XV asrdan XIX asrning 2-yarimigacha o‘tgan davrda O‘rta Osiyoda pedagogik, metodik fikr o‘sdi. Bu davrda unga yaqin lug‘atlar va tilshunoslik asarlari (Tali Imomiyning “Badoe al-lug‘at”i (XV asr), Muhid Ali Shamluning “Lug‘ati Navoiy”i (XVI asr), Mustafo binni Sodiqning “Abushqa”si (XVI asr), Fazlullaxonning “Lug‘atiy turkiy”i (XVIIIasr), Mirzo Mehdixonning “Sangloh”i (XVIII asr), Fatx Alixonning “Kitobi lug‘oti atrokiya”si (XIX asr) yuzaga keldi. Ularda tovush va harf, imlo va talaffuz, so‘z ma’nosi va tarjima kabi masalalarni o‘zlashtirishga qaratilgan metodik fikrlar mavjud. XIX asrning 2-yarimida yashab ijod etgan Muqumiy, Furqat, Zavqiy, Komil Xorazmiy, Avaz va boshqalarning asarlarida ifodalangan ilg‘or fikrlar ma’rifatparvar pedagoglar Saidrasul Saidazizov, Is’hoqxon Ibrat, Abduqodir Shakuriy, Saidahmad Siddiqiy, Ismatulla Rahmatullaev va boshqalar faoliyatida ham o‘z ifodasini topdi. Ular yangi usul – “Usuli savtiya” maktablarni tashkil etib, keng xalq ommasiga ilm-fan, madaniyat tarqatish uchun qizg‘in kurash boshladilar. XX asr boshlarida Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy va madaniy va adabiy hayotda jiddiy o‘zgarish yuz berdi. Milliy uyg‘onish harakati kuchaydi, yangi adabiyot yuzaga keldi. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Qodiriy, Mirmuhsin Shermuhammedov, Cho‘lpon kabi shoir va yozuvchilar o‘zbek xalqining ma’rifatli bo‘lishi, milliy va ijtimoiy ongining o‘sishi, yangi tur va mazumnidagi adabiyotni yaratish uchun harakat qildilar. 1918-yilda “Maorif” jurnalida V-VII sinflar uchun ona tili va adabiyot dasturi e’lon qilindi. 1918-yilda “Maorif” jurnalida V-VII sinflar uchun ona tili va adabiyot dasturi e’lon qilindi. 1920- yilda Toshkent eski shahar maorif sho‘basining “maktablar bo‘lakchasi” “Birinchi bosqich el yozoqlarining 1920-1921 o‘quv yili uchun saboq tuzugi (mavzui)» I-V sinflar uchun ona tili va adabiyotdan dastur ishlab chiqadi. « O‘zbek tili o‘qitish metodikasi» fan sifatida XX asrning 30-yillardan boshlab pedagogika bilim yurtlari, oliy o‘quv yurtlarining filologiya fakultetlarida o‘qitila boshlangandan keyin shakllanadi. Dastlab S.A.Fessalonitskiyning «Ona tili metodikasi» (1940-yil) talablar uchun o‘quv qo‘llanmasi sifatida nashr etilgan. Mazkur qo‘llanmada o‘quvchilar nutqini o‘qitish masalalariga katta e’tibor berilgan. Respublikamizda 50- yillardan keyin maktablarda ona tili o‘qitish masalalariga oid bir qator ishlar e’lon qilindi. Jumladan, M.Shamsning «O‘zbek tili o‘qitish metodikasi» (1952), N.Rustamovning «Sintaksis va punktuatciya o‘qitish metodikasi» (1960), N.Abdurahmonovning «O‘zbek tili o‘qitish metodikasi» (1969), Yo.G‘ulomov, I.Rasulov, X.Rustamov va B.Mirzaahmedovlarning «O‘zbek tili o‘qitish metodikasi» (1975) darsliklari shular jumlasidandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |