Juda muhim. Gapning gap bo‘lmagan boshqa sintaktik birliklardan (masalan, so‘z birikmasidan) farqi ham kesimlik belgisidir. Masalan: Men keldim — gap. Bu gapda keldim so‘zi grammatik shakllanib kesim vazifasida kelyapti. Mening kelishim — gap emas. Kelishim kesimlik shakliga ega emas va kesim vazifasida kelmayapti. Kesimlik belgisiga ega bo‘lgan har qanday so‘z gap bo‘lib kela oladi. Masalan: Bahor... Go‘zalsan!
Eslab qoling. Kesimlik belgisiga ega bo‘lib, tugallangan ohang bilan talaffuz qilinuvchi va ma’lum bir fikr ifodalovchi sintaktik birlik gap deyiladi.
O‘ylang: O‘zingiz mustaqil ravishda gaplar tuzing va uning tarkibidagi so‘zlarning bog‘lanishi haqida fikrlang.
Тayanch tushunchalar: gap, sintaksis, kesim, kesimlik belgilari.
Berilgan maqolning ma’nosini tushuntiring, u gap bo‘la oladimi yoki yo‘qmi? Uni izohlang.
Poklik sog‘lig‘ni, aql sabrni saqlar.
Savol va topshiriqlar
1. Gap deganda nimani tushunasiz? Uning muhim belgisi nima?
2. Gapning so‘z birikmasidan farqini aytib bering.
3. Kesimlik belgisi deganda nimani tushunasiz?
4. Kesimlik ma’nolari qanday vositalar orqali ifodalanadi?
28-mashq. Kesimlik belgisiga ega bo‘lgan quyidagi so‘zlar asosida gaplar tuzing.
Birlashdik, ketyapti, o‘qimoqchi, umr ko‘rdi, intilishar edi, qad ko‘tarib turibdi ekan, bosilib chiqqanmi, ma’qul keldi, qisqa bo‘ladi, ekib qo‘yamiz, porlab turadi, qo‘llab-quvvatlamoqchilar, sevadi, riyozat chekdingmi, davom ettirdim.
29-mashq. Matnni o‘qing. So‘ng gaplarning muhim belgisi nimalardan iboratligini tushuntiring.
HOJI MUHAMMAD XUSRAV HIKOYASI
Havo biroz sovuq erdi. A’lo hazrat o‘choqqa o‘t qalab yuborishni buyurdilar. Navkarlardin ba’zilari ushbu yumushga tutindilar. O‘tni katta qilib yoqdilar. Тasodifan o‘choqdin uchg‘on uchqun Mirzo po‘stunining peshiga kelib tushdi va oning bir chetini kuydira boshladi. Mirzo Ulug‘bek oni yeng birlan urib o‘chirdi va: «Ahvol ne ekanini sen ham bilding-a?!» — deb o‘choqdagi olovg‘a xitob qildilar. Shundan keyin uning kayfiyati tamom buzuldi, og‘ir-og‘ir tin olib, iztirob cheka boshladilar. Biroz fursatdin keyin Mirzo Abdulazizning hol-ahvolini surishtirdilar:
— Mirzo Abdulaziz omonmu erkan? Balkim qatlg‘a yetkurmadilarmu erkan oni?
Men anga tasalli berib, yupatishg‘a harakat qildum... Bir vaqt eshik ochilib Abbos ismli kimsa sherigi birlan kirib keldi. A’lo hazratning ko‘zlari unga tushishi birlan rangi o‘chdi, sapchib o‘rnidan turdilar va tashlanib Abbosning ko‘kragiga bir musht tushurdilar. Abbos orqasig‘a tisaruldi, sherigi orqadin kelib Mirzo Ulug‘bekka yopishdi, ilkini qoyirib po‘stinni yechib oldi. Shu payt Abbos tashqarig‘a arqon olib kelish uchun chiqib ketdi. Men podshoh tahorat qilib olsun uchun eshikni ichidin zanjirlab turdim. So‘ng Abbos kirib Ulug‘bek janoblarining qo‘llarini bog‘lab toshqarig‘a sudrab olib chiqdi va mash’ala o‘rnatilgan daraxt ostig‘a olub borub tiz cho‘ktirdi va ul besaodat qilichini g‘ilofidin sug‘urdi va ul odil va olim podshohning boshini tanidin judo etdi. Biz ersak avval uyning tevarak-atrofiga berkinib yotdik, so‘ng barchamiz Samarqandg‘a qaytdik...
(Mirxondning «Ravzat us-safo» kitobidan)
Do'stlaringiz bilan baham: |