nochor axvolidan o`quvchini ogoh etadi. Bundan bilishimiz mumkinki, kampirning xamiridan boshqa ham yumushlari ko`p. Ularning bor-yo’g’i esa, shu ola ho`kiz. Dehqonning uyi kuysa kuysin, ho’kizi yo`qolmasin. Demak, dehqonning butun hayoti mana shu esi yo`q, “kim yetaklasa ketaveradi”gan, ola ho`kizning ipiga bog`liq ekanda? Ho`kizni topish uchun Qobil bobo ellikboshi, amin, tilmoch, pristavga bergan “bir nima”larning hisobi ko`rinmasdi. Hatto kampir “duoning zo`ri bilan qulf ochadigan azayimxon” ga ham bordi, lekin ho’kiz topilmadi. Hikoyada sodda, avom xalqning ustidan kulib, bor-budini aldov yo`li bilan o`zlashtiradigan amaldorlar timsolida chirkin zamon muhiti aks etadi. Kimningdir qozon ostida qolgan yovg`onigacha tortib olib, beparvo iljaygan tuban kimsalar orqali davr ruhini yoritishga urinadi ijodkor. Shuncha tashvishlar yetmagandek, aminning qaynotasi Egamberdi paxtafurushning “kichkina” sharti o`lganning ustiga tepgandek bo`ldi.
Darslikdagi “Dahshat” hikoyasida esa o`quvchi haqiqatdan ham dahshatga tushadi. Xuddi talabalar cho`ntaklaridagi pulni qanchalik tejab ishlatsalar, A.Qahhor ham so`zdan shu qadar tejamkorlik bilan foydalanadi. Hikoyada har bir so`zning ma`nosi, ta’sir kuchi bor. Ustoz A.Oripovning bir she’rlarida kuchli shamol “yo tug`ilish, yoki o`lim” deyilgan. Biz hikoyaning boshidayoq dahshatli shamol ta`svirini kuzatamiz va bu shamol hikoya so`ngida yer yuzidan keraksiz narsalar bilan qo`shib, bir inson umrini ham supurib olib ketadi.
Asarda “tiriklar go`ristoni” dodxoning xonadonida dastlab dodxo obrazi bilan o`quvchini tanishtiradi adib. “U narsa darchani tirmalaganicha sidirib pastga tushirib ketdi. Dodxo xotinlariga, ulardan ham ko`ra o`ziga taskin berish uchun o`rnidan turib, darchaning bir tamonini ochdi ” deyiladi hikoyada. Demak, dodxo darchani ochishga ham yuragi betlamay, o`ziga taskin berish uchun o`rnidan turgan bir paytda, 5 oylik kelinchak Unsinoy “Arziydigan narsa bo`lsa” go`ristonga borish uchun jasoratni qaydan oladi? Shamol o`kirgan mudhish tunda yosh juvon go`ristonga borib, o’nta go`rga pichoq sanchib kelishiga “arziydigan narsa” nima? Bu – hali yoshlik sho`xliklari, gullamasidan turib sovuq urgan g`unchadek, qalbida so`lib qolgan Unsin uchun – erk, ozodlik emasmi? Unsinni muqarrar o`limga jo`natgan dodxo shu bilan kifoyalanmasdan, o`z maymunini uning izidan yuborishi, haqiqatdan ham eng dahshatli yozuvlikni ifodalaydi.
Hikoyadagi Nodirmohbegim obrazida dodxoni insofga keltirishga uringani uchun ne kuylarga solingan mazluma ayol, hikoya so`ngida shunday bir kuch bilan unga qarshi chiqadi. Endi u hech kunidan hadiksiramas, qo`rqmasdi ham.
Unsin go`ristonga borayotganda ildamlagan, ba`zan irg`ishlagan bo`lsa, qaytayotgandagi holatida “oyoqlari gavdasinidan ortda qolardi” deya ta’riflanadi. Bu Unsinoyning yovuzlik, tobelik oldida taslim bo`lgani, toliqqani emas. Garchi Unsinning qismati fojeali yakun topgan esada, yangi bir obraz, Nodirmohbegim endi maydonga chiqadi. U zulmga qarshi, mutelikka qarshi isyon qiladi.
O`zbek adabiyotining beqiyos ijodkori A.Qahhorning ilk to`plami “Olam yasharadi” dan tortib, umrining so`ngigacha yaratgan qaynoq asarlari qalblarimizga chuqur singib ketadi. Zero ijodkor ta`biri bilan aytadigan bo`lsak:
“Yozuvchi shunday qudratli kuchga ega bo`lishi kerakki, bahorning butun go`zalligini bitta dovuchcha ichiga qamay olsin…”
Buyuk ijodkorimiz buni uddalagandilar.
Foydalanilgan adabiyotlar:
T. Boboyev. Adabiyotshunoslik asoslari. Toshkent 2001.
Adabiyot darslik 7 sinf 2017 . Q. Yo'ldoshev, B. Qosimov, V. Qodirov,
J. Yo'ldoshboyev.
Do'stlaringiz bilan baham: |