Orifxon Hotamovning o’zbek madaniyatining rivojidagi samarali mehnatlari Davlatimiz tomonidan munosib baholanib, 1987 yili “Mehnat faxriysi” ordeni, 1989 yili O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist, 1993 yili O’zbekiston xalq hofizi, 1997 yili “Do’stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Yarim asrdan ko’proq vaqtdan beri Orifxon Hotamov va Muhabbatxon aya bilan mazmunli va baxtli hayot kechirdilar, ularning 10 farzandlari bor – 6 qiz va 4 o’g’il. O’g’illari Ismoilxon, Muhammadxon va Nematxonlar ota kasbini egallashgan. Ular ham padari buzrukvori ijro uslubida xonish qilishadi. Orifxon Hotamov 1987 yili “Mehnat faxriysi” ordeni, 1989 yili “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist”, 1993 yili “O’zbekiston xalq hofizi” faxriy unvonlari, 1997 yili “Do’stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Malumki, xalqimizning ma’naviy boyligi hisoblanmish maqomlar, mumtoz musiqa merosi, o’tmish bastakorlarining ijodiy mahsulidir. Bu an’anani hozirgacha munosib davom etib kelayotganini shohidi bo’lar ekanmiz, uning zaminida o’ziga xos ijrochilik va ijodiy omillar mavjudligini ko’ramiz. Har bir yetuk bastakor esa, ana shu ijodiy va amaliy jarayonni o’tashi va xalq imtihonidan o’tishi taqozo etiladi. O’tmish an’analariga ko’ra bastakor musanniflik, mulahhinlik, nag’manavozlik, nag’maovozlik, nag’mapardozlik, nag’masozlik kabi ustozona uslublaridan voqif bo’lishi taqozo etiladi. Shu bilan birga, musiqiy meros va milliy an’analarni asosli idroklashi, namoyandaga ijod sarhatlarini ochadi. Istedodiga muvofiq musiqiy ohanglar bog’lashida esa, bastakorlik amallarini siru sinoatlari anglana boshlanadi. Orifxon Hotamovning ijrochilik faoiyati o’rta maktabda o’qiy yurgan kezlarida boshlangan. Yosh musiqa shaydosi milliy cholg’ulardan nay, skripka, tanbur sozlari ijrolariga qiziqib, sekin asta o’zlashtiradi. Avvaliga, nay sozandasi sifatida ishlaydi. 1944 yili Muqimiy nomidagi musiqali drama va komediya teatriga ishga kelgan paytda skripkachi sifatida ishga olinadi. O’sha davrda teatrning taniqli arbobi, san’atkorlarning ustozi To’xtasin Jalilov ansamblga rahbar edi. Orifxon Hotamov aynan Salohiddin To’xtasinov mastahati bilan (“.. naychilar ko’p-ku, skripka chalaverganingiz maqul..”) skripka chalishga o’tgan. Bu vaqtda teatrning zamonaning eng yetuk ustozlari jalb etilgan edi. Xalq hofizlari Jo’raxon Sultonov, Mamurjon Uzoqov, atoqli sozanda va bastakor G’anijon Toshmatov ham anchadan beri orzu qilib kelgan damlar yetib keldi.
Chunki, ustozlar xonishlarini eshitib, mahliyo bo’lib yurgan vaqtlar edi. Endi esa ularning qatoriga o’zi sozanda sifatida qo’shildi. Bu davr Orifxon Hotamov uchun nafaqat ish faoliyati, balki ustoz-shogird, ya’ni maktab davri deb ham atash mumkin. Chunki, ayni kuchga to’lgan, ilmga chanqoq paytida ustozlarning yonlarida sozandalik qilib, Farg’ona-Toshkent ijro yo’llarini qunt bilan o’zlashtiradi.
1945 yili O’zbek Davlat filarmoniyasiga ishga o’tadi. O’zbekistonning yirik konsert tashkilotlaridan biri bo’lgan bu jamoaga Muhiddin Qoriyoqubov rahbarlik qilar edi. Orifxon Hotamov shu tashkilotning xalq hofizi Turg’un Karimov rahbarligidagi konsert brigadasiga skripkachi sozanda sifatida ishga qabul qilindi. Jamoada Isoqjon Qodirov (naychi), Davlat Oxun (dutorchi), Ayub Qodirov (tanburchi), Ergash Shukurullayev (rubobchi) kabi bir qator sozandalar faoliyat ko’rsatardilar. Qolaversa, konsert brigadasi bilan O’zbekistonning turli vohalarida gastrol konsertlarini o’tkazar edilar. Shu zayl 50-yilgacha Orifxon Hotamov bu dargohda o’zbek san’atining yetuk namoyandalaridan bilan birga ishladi.
Mana shu qisqa o’tgan vaqt Orifxon Hotamovning ijrochilik faoliyatida, xonanda sifatida shakllanishi va o’zbek musiqa merosi an’analarini o’zlashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bu esa, xonandalikdagi muayyan ijro yo’lini tanlashda asosiy mezon vazifasini o’tadi. Zotan, mustaqil ijod uslubi shakllanishida barcha vohalar musiqiy an’analarini bilish muhim omillardan hisoblanadi. Ustoz san’atkorlar Hojixon Boltayev, Komiljon Otaniyozov, Karim Ismoilov kabi xorazmlik san’atkorlardan olgan sabog’i va hamkorligi Orifxon Hotamovning ijodiy faoliyatining boyitdi.
1946 yil, jamoaning Xorazm vohasi bo’ylab konsert-gastrol safarida yurgan payt. Ushbu vohaga xarakterli suvoralar, Maxtumquli so’zi bilan aytiladigan qalandar yo’llaridagi ashulalar, dostonlar ijrolari, ya’ni baxshichilik san’ati yo’llariga mansub qo’shiq-ashulalarni Komiljon Otaniyozov va Karimjon Ismoilovlar meyoriga yetkazib ijro etishlar bu janrlarni xalq orasida keng ommalashishiga sabab bo’ldi. Konsert gastrollari bahonasida Orifxon Hotamov ustozlardan imkon darajasida suvora va doston yo’llarini o’zlashtirishga harakat qiladi va musiqiy merosga nisbatan o’z bilimini mustahkamlaydi.
Toshkent va Farg’ona vodiysida esa, bu ijro yo’llari yangiligi sababli tinglovchiga qiziqarli edi. Shunga xos talab darajasi ham katta bo’lgan. Balkim, bunga doston ijro yo’llari va suvoralarning sho’x xarakteri, o’ynoqiligi sabab bo’lgani ehtimoldan holi emas. Bu bilan Orifxon Hotamov o’z hamnafaslari bilan Xorazm vohasiga xos kuy va ashulalarni Farg’ona-Toshkent vohalarida ommalashishiga o’z hissasini qo’shgan. Chunki XIX asr o’rtalaridan boshlab Farg’ona-Toshkentda ham xorazm vohasiga xos “Farg’ona Eshvoyi”, “Kurd eshvoyi”, “Qo’shchinor”, “Ilg’or” va “Suvora” kabi asarlar yaratila boshlangan. Jumladan, “Toshkent suvorasi” fikrimizga yorqin dalil bo’la oladi. Xorazm doston yo’llarini esa, farg’ona vodiysi ijro yo’llari bilan boyitib ijro etish an’anaga kirib keldi.
Ijrochilik amaliyotida sozandalik va xonandalik sirlarini ustoz-shogird sabog’i asosida egallagan Orifxon Hotamov, o’z bilimini mustahkamlash maqsadida 1950-54 yillari, Hamza nomidagi Toshkent Davlat musiqa bilim yurtida o’qidi. O’qish davrida, undan keyin ikki yil mobaynida o’rta maktab va fabrikalar qoshidagi musiqa to’garaklarida ishlaydi. 1954 yili Radio qoshidagi o’zbek xalq cholg’ulari orkestriga satochi sozanda sifatida ishga taklif etiladi. Ikki yil davomida, orkestr jamoasida faoliyat ko’rsatish bilan birga Doni Zokirov sabog’idan bahramand bo’ladi.
1959 yili taniqli ustoz G’anijon Toshmatov etnografik ansambl tuzadi. Ansamblga bir qator keksa xalq sozandalari taklif etilib, Orifxon Hotamov ham tanburchi sozanda bo’lib ishga olingan. G’anijon aka rahbarligida ushbu ansambl Farg’ona-Toshkent yo’llariga mansub bir qator cholg’u yo’llaridagi asarlarni – farg’ona surnay yo’llarini, keksa xalq bastakorlari yaratgan asarlarni qayta tiklash xususida faoliyat olib boradilar. Bir qator asarlarni radio fondiga yozib qoldirdilar. Orifxon Hotamovning shu davrdagi ustoz san’atkor Jo’raxon Sultonov bilan hamkorligi uning ijodiga katta samara berdi. 100 dan ortiq mumtoz asarlar yaratib shogirdlariga o’rgatdi va o’z hafnafaslari bilan birga ijro etib “oltin fond”ga yozdirdi. Ayniqsa, Yangiqo’rg’onlik (Farg’ona viloyati Qo’qon shahriga qarashli tuman) xushovoz xonanda, ustoz-san’atkor Rasulqori Mamadaliyev bilan qilingan hamkorlik, ustoz-shogirdlik Orifxon Hotamov faoliyatida alohida muhrlanib qoladi. Bastakorning 50 ga yaqin asarlari Rasulqori Mamadaliyev talqinida o’zgacha joziba topadi. Uning asarlarini xalq orasida yanada ommalashishiga sabab bo’ladi.
Orifxon Hotamov ish faoliyatini 1976 yildan boshlab hozirgi davrgacha Yu.Rajabiy nomidagi maqom ansamblida davom ettirib kelmoqda.
80-90 yillarda ustoz (maslahatchi) o’ziga xos rahnamo sifatida ishni davom ettirib, faoliyatini ko’proq shogirdlar tarbiyalashga qaratdi. Doimiy tarzda yosh istedodli hofizlarga ustozlik qilib kelmoqda. Shu bilan birga 1989-99 yillar orasida M.Uyg’ur nomidagi san’at institutining musiqali drama fakultetida talabalarga an’anaviy musiqa merosidan saboq beradi. Ayni paytda shogirdlar davrasida va maqom ansamblida o’z faoliyatini davom ettirmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |