Gipoteza (faraz) - bilimlarning mavjud bo‘lish va taraqqiy etish shakli. Muammoni hal etish jarayonida malum bir gipotezalar ilgari suriladi va asoslanadi. Gipoteza (faraz) – o‘rganilayotgan hodisaning sabablari va xususiyatlarini tushuntiruvchi asosli taxmin tarzidagi bilim shaklidir.
Hodisaning sababi haqidagi fikr dastlab, odatda, gipoteza shaklida vujudga keladi va shu manoda u bilimlarning mavjud bo‘lishining umumiy mantiqiy shakllaridan biri hisoblanadi. CHin, ishonchli bilimlar hosil bo‘lgunga qadar qo‘yilgan muammolar, masalalar haqidagi fikr-mulohazalar kuzatish, eksperiment natijalarini tahlil qilish va umumlashtirishga asoslangan bo‘lib, ular turli xil taxminlar, farazlar shaklida mavjud bo‘ladi.
Gipotezani qurish o‘rganilayotgan hodisani tushuntiruvchi taxminiy fikrlarni ilgari surishdan iborat bo‘ladi. U qayd etilgan faktlar, ular uchun xarakterli bo‘lgan qonuniyatlar haqidagi mulohazalar yoki mulohazalar tizimi tarzida bo‘ladi. Uni ifoda qiluvchi asosiy gap mulohazalar sistemasini hosil qiluvchi element, deb hisoblanadi. Ana shu gap (mulohaza)da, odatda, gipotezaning bosh g‘oyasida aks etadi. Muhokama jarayoni uning negizida, atrofida quriladi va malum bir ishchi gipotezalar – vaqtinchalik, mo‘ljalni to‘g‘ri olishga yordam beradigan taxminlarning ilgari surilishiga, ular yordamida hodisaning yanada chuqurroq tadqiq qilinishiga olib keladi.
Gipotezalarni ilgari surishning asosiy mantiqiy vositasi ehtimoliy xulosa chiqarish hisoblanadi. SHuningdek, gipoteza bazi hollarda qatiy xulosa chiqarish shakllarida ham ilgari surilishi mumkin.
Gipotezada ilgari suriladigan mulohaza empirik materiallarni tahlil qilish, qayta ishlash, tartibga keltirish, umumlashtirish, talqin etish natijasida paydo bo‘ladi. Ana Shuning uchun ham gipoteza – bu har qanday taxmin emas, balki o‘zining muayyan mantiqiy kuchiga ega mulohaza, malum bir darajada asoslangan farazdir.
Ilgari surilgan gipoteza, albatta, asoslanishi zarur. Bu bosqichda gipotezadan malum bir natijalar keltirib chiqariladi va ularning mavjud faktlarga (yoki boshqa ishonchli bilimlarga) muvofiqligi aniqlanadi.
Gipoteza rad qilinishi ham mumkin. Bu gipotezadan kelib chiqadigan natijalarning mavjud faktlarga nomuvofiqligini ko‘rsatish orqali amalga oshiriladi.
Gipotezaning natijalarini topa olmaslik, bu gipotezaning mavqeini ancha pasaytirsa-da, lekin uni rad eta olmaydi. Gipotezaning chinligi undan kelib chiqadigan natijalarga zid bo‘lgan holatlar aniqlangandagina uzil-kesil rad etiladi. Masalan, Ptolomeyning Erning harakatlanmaydigan markaz ekanligi haqidagi gipotezasi Kopernikning geliotsentrik nazariyasi asoslanadigan faktlarga zid kelganidan keyin rad etildi.
SHuni alohida takidlash zarurki, o‘rganilayotgan hodisa haqida bir vaqtning o‘zida bir qancha gipotezalar ilgari surilishi mumkin. Gipoteza tasdiqlanmaguncha o‘zining bilishdagi ahamiyatini yo‘qotmaydi. Rad etilsa, o‘rniga boshqa gipoteza quriladi va bu hol to gipotezalardan birortasi tasdiqlanmaguncha, yani muammoning echimi topilmaguncha davom etadi.
Ilgari surilayotgan gipotezalar turli xil darajada umumlashgan bo‘lishi mumkin. Ana shunga muvofiq holda umumiy va juziy gipotezalarni ajratish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |