2.1. Nevrotsit, uning morfologiyasi.
Nerv to`qimasi spetsifik funksiyalarni bajaradigan nevrotsitlar va ular bilan bog`langan, tayanch, trofik, sekretor hamda himoya vazifalarni o`taydigan gliotsitlardan iborat. Nerv to`qimasining barcha elementlari organizmning morfo-funksional jihatdan bir butun bo`lgan nerv sistemasini hosil qiladi.
Nevrotsit (nerv hujayrasi, neyron yoki nevron)ning xarakterli xususiyati, uning bir yoki bir necha o`simtaga ega ekanligidir. Etuk nerv hujayrasini o`simtalarsiz tasavvur qilib bo`lmaydi, chunki o`simtasiz nevrotsit o`zining asosiy vazifasini bajara olmas edi. O`simtalari soniga qarab nevrotsitlar unipolyar (bir qutbli yoki o`simtali), bipolyar (ikki o`simtali) va multipolyar (ko`p o`simtali) bo`ladi.
Unipolyar nevrotsit oliy hayvonlar tanasida kamdan-kam uchrab, ko`pchilik hollarda bu yosh va kam tabaqalangan bo`ladi. Bunday hujayraning shakli noksimon bo`lib, o`tkirlashgan qutbidan nerv imulsini sellyulifugal (hujayra tanasidan chetga - o`simta uchiga tomon) o`tkazuvchi o`simta - neyrit (akson) chiqadi. Ko`pincha pseudounipolyar (yolg`on bir o`simtali) nevrotsitlar uchraydi. Bunday hujayraning o`simtasi bir qutbdan chiqib, hujayra yaqinida ikkiga bo`linadi.
Bipolyar nevrotsit odatda duksimon shaklda bo`lib, uning qarama-qarshi qutblaridan ikki o`simta chiqadi. Ularning biri neyrit, boshqasi dendritdir. Dendrit nerv impulsini sellyulipetal (o`simta uchidan hujayra tanasiga tomon) o`tkazadi. Nerv impulsi ko`pincha dendrit plazmolemmasida hosil bo`lgani uchun neyrofiziologlar dendritni “ impulslar generatori” deb ataydilar. Nevrotsitlarning aksariyat ko`pchiligi multipolyardir. O`simtalarning biri neyrit, qolganlari esa dendritlar hisoblanadi.
Akson (axon, axis- o`q) kam tarmoqlanadigan o`simta bo`lib, u nevrotsitlarda faqat bitta, dendrit (dendron - daraxt) daraxtsimon shoxlanuvchi o`simta, u bitta yoki ko`p bo`lishi mumkin. Neyrit va dendritlar yo`l-yo`lakay yon shoxchalar ajratib, asta-sekin ingichkalashadi va nerv oxirlari (terminallari)ga aylanadi. Eng ingichka va oxirgi nerv tolalari telodendriyalar deyiladi.
Shunday qilib, nevrotsit tana qism va o`simtalardan iborat. Uning qobig`i nevrolemma, sitoplazmasi nevroplazma deb ataladi. Nevrolemma nerv impulsini o`tkazishga moslashgan. Nevroplazmaning o`zak atrofidagi qismi perikarion deb nomlangan.
Nevrotsitlarning kattaligi 4-130 mkm bo`lgani holda, ularning o`simtalari juda uzun - 1,5 metrgacha bo`lishi mumkin. Nevroplazmaning neyritdagi miqdori ayrim hollarda perikariondagi nevroplazmadan minglab marta ko`p bo`ladi. Radioaktiv atomlar qo`llab belgilash yo`li bilan o`tkazilgan tekshirishlar oqsillar dendritlarda va perikarionda sintezlanishini ko`rsatdi.
Nevrotsitning yirik va xromatinga boy bo`lmagan o`zagi ochroq bo`yaladi. O`zakcha yaxshi ko`rinadi, ayrim hollarda ikkita va undan ko`p bo`lishi mumkin. Urg`ochi jinsdagi sut emizuvchilarda jinsiy xromatin (“qo`shimcha o`zakcha”) uchraydi. Hujayra tanasi va dendritlarning nevroplazmasida xromatofil substansiya (bazofil modda yoki Nissl moddasi) (91-rasm) bo`lib, u neyritda uchramaydi. Odamda bu modda yirik-yirik parchalar, ayrim hollarda mayda donachalar shaklida bo`ladi. Xromatofil moddaning ko`rinishi, miqdori va joylashishi nevrotsitning fiziologik holatiga ko`ra o`zgarib turadi. Masalan, neyrit shikastlansa 1-2 haftada u yo`qolib ketishi mumkin. Elektron mikroskopik tekshirishlar xromatofil modda kuchli taraqqiy qilgan sitoplazmatik to`r ekanligini ko`rsatadi. Ko`pchilik nevrotsitlar nevroplazmasida juda ingichka ipchalar - protofibrillalar va mikronaychalar mavjud. Ularning agregatlari nerv to`qimasini fiksatsiya qilish va kumush tuzlari bilan ishlash natijasida “nevrofibrillalar” hosil qiladi. Nevroplazmada ko`plab mitoxondriyalar, o`zak atrofida joylashgan va kuchli taraqqiy qilgan plastinkali kompleks hamda hujayra markazi uchraydi. Shuni qayd qilish kerakki plastinkali kompleks birinchi marta 1898 yili Italiya olimi K.Golji tomonidan nerv hujayrasida tasvirlab berilgan.
Perikarion va dendritlar sitoplazmasi tegishli moddalarni sintezlaydi, organellalar (masalan, mitoxondriyalar)ni hosil qiladi va bular neyrit bo`ylab periferiyaga oqib turadi. Shuningdek, o`simtalar uchidan ayrim moddalarni hujayra tanasiga qarab yo`naltiruvchi retrograd oqim ham kuzatiladi.
Biologik faollikka ega ma`lum moddalar (masalan, mediatorlar)ni sintezlash va sekretsiya qilish barcha nevrotsitlarga xos xususiyatdir. Lekin hozirgi paytda nevrosekretsiyaga ixtisoslashgan hujayralar ham aniqlangan. Bunga misol qilib bosh miya gipotalamus oblastining yadrolarida joylashgan nevrotsitlarni ko`rsatish mumkin. Sekretor nevrotsitlar yirik, nevroplazma va neyritlarida sekretor donachalar saqlovchi hujayralardir. Nevrosekret regulyatorlik rolini bajarib, nerv va gumoral sistemalarning vazifasini uyg`unlashtirishda katta ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |