SINAPSLAR. Nevronlarning bir-biri bilan aloqasi sinapslar (grek. synapsis - tutashish, kontakt) yordamida amalga oshadi (100-rasm). Sinapslar nerv impulslarining bir nevrotsitdan ikkinchisiga o`tishiga imkoniyat beradi. Sinapslar oblastida bir nevrotsitning aksoni terminal shoxchalarga bo`linadi va ko`pincha tugmacha yoki halqachalarga o`xshash yo`g`onlashish (perisellyulyar apparat) hosil qiladi. Bu terminallar ikkinchi nevrotsit tanasi yoki dendriti bilan tutashadi. Terminallarning morfologiyasi, dendrit yoki hujayra tanasi bilan qiladigan aloqa, nerv sistemasining turli joylaridagi sinapslarda bir-biridan ancha farq qiladi. Aksosomatik, aksodendritik, aksoaksonal, dendrodendritik va dendrosomatik sinapslar mavjud bo`lib, ulardan keyingi uch xilining ahamiyati to`liq aniqlangan emas. Sinaps o`ta sezgir bo`lib, nerv impulsining o`tkazilishini idora qiladi, ya`ni impuls o`tishini osonlashtiradi yoki chegaralab qo`yadi. Ko`pchilik nevrotsitlar juda ko`p boshqa nevrotsitlar bilan sinaptik aloqada bo`lishi hisobga olinsa, har bir nevrotsit ishtirok qiladigan refleks yoylari juda xilma-xil ekanligini tasavvur qilish mumkin. Mushuk orqa miyasining harakatlantiruvchi nevrotsitida boshqa hujayralar aksonlarining kamida 10000 terminallari sinapslar bilan tugashi hisoblab chiqilgan.
Sinapsning bir qutbi bo`lib, aksonning terminali xizmat qiladi va presinaptik qutb deyiladi. Bu qutbda mitoxondriyalar va vositachi moddalar - mediatorlar (masalan, noradrenalin yoki asetilxolin) to`plangan. Mediator sinaptik pufakchalar ichida bo`ladi. Sinapsning ikkinchi qutbi (postsinaptik qutb) boshqa nevrotsit tomonidan hosil bo`lgan va nevrotsit plazmolemmasiga bevosita o`tuvchi postsinaptik membrana bilan o`ralgan. Qutblar orasidagi sinaptik bo`shliqqa mediator chiqadi. Impulsni neyromediatorlar vositasida o`tkazuvchi sinapslar kimyoviy sinapslar, bevosita elektr o`tkazuvchilari elektrik sinapslar deyiladi. Shuningdek, aralash tabiatli sinapslar ham uchraydi.
3.1.Nerv to’qimasining gistogenezi va regeneratsiyasi. Nerv to`qimasining taraqqiyoti ektodermaning dorsal qismidan nerv plastinkasi hosil bo`lishidan boshlanadi. Nerv plastinka nerv nayiga aylangan paytda uning tarkibidagi hujayralar hali kam tabaqalangan bo`ladi. Keyinroq esa hujayralarning bir xillari noksimon shaklga kirib, sitoplazmasida nevrofilamentlar va mikronaychalar hosil bo`la boshlaydi. Bu hol hujayralarning nevroblastlarga ixtisoslasha boshlaganining belgisidir. Boshqa bir xil hujayralar ko`p sonli bo`lmagan o`simtalarga ega, g`ovak massa holida joylashib spongioblastlar deb nom oladi. Ularning sitoplazmasida neyrofilamentlar va mikronaychalar yo`q. Nevroblastlar nevrotsitlarga aylanadi, spongioblastlardan makrogliyaning turli xillari rivojlanadi. Mikrogliya qonning stvol hujayralaridan monotsitlar fazasini o`tish orqali yuzaga keladi. Nerv hujayralari nevroblastlar fazasidayoq bo`linish qobiliyatini yo`qotadi. Yosh gliya hujayralari (glioblastlar), hatto etuk astrotsitlar va oligodendrogliotsitlar bo`linish qobiliyatini to`la yo`qotmaydi.
Nerv to`qimasining regeneratsiyasini o`rganish katta ahamiyatga ega. Organizmning o`zgarib turuvchi tashqi muhit sharoitlariga moslashganligi va o`zgaruvchanligi nerv to`qimasining o`z morfo-funksional xossalarini o`zgartira olish qobiliyati bilan bog`liq. Nevrotsitlar hujayralarning organizm umri davomida almashinmaydigan populyatsiyasidir va ularga faqat hujayra ichidagi fiziologik regenirasiya xosdir. Nevrotsitlarning o`simtalari, binobarin, periferik nervlar shikastlanganda regenirasiya qobiliyatiga ega. Nerv tolasining regeneratsiyasi yaxshi o`rganilgan. Shikastlanishdan so`ng tananing sezgirligini yo`qotgan qismlari regeneratsiya vositasida tezda o`zining bu qobiliyatini tiklashi mumkin.
Nerv tolasi shikastlanishdan keyingi birinchi kunlardayoq o`q silindrda varikoz yo`g`onlashgan va ingichkalashgan qismlar paydo bo`ladi. 2-5 kundan keyin ingichkalashgan joylar uzilib, o`q silindrning fragmentatsiyasi yuz beradi. Taxminan 10-kunga kelib, o`q silindrning qoldiqlari lemmotsitlar va makrofaglarning faol ishtirokida so`rilib-yo`qolib ketadi. Nerv impulslari kelmasligi oqibatida lemmotsitlar tez o`zgaradi, mielinning kertiklari yo`qoladi va parchalanib ketadi. Ayni paytda lemmotsitlarning o`zaklarini o`rovchi sitoplazma va o`zaklar avval amitoz, mielin emirilgandan so`ng mitoz yo`li bilan ko`paya boshlaydi. Ko`payayotgan lemmotsitlar mielin va o`q silindr atrofida “ovoidlar” yoki “hazm qiluvchi kameralar” hosil qiladi. 10-20 kundan so`ng mielin qoldiqlari ham so`rilib ketadi. O`ziga xos tuzilishni o`zgartgan lemmotsitlar qator zanjir holida joylashib tasmalar hosil qiladi. Ayrim hollarda, masalan, qon bilan ta`minlanish buzilganda halok bo`lgan nevr tolasi uzoq vaqt (9 oygacha) o`zining “odatdagi tuzilishini” saqlab qolishi, ya`ni mumifikatsiyalanishi mumkin. Nerv tolasining markaziy, nevrotsit bilan aloqador qismi o`zining odatdagi tuzilishini saqlab qoladi. Tolaning faqat shikastlangan joyga bevosita chegaradosh qismi o`zgarishga uchraydi. Ikki-uch kundan keyin nerv tolasi yo bevosita kesilgan uchidan, yoki sal yuqoriroqdan (yon shoxchalar yordamida) o`sa boshlaydi. Nerv tolasining o`sayotgan qismi uchida uncha katta bo`lmagan yo`g`onlashish - o`sish kolbalari hosil bo`ladi. O`q silindr lemmotsitlardan hosil bo`lgan tasmalarga o`sib kirib, ular ichida bir kecha-kundazda 1-4 mm tezlik bilan o`sadi va tolaning avvalgi uchlari borgan erga borib etadi. Ayrim hollarda regeneratsiyaning odatdagi borishi buziladi, chandiq hosil bo`lib, u tiklanishga halaqit beradi.