Tug‘ilgan sana: 1917 yil
Vafot etgan sana: 1975 yil
Tug‘ilgan joyi: Xorazm
Yo‘nalishlar: Qo`shiqchilar
Mashhur o’zbek xonandasi, sozanda va bastakor Komiljon Otaniyozov xonandalik san’atini puxta egallab, xalqning hurmat va e’tiboriga sazovor bo’lgan, bastakor sifatida ham samarali ijod etgan, o’zbek qo’shiq san’atining nodir namunalarini ijro etib, chet el qo’shiq muxlislarining ham olqishlariga sazovor bo’ldi.
Tarjimai hol
Sozanda va xonandalikda erishgan yutuqlarini, bu murakkab san’at turlarining nozik sirlarini shogirdlariga qunt bilan o’rgatib, ko’plab iste’dodli sozanda va xonandalarni ham tarbiyalab voyaga yetkazdi.
Iste’dodli o’zbek xonandasi va sozandasi Qomiljon Otaniyozov «O’zbekiston xalq artisti», «Turkmaniston xalq artisti» «Qoraqalpog’iston xalq artisti» unvonlari va «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan.
Mashhur o’zbek xonandasi, sozanda va bastakor Komiljon Otaniyozov 1917 yilda Xorazm viloyatiningShovot tumanidagi Bo’yrachi qishlog’ida tug’ilgan. Dastlab Xorazm maqomlarining ashula yo’llarini M.Xudayberganovdan o’rgangach, 1952—1956 yillarda Toshkentdagi Hamza nomidagi musiqa bilim yurtida, 1955-1956 yillarda Toshkent Davlat konservatoriyasida ta’lim oldi.
1936—1940 yillarda Shovot tuman teatrida xonanda va rejissyor, 1941—1943yillarda Xiva xalq teatrida, 1943—1952 yillarda Ogahiy nomidagi Xorazm viloyat musiqali drama teatrida aktyor va xonanda sifatida faoliyat ko’rsatib, Farhod, Tohir, Parfi hofiz va boshqa rollarni ijro etdi.
1949 yildan Xorazm viloyat teatrida ashula va raqs ansambli tuzib, kontsertlar bera boshlagan K. Otaniyozov 1956—1975 yillarda O’zbek Davlat filarmoniyasi qoshida Xorazm xalq ashula va raqs ansambli, 1967 yilda Xorazmning Shovot tumanida «Feruz» ansamblini tashkil qilishda bosh-qosh bo’ldi.
30-yillarda murakkab xalq ashulalari, Xorazm dostonlaridan qo’shiqlar, Xorazm suvoralari va maqomlarini ijro eta boshladi. Ayniqsa, «Dog’man», Feruz, «O’ynar», «O’lturg’usi», «Segoh» «Ayrilmasun nigoronday», «Ra’noni ko’rdim», «Nigora», «Sayotxon bog’da» kabi qo’shiqlarni maroq bilan ijro etib, muxlislarga manzur etdi.
U xonandalik san’atini puxta egallab, xalqning hurmat va e’tiboriga sazovor bo’lgandan keyin bastakor sifatida ham samarali ijod etib, «Salom senga Xorazmdan», «Muborak», «Aziz Vatanim», «Salom hind xalqiga», «O’zbekiston», «Xorazm» kabi mashhur qo’shiqlarini yozdi va o’zi ularni katta ixlos bilan ijro etdi.
50-yillarda A. Bobojonov asarlari asosida A. Stepanov bilan «Aziz va Sanam», M. Yusupov va A. Stepanov bilan «Oshiq va G’arib», 1967 yilda A. Bobojonov va M. Muhamedovlar pьesasi asosida S. Hayitboev bilan «So’nggi xon» kabi musiqali dramalarini yaratdi.
Shu bilan birga Xitoy, Hindiston, Birma, Afg’oniston, Kombodja, Tailand kabi xorijiy mamlakatlarda ijodiy safarlarda bo’lib, o’zbek qo’shiq san’atining nodir namunalarini ijro etib, chet el qo’shiq muxlislarining ham olqishlariga sazovor bo’ldi. Sozanda va xonandalikda erishgan yutuqlarini, bu murakkab san’at turlarining nozik sirlarini shogirdlariga qunt bilan o’rgatib, ko’plab iste’dodli sozanda va xonandalarni tarbiyalab voyaga yetkazdi.
Iste’dodli o’zbek xonandasi va sozandasi Qomiljon Otaniyozovning o’zbek qo’shiq va musiqa san’atlari ravnaqidagi xizmatlari 1949 yilda «O’zbekiston xalq artisti», 1961 yilda «Turkmaniston xalq artisti» va 1968 yilda «Qoraqalpog’iston xalq artisti» unvonlari bilan taqdirlandi.
O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 9 yilligi munosabati bilan o’zbek milliy madaniyati rivojiga qo’shgan ulkan hissasi uchun K. Otaniyozov «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi.
Komiljon Otaniyozov 1975 yilda Toshkent shahrida vafot etdi va o’zi tug’ilib o’sgan qishlog’iga dafn etildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |