5. Oyoq suyaklarini filo-ontogenezi.
Hayvonlarning oldingi oyog‘i tayanch, ketingilari esa oldinga qarab harakatlanish vazifasini bajaradi. Oyoq suyaklari ikki juft bo‘lib, oldingi oyoq - exterimitas thoracalis va ketingi oyoq - exterimitas candalis sut emizuvchi hayvonlar turiga qarab, harakatlanish vazifasini bajaradi. Oyoq suyaklari ikki juft bo‘lib - extremitas thoralalis et candalis sut emizuvchi hayvonlarda hayot kechirish sharoiti bilan bog‘liq holda har xil tuzilgan. Ba’zan hayvonlarning oyog‘i sharoit ta’sirida reduksiyaga uchragan, masalan, kit va boshqa hayvonlarda oldingi oyoqlar saqlanib qolib, keyingilari o‘zgarib ketgan.
Suv hayvonlari va parrandalarining oyog‘i suzish uchun, quruqlikda yashovchilarniki esa muguzlashgan holatda o‘sib, erga bosish uchun moslashgan. Quruqlikda yashovchi hayvonlarning oyog‘i bosish xarakteriga qarab, quyidagilarga bo‘linadi:
a) tik, tovonga bosib yuruvchilar (maymun va odamlar); b) tovon – barmoqqa bosib yuruvchilar (kemiruvchilar); v) barmoqqa bosib yuruvchilar (yirtqich hayvonlar); g) barmoq tuyog‘iga bosib yuruvchilar (tuyalar); d) tuyoq bilan yuruvchilar (qolgan sut emizuvchi hayvonlar, ot, cho‘chqa, kavsh qaytaruvchilar va boshqalar).
Hayvonlarning yurish harakati har xil bo‘ladi. Ular yuguruvchilar, sakrovchilar, qazuvchilar, o‘rmalovchilar, suzuvchilar va boshqalarga bo‘linadi.
Suvda yashovchi hayvonlar quruqlikda yashovchi hayvonlardan ancha farq qiladi. Suvda yashovchilar, asosan, ikkita juft va toq qanotlariga tayanib harakatlanadi. Tanasining terisidan yon burmalar hosil bo‘lishi natijasida suzgich qanotlari vujudga keladi. Bunday burmalarning ichki tomonida bir qancha mayda suyakchalar (endoskelet), tashqi tomonida esa skeletchalar (ekzoskelet) paydo bo‘ladi.
Tashqi sharoitning o‘zgarishi natijasida suv hayvonlari quruqlikka chiqishi bilan ularning ichki va tashqi skeleti bir qancha o‘zgarishlarga uchrab quyidagi holatga kiradi: teri skeletchalari yo‘qoladi, ichki skeleti uch bo‘limga bo‘linib, oddiy oyoq kamarini hosil qiladi. Tos kamari tuban hayvonlarda bo‘lmay, faqat yuqori hayvonlarda bo‘ladi.
Amfibiyalardan boshlab 3 bo‘limli ko‘krak kamari paydo bo‘ladi. Amfibiya, reptiliya va parrandalarda ko‘krak suyagi korakoid suyagi orqali to‘sh suyagi bilan birikadi. Parrandalarda o‘mrov suyagi ayri bo‘lib birlashadi. Tos suyagi quruqlikda yashovchi hayvonlardan dastlab amfibiyalarda paydo bo‘lgan. Reptiliyalar va parrandalarda tos suyagi ochiq bo‘ladi, bu ularning tuxum qo‘yish xususiyati bilan bog‘liq. Quruqlikda yashovchi hayvonlarning erkin harakatlanuvchi oyoq suyaklari amfibiyalardan boshlab tartibli ravishda tuzilgan. Bir teshikli hayvonlar va odamlarda tirsak, bilak suyaklari rivojlanganligi sababli, ularni har tomonga burish mumkin bo‘ladi. Hayvonlar rivojlanishi natijasida oyoq suyaklari murakkablasha boradi. Masalan, amfibiyalarda avtopodiy suyaklar 5 tagacha qisqargan. Qolgan mayda suyakchalar kaft suyaklariga qo‘shilib ketgan. Qishloq xo‘jaligi hayvonlari elka kamari suyaklarining ko‘pchiligi qisqarib, faqat kurak suyagi saqlanib qolgan. Odamlarda esa o‘mrov suyagi ham bo‘lib, u qo‘l bilan yuk ko‘tarishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Oyoq suyaklari embrion rivojlanish davrida bir qancha o‘zgarishlar natijasida paydo bo‘ladi. Dastlabki davrdaembrionning oyoqlari bo‘lmaydi. Embrion rivojlanishi natijasida yon tomonda asta – chekin usti teri bilan qoplangan kichkina bo‘rtiklar hosil bo‘ladi. Ular o‘sishi natijasida oyoqlar shakllanadi. Bunda oldingi oyoqning kamar suyaklari, keyinchalik erkin suyaklari paydo bo‘ladi. Oyoq suyaklari shakllanishida uch bosqichni: mezenxima, ya’ni biriktiruvchi to‘qima; tog‘aylik va suyakli bosqichini o‘tadi. Oyoqning erga tegib turadigan qismi tez orada suyaklanadi. Suyaklanish hayvonning yashash sharoitiga, jinsiga va sog‘lig‘iga bog‘liq bo‘ladi. Urg‘ochi hayvonlarda erkaklardagiga qaraganda suyaklanish tez boradi.
Oyoq suyaklarining tarixiy rivojlanishi otlar evolyusiyasi misolida o‘rganilgan. Otlarning ajdodi – fenakodning bo‘yi 30 sm, barmog‘i beshta bo‘lgan, lekin ularning faqat o‘rtadagi uchtasi yaxshi rivojlangan bo‘lib, u shularga tayanib yurgan. O‘rta barmog‘i baquvvat va tuyoqli bo‘lgan.
Fenakodlar SHimoliy Amerikada nam iqlimda yashagan, keyinchalik havo borgan sari isib o‘tlar qurib qolgan va ular oziq izlab uzoq joylarga borgan, chopgan, shuning natijasida oyoq suyaklari murakkablashib, yaxshi rivojlanib borgan, uchinchi barmog‘i tez rivojlanib, qolgan barmoqlari reduksiyalanib ketgan. Fenakodlarning oyoqlari bilan birga tanasi ham rivojlanib, hozirgi zamon otlari darajasiga etgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |