Ota yurtga muhabbat
Ota yurtga cheksiz muhabbat degani atrofdagi bepoyon dunyodan yuz o`girib, bir umr o`z yurtingdan tashqari chiqmasdan yashash kerak degan ma’noni anglatmaydi. Agar biz o`z qobig`imizga o`ralib qolsak, hech qachon har taraflama taraqqiyotga erisha olmaymiz.
Misol uchun, yurtimiz yoshlari hozir dunyoga sochilib ketganlar. Birlari ta'lim olgani oshiqqan bo`lsa, boshqalari xorijdan kasb-hunar o`rganib kelish uchun ketganlar. Axir, ota-bobolarimiz: «Yurgan – daryo, o`tirgan – bo`yra», deb bekorga aytishmagan. Aslida ham shunaqa: kuch quvvating bor paytda dunyo kezib, ilm olishing, boshqa xalqlar va mamlakatlar hayotini o`rganishing lozim. Biroq, yer yuzasining qay bir burchagida yurmagin, ota yurt sen uchun yagona. U bilan ma’naviy aloqani uzib yubormasang, hayotda o`z munosib o`rningni yo`qotmaysan. Chunki, begona yurt, begona havo, begona suv hech qachon Vatan o`rnini bosolmaydi.
Nafsilambirini aytganda, qachonki Vatan omon ekan, biz ham omon bo`lamiz!
Mutal Burxonov
Tabiatdagi o`ziga xos nozik tarovatlarni shoirlar she'rga solsa, musavvirlar bo`yoqqa ko`chiradi, musiqachi esa kuy va qo`shiqlarda ijro etadi. Kompozitor Mutal Burxonov qadimiy Buxoroda o`sdi. U qadimiy obidalar sehri, tabiat go`zalligidan qattiq ta'sirlanar, qalbida ajib tuyg`ular jo`sh urar, quvonchdan vujudi to`lib-toshib nimadir aytgisi, cho`qqilarga qarab hayqirgisi kelardi. Bularning hammasi bir kuni kuy, qo`shiq, yirik shakldagi musiqa asarlari bo`lib otilib chiqdi. Uning ijodi o`zbek musiqasining eng yorqin sahifalaridan birini tashkil etdi.
Ustoz asarlarining fazilatlaridan biri milliylikdir. Mutal Burxonov musiqa, san'atimizni rivojlantirib, bir qator yangi musiqa asarlari bilan boyitdi.
Ustoz yaratgan nodir asarlar asl san'at namunasi sifatida yillar osha yashaydi.
(94 tа so`z)
Yunus Rajabiy
O`zbek xalqi dunyoga fan va madaniyatning boy yodgorliklarini berdi. Sharq olimlari qoldirgan asarlar hali ham o`z ahamiyatini yo`qotgani yo`q. Ular respublikamizda fan va madaniyatning rivojlanishi va gullab yashnashiga katta ta'sir etmoqda.
Boshqa ilmlar qatorida musiqa ham san'atga oid fanlarning yirik tarmog`i - qadimiy merosidir. Xalq yaratgan kuy va qo`shiqlar avloddan – avlodga o`tib, hozirgi kungacha yetib keldi.
O`zbek musiqasining bilimdonlaridan biri bastakor va olim Yunus Rajabiy bu sohada faol ish olib bordi. U o`zbek musiqasini o`rgandi, to`pladi, qayta ishladi.
1960 yilda Yunus Rajabiyning «O`zbek xalq musiqasi» nomli besh tom`li kitobi nashr etildi. Bu besh to`mlik asar o`zbek musiqa madaniyatida katta voqea bo`ldi.
Xalq madaniy merosini hurmat ila saqlab kelgan, o`zbek musiqasini yanada rivojlantirgan akademik Yunus Rajabiy haqiqiy musiqashunos olim edi.
(98 tа so`z)
Do'stlaringiz bilan baham: |