Qaratqich va tushum kelishiklaridan o‘rinli
foydalanish
1-topshiriq. Nuqtalar o‘rniga qaratqich yoki tushum kelishigidan birini qo‘ying. Nima uchun qaratqich yoki tushum kelishigi qo‘shimchasini qo‘yganingiz sababini ayting.
Kitob... o‘qimoq
Kitob... muqovasi
Biz... maktab
O‘rik... yemoq
Qaratqich va tushum kelishik qo‘shimchalari bir-biriga shakl jihatdan juda yaqin. Shuning uchun og‘zaki so‘zlashuvda qaratqich kelishigi o‘rnida ham ko‘pincha tushum kelishigi qo‘shimchasi qo‘llaniladi. Masalan, olmaning sharbati o‘rniga olmani sharbati deyiladi. Natijada, yozuvda ham ko‘pchilik og‘zaki so‘zlashuv ta’sirida shunday yozib qo‘yadi. Bunday xatodan qutilish uchun hokim so‘zning ifodalanishiga e’tibor berish kerak.
Eslab qoling. Agar hokim bo‘lak sof fe’l bilan ifodalansa va bu fe’l kimni? nimani? qayerni? so‘roqlariga javob bo‘luvchi so‘zni talab qilsa, tobe bo‘lak tushum kelishigida qo‘llanadi, hokim bo‘lak egalik qo‘shimchasini olgan ot, ba’zan harakat nomi va sifatdosh bilan ifodalansa, tobe bo‘lak qaratqich kelishigida qo‘llaniladi.
Uni quyidagi sxemadan ko‘ring:
ot -ning ot egalik
ot -ni fe’l
O‘ylang: Qaratqich va tushum kelishiklaridagi xatolikning qanday qilib oldini olish mumkin?
Тayanch tushunchalar: qaratqich, qaralmish, kelishikli bog‘lanish, hokim bo‘lak, tobe bo‘lak.
Quyidagi maqolning mag‘zini chaqing hamda birikmalarga ajratib, tobe bo‘lakning hokim bo‘lakka qanday bog‘langanini tushuntiring.
Chaqimchining tilidan ilon zahar oladi.
50-mashq. O‘qing, qaratqich va qaralmish munosabati uslubiyatini aniqlab, ularni gap ichidan ajratib, ko‘chirib yozing.
1. O‘zbekistonlik bolalar yelkasida millat yuki borligini sezishi kerak. 2. O‘zidan keyin kelayotgan avlod zakovati va shijoatiga ishonmagan jamiyatning ichi mo‘rt bo‘ladi. 3. Yosh davlatimizni urush olovida yoqishni istagan tashqi va ichki kuchlar yakson bo‘lmoqda. 4. Navoiy she’riyat olamiga kirishi bilanoq asarlarini o‘z ona tilida yoza boshlagan. 5. Uning hayoti esa vatandoshlarini baxtli, mamlakatini obod qilish yo‘lida beminnat zahmat chekishdan iborat bo‘ldi. 6. Sulton Husayn so‘z sohibqironini o‘zining oq otiga mindirib, otning jilovidan ushlab, piyoda yura boshladi. 7. Тaniqli san’atkorlarimiz mahorati anjuman ahlida unutilmas taassurot qoldirdi. 8. Milliy universitetning muhtasham madaniyat saroyiga oliy ilm maskanining barcha fakultetlarida tahsil olayotgan yosh yigit-qizlar, adabiyot muxlislari jam bo‘lishdi.
(«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasidan)
Do'stlaringiz bilan baham: |