71
3. Qayta xotiralash metodi.
Bu metodning o‘ziga xos xususiyati
shundaki, o‘quvchi o‘quv topshirig‘ini egallangan bilimlarga
asoslangan holda yoki berilgan namunaga qarab bajaradi. O‘quvchi
muayyan andaza asosida harakat qiladi.
4. Qisman izlanuvchanlik metodi.
Ta’limning bu metodi shu
bilan ajralib turadiki, o‘qituvchi dars jarayonida ma’lum o‘quv
muammosini qo‘yadi, ammo uni mustaqil hal qilish yo‘llarini
ko‘rsatmaydi. Har bir o‘quvchi muammoni
mustaqil hal qilish uchun
o‘zicha izlanadi. Ammo qiyinchilik tutilganda unga yordam
ko‘rsatiladi. O‘quvchi bu yordamni o‘qituvchining tushuntirishidan,
o‘quvchilarning o‘zaro suhbatidan yoki darslikdan olishlari mumkin.
Topshiriqni bajarish jarayonida olinadigan yordam metodni qisman
ijodiy qilib qo‘yadi.
5.
Tadqiqot(ijodiylik) metodi.
Bu metod o‘quvchidan to‘la
ijodiylikni talab etadi. Yangi bilimlar olish maqsadida o‘quvchi o‘zi
masala tuzishi va uni to‘la mustaqil ravishda hal qilish yo‘llarini
izlaydi. O‘qituvchi tomonidan beriladigan ijodiy - amaliy topshiriqlar
ham hech qanday yordamsiz yoki namunaga asoslanmagan holda
bajariladi.
Mazkur
tasnifning ustunligi shundaki, o‘quvchilarning bilish
faoliyatini bosqichma - bosqich faollashtirish nazarda tutilgan hamda
unda o‘quvchilarning qobiliyatlarini rivojlantirishga va o‘quv faoliyati
tarkibida tadqiqotchilik unsurlari bo‘lishi zarurligiga e’tibor berilgan.
Yuqorida berilgan tasniflar ta’limning umumiy qonuniyatlaridan
kelib chiqib, barcha fanlarni o‘qitishga bevosita aloqador metodlar
sanaladi.
Xususiy
metodlar, shu jumladan, ona tili o‘qitish metodikasi ham
o‘qitishning barcha masalalari qatori ta’lim metodlarini tanlashda
umumdidaktik sistemaga asoslanilsa-da, ammo uning o‘ziga xos
xususiyatlaridan kelib chiqadigan metodlari ham mavjud.
72
Ona tili o‘qitish metodikasida ta’lim metodlari kam o‘rganilgan
masalalardan biridir. Metodist H.Rustamov bilimlarni olish
manbayidan kelib chiqib, ona tili o‘qitish metodlarini quyidagicha
tasniflaydi:
a) o‘qituvchining bayoni;
b)suhbat;
v) til hodisalarini kuzatish va tahlil qilish;
g) grammatik tahlil;
d)mashq;
e) darslik ustida ishlash;
yo) ko‘rgazmali qurollardan foydalanish;
j) sayohat.
Bu metodlar,
birinchidan, qayta xotiralashga asoslangan metodlar
bo‘lib, ular o‘quvchilarda ijodiy qobiliyatlarni o‘stirishga to‘la
muvofiq kelmaydi. Bu metodlarda, asosan, o‘qituvchi faoliyati
nazarda tutilgan; ta’lim jarayonining subyekti sanalgan o‘quvchi
e’tibordan chetda qolgan. Mazkur tasnifda o‘quvchilarda
izlanuvchanlikni shakllantirishga xizmat qiladigan muammoli bayon,
qisman izlanuvchanlik, tadqiqot (izlanuvchanlik)
metodlari tamoman
o‘z ifodasini topmay qolgan.
Ma’lumki, dars ikki yoqlama jarayon bo‘lib, unda o‘qituvchi ham,
o‘quvchi ham faol ishtirok etadi. Shuning uchun o‘qitish metodlarini
tasnif qilishda nafaqat o‘qituvchi faoliyati, balki o‘quvchi faoliyati
ham asos bo‘lib xizmat qilmog‘i lozim.
Ona tili dasrlarida qo‘llaniladigan o‘qitish metodlari nafaqat
bilimlarni bayon qilish yoki uni mustahkamlashga xizmat qilishi,
balki
o‘quvchilarning mustaqil bilim olishini ham hisobga olishi, ta’lim
jarayoniga izlanuvchanlik va tadqiqotchilik unsurlarini qo‘shish orqali
ularni ijodiy faoliyatga tayyorlashi lozim. Ana shu nuqtayi nazardan
qaraladigan bo‘lsa, pedagogika fanlari doktori, metodist - olim
A. Q. G‘ulomov ta’lim metodlarini quyidagi guruhga ajratadi.
1. O‘qituvchi faoliyati bilan bog‘liq metodlar.
2. O‘quvchi faoliyati bilan bog‘liq metodlar.
O‘qituvchi faoliyati bilan bog‘liq metodlarni:
73
1. Bilimlarni
tayyor holda bayon etish;
2. Bilimlarni muammoli yo‘l bilan bayon qilish.
O‘quvchi faoliyati bilan bog‘liq metodlar, o‘z navbatida, qayta
xotiralash, qisman izlanuvchanlik va izlashga asoslangan metodlarga
bo‘linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: