1-topshiriq. Gap juftlarida ajratilgan qismlar orasida qanday ma`no munosabatlari borligini aniqlang.
1. Xaridor xursand bo`ldi. Xaridorning chehrasi ochildi.
2. Bolalar xafa bo`lishdi. Bolalarning xafsalasi pir bo`ldi.
3. O`quvchilar quvonishdi. O`quvchilarning boshi ko`kka etdi.
4. Sarvinoz bilan Sitora yaqin do`st. Rahima bilan nafisalarning oralaridan qil o`tmaydi.
2-topshiriq. Berilgan iboralarning ma`nosini tushintiring, ular ishtirokida gaplar tuzing.
Mazasi qochidi, alamini oldi, baloga qoldi, bag`ri tosh, bel bog`ladi, vahima bosdi, gapi bir joydan chiqdi, eng shimardi, joni xalqumiga keldi, kalavaning uchini topdi, nomi chiqdi, oq-qorani tanidi, tili bir qarich, xo`rligi keldi, terisiga sig`madi.
3-topshiriq. Berilgan so`zlarni iboralar bilan almashtiring, ular yordamida gaplar tuzing.
Gapirmadi, toza, yuvosh, rahmdil, kutdi, qo`rqdi, chaqqon, ko`p gapirdi, quvondi.
Namuna: gapirmadi-lom-mim demadi; ko`p gapirdi-jag`i ochildi kabi.
4-topshiriq. Berilgan iboralarni qarama-qarshi ma`noli iboralar bilan almashtiring.
Ko`ngli oq - . . .
Qo`li to`g`ri - . . .
Ko`zi och - . . . .
Ko`ngli yumshoq - . . . .
Ko`ngli butun - . . . .
5-topshiriq. Lug`at daftarchangizda “Iboralar” bo`limi oching.
Unga badiiy asarlarni o`qityotganingizda uchratgan iboralarni va ularning izohini yozib boring.
Tasviriy ifodalar ham nutq go`zalligini ta`minlovchi asosiy vositalardan biri sanaladi. O`quvchilar mexanik haydovchi so`zini po`lat ot chavondozi, zangori kema kapitani, televizor so`zini zangori ekran, oynai jahon, shifokor so`zini salomatlik posboni, ko`mir so`zini qora oltin, pilla so`zini kumush tola, rassom so`zini muyqalam sohibi, qushlar so`zini qanotli do`stlar kabi tasviriy ifodalar bilan almashtira olsagina, nutqda undan to`g`ri va o`rinli foydalanishga erishadi. O`quvchilar nutqini bunday vositalar bilan boyitishda predmet nomini tasviriy ifoda yoki tasviriy ifodani predmet nomi bilan almashtirish, ularning ma`nolarini sharhlash, tasviriy ifodalarni qatnashtirib, gap va matnlar tuzish o`ta foydalidir.
“So`zshunoslik” bo`limini o`rganishda o`quvchilarni nutq uslublari bilan tanishtirishni ham ko`zda tutadi. O`quvchilar maktab darsliklaridan olingan ilmiy matnlar bilan taqqoslash, ayni bir narsaning badiiy va ilmiy tasviri orqali nutq uslublari bilan tanishishi imkoniyatiga ega bo`ladilar. Buning uchun oddiy nutqda qo`llaniladigan so`zlar bilan almashtirish, hosil bo`lgan matnlarni o`zaro qiyoslash, turli uslubdagi matnlarni tahlil qilish, ularning o`xshash va farqli tomonlarini aniqlash singari ijodiy-amaliy topshiriqlardan foydalanish mumkin. Shuni ta`kidlash lozimki, yaxshi, ravon, aniq va ta`sirchan ifoda uslubini hech bir shaxs uslubshunoslik finini o`rganish natijasida o`zgartira olmagan va o`zlashtira olmaydi. Ta`sirchan, aniq uslub tuyg`usi tilning barcha bo`limlarini o`rganish jarayonida (tovushlarda, qo`shimchalarda, so`zlarda, sintaktik qurilmalarda) ma`nodoshlik, vazifadoshllik, shakldoshlik munosabatlari asosida bog`lanishlarni taqqoslash zaminidagina shakllanadi. Bu ona tili o`qituvchisining hamisha diqqat markazida turishi lozim. Shuning uchun fikrni nutq sharotiga mos ravishda to`g`ri, ravon ifodalash ko`nikmalarini shakllantirish ona tili ta`limining talabi sanaladi. Uslubiyat usulubiy ravonlik, xususan, so`z boyligi va so`zlarni to`g`ri qo`llash bilan aloqador ekanligini hisobga olib, tilning lug`at sathini o`rganishni uslubiyat bilan bog`liq holda olib borish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |