Ajratuvchi to’qimalar
O‘simliklar organizmida kechadigan metabolizm jarayonidan chiqindi yoki ikkinchi darajali moddalar (chunki ular o‘simliklar uchun oziq hisoblanmaydi) ham hosil bo‘ladi. Bunday moddalarga: bazi bir kislotalar, mineral tuzlar, efir moylari, smolalar, alkaloidlar, shilimshiq moddalar kiradi. Hosil bo‘ladigan barcha moddalar o‘simlik organizmlaridagi maxsus hujayralar yoki guruh hujayralarda to‘planadi. Chunki o‘simliklarda moddalarni ajratib tashqariga chiqaradigan maxsus organlar yo‘q.
Ajratuvchi sistemaning ikki turi ichki va tashqi sekretsiya to‘qimalari mavjud. Birinchi guruh to‘qimalarga sxizogen va lizigen yo‘llari deb ataluvchi ajratuvchi to‘qimalar, maxsus idioblast hamda qismlarga ajralmagan yoki qismlarga ajralgan murakkab sut naychalari yoki sutdonlar kiradi. Bu to‘qimalarda ko‘pincha oshlovchi moddalar, smolalar, efir moylari va kristallar to‘planadi.
Ichki ajratuvchi hujayralar boshqa to'qimalar orasida idioblastlar sifatida tarqoq joylashadi. Ular har xil moddalarni - kalsiy oksalati (yakka-yakka kristallar, druzalar yoki rafidlar sifatida), terpenlar, so'laklar, taninlarni va boshqalarni yig'adi.
Sut naychalari o‘simliklar tanasida tarmoqlanib ketgan kanallar sistemasidan iborat. Ular ayrim parenxima hujayralardan yoki o‘tkazuvchi naylar singari bir qancha hujayralarning birlashishidan hosil bo‘ladi. Sut naychalari odatda doimo tirik bo‘lib, unda muallaq holda kauchuk, smola tomchilari, kraxmal donachalari va alkaloidlar mavjud. Bu ko‘knori, sutlamagul, qoqio‘t va shu kabi boshqa ko‘pgina o‘simliklar uchun xos bo‘lgan sutsimon shiradir. Bazi o‘simliklarning sutsimon shirasi katta amaliy ahamiyatga ega. Masalan, kauchuk beruvchi braziliya geveya daraxtining sutsimon shirasidan juda ko‘p tabiiy kauchuk olinadi. Shuning uchun ham bu daraxt tropik mamlakatlarda juda ko‘p o‘stiriladi.
Murakkab yoki qismlarga ajralgan sutdonlar murtak rivojlanayotgan paytda, uning gipokotilida va urug‘ pallalarida hosil bo‘la boshlaydi. Apikal meristemaning differensiatsiyalanishi natijasida yangi sutdon yo‘llari hosil bo‘ladi, keyinchalik esa ular birlamchi sutdon yo‘llari bilan qo‘shilib, umumiy murakkab sutdon yo‘llari sistemasini tashkil qiladi. Bu xildagi sutdonlar ko‘knordoshlar, qo‘ngiroqdoshlar va ko‘pchilik qoqidoshlar (Asteraceae) oilalarining vakillarida kuzatiladi.
Oddiy yoki qismlarga ajralmagan sutdon yo‘llari murtakdagi boshlang‘ich ildizcha va urug‘ palla o‘rtasida joylashgan bitta yoki bir nechta hujayralarning kengayib rivojlanishi natijasida paydo bo‘ladi. Bunday sutdonlarning bazilari tarmoqlanmasdan silindrsimon ko‘rinish oladi. Qichitqi o‘t (Urtica) va nasha (Cannabis sativa)da sutdonlar kuchli tarmoqlangan, ya’ni ular o‘simlik tanasi bo‘ylab tarqalgandir. Bunday sutdon yo‘llari sutlama (Euphorbia) va tutda (Morus) ko‘p uchraydi.
Sxizogen va lizigen bo‘shliqlar (kanallar). Ular turli xil kattalikdagi va shaklidagi kanal hamda bo‘shliqlardan iborat. Sxizo gen yo‘llari to’qimalardagi hujayralararo bo‘shliqlarining kengayishi natijasida hosil bo‘ladi (30-rasm). Ular turli xil sistematik guruhdagi o’simliklarda uchraydi. Masalan, laminariya suv o‘tlari va gulli o‘simliklarning ba’zi vakillari bunga yorqin misoldir.
Lizigen bo‘shliqlarining kelib chiqishi biroz boshqacharoq, ular to‘qimalardagi guruh hujayralarning erib ketishi natijasida hosil bo‘ladi. Bunday bo‘shliqlar Rutadoshlar oilasiga mansub sitrus o‘simliklarida ko’p. Smola yo‘llari qarag‘ay, pista va shu kabi o‘simliklarning po‘stloq, qarag‘ay, qora qarag‘ay, tilog‘och daraxtlarining yog‘och qismida ko‘p uchraydi. Bu smola yo‘llari bo‘ylab skipidar va shu kabi mahsulotlarning manbai bo‘lgan balzam ajralib turadi (31-rasm).
30-rasm. Sxizogen kanalining taraqqiyoti:
1-3-ko’ndalang’ kesmai; 4-bo’ylama kesmasi; E-epiteliy; B-kanal bo’shlig’i.
|
31-rasm. Lizigen bo’shliqning hosil bo’lishi:
1-3-bosqichlar ketma-ketligi
|
Organlarda smola yo‘llari vertikal va gorizontal joylashgan bo‘lishi mumkin. Smola yo‘llari tashqi tomondan bir qator yumaloq hujayralar bilan qoplangan. Bu hujayralar tirik epitilial bo‘lib, ularda qo‘yiq sitoplazma, katta yadro va ko‘p miqdorda zaxira moddalar mavjud. Ushbu qatlamdan so‘ng o‘lik hujayralardan tashkil topgan ikkinchi qavat va nihoyat, undan keyin yana tirik parenxima hujayralaridan iborat uchinchi qavat joylashadi.
Tashqi sekretsiya to‘qimalariga o‘simliklarning vegetativ va generativ organlarining sirtida joylashgan har xil bezli tuklar hamda guldagi nektar bezlari kiradi. Bu to‘qimalar efir moylari, nektar va suv ajratib turadi.
Epidermis hujayralaridan hosil bo‘lgan bezli tuklar (trixomalar) o‘zlarida to‘planadigan smola va efir moylarini qattiq, suyuq yoki gaz holatda tashqi muhitga ajratib turadi. Shu sababli ham ular ajratuvchi tuklar deyiladi. Hasharotxo‘r o‘simliklarda bunday tuklar yopishqoq pepsin va tripsin moddalarini ajratib turadi (bu moddalar barglarda ushlangan hasharotlarni hazm qilishga yordam beradi).
Gidatodlar suv og‘izchalari bo‘lib, eng faol ajratuvchi organlardan biridir. Ular orqali suv tashqariga tomchilab turadi (32-rasm). Masalan, ko‘zacha bargli koloxaziya-Colochasia nemphaefolia o‘simlik bargidagi gidatodlar 1 minutda 180 tomchiga yaqin suv ajratishi mumkin.
Barglarning chetki qismida joylashgan, gidatodlar orqali suvning tomchi sifatida ajralib turishi guttatsiya hodisasi deyiladi.
Nektar bezlari bir va ikki pallali o‘simliklar gulida bo‘lib, qandsimon suyuqlik - nektar ajratib turadi. Nektarning asosiy komponentlari glyukoza, saxaroza va fruktozadir, shuningdek uning tarkibida yana boshqa xil qandlar, aminokislotalar, oqsillar, vita’minlar va turli organik hamda mineral moddalar bo‘ladi.
32-rasm. Semizo’t bargidagi gidatoda:
1-ustidan ko’rinishi; 2-bargning ko’ndalang kesmasi; SOg’-suv og’izchalari; G-gipoderma; O’-o’rama; O’B-o’tkazuvchi boylam; E-epiderma; Ep-epitema.
Tashqi ajratuvchi to'qimalarga hasharotxo'r o'simliklarning hazm qilish bezlari ham kiradi. Bunday bezlardan ajralib chiqqan suyuqlik fermentlar va kislotalarga ega bo’ladi hamda ularning yordamida ushlangan hasharotlar hazm bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |