Tong tangri (si) keldi,
Tong tangrisining o‘zi keldi.
Tong tangri keldi
Tong tangrisining o‘zi keldi.
Turinglar, barcha beklar, qarindoshlar,
Tong tangrisini madh etaylik.
Ko‘ringan Quyosh tangrisi,
Siz bizni asrang,
Ko‘ringan Oy tangrisi,
Siz bizni qutqaring.
Tong tangrisi
Go‘zal hidli, xushbuy hidli,
Porlagan, yaltiragan.
Tong tangrisi,
Tong tangrisi.
Jahondagi ko‘pgina xalqlarning diniy e'tiqodlari va mafkurasi muqaddas kitoblar «Avesto» va «Bibliya»da umumlashgan. Qadimgi turkiy xalqlarning diniy e'tiqodi va mafkurasi ham bundan mustasno emas.
Buddaviylik oqimi ta'siridagi turkiy adabiyot.
BUDDIZM YOKI BURHONLIK (Budda nomidan olingan. Sanskritcha buddha – nurlangan) miloddan avvalgi VI–V asrlarda paydo bo‘lgan va jahon xalqlari o‘rtasida keng tarqalgan dinlardan biridir. Buddizmning asoschisi Siddhartta Gautama (623-544)dir. Bu din ta'limotiga ko‘ra ruh ko‘chib yuradi, u qayta tug‘iladi, jonli va jonsiz narsalar shakliga kiradi. Qadimgi turkiylar ham budda dini aqidalariga ishonishgan. Hozirgacha buryat, qalmoq, tuva va Sibirda yashaydigan boshqa turkiy qavmlar o‘rtasida buddaga e'tiqodlilari mavjud.
Budda (burhonlik) dinining ta'limoti turkiylarning badiiy adabiyotida ham aks etgan. A.Qaboqli «Turk adabiyoti» kitobida burhonlik ifodalangan she'rlardan birini keltiradi:
Taqdirda ochlik va qahatchilik bo‘lgani uchun
uch-to‘rt ofat kelur.
Shu onda yomonlik ketib, sukunat bo‘lur.
Boshqa besh dunyodagi maxluqlar ham,
Istisnosiz, hammasi birdan bir joyga qavushadi.
Onam va otam boshqa bo‘lganligi uchun
barcha jonlilar,
Har vaqt dunyoga kelish ne'matidan bahramand bo‘lur.
Butun avlodlar abadiy emasligini bilib,
Burhon saodatini unutmasinlar.
Ushbu ezgulik va ezgu amal qarshisida,
Burhon saodatini topdim, men Kamala Anantashira,
Oyoqda yurgan kishilarning o‘g‘illariga
Ruh ko‘chganda huzur-halovatga erishtirayin.
Ananta buddizm tarixidagi muqaddas ibodatxonadir. Unda oltin va bronzadan yasalgan budda haykallari bo‘lgan. Shu sababli ham burhonlik ruhi sug‘orilgan asarlarda Anantaga murojaat etish ruhi kuchlidir. Turkiylar budda butlarini «Burhon», ibodatxonalarini esa «Burhon uyi» deb atashgan. «Oltin yoruq» asari ham burhoniylik ta'limotining nodir namunalaridan biri hisoblanadi.
Budda dining paydo bo‘lishi miloddan avvalgi 623-544 yillarda yashagan Siddhartha Gautama nomi bilan bog‘langan. Budda – sanskritcha nurlangan degan ma'noni beradi. Uning asl mohiyati insoniyatni azob-uqubatlardan qutqazishdan iboratdir. «Oltin yoruq»dagi Mag‘astvi o‘z jonini qurbon qilishdan maqsad ham ana shu ta'limotga, bu dunyodagi azob-uqubatlardan qutulishga qaratilgan. «Oltin yoruq» turkiy tilga xitoychadan tarjima qilingan. Buning boisi, budda ta'limoti Osiyo mamlakatlari orasida birichilardan bo‘lib Xitoyga, milodimizning I asrlarida, kirib kelgan. IV-VI asrlarda esa Xitoy orqali Koreya, so‘ngra Yaponiyaga o‘tgan.
Demak, budda ta'limotining Markaziy Osiyoga kirib kelishi, unga e'tiqod qo‘ygan kishilar o‘rtasida budda g‘oyalari singdirilgan badiiy asarlarni o‘qishiga ehtiyoj tug‘dirgan. «Oltin yoruq»da budda ta'limotiga asos bo‘lgan to‘rt dunyoqarash – «haqiqat» singdirilgan: 1) turmush azob – uqubatlardan iborat; 2) azob – uqubatlar yuzaga kelishining sababi – odamlarning istak va nafslari; 3) bu azob uqubatlardan qutulish uchun odamlar o‘z istak va nafslarini tiyishi kerak; 4) budda kashf etgan aqidalarga amal qilish azob – uqubatlardan ozod qiladi.
Mag‘astvi – hayotda o‘z istak va nafsiga erkinlik bergan, ammo o‘z xatosini anglagan kishilarning umumlashma obrazidir. U faqat bir davrda yashagan odamlarning emas, balki, insoniyat nomidan gapirar ekan, yuz ming yillar davomida yaxshi turmush kechirib, gunohga botgan shaxslarning umumlashmasidir. Mag‘astvi o‘zlikni yo‘qotib, lazzatli umr kechirish, mol – mulk to‘plashga berilishni keskin qoralaydi. Mag‘astvi bunday hayotni kechirilmas gunoh, azob – uqubat, tanning chirkin holatga tushishi deb tushinadi va o‘z jonini qurbon qilish bilan undan xalos bo‘ladi. O‘z akalari ham azob – uqubatdan qutilishning bunday yo‘lini tushunishlarini istaydi. («Oltin yoruq» asari haqida qo‘llanmaning «Turkiy adabiyotda badiiy tarjima» faslida batafsil ma'lumot berilgan.)
Do'stlaringiz bilan baham: |