O’zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarining faoliyati(o’zgarish va muammolar)
Abduxakimova Nafosat Xasan qizi
Chirchiq Davlat Pedagogika instituti, Toshkent viloyati
“Ommaviy axborot vositalari so’zda emas, amalda “to’rtinchi hokimiyat”
darajasiga ko’tarilishi zarur. Bu- zamon talabi, islohotlarimiz talabi”.
Shavkat Mirziyoyev
Ommaviy axborot vositalari keng ommaga axborot yetkazuvchi vositalardir. O’zbekiston Respublikasi qonunchiligida davriy tarqatishning doimiy nomga ega bo’lgan hamda bosma tarzda (gazeta, jurnal, axborotnoma, bulleten va boshqalar) yoki elektron tarzda olti oyda kamida bir marta nashr etiladigan yoki efirga beriladigan shakli hamda ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa shakllari ommaviy axborot vositalari deb yuritiladi.
O’tgan asrning boshlarida ma’rifatparvar bobolarimiz millatni uyg’otish, unung dardlariga darmon bo’lish g’oyasi bilan maydonga chiqib, ilk milliy nashrlarga asos solgan edilar. Matbuotimizning tamal toshini qo’ygan ana shunday ulug’ insonlarning ezgu orzu-umidlarini ro’yobga chiqarish uchun o’tgan davr mobaynida o’zbek jurnalistikasi katta taraqqiyot yo’lini bosib o’tdi. Ommaviy axborot vositalarimiz ular boshlab bergan ijodiy an’analarni munosib davom ettirib, davr talablariga tobora monand bo’lib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etamiz. Hammamizga ayonki, bugun biz yashayotgan shiddatli XXI asrda zamonning o’zi, hayotimizga keskin sur’atlar bilan kirib kelayotgan globallashuv jarayonlari O’zbekiston axborot vositalari va jurnalistlar ahli oldiga bizning ezgu maqsadimiz bo’lgan demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish yo’lida g’oyat muhim, dolzarb vazifa va talablarni qo’ymoqda. Jurnalist degan og’ir, shu bilan birga, sharafli kasbga o’z hayotini bag’ishlagan insonlar uchun yuksak professional mahorat, faol hayotiy pozitsiyani egallash, xalqimizning quvonch va tashvishlari bilan yashash, bugun dunyo miqyosida tez o’zgarib borayotgan o’ta murakkab zamonda odamlarimizga, el-yurtimizga munosib maslakdosh va suhbatdosh bo’lish, ularni yangi marralarga chorlash – albatta oson ish emas. Bugungi kunda media tarmoqlari, matbaa korxonalarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya sohasidagi eng so’nggi yutuqlarga asoslangan texnika va texnologiyalar bilan ta’minlash, ayniqsa, Internet tizimidankeng va oqilona foydalanish uchun imkoniyat yaratish, moddiy va moliyaviy ko’mak berish masalalarini yechish, shu asosda ushbu sohaning taraqqiyotini yangi bosqichga ko’tarish, boshlagan harakatlarimizni izchil davom ettirish e’tibor markazimizda bo’lishi shart. [1]
Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari xodimlarining kasb malakasi, ijodiy mahoratini oshirish, ularning jahon jurnalistikasining ilg’or tajribalarini puxta o’zlashtirishi uchun taraqqiy topgan mamlakatlardagi hamkasblari bilan aloqalarini kuchaytirish, soda qilib aytganda, o’zaro bordi-keldilarini ko’paytirish bo’yicha tegishli sharoit tug’dirib berish ham kerak.
O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2010-yil 12-noyabrdagi Oliy Majlis palatalari qo’shma majlisida “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”mavzusidagi ma’ruzasi,xususan, “Axborot sohasini isloh qilish, axborot va so’z erkinligini ta’minlash” bo’yicha belgilab bergan strategik vazifalari ommaviy axborot vositalari uchun yana muhim davrni boshlab berdi. Davlatimiz rahbari o’z nutqida “Demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, aholining siyosiy faolligini oshirish, fuqarolarning mamlakatimiz siyosiy va ijtimoiy hayotidagi amaliy ishtiroki haqida so’z yuritar ekanmiz,albatta, axborot erkinligini ta’minlamasdan, ommaviy axborot vositalarini odamlar o’z fikr va g’oyalarini, sodir bo’layotgan voqealarga o’z munosabati va pozitsiyasini erkin ifoda etadigan minbarga aylantirmasdan turib, bu maqsadlarga erishib bo’lmasligini o’zimizga yaxshi tasavvur etamiz”- deb, ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi tub mohiyatini bayon etib beradilar.
Mustaqillik yillarida ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga soluvchi quyidagi qononlar qabul qilindi:
“Ommaviy axborot vositalari to’g’risida”gi Qonun (2007-yil 15-yanvar)
“Axborot olish kafolatlari va erkinligi to’g’risida”gi Qonun (1997-yil 24-aprel)
“Jurnalistik faoliyatini himoya qilish to’g’risida”gi Qonun (1997-yil 24-aprel)
“Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to’g’risida”gi Qonun (2002-yil 12-dekabr)
“Noshirlik faoliyati to’g’risida”gi Qonun (1996-yil 30-avgust)
“Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to’g’risida”gi Qonun(2006-yil 20-iyul)
“Reklama to’g’risida”gi Qonun (1998-yil 25-dekabr)
“Axborotlashtirish to’g’risida”gi Qonun (1993-yil 7-may)
“Telekommunikatsiyalar to’g’risida”gi Qonun (1999-yil 20-avgust)
O’zbekiston Respublikasi “Ommaviy axborot vositalari to’g’risida”gi Qonunning 7-
moddasida “O’zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini senzura qilishga yo’l qo’yilmaydi. E’lon qilinayotgan xabar va materiallar oldindan kelishib olinishi,shuningdek, ularninf matni o’zgartirilishini yoki butunlay nashrdan olib qolinishini (efirga berilmasligini) talab qilishga hech kimning haqqi yo’q” deb ko’rsatib qo’yildi.
O’zbekiston Respublikasida ommaviy axborot huquqiy bazasini yaratilishida Respubliklamiz Konstitutsiyasiga asosiy manba sifatida tayaniladi. Konstitutsiyamizning 67-moddasida “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to’g’riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Senzuraga yo’l qo’yilmaydi” deb belgilab qo’yilgani ommaviy axborot vositalarining mutlaq qonuniy ekanligini kafolatlaydi.
Ommaviy axborot vositalari O’zbekistonda yashayotgan millatlarning 7 ta tilida va siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy, sport kabi 20dan ortiq ixtisosliklarda faoliyat olib boradi. Ommaviy axborot vositalari har doim jamiyat taraqqiyotining ko’zgusi, kishilarning ongi, dunyoqarashi, siyosiy saviyasining shakllanishida asosiy vositalardan biri bo’lib kelgan. O’tgan davrda barcha sohalar qatori Ommaviy axborot vositalari uchun ham serqirra rivojlanish davri bo’ldi.
Mamalakatimizda demokratik jarayonlarning chuqurlashuvi davlat hokimiyati organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashda OAV ishtirokini zamon talabiga moslashtirishni taqozo qilishi bilan birga mavjud axborot manbalaridan yanada samarali foydalanish, matbuot erkinligi va mustaqilligini mustahkamlash, fuqarolarning axborot sohasidagi huquq va erkinliklari to’laroq qondirishga yo’naltirilgan bir qator tadbirlarni amalga oshirish lozimligini taqozo etmoqda. O’zbekiston Respublikasidagi ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda olib borilayotgan islohotlar axborot bozorining faol ishtirokchilaridan bo’lgan noshirchilik faoliyatini ham o’z ichiga olgan bo’lib, sohada keying paytlarda juda ham kata o’zgarishlar ro’y berdi. Bu o’zgarishlarni bozor sharoitiga mos yangi tashkil etilayotgan nashriyotlar hamda kitob bozorini to’ldirib borayotgan eng sifatli, zamonaviy bosma mahsulotlarning ko’payib borishi misolida ham ko’rishimiz mumkin.
1914-yil “Sadoi Farg’ona” gazetasining ilk sonida chop etilgan “Matbuot butun dunyodagi madaniy millatlarning hayot yo’llari, olamdagi darajalari va insoniyat taraqqiyotining cho’qqisi uchun lozim bo’lgan say-harakatlar to’g’risida maslahatlashmoq va kengashmoq uchun zarur bir vositadir”- deyilgan edi. Mustaqillik yillarida milliy matbuotimiz ana shunday tamoyillar va zamonaviy talablar asosida tubdan yangilanib va rivojlanib borayotgani, ayniqsa, e’tiborlidir. [2]
Bugun biz yashayotgan shiddatli XXI asr, hayotimizga keskin sur’atlar bilan kirib kelayotgan globallashuv jarayonlari ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarimiz oldoga yanada muhim va dolzarb vazifalarni qo’ymoqda. Bu o’rinda gap jurnalistning nafaqat iste’dodi va mahorati haqida, ayni paytda o’z umrini zahmatli kasbga bag’ishlagan har qaysi insonning fuqarolik ma’suliyati, hamisha davr bilan hamnafas bo’lib, jamiyatdagi o’tkir muammolarni dadil ko’tarib chiqishi, ularga jamoatchilik va keng ommaning e’tiborini qaratishi, qisqa qilib aytganda, el-yurt dardi va istiqboli uchun, hayotimizda inson huquq va erkinliklari, adolat va haqiqat qaror topishi uchun kuyib-yonib yashashi lozim.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 27-iyun kuni “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarorni imzoladi.
Mamalakatimizda so’z erkinligini ta’minlash, axborot va ommaviy kommunikatsiyalar sohasini boshqarish tizimini qayta tashkil qilish, ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy rivojlanishning muammoli masalalarini hal etishda ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish bo’yicha sezilarli ishlar amalga oshirildi. Shu bilan birga, sohadagi hozirgi holat tahlili media makondan yuzaga kelayotgan chaqiriqlarga tezkorlik bilan munosib javob qaytarilomayotganini ko’rsatib, mamlakatda amalga oshirilayotgan ulkan miqyosdagi islohotlar to’g’risidagi keng qamrovli ma’lumotlarni o’z vaqtida taqdim etish bo’yicha jamiyat ehtiyojlari axborot sohasidagi ishlarni sezilarli darajada oshirishni, davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari, ommaviy axborot vositalarining faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishni taqozo etmoqda.
Ma’lumki, har bir axborot tagida manfaat yotadi. Ammo axborotdan milliy va xalqaro manfaatlarga zid kelgan holda foydalanish jinoyat hisoblanadi. Bugungi kunda esa axborot dunyoning ayrim mamlakatlari hamda xalqaro terroristik tashkilotlari qo’lida asosiy va dahshatli qurol vositasiga aylanib bormoqda. Buning asosiy sababi- axborotning odamlar e’tiboriga eng qulay, eng tezkor va eng samarali yetib borishidadir. Jamiyatimiz hayotining deyarli barcha sohalarini, shu jumladan, ta’lim sohasidagi taraqqiyotini internet, televideniya, radio va ommaviy nashrlarsiz tasavvur qila olmaymiz.
Dunyoda yuz berayotgan turli voqealar va ma’naviyatimizga zid bo’lgan ma’lumotlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, internet va axborot vositalari orqali kirib kelmoqda. Ba’zi yoshlar bu ma’lumotlarga o’zlari bilmagan holda ishonishmoqda, bu esa ularning ongiga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. Biz yoshlarning media-savodxonligini oshirishda ommaviy-axborot vositalarining roli katta. Ular orqali turli xil ko’rsatuvlar tashkil etib borish, dunyoda ro’y berayotgan ijtimoiy-siyosiy o’zgarishlar haqida fikrlarini o’rganish, tahlil qilish yoshlarni to’g’ri yo’naltirib borishning eng samarali yo’lidir.
Biz mustaqillikka erishgan birincha kunlardanoq milliy g’oyani shakllantirish, ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot qurishdek buyuk maqsadlarni har qaysi insonning ongida, ma’naviy olamida keng qaror toptirish yo’lida matbuotimiz katta hissa qo’shayotganini, buning ahamiyati va mohiyatini alohida ta’kidlash va e’tirof etish zarur hisoblanadi. Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari faoliyatining qonuniy kafolatlarini ta’minlashga qaratilgan, xalqaro demokratik talab va standartlarga to’la javob beradigan huquqiy zamin yaratilgani, sohaning moddiy-texnik bazasi tobora mustahkamlanib borayotgani va bunday ishlar izchil davom ettirilayotgani, hech shubxasiz, bu yo’ldagi harakatlarimizning muhim tarkibiy qismidir. Bugungi kunda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi, teleradioeshittirishlar, ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari, ularni davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash kafolatlariga oid yangi qonunlarni qabul qilish bo’yicha ishlarni tezlashtirish kerakligini hayotning o’zi taqozo etmoqda. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik o’rtasida mustahkam aloqa o’rnatish borasidagi rolini kuchaytirishga qaratilgan bir qator qonun hujjatlariga tegishli o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish ham o’zining amaliy ijrosini kutib turibdi. Bu sohada kadrlar, xususan, yosh jurnalistlarni tayyorlash tizimini tubdan o’zgartirish, jurnalistik ta’limga ixtisoslashgan oliy o’quv yurtlarining o’quv metodik bazasini takomillashtirib, professor o’qituvchilarning malakasini oshirish, katta mahorat va ijodiy tajribaga ega bo’lgan mutaxassislarni, ilg’or pedagogic texnologiyalarni ta’lim jarayoniga jalb etish bo’yicha ham hali ko’p ish qilishimiz kerak. [3]
Ommaviy axborot ta’sirida media madaniyat ham shakllanadi. U insonning axborotga bo’lgan ehtiyojini ta’minlaydi, odamlarning qiziqishlarini boshqaradi, o’ziga mehrigiyodek jalb qiladi, ta’sirchanlikning turli-tuman ko’rinishlarini, usul va vositalarini ishga soladi.
Yangi axborot texnologiyalari va ayniqsa, Inernet jahon miqyosida yangi vaziyatni yuzaga keltirdi. Jurnalistika shaxs, jamiyat va davlat o’rtasidagi sifat jihatdan yangilangan munosabatlarni ko’proq ta’sir o’tkaza boshladi. Toronto universitetining professori Marshall Maklyuen tomonidan o’tgan asrning 6-yillaridayoq obrazli tarizda ifodalangan “Global qishloq”tushunchasi reallikka aylanmoqda. Bugun butun insoniyat jamoa o’lchamigacha ixchamlashmoqda. Industrial jamiyat o’rniga, ommaviy kommunikatsiyalar va axborotning roli beqiyos darajada oshgan.
Kompyuter, uyali telefon, Internet millionlab odamlar hayotining ajralmas qismiga aylandi. Bunday kommunikatsiya vositalari jurnalistning nafaqat doimiy yo’nalishiga,balki, uning asosiy mehnat quroliga, butun dunyo bilimlarini o’zida mujassam etgan maslahatchi, kutubxona electron entsiklopediyasiga aylandi. Bugungi kunda kompyuter va uyali telefon jurnalistga uning qayerda bo’lishidan qat’iy nazar axborotni gazeta, jurnal yokinradio-televideniyaga sanoqli daqiqalarda yetkazib berish imkoniyatini yuzaga keltirdi. Darhaqiqat bugun yuqori texnologiyalarni ijtimoiy-iqtisodiy hayotga tadbiq etish beqiyosdir. Aynan yangi axborot texnologiyalari tufayli jurnalistika bir qator transnatsional hodisaga aylangan. Ilgari u yoki bu tahririyat xodimi o’z auditoriyasiga murojaat qilishi uchun vaqt, OAV kanalining texnik imkoniyatlari va nihoyat o’z rahbariyati bilan hisoblashishga to’g’ri kelgan bo’lsa, bugun ana shu zanjirsiz amalga oshirishi mumkin. Oldin kishilar u yoki bu kanal tomonidan taklif etilgan ko’rsatuvlar programmasi bilan cheklangan bo’lsa, bugun siz o’z ta’bingizga mos ravishda o’z dasturingizni tuzib olishingiz mumkin. Ya’ni, yangi informatsion texnologiyalar nafaqat jurnalistga, balki auditoriyaga ham erkinlikni taqdim etadi. Shu munosabat bilan ommaviy kommunikatsiyalar nazariyasi sohasida taniqli mutaxassis, amerikalik olim Uolter Lippmanning fikrini eslash o’rinlidir:”Siz materialni yozguningizcha erkinsiz, ammo siz uni mening qo’limga topshirishingiz bilan sizning erkinligingiz tugab, mening erkinligim boshlanadi, endi sizning qo’lyozmangizning taqdirini men hal qilaman.Xohlasam-nashr etaman, xohlasam musor korzinasiga tashlab yuboraman”.Bu 1922-yilda aytilgan edi.Bu fikr bilan u o’z davri jurnalistining erkinlik chegaralarini ifodalab bergan edi.
Bugungu kunda axborot nafaqat ma’lumot yetkazish, odamlarni yangilik va o’zgarishlar bilan tanishtirish vositasi bo’lib xizmat qilmoqda, ayni vaqtda axborot va kommunikatsiya tarmog’I amalda ishlab chiqarishning yetakchi yo’nalishlaridan biriga, moddiy, ijtimoiy va ma’naviy sohalarning rivoji va o’sishiga hal qiluvchi asos va turtki beradigan, tez rivojlanayotgan eng zamonaviy sohaga aylanib borayotganiga barchamiz guvoh bo’lmoqdamiz. Yurtimizda faoliyat ko’rsatayotgan ommaviy axborot vositalarining miqdor va sifat darajasi tubdan o’zgarib, ularning umumiy soni 1 ming 250 dan oshib ketgani, raqamli va mobil televideniye, internet-televideniye, internet-radio kabi zamonaviy axborot tarmoqlarining ulushi va ta’siri tobora ortib borayotgani, ayniqsa, e’tiborlidir. [4]
Ommaviy axborot vositalari va bu sohada xizmat qilayotgan xodimlar oldida turgan eng muhim vazifalar:
Birinchidan, doimo izlanish, qo’lga kiritilgan yutuqlarga berilmasdan, ularga mahliyo bo’lmasdan, maqtanmasdan, kimnidir ulug’lash yo’liga o’tmasdan, avvalambor, marrani baland qo’yib, hayot voqeligini haqqoniy va xolis aks ettirish talab qilinadi;
Ikkinchidan, hammamizga ayonki, o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan marralarga erishish uchun journalist o’zini ayamasdan, professional bilim va saviyasini, mahorat va tajribasini oshirish uchun o’z ustida tinimsiz ishlashi, mehnat qilishi, turli sinovlardan munosib o’tishi zarur;
Uchinchidan, bunday yuksak darajaga ko’tarilish uchun bu kasbni tanlagan har qaysi insonga mardlik, fidoyilik va jasorat kerak bo’ladi.
To’rtinchidan, o’z kasbiga sadoqatli bo’lish, uni sevish, avvalambor, eskicha qarash va alomatlardan voz kechish uchun jurnalist boshqalarga nisbatan oldingi safda bo’lishi, o’z hayotiy prinsiplaridan qaytmasdan, vijdon amri bilan yashashi lozim.
Bugungi kunda dunyoda turli yo’nalishdagi gazeta va jurnallarning miqdori salmoqli tarzda oshib bormoqda. XX asrning oxirlarida Maykl Konnif aytgan ediki:”Amerika kundalik gazetalarining kuni bitdi, endilikda manzara butunlay o’zgardi”. Gazetalar bugungi kunda electron-axboriy inqilobning boshida turibdi.
Hozirgi kunda an’anaviy davriy nashrlar bilan bir qatorda Online jurnalistika samarali faoliyat olib bormoqda. Rivojlangan mamalakatlarda ijtimoiy fikrni shakllantirishni belgilovchi ta’sir o’tkaza oladigan yuzlab electron gazeta va jurnallar faoliyat ko’rsatmoqda. Davrimiz xususiyatlaridan yana biri auditoriyaning biror muammo bo’yicha fikr-mulohaza va baholarni to’la yig’ish imkoniyati vujudga keldi. Shuning uchun kim tezroq va samaraliroq ishlasa, o’sha xodisalar yo’nalishini belgilay oladi va nazorat qiladi. Ikkinchi tomondan, qaysidir soha OAV nigohidan chetda qoladigan bo’lsa, paydo bo’lgan bo’shliqning o’rnini turli xil mish-mishlar, to’qimalar, kinoyalar to’ldiradi.
O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov Oliy Majlis ikkala palatasining 2005-yil 28-yanvardagi qo’shma yig’ilishida ta’kidlagan ediki, OAV yo’lida auditoriyalari undan jamiyatni isloh qilish va yangilash yo’lida hokimiyat faoliyati va boshqaruv organlari faoliyatiga tanqidiy baholarni kutayotganlarini, dolzarb muammolarning mohirona tahlilini, to’siqlarni yengib,o’tish yo’llarini ko’rsatishlarini kutayotganlarini ta’kidlab o’tgan edilar.
Ayni paytda O’zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan ro’yxatga olinib, davlat reyestriga kiritilgan OAVning umumiy soni 1564 tani tashkil etadi. Ulardan 694 tasi gazeta, 330 tasi jurnal, 14 tasi axborotnoma-byulleten, 4 tasi axborot agentligi, 68 tasi televedeniya, 37 tasi radio va 418 tasi veb-saytlardir.
Mamlakatimizda istiqlolning ilk yillaridan demokratik huquqiy davlat qurish va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish yo’lida krng ko’lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, axborot va so’z erkinligini ta’minlash, ushbu sohani liberallashtirish O’zbekistonda demokratik, huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatni barpo etishning muhim ustuvor yo’nalishi sifatida belgilandi. 2015-yilda “O’zbekiston Internet jurnalistikasini rivojlantirishning dolzarb masalalari “ mavzusida respublika konferensiyasi o’tkazilgani ayni muddao bo’ldi. Buning natijasida fond yuqori malakali journalist, tahlilchi va sharhlovchilar tayyorlash, nufuzli xalqaro media kompaniyalar, horijiy hamkasblar bilan samarali ijodiy aloqalar o’rnatish, yosh mutaxassislarning kasb mahorati va tajribasini oshirish borasida izchil ishlarni amalga oshirdi. OAV oldiga fikrlar xilma-xilligi, mamlakatimiz va xorijda ro’y berayotgan voqea-hodisalarni hisobga olgan holda, xalqimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarning ochiq va oshkoraligini yanada to’liq ta’minlash, O’zbekistonda hayotga tadbiq etilayotgan tashqi hamda ichki siyosatni yanada faol yoritish vazifasini qo’ymoqda. Buning uchun mamlakatimizda barcha shart-sharoit yaratilgan. Bunday imkoniyatlarga ega bo’lgan va fuqarolik jamiyatining muhim institutlaridan biri hisoblangan O’zbekiston ommaviy axborot vositalari bugungi kunda jamoatchilik fikrini ifoda etadigan, hayotimizning barcha jabhalarini yanada demokatlashtirish yo’lida harakatga keltiruvchi kuch bo’lishi zarur.
Sohibqiron Amir Temur bobomizning : “Adolat va ozodlik dasturingiz va rahbaringiz bo’lsin. Millatning dardlariga darmon bo’lmoq vazifangizdir”, deb aytgan chuqur ma’noli da’vati xalqimizning fidoiy farzandlariga, avvalambor, hamisha el-yurt tashvishi va manfaati bilan yonib yashaydigan siz, matbuot ahliga qaratilgan, desam, o’ylaymanki, ko’pchilik jamoatchiligimiz fikrini ifoda etgan bo’laman. [5]
Ommaviy axborot vositalari, nashriyot va matbaa korxonlari, matbuot tarqatuvchi tashkilotlarni qo’llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan Prezident qaroriga binoan ular uchun yaratilgan imtiyoz va preferensiyalar mazkur tuzilmalarning mustaqilligini so’zda emas, amalda ta’minlashda qulay moliyaviy sharoit tug’dirib, ushbu sohada mehnat qilayotgan ming-minglab ishchi va xodimlarning daromadini, moddiy farovonligini oshirish bilan birga, boshqa bir qator tarmoqlar rivojiga ham katta ijobiy ta’sir ko’rsatmoqda. Bularning barchasi, hech shubhasiz, mamlakatimiz axborot maydonida sog’lom raqobat muhitini yaratish, fikrlar xilma-xilligiga erishish, matbuot minbari orqali barcha ijtimoiy qatlamlarning fikr va qarashlarini ifoda etish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun mustahkam zamin bo’lmoqda.
Demokratik jamiyat taraqqiyotini ommaviy axborot vositalaridan ayricha tasavvur etib bo’lmaydi. Demokratik jamiyatning o’ziga xos xususiyatlarini, insonparvarlik mazmun-mohiyatini, rivojlanish qonuniyatlarini, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’naviy, siyosiy asoslarini omma ongiga yetkazish va targ’ib- tashviqot etishda matbuot, radio va televedeniyaning, barcha axborot vositalarining tutgan o’rni va ahamiyati beqiyosdir.
Buyuk mutaffakkir bobomiz Alisher Navoiyning “Davron elining jismida ham jon bo’lg’il, ham jonlarig’a moyayi darmon bo’lg’il “degan hikmatli so’zlari avvalo sizlar kabi zahmatkash va fidoyi insonlar sha’niga aytilgan, desak, o’ylaymanki, yanglishmagan bo’lamiz. [6]
Mustaqillik yillarida O’zbekistonda ommaviy axborot vositalarining soni 3,6 karra ko’paydi. Mamlakatimizda an’anaviy axborot vositalari bilan bir qatorda, internet jurnalistikasi ham jadal rivojlanmoqda. Jurnalist kadrlarning yangi avlodini, o’z kasbining ustasi bo’lgan yetuk tahlilchi va sharhlovchilarni tayyorlash bo’yicha ham mamlakatimizda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqida so’z yuritganda O’zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetining zamonaviy yangi binosi qurib foydalanishga topshirildi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va chet tillarini, ijodiy mahorat sirlarini puxta egallash uchun barcha zarur moddiy-texnik baza va infratuzilma tarmoqlariga ega bo’lgan ushbu oliy o’quv maskani mamlakatimiz jurnalistlarining intellectual va ijodiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Matbuot va ommaviy axborot vositalarining hayotimizdagi o’rni va ta’siri ortib, xalqimiz o’rtasida “To’rtinchi hokimiyat” sifatida tobora katta ishonch va hurmat qozonib borayotgan ekan, buning negizida, avvalambor, jurnalistlar, ko’p holatlarda ko’zga tashlanmaydigan kamtarin muharrirlar, noshirlar, matbaa sohasi va zamonaviy axborot-kommunikatsiya tarmoqlarining ming-minglab zahmatkash ishchi-xizmatchilarining kundalik og’ir va sermashaqqat mehnati mujassam, desam, o’ylaymanki, ko’pchilikning fikrini ifoda etgan bo’laman.[7]
Matbuot va ommaviy axborot vositalari, nashriyot, matbaa korxonalari va matbuot tarqatuvchi tashkilotlar uchun qo’shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklari berilgani, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo’yicha olib borilayotgan ishlar bugungi kunda o’zining katta maliy samarasini bermoqda.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:
Islom Karimov : ”Mamlakatni modernizatsiya qilish va iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish yo’lida” 2008-yil
Islom Karimov : “Jahon inqirozining oqibatlarini yengish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va tarqqiy topgan davlatlar darajasiga ko’tarilish sari” 2010-yil
Islom Karimov : “ Demokrtatik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish-mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy mezonidir” 2011-yil
Islom Karimov : “ Bizning yo’limiz- demikratik islohotlarni chuqurlashtirish va modernizatsiya jarayonlarini izchil davom ettirish yo’lidir” 2012-yil
Islom Karimov : “ Erishgan marralar bilan chegaralanmasdan, boshlagan islohotlarimzni yangi bosqichga ko’tarish – bugungi kundagi eng dolzarb vazifamizdir” 2015-yil
Islom Karimov : “ Bizning yo’limiz – demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va modernizatsiya jarayonlarini izchil davom ettirish yo’lidir” 2012-yil
Islom Karimov : “ Mamlakatimizni yanada obod etish va modernizatsiya qilishni qat’iyat bilan davom ettirish yo’lida” 2013-yil
www.ziyo.uz
www.kitobxon.uz
www.google.uz
www.gov.uz
www.lex.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |