28-dars. SO‘ROQ GAPLAR VA ULARNING
USLUBIY XUSUSIYATLARI
Darsning maqsadi: So‘roq gaplardan nutqiy jarayonda o‘rinli foydalanish ko‘nikmasini hosil qilish
R E J A:
1. So‘roq gap haqida.
2. So‘roq gapni hosil qiluvchi vositalar.
3. So‘roq olmoshlari yordamida ifodalangan so‘roq gaplar bilan so‘roq yuklamalari yordamida ifodalangan so‘roq gaplar o‘rtasidagi farq.
4. So‘roq gaplar orqali darak va buyruq ma’nolarining ifodalanishi.
1-topshiriq. So‘roq olmoshlari yordamida gap tuzing. Qanday gap hosil qilganingizni ayting. So‘roq gapga javob qanday bo‘lganiga e’tibor bering.
2-topshiriq. Gap kesimi oxiriga -mi yuklamasini qo‘shing. Qanday gap hosil bo‘lganini ayting. Тarkibida so‘roq olmoshi bo‘lgan gapning javobi bilan -mi yuklamasi ishtirok etgan gap javobi o‘rtasidagi farqni aniqlang.
O‘zingizga noma’lum bo‘lgan voqea-hodisa haqida axborot olish uchun tarkibida so‘roq olmoshlari, so‘roq yuklamalari yoki so‘roq ohangi bo‘lgan gap shaklini (qolipini) tanlaysiz. Masalan, uyingizga kimdir keldi, lekin bu shaxsning kimligini bilmaysiz. Ana shu shaxs haqida aniq ma’lumot olish uchun kim keldi? deb so‘raysiz va so‘rog‘ingizga kelgan shaxs haqida aniq ma’lumot olasiz.
So‘rash maqsadida foydalanadigan gapingiz tarkibida, albatta, so‘roq olmoshlari, so‘roq yuklamalari yoki so‘roq ohangi mavjud bo‘ladi.
Eslab qoling. So‘roq olmoshlari, so‘roq yuklamalari yoki so‘roq ohangi yordamida ifodalanib, so‘zlovchiga noma’lum bo‘lgan voqea-hodisa haqida axborot olish maqsadida qo‘llaniluvchi gaplarga so‘roq gaplar deyiladi.
So‘roq olmoshlari yordamida ifodalangan so‘roq gaplar bilan so‘roq yuklamalari va so‘roq ohangi yordamida ifodalangan so‘roq gaplar qanday javob talab qilish bilan farq qiladi. So‘roq olmoshlari ma’nosiga muvofiq aniq javobni talab etadi. Masalan:
— Guruhingizda kim yaxshi o‘qiydi?
— Fotima.
So‘roq yuklamasi va so‘roq olmoshlari ishtirok etgan so‘roq gaplar esa ha yoki yo‘q javobini talab etadi. Ha va yo‘q so‘zlarini javob tarzda qo‘llab, so‘ngra unga izoh beriladi. Masalan:
— Sen akademik litseyda o‘qiysanmi?
— Ha, men akademik litseyning bitiruvchi o‘quvchisiman.
Yoki: — Bu litseymi?
— Ha, bu litsey.
So‘roq gaplar oxiriga doimo so‘roq belgisi qo‘yiladi.
Ba’zan darak ma’nosini ifodalash uchun so‘zlovchi darak shaklidan (qolipidan) emas, balki so‘roq gap shaklidan (qolipidan) foydalanadi. Masalan, Buni kim bilmaydi?
Juda muhim. Bunday so‘roq gaplar javob talab qilmaydi. Javobi shu gapning o‘zida bo‘ladi. So‘roq gap kesimi bo‘lishsiz fe’llar bilan ifodalangan bo‘lsa, tasdiq darak gap ma’nosini; aksincha, bo‘lishli fe’llar bilan ifodalangan bo‘lsa, inkor gap ma’nosini bildiradi.
Masalan, Bu daraxtni kesishga kim jur’at qiladi? («Bu daraxtni kesishga hech kim jur’at qilolmaydi» ma’nosini bildiradi).
So‘roq gap orqali ifodalangan darak ma’nosi darak gap orqali ifodalangan darak ma’nosidan kuchliroq bo‘ladi.
Shuningdek, so‘roq gap shakli orqali buyruq ma’nosi ham ifodalanishi mumkin. Masalan,
— Yurmaysizmi? («yuring» ma’nosida)
So‘roq gap orqali ifodalangan buyruq ma’nosi buyruq gap orqali ifodalangan buyruq ma’nosidan kuchliroq bo‘ladi.
Darak ma’nosini ifodalagan so‘roq gaplarga so‘roq-darak gaplar, buyruq ma’nosini bildirgan so‘roq gaplarga esa so‘roq-buyruq gaplar deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |