Kavsh qaytaruvchi hayvonlarning tos suyagi silindrsimon, yonbosh suyagi va uning qanoti yaxshi rivojlangan, yopiluvchi teshik anchagina keng bo‘ladi.
CHo‘chqalar yonbosh suyagining qanoti kam, sag‘ri yuzasining tarog‘i yaxshi rivojlangan, qov va quymich suyaklari qisqaroq va kuchli, bo‘rtiklari yaxshi o‘sgan bo‘ladi.
Otlarning tos bo‘shlig‘i konus shaklida, yonbosh suyagining qanoti yaxshi rivojlangan, quymich suyagi plastinkasimon bo‘ladi. Orqa oyoqlar skeleti bir qancha erkin suyaklardan iborat bo‘lib, ular bir – biri bilan bo‘g‘im hosil qilib birikadi, bu bo‘g‘imlar tufayli harakatlar sodir bo‘ladi.
Son suyagi - os femoris uzun nay shaklida bo‘lib, yuqori tomondan tos suyagiga birikadi. Boshqa suyaklar singari, son suyagining ham yuqorigi va pastki qismlari bo‘ladi. YUqorigi tomonida yumaloq boshi - caput femoris bor. Uning pastroq ichki yuzasida bo‘yin - collum funoris bo‘ladi. Boshining ichki yuzasida pay birlashishi uchun chuqurcha - fovia capitis bor. Son suyagi boshining yon va o‘rta yuzasida muskullar birlashishi uchun to‘rtta do‘mboq bo‘ladi. Ularning birinchisi katta do‘mboq (o‘ynog‘ich) - trachemter major, tashqi tomoni pastrog‘ida o‘rtancha do‘mboq - trachanter medius bo‘lib, muskullar qisqarib – yozilishi natijasida ular oldingi va orqaga tebranib harakatlanib turadi. Katta do‘mboqning asosiy qismida do‘mboq osti chuqurcha - fossa trachanterica bo‘lib, unga ham muskullar kelib birlashadi.
Son suyagining tanasi - corpus femoris silindr shaklida bo‘lib, orqa yuzasida katta do‘mboqdan kichik do‘mboqqa o‘tadigan joyda do‘mboqlararo taroq - crista intertrachan terica bor. Tananing orqa yuzasida ikkita g‘adir – budir yo‘l yon va o‘rta lablar - labium laterale et mediale ni hosil qiladi. O‘rta labning ustki tomonida bir oz ko‘tarilgan kichik do‘mboq - trochanter minor va yon labda ancha yaxshi rivojlangan uchinchi do‘mboq trochanter tertius bo‘ladi. YOn labning birmuncha pastrog‘ida orqa yuza chuqurchasi bo‘lib, undan barmoqni bukuvchi yuza muskul boshlanadi.
Son suyagining orqa tomonida keng g‘adir – budur yuza - facies aspera bor. Son suyagining pastki uchi katta boldir suyagi bilan birlashib, bo‘g‘im hosil qiladi va o‘zi anchagina qalinlashib, muskullar birikadigan ikkita o‘siqqa ajraladi. O‘siqlar orasida o‘siqlararo chuqurcha - fossa intercondyloidea bo‘ladi. Bu chuqurcha tubida pay birikadigan chuqurchalar ham bo‘ladi. O‘siqlarning yon tomoni g‘adir – budur bo‘lib, ularda bittadan kichik do‘mboqcha - epicondylis lateralis et medialis bor.
Son suyagi bilan boldir suyagi o‘rtasidagi bo‘g‘imda yoy shakldagi tog‘ay (menisklar) bo‘ladi. YOn o‘siq yuzasida tizza ostida muskul uchun chuqurcha - fossa musculi poplitea o‘siqlarning ustki tomonida tizza qopqog‘i bloki - trochlea patellaris bor. YOn o‘siqning pastki qismida chuqurcha - fossa extensoria bo‘lib, undan barmoqlarni yozuvchi muskul boshlanadi.
Kavsh qaytaruvchi hayvonlarning son suyagi qisqaroq, lekin yo‘g‘on bo‘ladi. Katta do‘mboq va bo‘yin yaxshi rivojlangan, orqa yuza chuqurchasi kichikroq.
Cho‘chqalarning son suyagi kavsh qaytaruvchilarnikiga o‘xshab kalta va yo‘g‘on, katta do‘mbog‘i ikkiga bo‘lingan, orqa yuzasida g‘adir – budur joy bo‘ladi.
Otlar son suyagining boshida o‘yiq - incisura capitis va muskul birlashuvchi do‘mboqlar hamda yaxshi rivojlangan orqa yuza chuqurchasi bo‘ladi.
Tizza qopqog‘i - os patella katta kunjutsimon yoki to‘piqsimon suyakdan iborat bo‘lib, u kalta suyaklarga kiradi. Tizza qopqog‘ining pastida bo‘g‘im yuzasi - facies articularis bo‘lib, u son suyagining pastki qismida joylashadi. Unga bir nechta muskulning uchi birlashadi. Tizza qopqog‘i kavsh qaytaruvchi hayvonlarda uchburchak, otlarda noto‘g‘ri to‘rtburchak shaklda bo‘ladi.
Boldir skeleti – ossa cruris – katta va kichkina boldir suyaklaridan iborat bo‘lib, katta boldir suyagi yaxshi rivojlangan.
Katta boldir suyagi - os tibia uzun nay shaklida, uning yuqorigi qismi anchagina yo‘g‘on va uch qirrali, past tomoni bir oz ingichkalashgan bo‘ladi. YUqorigi uchida yon va o‘rta o‘siqlar - condylus lateralis et medialis bo‘lib, ular oralig‘ida tepacha bor. Bu tepacha asosining har ikkala tomonida paylar birlashishi uchun bo‘g‘im yuzasining yon va o‘rta o‘siqlararo bo‘rtiklari - lmincutia inter condyloidea bo‘ladi. O‘siqlar ustki tomonidan muskul ariqchasi - sulcus muscularis orqali bo‘lingan. Orqa yuzasida tizza qopqog‘i osti o‘yig‘i bo‘lib, birinchi ariqchadan barmoqlarni yozuvchi muskul, ikkinchisidan esa tizza osti muskuli boshlanadi. YOn o‘siqning yonbosh qismida kichik boldir suyagining boshi birlashishi uchun bo‘g‘im yuzasi bor.
Boldir suyagining o‘rtasida oziqlantiruvchi teshik - faramen nutritium bo‘ladi. Tananing ichki yuzasida katta boldir suyagining tarog‘i - crista tibia bo‘ladi. Boldir suyagining bosh qismida g‘adir – budir joy bo‘lib, unga tizza qopqog‘ining paylari birlashadi. Pastki qismida bloksimon bo‘g‘im yuzasi -cochlea tibiae bo‘lib, u ikkita ariqcha hosil qiladi. Blokning har ikkala tomonida yon va o‘rta to‘piqlar - malleoles lateralis et medialis bor. Bu to‘piqlarga paylar birlashadi.
Kichik boldir suyagi - fibula rudimentlashib borayotgan suyak, uning yuqori qismida kichik boshcha - caput fubulae, pastki tomoni bigizsimon ingichkalashib ketgan bo‘ladi. Katta boldir suyagi bilan kichik boldir suyagi o‘rtasida suyaklararo bo‘shliq - spatium interossium bor.
Kavsh qaytaruvchi hayvonlarning boldir suyaklari (ayniqsa kichigi) bir tuyoqlilarnikiga qaraganda yaxshi rivojlangan bo‘ladi. Katta boldir suyagining pastki qismida uchinchi ariqchasimon joy bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |