Osiy banda
Shu qadar donoki, koinotning olis puchmoqlarida yuz yildan keyin nima ro‘y
berishini ayta oladi.
Shu qadar nodonki, ertaga o‘zining nima bo‘lishini bilmaydi.
Shu qadar mehrliki, chumoliga ozor bermaydi. Shu qadar qahrliki, bir-birining
dilini vayron qilib, huzur topadi.
Qalbi shu qadar uyg‘oqki, osmonda charaqlab yotgan yulduzlarni tomosha
qilib, ko‘ziga yosh oladi. Qalbi shu qadar so‘qirki, o‘z bolasini yetimxonaga, o‘z
otasini g‘aribxonaga tashlab ketadi.
Bir burda nonga to‘yadi. Dunyoning jamiki boyliklari kamlik qiladi.
Bir qo‘li bilan samo kemalari, “oynayi jahon”lar yaratadi. Bir qo‘li bilan yer
yuzini kultepaga aylantiruvchi qurol yasaydi.
Bir fe’li – adolat. Bir fe’li – razolat.
Bir hunari – sadoqat. Bir hunari – xiyonat...
Nachora... Odamzot shunday: nur va zulmat qorishig‘idan bino bo‘lgan.
Kommunizm
– Jannat bilan kommunizm orasida farq bormi?
– Bor! Jannatdan hech kim qaytib chiqmaydi. Kommunizmga hech kim yetib
bormaydi!
Orzuli dunyo
…Bir kunlari o‘tib turuvdi. Birovdan oldin, birovdan keyin degandek... Qora
qozon qaynab turuvdi...
... Orzuli dunyo ekan. Xotin dugonalari bilan gap yedi. Unisini ko‘rdi,
bunisini ko‘rdi... O‘kindi:
79
– O‘rtoqlarim brilliantga belanib yuribdi. Men sho‘rlikda tuzukroq uzuk ham
yo‘q. Peshonam sho‘r bo‘lmasa, shu noshudga tegarmidim?! Nima qilay?
O‘zimni sotaymi?
Erning hamiyati ozor chekdi. Ayoliga oltin “komplekt” olib berdi.
... Orzuli dunyo ekan. Xotin tag‘in nolidi:
Paxmoq qizning baxtini bersin, degani rost ekan. Anavi Humayradan nimam
kam? Maktabda eng xunuk qiz edi. Eri “Mersedes»da olib yuradi. Bu
noshud mashina tugul bittagina o‘g‘liga velosiped ham oberolmaydi. Peshonam
sho‘r ekan! O‘zimni sotaymi endi?!
Erning hamiyati ozor chekdi. Judayam “Mersedes” emas-ku, “Matiz” sotib
oldi.
Ittifoqo yon qo‘shni imorat soldi. “Uchastka”. Ikki qavatli. Saunasi bilan.
Basseyni bilan! Qo‘shnining qasri oldida ularning “shipir” tomli uyi
bostirmaga o‘xshab qoldi. Xotin o‘kinib nola qildi:
– Shu xonadonga tushganimga o‘n besh yildan oshdi. Bu noshud bittayam
g‘isht qo‘ygani yo‘q! Gadoyning kulbasi yaxshidir bundan! Peshonam sho‘r
bo‘lmasa, shunga tegarmidim? O‘zimni sotaqolay endi!
Er “uchastka” soldi. Saunasi bilan. Hovlida fontani bilan!
... Orzuli dunyo ekan... Xotin endi tog‘da quriladigan dachani orzu qilib
turganida... to‘satdan qiy-chuv bo‘lib qoldi. Xotin ertalab “jinday suyagini qizitish
uchun” saunaga kirsa, er o‘zini osib qo‘yganmish!
Xotin dod ustiga dod soldi:
– Voy-dod! Peshonam sho‘r bo‘lmasa shu noshudga tegarmidim?! O‘lmay
o‘lgur bir parcha xat tashlab ketibdi. Olam-jahon qarzi bor ekan! “Prasan”ining
o‘zi sakson ming dollarmish! Nima qilay, o‘zimni sotaymi, endi?!
... O‘zini sotmoqchi edi... xaridor chiqmadi... (O‘. Hoshimov)
Savol va topshiriqlar:
1. O‘. Hoshimovning qanday asarlarini o‘qigansiz?
2.
Ularda sof o‘zbekona timsollarning tasvirlanishini izohlab bera
olasizmi?
80
3.
Adib qanday vositalar bilan kulgi hosil qilmoqda? Izohlab
bering.
Do'stlaringiz bilan baham: |