2021-2022 O‘QUV YILIDA UMUMIY O‘RTA TA’LIM MAKTABLARINING 9-SINF O‘QUVCHILARI UCHUN GEOGRAFIYA FANIDAN BOSQICHLI IMTIHON MATERIALLARI VA ULARNING JAVOBLARI
Tuzuvchi:
U. Sarbolayev – Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi 17-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining oliy toifali geografiya fani o‘qituvchisi.
Nuqtaning geografik kengligi va uzunligi. Daraja to‘ri. geografik koordinatalar.
Meridian (tush chizig'i) deb, geografik qutblarni tutashtiruvchi Yer yuzasidan shartli o’tkazilgan eng qisqa chiziqqa aytiladi. Meridianlar shimoldan janubga yo’nalgan bo'lib, ularning uzunliklari bir xil va shakli yarim aylana bo'ladi.
Meridianlar yer yuzidagi nuqtalarning geografik uzoqligini aniqlashga xizmat qiladi. 1493 yilga qadar geografik uzoqlikni har bir mamlakat o’zi istagan joydan hisoblar edi. 1493 yildan boshlab bosh meridian qilib Ferro orolidan (Kanar arxipelagi) o’tgan meridian qabul qilingan. 1663 yilga kelib Franstiyadagi Parij meridiani qabul qilindi. Keyingi vaqtlarda har bir mamlakat o’z hududidagi observatoriyalardan o’tgan meridianlarni bosh meridian deb hisoblab kelishgan. Rossiyada bosh meridian qilib Sankt – Peterburg shahridagi Pulkovo observatoriyasi ustidan o’tgan meridian qabul qilingan. 1884 yil Vashingtonda bo’lib o’tgan xalqaro geografiya kongressi dunyodagi barcha mamlakatlar uchun bosh meridian qilib London shahri yaqinidagi Grenvich observatoriyasi ustidan o’tuvchi meridian qabul qilindi.
Parallellar deb, Yer yuzasida ekvatorga parallel qilib shartli ravishda o’tkazilgan aylana chiziqlarga aytiladi. Meridian va parallel chiziqlarning globus va xaritalardagi tasviri natijasida hosil bo’ladigan to’r daraja to’ri (gradus to’ri) deb ataladi.
Daraja to‘ri yordamida Yer yuzidagi istalgan nuqtaning geografik koordinatasini aniqlashimiz mumkin. Bunda geografik kenglik va uzunliklardan foydalaniladi.
Geografik kenglik deb, ekvatordan berilgan nuqtagacha bo'lgan meridian yoyining daraja (gradus) hisobidagi kattaligiga aytiladi. U ekvatordan shimol va janubga tomon 0° dan 90° gacha o’lchanib, yunoncha φ (fi) harfi bilan belgilanadi. Ekvatordan shimolda joylashgan nuqtalarning kengligi shimoliy kenglik (sh.k.), janubda joylashgan nuqtalarning kengligi esa janubiy kenglik (j.k.) deb ataladi.
Geografik uzunlik deb, bosh meridiandan berilgan nuqtagacha bo’lgan parallel yoyining daraja (gradus) hisobidagi uzunligiga aytiladi. U 0° dan 180° gacha o’lchanadi va yunoncha λ (lambda) harfi bilan belgilanadi. Agar berilgan nuqta sharqiy yarimsharda, ya’ni bosh meridiandan sharqda bo’lsa sharqiy uzunlik (shq.u), g'arbda bo’lsa g'arbiy
uzunlik (g'.u.) deyiladi. Yer yuzidagi har bir nuqtaning geografik kengligi va uzunligi uning, geografik koordinatasi deb ataladi. O’lchov birligi gradus (°), minut ('), sekund(").
Do'stlaringiz bilan baham: |