Juda muhim. Qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplarning grammatik munosabati deganda, shu sodda gaplarning bir-biri bilan ma’lum grammatik vositalar (bog‘lovchilar, yuklamalar, olmoshlar, ohang) yordamida bog‘lanishi tushuniladi. Mazmuniy munosabati deganda esa, qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplarning mazmuniy muvofiqligi tushuniladi.
Har qanday sodda gap o‘zaro bog‘lanib, qo‘shma gapni hosil qila bermaydi. Faqat o‘zaro mazmuniy muvofiq bo‘lgan gaplargina bir-biri bilan bog‘lanib, qo‘shma gapni tashkil etadi. Masalan: Qor yog‘di va gullar ochildi; Bahor keldi, paxta terimi boshlandi deb bo‘lmaydi, chunki bu gaplar bir-biri bilan mazmunan muvofiq kelmaydi.
Qo‘shma gapni tashkil etgan sodda gaplar alohida qo‘llangan sodda gaplar bilan teng emas. Alohida qo‘llangan sodda gaplar grammatik, mazmun va ohang tugalligiga ega bo‘ladi, ammo qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplar esa bunday xususiyatga ega emas. Ularning har biri garchi gapning asosiy belgisini o‘zida namoyon etsa ham, grammatik, mazmun va ohang tugalligi qo‘shma gapning oxirida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplar alohida-alohida gaplar emas, balki bir umumiy gapning qismlari sanaladi. Bir qismning ohangi ikkinchi qismni talab qilib turadi. Masalan: Suv keldi — nur keldi.
Eslab qoling. Ikki va undan ortiq sodda gaplarning o‘zaro grammatik, mazmun va ohang tomondan bog‘lanishidan tashkil topgan sintaktik butunlik qo‘shma gap deyiladi.
178-mashq. O‘qing. Har bir qo‘shma gap necha sodda gap (qism)dan iboratligini va ularni o‘zaro bog‘lovchi vositalarni ayting.
GO‘ZALLIK ТALQINLARI
Insonning aziz-u mukarram qilib yaratilgani ayon haqiqat va uning murakkab, tushunarsiz mavjudot ekanligi ham sir emas. Shu sababli bani bashar o‘z hayotida ko‘p qoqinadi, aksar yaxshilig-u yomonliklar ichida surinadi. Mirzakalon Ismoiliy bu nozik masalalar tegrasida nazokat va tabiiylik bilan qalam tebratadi. Binobarin, inson Olloh tomonidan yaratilgan jamiki suvrat-u siyratlarning mukammali ekan, u shunga monand ravishda fe’l-atvorga, go‘zallikka ega bo‘lmog‘i lozim, lekin go‘zallik deganda nimani tushunamiz? Shahlo ko‘zlar, tiniq chehra-yu la’li lablar mutanosibligimi? Yoki chiroyli kiyim-bosh, qimmatbaho taqinchoq-u bezaklarnimi? Menimcha, go‘zallikning o‘z qonunlari, qoliplari bor. Yuqorida sanalgan narsalar bilan «chiroyli odam» bo‘lish mumkin, lekin «go‘zal inson» bo‘lish uchun esa uni odamiylik fazilatlari to‘ldirishi kerak. «Go‘zallik ham bamisoli daraxt. Yaprog‘i — axloq, ildizi — ichki dunyo, mevasi — yaxshi fazilat. Xulosa qilib aytganda, odam bolasidagi go‘zallik tabiat ato qilgan husn-jamoldan tashqari, yana eng yaxshi xulq-atvorni, insondagi eng yaxshi fazilatlarni o‘z ichiga olgan odamiylikdan iboratdir. Mana shunda go‘zallik insonga husn beradi. Bu xil go‘zallik yaproqlarsiz, ildizlarsiz qurishi muqarrar bo‘lgan daraxtga sira-sira o‘xshamaydi, qurimaydigan, o‘lmaydigan, boqiy go‘zallikdir, — deydi M. Ismoiliy.
(«Sanam» jurnalidan)
Do'stlaringiz bilan baham: |