So`z birikmasini o`qitish metodikasi
O`quvchilar 5-sinfda so`z birikmasi xususida dastlabiki ma`lumotlarni egallanganlar. Ular ixcham gaplarda sodda yoyiq gaplar hosil qilish, berilgan so`z birikmalarida hokim va tobe so`zni aniqlash, hokim so`zlarga so`roq berish orqali tobe so`z topib qo`yish singari topshiriqlarni bajara oladilar.
8-sinfda so`z birikmasini o`raganishga qadar ular kengayuvchi va kengaytiruvchi so`zlar birlikda so`z birikmalarini tashkil etishni, so`z birikmalaridagi kengaytiruvchi so`z-tobe so`z, kengayyuvchi so`z-hokim so`z ekanligini o`rganganlar.
8-sinfda “So`z birikmasi” mavzusini o`rganish berilgan so`z birikmalarida (mas., katta kuch, tunda kelmoq, ikki yil, tez gapirmoq, Tursunboyning basharasi, kitobdan ko`chirmoq v.h.) ajratilgan hokim so`zdan tobe so`zga so`roq berib, so`z birikmalarini:
1) aniqlovchi birikmalar;
2) to`ldiruvchi birikmalar;
3) holli birikmalar kabi uch guruhga ajratish, ularni fe`lli birikmalar va otli (sonli, sifatli, olmoshli, ravishli) birikmalar kabiguruhlarga ajratish, berilgan matnlarda tobe so`z qaysi hokim so`zni kengaytirib, u bilan birga so`z birikmasi hosil qilishini aniqlash, tobe so`zning o`rinni aniqlash singari ijodiy-amaliy ishlash bilan shug`ullanadilar.
O`quvchilar kuzatish va egallangan bilimlarga asoslangan holda so`z birikmalarida tobe so`z hamisha hokim so`zdan oldin kelishi xususida umumlashma hosil qiladilar.
“So`z birikmasi” mavzusi o`rganilar ekan, o`quvchilar so`z birikmasida so`zlarning o`zaro birikish usullari bilan ham tanishtiriladi. Berilan so`z birikmalari tarkibida ajratilgan vositalardan qaysi birlari so`zlarning bir-biriga bog`lashga, qaysilar esa lug`aviy ma`noga qo`shimcha ma`nolar kiritishga xizmat qilishini bilib oladilar.
Shundan so`ng birikmasida tobe va hokim so`zning o`zaro bir-biri bilan bitishuv, boshqaruv va moslashuv yo`li bilan birikishi; tobe va hokim so`zdan oldin kelish usuli bilan bog`lanishi bitishuv ekanligi; tobe so`zning hokim so`zga tushum, jo`nalish, o`rin-payt va chiqish kelishigi qo`shimchalari yoki ko`makchilar yordamida bog`lanishi boshqaruv ekanligi; tobe so`zning hokim so`zga qaratqich kelishigi qo`shimchasi orqali bog`lanishi, hokim so`zning esa egalik qo`shimchalari yordamida tobe so`zga birkishi moslashuv ekanligini bilib oladilar va shu yo`nalishda bir qator ijodiy-amaliy topshiriqlarni bajaradilar.
Ma`lumki, o`quvchilar so`z birikmasini so`zlar qo`shimchasidan, so`zdan, iboradan farqlashda qiynaladilar. Shu bois, bularning har biriga (so`z birikmasi va so`zlar qo`shimchasi, so`z birikmasi va so`z v.h.) alohida-alohida to`xtalishga to`g`ri keladi.
So`z birikmasining so`zlar qo`shimchasidan farqini tushuntirish uchun ularni o`zaro qiyoslash usulidan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Masalan, “Karimjonning aksi” so`z birikmasini “Karimjon va akasi” so`zlar qo`shimchasi bilan qiyoslash kabi.
So`z birikmasi va so`zlar qo`shimchasini o`zaro qiyoslash natijasida o`quvchilar so`zlarning o`zaro birikishi ikki yo`l bilan: 1) tobelanish, bir so`zning (tobe so`zning) boshqa bir so`zga-hokim so`zga bo`ysunishi orqali hamda 2) ikki so`zning teng huquqli, biri ikkinchisiga bo`ysunmay bog`lanishni bilib oladilar.
Mazkur mavzu o`rganilayotgan o`quvchilar e`tibori so`zlarning tobe aloqa asosida bog`lanishi, so`z birikmalari hosil qilishi, so`z birikmasi ikki va undan ortiq so`zdan iborat bo`lishiga qaramay, bitta narsani nomlab kelishi (opamning kitobi-bitta kitobni atab kelyapti); so`zlarning teng huquqli bog`lanishi so`z qo`shimchalari hosil qilishi, so`z qo`shimchalarida har bir so`z ma`no mustaqilligini, alohida-alohida narsalarni nomlab kelish xususiyatini saqlab qolishi (opam va kitob)ga qaratiladi.
Ma`lumki, so`z qo`shimchalarida so`zlar turli vositalar yordamida bog`lanishi mumkin. Chunonchi, ohang (yozuvda vergul), -u, -yu, yoki, ba`zan-ba`zan, na-na; balki, nafaqat, ham-ham; hamda bog`lovchilari shular jumlasidandir. O`quvchilarga ana shu vositalar bilan bog`langan so`z qo`shimchalarini berib, ularda yozuvlar o`zaro qanday birlashayotganligini talab qilish, bog`lanish vositalariga qarab guruhlarga ajratish, hosil bo`lgan guruhlarni mustaqil davom ettirish, ular ishtirokida gaplar hosil qilishni talab qilish foydalidir.
So`z birikmasining so`zdan farqini aniqlashda kuzatish, qiyoslash, mushohada qilish singari usullardan foydalaniladi. Masalan, onamning akalari-amakim, urg`ochi ot-baytal, kimyoviy tajribaxona-laboratoriya, hisoblash mashinasi-kompyuter singari so`z birikmasi va so`zlar o`zaro boshlang`ich, o`qituvchi ularning o`zlariga bu haqda mustaqil xulosa chiqarishni topshiradi. Shundan so`ng berilgan so`z birikmalrini so`zlar bilan almashtirish, ularni o`zaro qiyoslab, ma`no farqini aniqlash, berilgan so`zlarga ularning ma`noviy qiymatdoshlarini topib qo`yish singari ijodiy-amaliy ishlar bajariladi.
“So`z birikmasi va ibora”, “So`z birikmasi va tasviriy ifoda” mavzularini o`rganishda ham bu har ikki til hodisasining ma`noviy farqini aniqlashda qiyoslash usuli qo`l keladi. Mazkur mavzularni o`rganishda o`quvchilarga gap juftlari berib, ajratilgan so`z birikmalarining ma`nolarini qiyoslash (Yigit oqimga qarshi suzib, ariqning boshiga etdi-Qursligi, bema`ni katta gaplari axir uning boshiga etdi), ibora va so`z birikmasi orasidagi o`xshashlik va farqlarni aniqlash, berilgan birikmalarning har birini erkin birikma va ibora sifatida qo`llab, gaplar tuzish singari ijodiy-amaliy topshiriqlardan foydalaniladi. Bu amaliy ishlar turg`un birikmalarda ma`noning yaxlit, ajralmas ekanligi, ularda tobe hamda hokim so`zlarni bemalol almashtirish mumkin emasligini aniqlash imkonini beradi.
Tasviriy ifodalarning so`z birikmalarga shaklan o`xshashligi ko`p hollarda ularni farqlashga mone`lik qiladi. Shuning uchun bu mavzuni o`rganishda so`zlarni tasvriy ifodalar bilan almashtirish (mas., televizor-oynai jahon, paxta-oq oltin, rassom-mo`yqalam sohibi, neft`-qora oltin, samolyot-po`lat qush v.h.) berilgan matnda ajratilgan har bir so`zni uning qiymatdoshi bilan almashtirish singari ijodiy-amaliy topshiriqlardan foydalanish mumkin.
So`z birikmasining qo`shma so`zlardan farqi ham o`quvchilar uchun ancha murakkablik tug`dirayotgan masalalardan biridir. Bu mavzuni o`rganishda berilgan gap juftlari yoki qo`shma so`z va so`z birikmalari qatorini o`zaro qiyoslab, o`xshash va farqli tomonlarini aniqlash, ular ishtirokida gaplar tuzish, berilgan qo`shma so`z va so`z birikmalari qatorini mustaqil davom ettirish, qo`shma so`z qanday hosil bo`lganligini aniqlash singari amaliy topishirqlardan foydalanish mumkin. Darsning oxirida o`quvchilar so`z birikmasi qo`shma so`zga aylanganda so`z birikmasi tarkibidagi aloqa-munosabat shakli qo`shimchalari yo tamoman tushib qolishi (mas., boshog`riq-bosh og`rig`i, suvo`t-suv o`ti, bo`rikalla-bo`ri kallasi v.h.) yoki o`z ma`no va vazifasini tamoman tushib qolishi (kungaboqar, iskabtopar, chamandagul, betgachopar v.h.) bilib oladilar.
So`z birikmalarini o`rganish so`z birikmalari zanjirini o`rganish bilan yakunlanadi. O`quvchilar berilgan so`z va birikmalar juftlarini birlashtirish (mas., o`zbek xalqi va qozoq xalqi, o`zbek tili va o`zbek adabiyoti v.h.) va shunga o`xshash bir qator ijodiy-amaliy topshiriqlar bajarilgach, “So`z birikmalari zanjiri qanday hosil bo`ladi?” degan savol o`rtaga tashlanadi. Bu ularni bir so`z birikmasidagi hokim so`zning boshqa bir so`zga tobelanishiga hamda bir hokim so`z bir necha tobe so`z yoki bitta tobe so`z bir necha hokim so`zga aloqador bo`lgan hollarda ularni birlashtirish usullari bilan so`zga aloqador bo`lgan hollarda ularni birlashtirish usullari bilan so`z birikmalari zanjiri hosil bo`ladi, degan xulosaga olib keladi.
So`z birikmasi va gapning o`zaro farqi ham qiyoslash asosida tushuntiriladi. Masalan, qiziqarli mashg`ulot-mashg`ulot qiziqarlidir, oydin kecha-kecha oydindir v.h.) tipidagi so`z birikmasi va gap qiyoslangach, ularning farqi so`raladi hamda kesimning qay biriga xosligi aniqlanadi. Shundan so`ng berigan so`z juftlaridan so`z birikmalari tuzib, ular ishtirokida gaplar tuzish, so`z birikmalaridan gaplar, gaplardan so`z birikmalari hosil qilish singari ijodiy-amaliy ishlarbajariladi. Dars oxirida o`quvchilar so`z birikmasi biror narsa, belgi harakat yoki holatga mauyyanlashtirgan holda kelishi, gap esa kesim marakazida tashkil topib, fikrni, hukmni, tasdiq yoki inkorni ifodalab kelishi, uning markazi kesim ekanligini gaplarning kesimlik qo`shimchalari bilan shakllanganligini bilib oladilar.
Shunday qilib, maktabda so`z birikmasini o`rganish, sodda gap sintaksisini o`rganish uchun moddiy zamin hozirlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |