III. Yangi mavzu bayoni.
SHUM BOLA
G'afur G'ulom
Domlaga ergashib, hovlisiga bordim. Domla ikkita qo'rga ko'milgan jo'xori bilan bitta sopol tovoqda moshxo'rda chiqarib berdi. Bu lazzatli taomni huzur qilib ichib oldim. Domla ichkariga kirib ketdi-da, birozdan keyin qo'lida bitta katta pichoq, bir bolta va biroz chiyratma arqon bilan to'ppa-to'g'ri mening oldimga keldi. Men bo'lsam, domlaning nima niyatda ekanligini tushunmasdan, hurkovich kiyikdek oyog'imni bir yerga g'uj qilib, qochishga hozirlangan, og'zimni bo'lsa dodlashga juftlagan edim.
Domla mening harakatimdan bir narsa sezdimi, haytovur, kulimsirab, meni yupatib, dedi:
— Qo'rqma, seni so'y-mayman, men yomon emasman. Senga bir xizmat bor, o'g'lim, bir poy ho'kizim bir necha kundan buyon bo'kib, nov-qoslanib yotibdi. Mana shu asboblarni boshingga qo'yib hushyorroq yotasan, mabodo, ho'kiz yomonlab qolguday bo'lsa, borib darrov bo'g'ziga pichoq tortib yuborasan-da, meni chaqirasan. Ehtiyot bo'l, tag'in uxlab qolib, harom o'ldirib qo'yma.
— Xo'p, taqsir, — dedim. — Choy-poy yo'qmi?
— Nima-nima, nimchorak choy bir miri-ku, sen choy ichasanmi, suv ariqda oqib yotibdi, erinsang, ham bor, ichaver...
Domla buyurgan ishning oson ko'chganligini bilib sevindim, domla ichkariga kirib ketdi. Domla chiqarib bergan ko'rpachaga cho'zildim. Allavaqtlargacha ko'kka qarab, termilib yotdim. Qo'rg'onchaning atrofida har bir qoraygan ko'lanka vahima solib, meni qo'rqitar edi. Uxlay olmadim.
Yarim kechadan og'ib, tong yaqinlashib qolganda, ko'zimni g'ira-shira uyqu bosgan bo'lsa ham, xayolim uyg'oq edi. Og'ilxona tarafda bir nimaning «gurs» etib yerga yiqilib, xirillay boshlagani eshitildi.
«Obbo, harom o'lgur, yomonlab qoldi-yov», deb o'yladim-da, arqon bilan pichoq-boltani ko'tarib, og'ilxonaga qarab yugurdim. Qorong'ida qandaydir bir hayvon yerda yotib, xirillamoqda edi. Tikka oldiga borib, devkor sallohlarday bo'g'ziga pichoq tortib yubordim. Qon demaganingiz tizillab otilib ketdi. Oyog'imdan tortib basharamgacha qonga bo'yaldim. Jon bermoqchi bo'lgan hayvon eng so'nggi nafasda ma'rab qolmoqchi bo'ldimi, ichidan butun o'pkaning siqilib yoyilishidan paydo bo'lgan hansirash bilan katta hammomning dudbo'roniday pishqirib yubordi.
Hayvon jon berib bo'ldi. Garchand, domla: «Meni chaqir yoki hafsalang kelsa terisini shilib, nimta qilib qo'ygin», degan bo'lsa ham qorong'i bo'lgani, ham bir chekkasi o'zim charchaganim uchun hamda go'sht qon-qushga tegib harom bo'lmasin deb, bu ishlarni erta tongga qoldirdim.
Katta bir tashvishdan qutulgan kishilarday osoyish-talik bilan tinchlanib, yana ko'rpachaga cho'zilib, uyquga ketdim.
Azonga yaqin shirin uyquda ekanman, och biqinimga tumshug'i qayrilib ketgan baland poshnali sag'ri kavushning bergan achchiq tepkisidan cho'chib uyg'ondim. Tepamda xalta ko'ylakli... har bir ko'zi g'ayni olxo'ridek qinidan chiqib ketgan domla pochcham turar edilar. Alanglab o'rnimdan turishim bilan domlaning qo'lidagi teskari ushlangan boltaning muhrasi yelkamga kelib tushdi. Alamlanib ket-dim.
— Ha, taqsir, bir yetimni hadeb ura berishmi, xizmatga tuhmatmi, taqsir? — deb yig'lab yubordim.
— Ha xizmating boshingni yesin! — dedi domla. — Eshakni so'yib qo'yibsan-ku, padar la'nat! Men bu eshakni Buxoroyi sharifdan uch tilloga olgan edim. O'zi ham qanday eshak edi-ya, bay-bay eshagim...
Eshakka motamzada bo'lgan domla meni hech imkon bermay savalar edi.
Ma'lum bo'lishicha, men kechasi qorong'ida yanglishib, kulga ag'anab yotgan eshakni novvos ho'kiz gumon qilib, bo'g'ziga pichoq tortib yuborgan ekanman. Ho'kiz bo'lsa allaqachon yomonlab harom qotgan ekan. Sirlangan xumchaga tushgan sichqonday to'rt tomonga alanglab, o'zimga bir najot yo'li qidirar edim...
Do'stlaringiz bilan baham: |