O’tkazuvchi nay-tolali boylamlar. O‘simlik tanasidagi traxeya va traxeidlar hamda elaksimon naylar tasodifan chalkash joylashmaydi, balki ular maxsus kompleks birlashmani yoki sistemani hosil qiladi. Bunday kompleks birlashmalar o’tkazuvchi boylamlar deyiladi. Har bir o‘tkazuvchi boylam keng ovalsimon yoki tuxumsimon bo‘lib, turli xil to‘qimalardan tuzilgan. O‘tkazuvchi boylamlar ksilema (yog‘ochlik) va floema (lub) deb ataluvchi ikki qismdan iborat. Kselema qismida (idishlar) traxeya va traxeidlar ularga yondashgan holda kselema parenximasi, ular atrofida esa sklerenxima yog‘ochli tolalar hujayralari joylashadi. Floemada elaksimon naylar va uning yo‘ldosh hujayralari, lub parenximasi hamda ular atrofida joylashgan lub tolalari-sklerenxima va ba’zan kollenxima hujayralari bo‘ladi. O‘tkazuvchi to‘qima hujayralarini o‘rab turgan mexanik to‘qimalar elaksimon naylarni mustahkam saqlaydi.xx
28-rasm. Nay-tolali boylamlarning ko’ndalang kesmasi:
A-makkajo’xori poyasining yopiq kollateral boylami, B-qovoq poyasining ochiq bikollateral boylami (chapda-umumiy tasvir, o’ngda-cxematik tasvir): 1-poyaning yupqa asosiy parenximasi; 2-sklerenxima; 3-yo’ldosh hujayra; 4-elaksimon nay; 5-yog’ochlik parenximasi; 6-tursimon traxeyalar; 7-xalqali-spiral traxeya; 8-xalqali traxeya; 9-bo’shliq; 10-tashqi floema; 11-kambiy; 12-ikkilamchi ksilema; 13-birlamchi ksilema; 14-ichki floema.
Daraxtsimon o‘simliklar ksilemasidagi hamma gistologik elementlar (to‘qimalar) yog‘ochlangan bo‘ladi, floemasida esa faqatgina sklerenxima hujayralari yog‘ochlanadi, xolos. Bu ham doimiy emas. Ana shunday o‘tkazuvchi boylamlar sistemasi o‘simliklarning ildizidan to bargigacha boradi va yagona umumiy kompleksni tashkil etadi.
Ochiq o‘tkazuvchi boylamlar floemasi va ksilemasi o‘rtasida meristematik to‘qima - kambiy joylashadi. Kambiy o‘zidan uzluksiz ravishda ksilema tomon ikkilamchi ksilemani va floema tomon esa ikkilamchi floemani hosil qiladi. Shu sababli boylamlar eniga o‘sib kengayib turadi Shuni ta’kidlash zarurki, kambiy floemaga nisbatan ksilema tomon intensiv rivojlanib bir necha barobar ziyod to‘qimalar hosil qilishi tufayli organlarning yog‘ochlik qismi floemaga qaraganda kuchli rivojlanadi. Bundan tashqari floemaning to’qimalari sekin-asta to‘kilib turadi. Ochiq o‘tkazuvchi boylamlar ochiq urug‘li, shuningdek, yopiq urug‘li o‘simliklarning ikki pallalilar sinfining vakillarida ham uchraydi. Shu sababli bu o‘simliklar orasida poyalari yog‘ochlangan daraxtsimon vakillar ko‘p uchraydi. Yopiq o‘tkazuvchi boylamlar floemasi bilan ksilemasi orasida kambiy qavati bo‘lmaydi. Shuning uchun bunday boylamlar eniga kengaymaydi va organlar eniga o‘smaydi. Yopiq o‘tkazuvchi boylamlar bir pallali o‘simliklarda bo‘ladi (28-rasm)
29-rasm. O‘tkazuvchi boylamlar turlari:
1 – ochiq kollaterall; 2 – ochiq bikollaterall; 3 – yopiq kollaterial; 4 – konsentrik amfivazal;
5 - konsentrik amfikribral: F – floema; K – kambiy; Ks – ksilema.
Ksilema va floemaning o‘zaro joylashishiga ko‘ra o‘tkazuvchi boylamlar quyidagi to’rtta turga bo‘linadi (29-rasm).
1. Kollateral o‘tkazuvchi boylamlar. Bularda floema va ksilema bir-biriga yonma-yon joylashib turadi, ammo tashqi tomonida floema, ichki tomonida esa ksilema joylashadi.
2. Bikollateral boylamlar. Bu guruhda ksilema markazida joylashib uning ham ustki, ham ostki tomonida floema bo‘ladi. Ko‘pincha tashqi floema, ichkisiga qaraganda kuchli, qalinroq rivojlanadi. Mazkur boylamlar qovoqdoshlar (Cucurbitaceae) va ituzumdoshlar (Solanaceae) oilalarining vakillariga xosdir. Bikolloteral o‘tkazuvchi boylamlar, ikkita kolleteral o‘tkazuvchi boylamlarning birlashishidan hosil bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
3. Konsentrik yoki halqali o‘tkazuvchi boylamlar. Bunday boylamlar juda kamdan-kam uchrab, uning quyidagi xillari, amfivazal boylamlarda ksilema floemaning atrofida joylashadi. Ikkinchi bir xil konsentrik amfikribral boylamda esa ksilema markazda joylashib, uning atrofida floema bo‘ladi. Bunday o‘tkazuvchi boylamlar ayrim qirqquloqda va bir pallai o’simliklarda uchraydi.
4. Radial o‘tkazuvchi boylamlar. Ildizning birlamchi tuzilishiga xos bo‘lgan bunday boylamlarning asosiy qismini ksilema tashkil etadi. Ksilema ildizning markazida radial nurlar hosil qilib joylashadi. Ksilema nurlari orasida esa floema bo‘ladi.
O‘tkazuvchi boylamlar orasida eng takomillashgan va ancha kuchli rivojlangani bu ochiq o‘tkazuvchi boylamlardir.
O‘tkazuvchi boylamlar o‘simliklarning butun tanasi bo‘ylab tarqalgan. Barg plastinkasidagi mayda o‘tkazuvchi boylamlar parallel joylashgan kattaroq o‘tkazuvchi boylamlarga birlashadi. Ular esa o‘z navbatida barg bandiga o‘tadi, keyinchalik barg bandidan poyadagi ksilema va floema qismlarga o‘tib ildizning uchigacha yetib boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |