Sodda gap sintaksisini o`qitish:
O`quvchilar 5-sinfda kesim gap markazi ekanligini biladilar. Shuning uchun sodda gap haqida umumiy ma`lumot berilgach, gap juftlarining markazini aniqlash, ularni sodda va qo`shma gaplarga ajratib ko`chirish, sodda va qo`shma gaplarni tahlil qilib, ular orasidagi asosiy farqni aniqlash, ayni bir fikr (axborot)ni bir necha sodda gaplar va bitta qo`shma gap shaklida ifodalash (Men sinfda kirdim. Deraza oldida turgan Baxtiyorni ko`rdim. U bilan salomlashdim-Men sinfga kirib, deraza oldida turgan Baxtiyorni, Mehriniyozni ko`rgach, u bilan salomlashdim) singari ijodiy-amaliy topshiriqlarni bajarish bilan yakunlanadi.
O`quvchilar sodda gap tarkibidagi kesimlik shakliga ega bo`lgan bitta kesimning bitta gap markazi ekanligini, qo`shma gap tarkibida esa bunday markaz ikki va undan ortiq bo`lishini bilib oladilar.
Kesim gap markazi bo`lganligi sababli egadan oldin avval “Kesim va uning ifodalanishi” mavzusi o`rganiladi. Bu mavzuni o`rganishda avvalo o`quvchilari e`tibori kesimning mavqeiga qaratiladi.
Ma`lumki gapning boshqa bo`laklari ishtirok etsa-yu, kesim ishtirok etmasa, gap tugal fikrni ifodalamaydi. Masalan, “Dam olish kuni biz sayohatga” gapida kesim ifodalanmaganligi uchun tugal fikr yo`q. Shuning uchun o`quvchilarga shunday gaplarni berib, ularni gap markazi-kesim bilan to`ldirish va kesimning gapdagi mavqei, fikrni ifodalashdagi ahamiyati xususida hukm chiqarish topshiriladi.
Kesimning ifodalanishi oldingi sinflarda o`quvchilarga tanish. Shuning uchun ularga gaplar yoki mant berib, gapning markazi-keismi qaysi so`z turkumi orqali ifodalanayotganligini aniqlash topshiriladi. Shu jarayonda fe`l kesim va ot-kesim haqidagi ma`lumotlar o`quvchilar xotirasida tiklanadi hamda sodda kesim va murakkab kesim haqida ma`lumot beriladi. O`quvchilar bir qator ijodiy amaliy topshiriqlarni bajargach, bir so`zdan iborat kesimlar, ikki va undan ortiq so`zdan iborat bo`lgan kesimlar esa murakkab kesimlar ekanligini bilib olishadi.
“Mustaqil va mustaqil kesim shakllari” mavzusini o`rganishda o`quvchilarning ijodiy fikrlashini tashkil etish uchun uch maylning turli zamon shakllarini qo`llab, gap tuzish, hosil bo`lgan gaplardan qaysi birlarida tugallanayotgan fikr ifodalanayotganligini aniqlash, mayl shaklining qaysi birida kesim mustaqil qo`llanila olmasligini topish, shart mayli shakllaridan biri bilan ifodalangan gaplarni alohida-alohida ishlatiladigan ikki sodda gapga aylantirish singari amaliy topshiriqlardan foydalaniladi. Darsning oxirida o`quvchilar shart mayli shakllari nomustaqil kesim shaklini yasashga xizmat qilishini bilib oladilar.
“ega” mavzusini o`rganishda gap kesimning shaxs-son qo`shimchalariga qarab uning egasini tiklash, eganing qaysi so`z turkumi bilan ifodalanayotganligini aniqlash singari amaliy ishlar bajariladi hamda qaysi hollarda ega va kesim orasida tire qo`yilishi tushuntiriladi.
O`quvchilar uchun ancha murakkablik tug`diradigan masalalardan biri egali gaplarni egasiz gaplardan ajratishdir. Gapning bu ikki turi orasidagi farqni aniqlash maqsadida berilgan gaplarni aniqlash (Biz-g`alabaga erishdik-G`alabaga erishdi) qiyoslash, egani aniqlash, nuqtalar o`rniga yashirin egani topib qo`yish, berilgan gaplarni:
ifodalangan egali gaplar;
yashiringan egali gaplar;
egasiz gaplar singari guruhlarga ajratish topshiriladi.
Shundan so`ng ifodalangan gaplar, yashirin egali gaplar va egasiz gaplar alohida-alohida mavzu sifatida o`rganiladi. Bu mavzularni o`rganishda ham kuzatish, qiyoslash; farqlarni topish, guruhlash, hukm chiqarish va amaliy faoliyatda qo`llash singari aqliy faoliyat usullaridan foydalaniladi.
Tilimizda “Borish lozim” “Bajarish kerak”, “Ko`rish shart” singari bir qator imkoniyat-zaruriyat gaplari borki, ular fe`l kesimli bo`ladi va biror ish-harakatni bajarishga imkoniyat, zururiyat, shart, tilak, istak kabi ma`nolarni ifodalab keladi. Bunday gaplar kesimning eng muhim belgisi-ular tarkibida egalik qo`shimchasining bo`lmasligidir. O`quvchilarning bunday gaplar ustida olib boradigan amaliy ishlarni ularni bo`lishli-bo`lishsiz shakllarda qo`llash, ifodalangan egali gaplarni yashiringan egali va egasiz gaplarga aylantirish singarilardan iborat.
“So`z-gaplar” –mavzusini o`rganishda albatta, shak-shubhasiz, ha, yo`q, balki, ma`qul, mayli, marhamat singari so`zlarni suhbat matnlarida qo`llash, ularning ma`nosi ustida ishlash kabi amaliy ishlardan foydalanish ma`qul.
Gapning ikkinchi darajali bo`laklari 5-sinfda ham o`rganilgan. 7-sinfda hol, to`ldiruvchi va aniqlovchi ustida alohida-alohida ish oli boriladi.
Hol yuzasidan ijobiy-amaliy ishlar ularni sodda va murakkablarga ajratish; hollarning so`z, so`z birikmasi, kengaygan birikmalar bilan ifodalanishi; holning ma`noviy turlari jadvali ustida ishlash; vositali to`ldiruvchi va holning shaklan farqlanmaslik holatlariga bag`ishlanadi.
“To`ldiruvchi” mavzuni o`rganishda asosiy e`tibor vositasiz to`ldiruvchi, uning, so`z, so`z birikmasi va kengaygan birikmalar bilan ifodalanishi; o`zga gapni (ko`chirma gapni) kengaygan birikmalar bilan ifodalash; vostali to`ldiruvchi, ularda kelishik shakllari va ko`makchilar ma`nodoshligi, ot bilan ifodalangan bo`laklarning to`ldiruvchilar bilan birikishi masalariga qaratiladi.
Aniqlovchi so`z kengaytiruvchi bo`lganligi uchun ham hol va to`ldiruvchidan keyin o`rganiladi. Mazkur mavzuni o`rganishda ijodiy-amaliy topshiriqlar orqali qaratqichli aniqlovchi va sifatlovchi aniqlovchilar haqida tushuncha hosil qilinadi; ularning so`z, so`z birikmalari bilan ifodalanishi yuzasidan ma`lumotlar beriladi.
Aniqlovchi bilan bir qatorda izohlovchi haqida ham ma`lumot beriladi. Berilgan izohlovchilarni sodda va murakkab izohlovchilarga ajratish, ularni shaxs nomlari va shaxs otlari, shuningdek, vaqt (yil, oy, kun) otlari bilan birga qo`llash yuzasidan ijodiy-amaliy topshiriqlar bajariladi.
8-sinfda dastur talbiga ko`ra o`quvchilarni “Yoyiq atov so`z va gaplar”, “Gapda uyushiq bo`laklar, ularda ohang va tinish belgilari”, “Gapda ajratilgan izoh bo`laklar”, “Gapda undalma” va “To`liqsiz gaplar” singari mavzular bilan tanishtirish ko`zda tutilgan.
Mazkur mavzularni o`tishda yoyiq atov gaplar va yoyiq so`z-gaplar ustida ishlash, ixcham atov gaplarni yoyiq atov gaplarga aylantirish; uyushiq bo`lak haqida umumiy tushuncha hosil qilish, uyushiq bo`laklar va so`z qo`shimchalari, uyushiq bo`lakli gaplarda ohang va ularning teng bog`lovchilar bilan bog`lanishi, uyushgan egali, holli, to`ldiruvchili va aniqlovchili gaplar tuzish, kesimning uyushishidagi xususiyatlar, uyushiq bo`laklarda umumlashtiruvchi qism, kiritmalarning so`z so`z birikmasi, kengaygan birikmalar va gaplar bilan ifodalanishi, kritmali gaplarda tinish beligilari va ohang; undalma, uning sodda va murkkab turlari, undalmalarning so`z, so`z birikmalari, kengaygan birikmalar bilan ifodalanishi, undalma va egani farqlash, to`liqsiz gaplardan nutqiy faoliyatda foydalanish singari bir qator amaliy topshiriqlar orqali o`quvchilarning ijodiy fikrlashi, izlanishi, fikr mahsulini nutq sharoitiga mos ravishda og`zaki va yozma shakllarda ifodalanishi nomoyon bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |