9-dars. GAP BO‘LAKLARI
Darsning maqsadi: Тalabalarga gapning sintaktik tuzilishi haqida ilmiy bilim berish, ularda gap bo‘laklaridan to‘g‘ri foydalana olish ko‘nikmasini shakllantirish.
R E J A:
1. Gapni bo‘laklarga ajratish.
2. Bosh bo‘lak, ikkinchi va uchinchi darajali bo‘laklar haqida.
1-topshiriq. Quyidagi gapda ishtirok etgan so‘zlarning o‘zaro bog‘lanishini aniqlang:
Bog‘da gullar ochilgan.
2-topshiriq. Quyida berilgan gapda ishtirok etgan so‘z birikmalarini alohida-alohida yozing. Тobe bo‘lakning hokim bo‘lakka nisbatan qanday so‘roqqa javob bo‘layotganini va bog‘lovchi vositani aniqlang:
Vatanimizni jon-dilimizdan sevamiz.
Gap tarkibidagi o‘zaro tobe bog‘lanishda bo‘lgan so‘zlardan bittasi tobe bo‘lak, ikkinchisi hokim bo‘lak vazifasini bajaradi. Тobe bo‘lak hokim bo‘lakka bog‘lanib, hokim bo‘lak talab etgan sintaktik vazifada keladi. Ana shu vazifa gap bo‘lagi nomi bilan yuritiladi.
Eslab qoling. Gap tarkibida tobe bog‘lanib ma’lum so‘roqqa javob bo‘luvchi so‘z yoki so‘zlar birikmasiga gap bo‘lagi deyiladi. Masalan, O‘qituvchimga gul berdim. Bu gapda uchta gap bo‘lagi bo‘lib, birinchisi kimga? so‘rog‘iga javob bo‘lib, to‘ldiruvchi vazifasida, ikkinchisi nima (ni)? so‘rog‘iga javob bo‘lib, to‘ldiruvchi vazifasida, uchinchisi nima qildi? so‘rog‘iga javob bo‘lib, kesim vazifada kelyapti.
Demak, gap bo‘lagi tobe bog‘lanish doirasida, tobe qism vazifasida kelgan bo‘laklar hisoblanadi. Uning qaysi bo‘lak vazifasida kelayotganligi hokim bo‘lakka nisbatan aniqlanadi.
Gapda kesimgina boshqa bo‘laklarga nisbatlanmagan holda aniqlanadi, chunki uning kesim ekanligini kesimlik shakllari ko‘rsatib turadi. Shuning uchun uni gap tarkibidan topish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Qolgan bo‘laklar kesimga nisbatan aniqlanadi. Boshqa bo‘laklar javob bo‘lishi lozim bo‘lgan so‘roqlar kesimga qarab beriladi. Masalan, Sen Pushkinning sevgan malagi gapida kim? so‘rog‘iga kesim vazifasidagi Pushkinning sevgan malagi bo‘lagiga bog‘lanadi. Kim? so‘rog‘iga javob bo‘luvchi bo‘lak ega vazifasida keladi. Demak, ega ham kesimga nisbatan belgilanadi.
Gap bo‘laklari gap tuzilishidagi vazifasiga ko‘ra ikki guruhga, ikki darajaga bo‘linadi.
Juda muhim. Gapni gap qilib shakllanishida muhim bo‘lgan, uning mazmuniy va grammatik markazi hisoblanuvchi bo‘lak — kesim. Shuning uchun u gapning eng muhim bo‘lagi, bosh bo‘lak sanaladi.
Ega kesim ifodalagan belgi, harakat-holatlarning egasi sifatida kesimdan keyingi bo‘lak sanaladi.
Тo‘ldiruvchi va hol kesim bilan tobe munosabatga kirishib, uning ma’nosini izohlab, to‘ldirib keladi. Shuning uchun ular ikkinchi darajali bo‘laklar sanaladi.
Aniqlovchi yuqoridagi barcha bo‘laklarga bog‘lanib, ularning ma’nosini izohlab keladi. Gapda qaysi bo‘lak bilan munosabatda bo‘lsa, shu bo‘lak bilan birgalikda bitta gap bo‘lagi, birikmali gap bo‘lagi bo‘lib keladi.
Aniqlovchi shu birikmali gap bo‘laklarining bo‘lagi sifatida keyingi bosqichda ajralib chiqadi.
Shunday qilib, gap bo‘laklari bir necha darajalarga bo‘linadi:
1. Bosh bo‘lak: kesim, ega.
2. Ikkinchi darajali bo‘laklar: to‘ldiruvchi, hol, aniqlovchi.
Do'stlaringiz bilan baham: |