Dasturning asosiy vazifasi:
- akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida fizika kursining o‘qitilish izchilligini ta’minlash;
- fizik tushuncha, hodisa va qonunlarning o‘qitish ketma-ketligida oddiydan murakkablikka qarab borish tizimini saqlash;
- oliy o‘quv yurtiga kirish uchun zaruriy bilim, ko‘nikma va malakalar bilan qurollantirish;
- o‘qituvchilar tomonidan ta’lim berish jarayonining bir me’yorda bo‘lishiga erishish;
- o‘qituvchining ish rejalarini tartibga tushirishdan iboratdir.
Dasturni tuzishda quyidagi g‘oyalar asos qilib olindi:
- umumiy o‘rta ta’limning 6-9-sinflarida fizikaning ma’lum darajada mantiqan yakunlangan kursining yuzaga kelganligi, bu bosqich bitiruvchilarini akademik litsey, kasb-hunar kollejlarida fizika predmetidan bilim olishning uzluksizligi va uzviyligini ta’minlash zaruriyati;
- o‘quvchilarni hozirgi zamon fizika bilimlari bilan qurollantirish, uning amaliy tatbig‘iga doir tajribalar o‘tkazish, tajriba natijalarini qayta tahlil qilib, xulosalar chiqarish, tabiat va texnikada kechadigan fizik jarayonlar mohiyatini bilish, ularning texnik tatbiqlarini o‘rganishlari zarurligi;
- fizika kursini o‘qitishni hozirgi zamon talablari darajasiga ko‘tarish va rivojlangan mamlakatlar andozasiga yaqinlashtirish kerakligi.
Dasturning tarkibi va mazmuni shu davrgacha amal qilib kelgan o‘n bir yillik
umumta’lim maktablarining fizika dasturi tarkibi va mazmuniga yaqindir. Bunda 6-9-sinflarda o‘rganilgan fizik bilimlarning akademik litsey, kasb-hunar kollejlarida aynan takrorlanmasligiga, ta’lim mazmunining uzluksizligi va uzviyligiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu o‘quv dastur materiali 160 dars soatiga mo‘ljallangan. Ajratilgan soatlar har bir bosh mavzu mazmunini o‘zlashtirishga, shu mavzular bo‘yicha ma’ruza o‘qishga, ko‘rgazma va tajribalarni namoyish etishga, laboratoriya ishlarini bajarishga, masala va test topshiriqlarini echishga, o‘quvchilarning olgan bilim,
ko‘nikma va malakalarini baholashga mo‘ljallangan. Mazkur dasturga ko‘ra, 17 ta laboratoriya ishlarini bajarish rejalashtirilgan bo‘lib, ta’lim muassasasining ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda *belgisi bilan keltirilgan laboratoriya ishlariga almashtirish mumkin. Masalalar echish,
laboratoriya ishlarini tashkillashtirish, ekskursiyaga borish, umumlashtirish va takrorlash darslarini uyushtirish o‘qituvchi ixtiyoriga beriladi.
O‘qituvchi fizika darsini tashkil qilishda o‘qitish usulining turli shakllaridan (ma’ruza, og‘zaki bayon qilish, masalalar echish, amaliy ish, ko‘rgazmalilik va boshqa shakllardan) foydalanishi mumkin. Shuningdek, darslarni o‘tishda dars berishning turli noan’anaviy usullaridan bahs-munozara, bayon, boshqotirmalar, elektron qo‘llanmalar va multimediyalardan foydalanish tavsiya etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |