II BOB:Ogahiy araslarining til xususiyatiga baģshlangan ilk maqlosi
Ogahiy asarlarining til xususiyatlariga bag‘ishlangan ilk maqola S.Dolimov tomonidan e’lon qilingan. Z.Do‘simov “Ogahiyning “Zubdat ut-tavorix” asarining leksik-grammatik xususiyatlari haqida” maqolasida mazkur asarning o‘ziga xosliklari ko‘rsatib berilgan.9 Olim “Zubdat ut-tavorix”, umuman, Ogahiyning barcha tarixiy asarlariga xos bo‘lgan leksik va sintaktik xususiyatlar haqida mulohaza yuritar ekan, jumladan, ularda forsiy izofa va izofaviy zanjirning keng qo‘llanganligi, murakkab sintaktik qurilmalarda fors tili sintaktik qurilishining ta’siri katta ekanligini misollar orqali ko‘rsatib beradi.
Akademik V.V. Bartold XIX asr Xorazm tarixnavisligiga yuqori baho berib, shunday yozadi: “Munis Xorazmiy va Muhammad Rizo Ogahiy tomonidan yaratilgan adabiy va tarixiy voqealarni bayon etish va ularda keltirilgan faktik materiallarning ko‘pligi jihatidan Qo‘qon va Buxoro xonliklari tarixiga doir bizgacha yetib kelgan hamma asarlarni o‘zidan ancha orqada qoldiradi”10. Garchi bu nodir tarixiy asarlarning ba’zilari S.Dolimov tahriri ostida nashr qilingan bo‘lsa-da, ular haligacha to‘la nashr etilmagan va yetarli o‘rganilmagan.
Muhammad Rizo Ogahiy jamiyatda ozodlik va rohat-farog‘atni barpo etishda moddiy noz-ne’matlarni yaratishda jonbozlik ko‘rsatuvchi mashaqqatli mehnat qiluvchi zahmatkash dehqonlarga katta e’tibor beradi. Uning dard-u alamga to‘la ichki dunyosini ochib berishga intiladi. Faylasuf shoir bir hovuch zodagonlar uchun jannatmakon yaratib, o‘zi esa och-yalang‘och qolgan xalq ahvolidan g‘azablanadi va sof vijdonli, mehnatni ulug‘lovchi kishilarni zulm va istibdodni yanchib, yangi yorug‘ jahon barpo etishga, vatanidagi adolatsiz qonun-qoidalarga barham berishga da’vat etadi.
Ogahiy dunyoqarashining shakllanishida Alisher Navoiyning umuminsoniy ruh bilan sug‘orilgan insonparvarlik ta’limoti g‘oyaviy manba bo‘lib xizmat qilgan. Borliq, jamiyat, inson va insonparvarlik , axloq, davlatni odilona va oqilona boshqarish masalasida Muhammad Rizo Ogahiy Navoiyga ergashgan, undan ilhomlangan.
Y.Jumaboyev mutafakkir dunyoqarashi haqida gapirib, undagi “eng muhim xususiyatlardan biri real insonga tuganmas muhabbat, jamiyat va oddiy xalq hayoti, real ijtimoiy jarayonlarga cheksiz qiziqishdir,”deb ko‘rsatadi.
Ogahiy o‘zining betimsol she’riyatida Sharqning Nizomiy, Nasimiy, Sa’diy, Jomiy, Bobur, Fuzuliy kabi ulug‘ san’atkorlarning tajribalarini katta mahorat ila umumlashtirgan va o‘zidan keyingi shoirlarga yo‘l ko‘rsatgan daho shoir edi. Taniqli adabiyotshunos I.Haqqul ta’kidlaganidek: “Mashhur turk olimi Muhammad Fuod Kuprulining “Mansur asarlarini xuddi Munisga o‘xshab go‘zal va ta’sirbaxsh bir usulubda yaratgan Ogahiy, o‘rni ila ularni manzum parchalar ila bezashda amakisidan ancha o‘zib ketgandi. Nazm hunariga tamomila hokim, qudratli bir shoir...” deyishi asossiz emasdir.
Yorqin iste’dodlarga boy mumtoz adabiyotimiz, madaniyatimiz tarixida Ogahiyning o‘rni o‘ta salmoqlidir. U talantli lirik shoir, iste’dodli tarjimon, zabardast tarixchi sifatida boy meros qoldirgan. Shu o‘rinda A.Hojiahmedov “ ... Muhammad Rizo Ogahiy she’r ilmini mukammal egallagan va uni asarlariga tatbiq etib, g‘oyaviy va badiiiy jihatdan betakror va bezavol obidalar yaratgan daho ijodkor edi”14 – deb yozadi. Ogahiy 1) orginal (lirik va epik), 2) tarjima (asosan sharq adabiyoti asarlari), 3) tarixnavislik yo‘nalishlarida ijod qilgan va o‘ziga xos maktab yaratgan
Alisher Navoiydan keyin o‘zbek adabiyoti tarixida ijodining ko‘lamdorligi jihatdan birorta adib Ogahiy bilan bellasha olmaydi. U yigirma ming misradan ortiq she’rlar, olti tarixiy asar, o‘n to‘qqiz tarjima asar qoldirgan. Shoirning ismi Muhammad Rizo bo‘lib, “Ogahiy” uning adabiy taxallusidir. “Ogahiy” “ogoh” so‘zidan olingan bo‘lib, ziyrak, har bir narsadan xabardor ma’nolarini anglatadi.
Muhammad Rizo 1809-yil 17-dekabrda Xiva yaqiniidagi Qiyot qishlog‘ida tug‘ildi. Otasi Erniyozbek dehqonchilik, bog‘dorchilik bilan shug‘ullangan. Erniyozbekning akasi esa mashhur shoir va davlat arrbobi Shermuhammad Munis edi. Mutaxassislar fikricha, Erniyozbekning jiyanlari Muhammad Qilichbek “Rojih”, Muhammad Ya’qubbek “Nozim” taxallusi bilan ijod qiladigan iste’dodli shoirlar edilar. Bo‘lajak shoir mana shunday ziyoli, she’rparast kishilar davrasida o‘sdi. Qiyotda savodni chiqargach, Xiva madrasalarida o‘qidi. Ilm va hunar o‘rgandi. Biroq ko‘p o‘tmay, otasi vafot etadi. Yosh Muhammad Rizo uch yoshida otadan yetim qolib, zamonasining eng nodir kishilaridan amakisi Shermuhammad Munis qo‘lida tarbiyalanadi, undan adabiy ta’lim oladi. Tinmay o‘qiydi, mehnat qiladi, tevarak-atrofda, oilada, jamoat o‘rtasida, ibtidoiy maktabda nimaiki ibratli ko‘rinsa, ularni o‘zlashtirishga harakat qiladi. Yaxshilarga yaqinlashib ulardek bo‘lishga intiladi:
Qadam aylabon ilm yo‘lida bosh,
Hunar kasbida aylar edim talosh.
Ne tunlar menga xobi rohat edi,
Ne kunlar zamoni farog‘at edi.
Eturdim har jamoatqa o‘zimni,
Ochib ibrat bila hayron ko‘zimni.
Borining holidan bo‘ldim xabardor
Ayon ko‘nglimda bo‘lg‘ay barcha asror.
1829-yilda shoir va tarixchi, xonlikning bosh mirobi Shermuhammad Munis Xiva xoni Olloqulixon yonida Xuroson harbiy safarida edi. Safar davomida vabo kasaliga uchraydi va to‘satdan vafot etadi. Xon yigirma yashar Muhammad Rizoni amakisi o‘rniga mirob qilib tayinlaydi. Miroblik katta va ma’suliyatli vazifa edi. Xonlikdagi barcha suv ishlarini boshqarish uning zimmasida edi. Faqat miroblik emas, asta-sekin Munisning muarrix-tarixchilik vazifasi ham Ogahiy zimmasiga tushdi. U saroy muarrixi bo‘lib qoldi. 1839-yilda Munis boshlab qo’ygan “Firdavs ul-iqbol” (Baxt bog‘i) asarini davom ettiradi. Xiva xonligining 1825-yilgacha bo‘lgan tarixini yozib tugatadi. 1844-yilda “Riyoz uda-davla” (“Baxt-saodat bog‘lari” ) kitobini yozib, xonlik voqealari tarixini o‘z davri – 1843-yilgacha olib keladi.
1845-yildan Ogahiy boshiga ketma-ket tashvish tushadi. Bir tasodif bilan otdan yiqilib, oyog‘i sinadi. Singan oyoq ishdan chiqib, shoir to‘shakka bog‘lanib qoladi. Uning ustiga xotini vafot etadi. 1857-yilda esa miroblikdan iste’fo berishga majbur bo‘ladi. Baxtsizliklar bilan yakkama-yakka qoladi. Shoir hayotidagi bu musibatlar uning she’rida aks etgan.
Qo‘yung, yig‘layki ushbu kun sevar yorimdan ayrildim,
Muruvvatlig‘, muhabbatlig‘ vafodorimdan ayrildim.
deb boshlanadi shoir g‘azallaridan biri. Boshqa bir she’rida esa, u “baxt yovar” (hamroh) bo‘lgan, “jononi hamdam” lik qilgan “xush kunlar” ni qo‘msaydi. Yana bir o‘rinda: “Qorig‘on chog‘da g‘amdin bo‘lmayin ozod, man qoldim”, deb yozadi. Shunda ham u ijoddan to‘xtagan emas. 1846-yilda “Zubdat ut-tavorix” (Tarixlar qaymog‘i), 1847-1855-yillarda “Jome ul voqeoti sultoniy” (“Sulton voqealarining yig‘indisi”) tarixiy asarlarini yozdi, tarjimachilik bilan shug‘ullandi. XIX asrning yigirmanchi yillarida “Gulshani davlat” va “Shohidi iqbol” (“Baxt shohidi”) tarixiy asarlarini yozdi.Ogahiy 1847-yilda vafot etdi.
Tarixnavislikda tajriba orttirgan Muhammad Rizo Ogahiy Xorazm xonligi tarixiga oid 5 ta tarixiy asarlar yaratgan. Mazkur tarixiy asarlarda o‘lka hududida yashagan o‘zbek, qoraqalpoq, turkman, qozoq xalqlarining hayoti, Xiva xonligining Qo‘qon xonligi va Buxoro amirligi, shuningdek, Afg‘oniston, Eron, Hindiston, Rossiya bilan bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy aloqalari, Chor Rossiyasining Xiva xonligiga oid siyosiy maqsadlari aniq dalillar ochib berilgan.Ularda Xiva xonligi hududidagi xalqlarning madaniyati, urf-odatlari va turmush tarzlari haqida ham qimmatli ma’lumotlar mavjuddir. Shuning uchun ularni Xorazm tarixining yarim asrdan ziyod davridagi voqea-hodisalarni xolisona yorituvchi yilnomalardir, deyish mumkin. Bizningcha, tarixnavisning yana bir muvaffaqiyati shundaki, tarixiy voqealar badiiy uslubda obrazli bayon qilingan, ba’zi voqea-hodisalar she’riy parchalar bilan tasvirlangan. Bu esa asarlarning ta’sirchanligini oshirgan, tasvirlanayotgan voqea-hodisalarning mohiyatini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
Shu paytga qadar asosan tarixiy asarlar sifatida baholanib kelgan Ogahiy badiiy-tarixiy nasrini maxsus o‘rgangan akademik Vohid Abdullayev bu asarlarni “tarixiy-badiiy proza” namunalari deb atasa, ustoz manbashunoslar - G‘ulom Karimov va Subutoy Dolimov ularning “badiiy-tarixiy asar tarzida qimmatli” ekaniga urg‘u beradilar. Professor Najmuddin Komilov esa Ogahiyning tarjima asarlari tahlili misolida milliy adabiyotimiz tarixida yaratilgan “qissa hikoyalar (povest)” larga e’tibor qaratadi. Binobarin, Ogahiyning tarixiy mavzudagi barcha nasriy asarlari, jumladan, tadqiqotimiz manbai bo‘lgan “Zubdat ut-tavorix” (“Tarixlar sarasi”) ham birinchi navbatda badiiy, undan keyingina tarixiy asar hisoblanadi.
Ma’lumki, Ogahiy badiiy-tarixiy asarlari haqida amerikalik olim E.Ovorsning “O‘zbek adabiy siyosati” kitobida tahliliy fikrlar uchraydi. E.Ovors tadqiqotidan keyin oradan ko‘p yillar o‘tib, yana bir amerikalik olim Yuriy Bregel mumtoz shoir va muarrix Shermuhammad Munis va Muhammadrizo Ogahiy qalamiga mansub “Firdavs ul iqbol” ning dastlabki ilmiy-tanqidiy matnini yaratdi, keyin esa asarni ingliz tiliga tarjima qilib, ikki jild holida nashr ettirdi.
Bundan tashqari Ogahiy badiiy-tarixiy nasri yuzasidan rossiyalik mutaxassislar, shuningdek o‘zbek olimlarining tadqiqotlari e’lon qilingan. Shu jumladan, 1997-2002 yillar davomida ushbu satrlar maullifining asardagi kuzatishlari maqola tarzida chop etilgan. Biroq asar yuzasidan maxsus ilmiy tadqiqotlar yaratish – kelajakning ishi.
Ma’limki, o‘tgan asrning 70-yillari oxirida ustoz olimlar G‘ulom Karimov va Subutoy Dolimov sa’y-harakatlari bilan Ogahiy asarlarining olti jildligi nashr etildi. Badiiy-tarixiy asarlari jamlangan beshinchi jildda “Zubdatut -tavorix” sarlavhasi ostida asardan kichik bir parcha e’lon qilindi. Biroq Abulg‘ozi Bahodirxon saltanati davridan ilmohlangan bu memuar-qissaning ilmiy izohlar bilan ta’minlangan to‘liq matnini chop etish imkoni bo‘lgan emas. Tabiiyki, o‘sha kezlari asarning mukammal nashrini amalga oshirish to‘g‘risida orzu ham qilib bo‘lmas edi. Chunki tabiiy-tarixiy nasrning bu yuksak namunasi mohiyatan o‘sha davrdagi hukmron mafkura siyosatiga, uning tutumiga tamomila zid edi. Unda tarxiy voqelik betakror badiiyat bilan tasvirlangan, hukmdor ajdodlarimiz johilligi emas, fazilatlari xususida baxs yuritilgan edi. Ta’kidlash joizki, uzoq muddat davomida “Zubdat–ut tavorix tadqiqotchilar nazaridan chetda qolib ketdi. O‘tmish adabiy-tarixiy merosini o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj har qachongidan ham kuchaygan bugungi kunda, zamondoshlarimizni, ayniqsa, yosh avlodni mazkur asarning asl mohiyatidan xabardor qilish, buning uchun esa asarning ilmiy izohlar bilan ta’minlangan mukammal nashrini amalga oshirish hayotiy zaruratdir. Binobarin, asardan e’lon qilingan parcha, ta’kidlanganidek, o‘quvchiga uning mazmun-mohiyati haqida to‘laqonli tasavvur berolmaydi. “Zubdat ut-tavorix” ning ilmiy izohlar, lug‘at va ko‘rsatkichlar bilan ta’minlangan asl qo‘lyozma manba asosida to‘liq tabdili ehtiyoj samarasi ekanini ta’kidlash kerak.
Bizgacha “ Zubdat ut-tavorix” ning besh qo‘lyozma nusxasi yetib kelgan bo‘lib, ulardan biri Rossiya Fanlar akademiyasi Sankt-Peterburg Sharq qo‘lyozmalar institutida E 6 – V (590 ob) ashyo raqami ostida, yana biri Sankt-Peterburgdagi Rossiya Milliy kutubxonasida T.n.s – 22 ashyo raqami bilan, uchtasi O‘zbekiston FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.
Mazkur qo‘lyozmalar bilan shug‘ullangan matnshunos Fathulla G‘anixo‘jayev ma’lumotlariga ko‘ra, ulardan Ogahiy hayot paytida ko‘chirilgani Sank-Peterburga Sharq qo‘lyozmalar institutida E 6 - V (590 ob ) raqami bilan saqlanayotgan manbadir. Darhaqiqat, qo‘lyozma qora siyohda nastaliq xati bilan O‘rta Osiyo qog‘oziga ko‘chirilgan, matn jadval ichiga olingan.
“Zubdat ut-tavorix” nainki adabiy manba, asardan geografiya, toponomiya haqida qimmatli ma’lumotlarni olish mumkin. Ilmiy nashr talabiga ko‘ra, “Zubdat ut- tavorix” uchun geografik nomlar, shaxs nomlari va etnik atamalar ko‘rsatgichi tuzilgan.
Ogahiy tarixiy hodisalarni, xalq boshidagi og‘ir musibatlarni haqqoniy tasvirlaydi. Ogahiy xalq qo‘zg‘alonlarining mohiyatini ulug‘ muarrix sifatida kitobxon ko‘z oldida yaqqol gavdalantirib beradi:
Agar jam o‘lsa uchqun bir makong‘a
Bo‘lur albatta otashgoh paydo.
Va gar har soridan yig‘nolsa qatra,
Bo‘lur tadrij ila to‘fon huvaydo.
Ogahiy o‘zining tarixiy asarlarida o‘zaro urushlarning xalq boshiga olib kelgan musibat va fojialarini ochiq-ravshan bayon qilib, bu urushlar natijasida shaharlar (qal‘alar) ning vayron bo‘lishini, xalqning, bolalarning qirilishini zo‘r qayg‘u bilan tasvirlaydi.“Zubdat ut -tavorix” asarida voqealar bayonining adabiy ahamiyati
Muhim tarixiy ma’lumotlar berilgan bo‘lishiga qaramay, uslubi janr xususiyatlari, ifoda tarzi va boshqa belgilariga ko‘ra “Zubdat ut-tavorix”ni Ogahiy badiiy-tarixiy nasrining boshqa namunalarini ham tarixiy ilmiy asarlar sifatida baholab bo‘lmaydi. Bu asarlarni adabiy manba sifatida o‘rganish va adabiyotshunoslik hamda uning ajralmas tarkibiy qismi bo‘lgan manbashunoslik va matnshunoslik uchun muhim ilmiy-nazariy xulosalar berishi aniq.
Asar sajli nasrda ijod etilgan. Unda Xiva Hukmdori Rahimqulixon ezgu fazilatlar sohibi sifatida ulug‘lanadi, uning ko‘plab ilmlarni egallagani, fuqaro va raoyaga shafqat va marhamat, karam va saxovat vasf etiladi. Xiva xonlari aksar ma’rifatparvar bo‘lganini, adabiyot va san’at ilm-u hunar rivojiga alohida e’tibor berganini e’tirof etgan holda, ta’kidlash kerakki, bu singari tavsiflar tarixiy haqiqatga to‘liq mutanosib bo‘lmasligi ham mumkin. Biroq bir narsa aniqki, bu ta’rif-u tavsiflar zamirida Muhammad Rizo Ogahiyning odil shoh haqidagi orzu-ideallari ohorli poetik tashbihlar bilan ifodalangan.
Sir emas, turli tarixiy asarlarda bir-biriga zid fakt va ma’lumotlar, ixtilofli fikrlar uchraydi. Birobarin, ulug‘ ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning: “ ... hanuz Turkiston tarixi haqinda yangi tadqiqot ila yozilg‘on, tartibli va istifodali mukammal bir asar vujudga kelgani yo‘q”, degan fikri bugungi kunda ham, zarracha bo‘lsin, ahamiyatni yo‘qotgan emas. Birgina misol. Mulla Olim Mahdum Hojining “Tarixi Turkiston” asarida Rahimqulixon haqida “ ... uch yil hukmronlik qilib, 1261 sanai hijriy (milodiy 1845) da vafot qildi. Otasining asrida Bobojon to‘ra demak ila nomzad bo‘lub, xalq orasida javr-u zulm qilmaq ila mashhur edi”, - deb ma’lumot beriladi.
Ta’kidlash joizki, “Tarixi Turkiston” muallifi tomonidan Rahimqulixon haqida keltirilgan fakt va dalillarning deyarli barchasi tarixiy haqiqatga zid. Vaholangki, Ogahiy Rahimqulixonning vafot yilini “tarixi, hijriy mimg ikki yuz oltmish ikkida, yilon yili, muxarramul-harom oyining o‘n birida, juma kuni”, - deb aniq ko‘rsatadi. U mazkur voqealarning jonli guvohi bo‘lgani e’tiborga olinsa, Ogahiy keltirgan fakt bu borada har qanday boshqa mulohazani rad etadi. Bundan tashqari, Rahimqulixon emas, balki uning ukasi Muhammadaminxon Bobojon to‘ra nomi bilan mashhur bo‘lgani “Zubdat ut-tavorix” da ifodalangan.
Tarixni o‘rganmoqdan murod – saboq. Hazrat Navoiy ta’biri bilan aytganda, “Ne ishdin mamlakat obod, qayu ishdin ulus barbod bo‘lgan” ini tafakkur ko‘zgusida ko‘rib, ibrat olingandangina bu murod hosil bo‘ladi. Badiiy-tarixiy asar sifatida “Zubdat ut-tavorix” ning ahamiyati bu jihatdan ham katta. Asarda Xiva va Buxoro xonliklari o‘rtasidagi o‘zaro nizolar, qonli urushlar, ularning oqibatlari haqidagi haqqoniy ma’lumotlar ta’sirchan ifodalangan. Aksar fikrlar Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambar alayhissalom hadislari bilan dalillanadi. Iymmonsizlik, fosiqlik, e’tiqodsizlikning oqibati xorlik ekani tarixiy voqelikning badiiy talqini orqali aks ettirilgan.
Asarda ko‘plab nazm namunalari ham keltirilgan. “Zubdat ut-tavorix” matnidagi she’rlarni janr jihatdan quyidagicha tasnif etish mumkin: qasidalar (6 ta), masnaviylar (79 ta), g‘azallar (4 ta ), ruboiylar (7ta), qit’alar (10 ta), ta’rixlar (4 ta), fardlar (6 ta). Matnda fardlar “Bayt” sarlavhasi bilan kitobat etilgan.Asardagi she’riy matnlar hajmi jami 1176 bayt (2352 misra)ni tashkil etadi.
Shayx Ahmad Taroziyning “Funun ul-balog‘a” sida she’r o‘n qismga bo‘linishi zikr etilgan. “Bilgilkim, - deb yozadi olim, - majmui shuaro istilohinda she’rning aqsomi, ulkim mo‘tabardur, o‘n nav’ kelibtur: qasida, g‘azal, qit’a, ruboiy, masnaviy, tarji’, musammat, mustazod, mutavval, fard”. Mazkur she’r aqsomining o‘ntasidan oltitasi mavjudligiyoq “Zubdat ut-tavorix” ning manba sifatidagi ahamiyati nechog‘lik katta ekanini, filologik tadqiqotlar uchun boy material bera olishini tasdiqlaydi.
Tabiiyki, so‘z ahlig‘a bo‘lgan bunday ehtirom XIX asr Xorazm adabiy muhitining yuksalishida alohida o‘rin tutadi. Qolaversa, Ogahiy asarlari yozilishida ham ushbu muhitning o‘ziga xos ta’siri bor. Bu haqda “Zubdat ut-tavorix” da yana quyidagilarni o‘qish mumkin: “Ul jamoadin faqirkim, aksar avqot ul hazratning majlisi sharifi mulozamatig‘a etib, ta’bim natoyijidin har turluk qasida va g‘azal va ruboiy... jilvagar bo‘lsa erdi, raqam zevari bila orasta qilib, nazari saodatasar mutolaasig‘a etkurur erdikim, o‘zgalardin ortuqroq iltifot va in’omot bila sarafroz bo‘lub, fuzalo va shuaro orasida mumtozlig‘ topar erdim. Xususan, ul avoni saodatnishonda ul hazrat midahatida bir g‘azal va bir ruboiyning rango-rang gullarin xayol sarpanjasi bila maoniy gulshanidin terib, majlisi humoyuni bexishtnamunig‘a tuhfa chekib, avotifi maxsusadin bahramand bo‘lub, taxta-taxta choy, sharba-sharba qandolat in’om bila shirinkomlig‘ topar erdim. Ul g‘azal budurkim, bu mavridda tahrir topar ”.
Shu tariqa
Ul sarvari zamonki, buyukdur maqom ango,
Gardun qadi ham o‘ldi qilib ehtiyot ango, -
Matla’li g‘azalning yaratilish tarixi haqida mufassal ma’lumot berilgan.“Zubdat ut-tavorix” nainki adabiy manba, asaardan geografiya, asronomiya haqida ham qimmatli ma’lumotlar olish mumkin. Masalan, Kesik deb nomlangan joy haqida muarrix bunday yozadi: “ Kesik bir sho‘ba edurur, daryoi Jayhun sho‘badinkim, Ko‘hna Katning sharqiy jonibidan daryodin ayrilib, g‘arbiga o‘tgandin so‘ng yana daryog‘a quyar va andin ko‘b mazralar suv ichardur”.
Hazrat Vays Qaraniy va Shayx jalil ota kibi avliyoulolohlarning qadamgohlari bo‘lgan Bodoy beshasi haqida Ogahiy quyidagi ma’lumotlarni beradi: “Bodoy bir beshaedururki, bag‘oyat qalin va ziyoda vase’durur. Hazrati qutb ul-aqtob, afzal ul- ashob, zubdal ul-komolin, umdat ul-vosilin Vays Qaraniy roziyallohu anhu va hazrati haqiqarpanoh, hidoyatdastgoh Shayx Jalil ota qaddasa sirraxuning qadamgohlari Uyg‘ur yeri va Andaroy Cho‘nko‘lig‘a yovuqdurur va kun botari haddi Qisnoqdurur”.
Umuman, “Zubdat ut-tavorix” – betakror badiiyati, qasida masnaviy, g‘azal, ruboiy, qit’a, ta’rix, fard singari mumtoz she’riy janrlari oid qariyb 1200 baytli nazmiy merosni jamlagan, saj’li nasrning mukammal namunasi ekani, Markaziy Osiyo tarixi, geografiyasi, etnografiyasi va toponomiyasiga doir muhim fakt va dalillarga boyligi bilan alohida ajralib turuvchi manba. Uni nainki adabiyotshunoslik yohud adabiy manbashunoslik va matnshunoslik aspektida, tarixshunoslik, siyosatshunoslik yo‘nalishlarida ham o‘rganish muhim ilmiy xulosalarga olib kelishi aniq. “Zubdat ut-tavorix” bu sohalarga oid tadqiqotlar uchun ham boy ilmiy istifodaga olib kirilishi, turli fanlar kesimida tadqiq qilinishi ogahiyshunoslik yutug‘uni ta’minlashga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |