3. Fonetik so‘z o‘z urg‘usiga ega bo‘lgan so‘z yoki bir urg‘uga birlashadigan (bir urg‘u bilan talaffuz etiladigan), ikki va undan ortiq so‘zshakldir. Takt tarkibidagi fonetik so‘zlar soni undagi so‘zlarning umumiy miqdori bilan emas, urg‘uli so‘zlar miqdori bilan belgilanadi, ya’ni takt ichida urg‘uli so‘z qancha bo‘lsa, fonetik so‘z ham shuncha bo‘ladi: Dashtda / odam aqli shoshadigan / buyuk ishlar / qilinadi // (Y.Shamsharov). Bu fraza tarkibida to‘rtta takt bo‘lib, birinchi taktda bitta, ikkinchi taktda uchta, uchinchi taktda ikkita, to‘rtinchi taktda esa bitta fonetik so‘z qatnashgan. Bu frazadagi so‘zlarning umumiy soni fonetik so‘zlarning umumiy soniga teng.
Mustaqil urg‘uga ega bo‘lmagan yordamchi so‘zlar o‘zlari tobe bo‘lgan mustaqil so‘z bilan birga bir urg‘uga ega bo‘ladi va bir fonetik so‘zni tashkil etadi: Dilda saqlangan adovat temir zangiga o‘xshaydi, zang temirni yegani kabi, adovat qalbni azob va iztirob bilan yemiradi (Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur). Bunda 14 ta fonetik so‘z bo‘lib, bularning ikkitasi (yegani kabi, iztirob bilan) ning tarkibida ko‘makchi so‘zlar qatnashgan.
Bir tushunchani ifodalaydigan qo‘shma so‘zlar ham, tarkibidagi so‘zlarning umumiy miqdoridan qat’i nazar, bir fonetik so‘z sanaladi: Qo‘pol va dag‘al barmoqlar torlarni shunday chertar ediki, oddiygina qildan taralayotgan bu ohang dillarni rom qilib olgandi. (To‘lqin) Fraza tarkibidagi rom qilib olgandibo‘lagi bitta fonetik so‘z deb qaraladi.
4. Bo‘g‘in o‘pkadan chiqib kelayotgan havo oqimiga berilgan bir zarb bilan aytiladigan tovushlar yoki ayrim bir tovushdir. Unli tovush bo‘g‘in hosil qiluvchi tovushdir. Shuning uchun so‘zda nechta unli tovush bo‘lsa, bo‘g‘inlar soni ham shuncha bo‘ladi. Masalan, adolat so‘zida uch bo‘g‘in bor:a-do-lat. Birinchi bo‘g‘in bir tovushdan, ikkinchi bo‘g‘in ikki tovushdan, uchinchi bo‘g‘in uch tovushdan iborat. Demak, bo‘g‘inlar bir tovushli, ikki tovushli va ko‘p tovushli bo‘lishi mumkin. Chunonchi: o-ta, o-na, a-ka so‘zlarining birinchi bo‘g‘ini bir tovushdan, ikkinchi bo‘g‘ini ikki tovushdan, a-dir, o-qil, e-shit, i-dish so‘zlarining ikkinchi bo‘g‘ini uch tovushdan, a-van-gard, ak-sent, e-le-ment, an-ti-fa-shist, ar-tist, ge-o-graf so‘zlarining oxirgi bo‘g‘ini to‘rt tovushdan, a-le-bastr, a-git-punkt so‘zlarining oxirgi bo‘g‘ini besh tovushdan iborat. Bo‘g‘inning tuzilishi quyidagicha ifodalanadi: ona: V – C. Bunda V belgisi lotincha vokalis so‘zidan olingan bo‘lib, aslida unli (ovoz) degan ma’noni bildiradi. C belgisi esa inglizcha constant so‘zidan olingan bo‘lib, undosh degan ma’noni bildiradi. Bir tovushli bo‘g‘inlar unli tovushdangina iborat bo‘lsa, ikki tovushli va ko‘p tovushli bo‘g‘inlar unli va undosh tovushlardan tuziladi. Bo‘g‘inlar qanday tovushlar bilan boshlanishi va qanday tovushlar bilan tugashiga qarab turlarga ajratiladi. Qanday tovush bilan tugashiga ko‘ra ikki xil: 1) ochiq bo‘g‘in – bir tovushli yoki oxiri unli tovush bilan tugagan bo‘g‘in: o-vo-za, o-i-la, ba-ho, bi-no, de-le-ga-tsi-ya, ja-zi-ra-ma, Ra-hi-ma;2) yopiq bo‘g‘in undosh tovush bilan tugagan bo‘g‘in: zarb-dor, zum-rad, id-rok. Bo‘g‘inlari qanday tovush bilan boshlanishiga ko‘ra ham ikki xil bo‘ladi: 1) berkitilgan bo‘g‘in undosh bilan boshlanadi: ta-lab, tinch-lik.2) berkitilmagan bo‘g‘in unli bilan boshlanadi: o‘-qish, a’-lo.
Tarkibidagi bo‘g‘inlar soniga ko‘ra so‘zlar bir bo‘g‘inli (ish, ko‘k, kam, oz, besh, yuz, sen, pisht, ol, yoz); ikki bo‘g‘inli (da-la, qush-cha, yax-shi, shar-bat, qi-zil, ik-ki, ol-ti, o‘t-tiz, ni-ma, ham-ma, o‘-qi, ish-la, bor-di, bu-gun, se-kin, bi-lan, xud-di, ...); ko‘p bo‘g‘inli (qo‘-g‘ir-choq, a-ra-va-cha, pla-ne-ta-riy, ...) bo‘ladi.
So‘zlarni bo‘g‘inlarga to‘g‘ri ajrata bilish muhim amaliy ahamiyat kasb etadi. Chunonchi: 1) yozuvda so‘zning bir qatorga sig‘may qolgan qismi ikkinchi qatorga bo‘g‘in asosida ko‘chiriladi; 2) barmoq vaznida yoziladigan she’r misralari bo‘g‘in sonining teng bo‘lishiga asoslanadi; 3) birinchi sinf o‘quvchilarini savodga o‘rgatish davrida ham asosiy diqqat so‘zlarni bo‘g‘inlab o‘qish va yozishga qaratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |