Qo‘shinlar.
Ahmoniylar davlatida muntazam qo‘shin mavjud
bo‘lib, uning asosini tarkibida o‘n ming jangchi bo‘lgan «abadiy o‘lmas»
polk tashkil etgan. Qo‘shinlarning bosh qo‘mondoni shahanshoh edi.
Harbiy tuzilmada keyingi o‘rinda «xazarpat»-mingboshi turgan.
Ahmoniylar qo‘shinlari quyidagi qismlardan iborat bo‘lgan: 1. – «abadiy
o‘lmas» polk; 2-piyoda qo‘shinlar; 3-otliq qo‘shinlar (suvoriylar); 4-
satraplar qo‘shinlari; 5-yunon yollanmalari; 6-ko‘ngilli qo‘shin.
Qo‘shinning qismlari 10,100,1000, 10000 kiishilik harbiylardan iborat
bo‘lib, har bir qismning tayinlab qo‘yilgan boshlig‘i bo‘lgan.
Yilda bir marta shahanshohning shaxsan o‘zi qo‘shinlarni ko‘rikdan
o‘tkazib, yaxshi xizmat qilganlarni taqdirlagan, harbiy qoidalarni
buzganlarni jazolagan. Butun davlat hududi to‘rtta harbiy okrugga
bo‘lingan. Har bir okrug harbiy boshlig‘i markazdan tayinlanib bevosita
shahanshohga bo‘ysungan. Bosib olingan hududlar va chegara rayonlarda
harbiy gornizonlar joylashtirilgan. Ahmoniylar qo‘shinlarining harbiy
tartibi haqida Gerodot va Kursiy Ruf batafsil ma’lumotlar beradilar. Bu
ma’lumotlarga ko‘ra, ularning asosiy harbiy qurollari qilich, gurzi, o‘q-
yoy, qalqon, xanjar, harbiy bolta va nayzalardan iborat bo‘lgan.
71
Yuqorida ta’kidlanganidek, Ahmoniylar bosib olgan barcha
hududlar satrapiya hokimliklarga bo‘lingan bo‘lib ularni fors podsholari
tomonidan tayinlab qo‘yilgan satrap-hokimlar boshqarganlar. Gerodot
ma’lumotlariga ko‘ra, Baqtriya XII satrapiya bo‘lib 300 talant (talant-
Bobil pul birligi bo‘lib, 1 talant 30 kg dan ziyodroq kumushga teng),
saklar va kaspiylar XV satrapiya bo‘lib 200 talant Xorazm, So‘g‘d,
Parfiya va Ariya XVI satrapiya bo‘lib 300 talant miqdorda yillik soliq
to‘lar edilar. Shuningdek, O‘rta Osiyoliklar soliq sifatida qimmatbaho
toshlar, chorvachilik va dehqonchilik mahsulotlarini ham fors
podsholariga berib turganlar.
Mil. avv. VI-IV asrlar O‘rta Osiyo viloyatlarida ijtimoiy-iqtisodiy
va madaniy hayot ancha rivojlanadi. Bu davrda Baqtriya yirik davlat
bo‘lib, fors podsholarining Sharqdagi yirik markazlaridan biri edi.
So‘nggi yillarda O‘rta Osiyoning janubida olib borilgan arxeologik
qazishmalar natijasida Qadimgi Baqtriya hududidan o‘ttizdan ziyod
ahmoniylar davriga oid manzilgohlar ochilgan. Ularning har birida
o‘zlashtirilgan maydonlar va sug‘orish tartibidan tashqari turar joylar va
xo‘jalik xonalari, mehnat va harbiy qurollar, kulolchilik buyumlarining
qoldiqlari mavjuddir.
Bu davr Baqtriya aholisining asosiy mashg‘uloti dehqonchilik edi.
Qalayimir, Kuchuktepa, Qizilcha, Bandixon kabi ko‘plab yodgorliklardan
dehqonchilik bilan bog‘liq bo‘lgan mehnat qurollari-o‘roqlar, ketmonlar,
yorg‘uchoq va dehqonchilik mahsulotlari qoldiqlarining topilishi
dehqonchilikdan dalolat berib, dehqonchilik asosan sun’iy sug‘orishga
asoslanganligini ko‘rsatadi.
Baqtriyaning poytaxti qadimgi Baqtra (Hozirgi Balx) shahrida
qazish ishlari olib borilib, u yerdan topilgan kulolchilik buyumlari ko‘hna
shaharning eng qadimgi qatlamlari mil. avv. I ming yillikning o‘rtalariga
oid ekanligidan dalolat beradi.
Bu davrda Baqtriyada badiiy hunarmandchilik ham yuqori darajada
bo‘lgan. 1877 yilda Kobadiyon bekligi (Tojikiston) dan oltin va
kumushdan iborat katta xazina topilgan. “Amudaryo xazinasi” nomi bilan
mashhur bo‘lgan bu xazinada oltin va kumushdan quyilgan jang aravalari,
jangchilar qiyofasi, hayvonlar tasvirlarini uchratish mumkin. Bu xazina
mahalliy ustalar ijodi bo‘lib, mil. avv. V-IV asrlarga oiddir.
Mil. avv. VI-IV asrlarda So‘g‘diyona hududlarida ko‘plab shahar va
qishloqlar bo‘lib, ular fors podsholariga katta-katta soliqlar to‘lab turar
edilar. Arxeologik tadqiqotlar natijasida Zarafshon va Qashqadaryo
vohalaridan bu davrga oid Uzunqir, Yerqo‘rg‘on, Daratepa, Sangirtepa,
72
Lolazor, Afrosiyob, Xo‘ja Bo‘ston kabi 50 dan ziyod ko‘hna shahar va
manzilgohlar ochib o‘rganilgan.
So‘g‘diyonaning poytaxti bo‘lgan Afrosiyob (Samarqand)da shahar
hayotining rivojlanishi So‘g‘diyona va butun O‘rta Osiyodagi siyosiy va
iqtisodiy hayotning yuksalishi hamda inqirozi bilan muvofiq tarzda
kechgan. So‘g‘diyonaning “ikkinchi poytaxti” bo‘lgan Yerqo‘rg‘onni
(Qashqadaryo) tadqiqotchilar yunon-rim tarixchilari tomonidan eslatilgan
Ksenippa viloyatining markaziy shahri deb hisoblaydilar.
So‘g‘diyona hayotida dehqonchilik katta ahamiyatga ega edi.
Shunisi muhimki, dehqonchilik sun’iy sug‘orishga asoslangan bo‘lib, bu
haqda yozma manbalar ma’lumot beradi. Xususan, Straboning yozishicha,
Politimet (Zarafshon) daryosi vohadagi eng katta suv manbayi bo‘lib,
sug‘oriladigan yerlarga kanallar orqali suv chiqarilgan. Qo‘hna
shaharlarda esa hunarmandchilik va savdo-sotiq rivojlanib borgan.
Mil. avv I ming yillikning o‘rtalarida Xorazm ham rivojlanish
jarayonini boshdan kechiradi. Xorazm tadqiqotlari natijalariga qaraganda
VI-IV asrlarda bu hududda yirik-yirik manzilgohlar mavjud edi. Bu
davrda Xorazmda inshootlar qurilishida xom g‘isht, paxsa ishlatilgan.
Manzilgohlar va turar joylardan topilgan topilmalarning boy va
qashshoqligi bu yerda mavjud bo‘lgan ijtimoiy va mulkiy tengsizlikdan
dalolat beradi. Shaharlar aholisining asosiy mashg‘uloti hunarmandchilik
bo‘lgan. Ko‘plab topilgan sopol, bronza, temir buyumlar fikrimiz dalilidir.
Xorazmda bu davrda mahalliy o‘troq aholidan tashqari ko‘chmanchi
chorvadorlar ham yashagan bo‘lib, ular o‘rtasida doimiy harbiy
to‘qnashuvlar, iqtisodiy va madaniy munosabatlar bo‘lib turgan.
O‘rta Osiyo xalqlari ahmoniylar madaniyat yodgorliklari bunyod
etilishida katta hissa qo‘shdilar. Bu davrda O‘rta osiyo xalqlari ilk marta
zarb qilingan tanga pullar bilan tanishdilar. O‘rta Osiyo hududidan
ahmoniylar pul tartibiga oid oltin dariklar va boshqa tangalar topilgan.
Ahmoniylar davrida ko‘pgina Sharq xalqlarining siyosiy birligi - butun
jahon tarixida, iqtisodiy va madaniy rivojlanishida muhim davr bo‘lib
qoldi. Bu o‘rinda O‘rta Osiyo hududidagi xalqlar va qabilalarning ham
hissasi nihoyatda katta bo‘ldi.
Ma’lumki, ahmoniylar davlati turli xalqlar va elatlarni bosib olib
birlashtirish yo‘li bilan tashkil topgan edi. Bu davlat tarkibidagi xalqlar
doimiy ravishda o‘z ozodligi va mustaqilligi uchun kurash olib bordilar.
Undan tashqari ahmoniy hukmdorlarining taxt uchun kurashlari ham
davlatni zaiflashtirib bordi. Mil. avv. IV asrning o‘rtalaridan boshlab esa,
Bolqon yarim orolidagi shahar-davlatlar kuchaya boshlaydi. Bu davrda
73
Makedoniya podshosi Fillip II Bolqon yarim orolida o‘z mavqeini
mustahkamlab oldi va ahmoniylarga qarshi kurashga tayyorgarlik ko‘ra
boshladi.
Fillip II o‘z davriga mos harbiy islohotlar o‘tkazib tartibli va yaxshi
qurollangan qo‘shin tuzishga muvaffaq bo‘ldi. Mil. avv. 336 yilda
ahmoniylar davlatiga qarshi kurash boshlandi. Ammo, Fillip II ning
o‘ldirilishi tufayli bu kurash to‘xtab qoldi. O‘sha yili taxtga Fillip II ning
o‘g‘li 20 yoshli Iskandar (Aleksandr) o‘tirdi. Bu paytga kelib, yunon
shahar-davlatlarida Iskandarga qarshi harakatlar boshlangan bo‘lib, yosh
podsho bu harakatlarning barchasini shafqatsizlik bilan bostirdi. Iskandar
ahmoniylarga qarshi urushga jiddiy kirishib Kichik Osiyodan Parmenion
boshliq qo‘shinlarni chaqirtirdi. Harbiy kengash tuzib quruqlikda va suvda
harakat qilayotgan qo‘shinlar oldiga aniq vazifalar qo‘ydi.
Mil. avv. 334-yilning bahorida makedon qo‘shinlari “urush olovini
Osiyoga, Osiyo baxtini esa o‘zimizga qaratamiz” shiori ostida forslarga
qarshi yurish boshladi. Mil. avv 334-yil may (Granik daryosi yonida),
333-yil noyabr (Issa shahri, Suriya chegarasida), 331-yil oktyabr
(Gavgamela, Shimoli-sharqiy Mesopotamiyada) bo‘lgan hal qiluvchi
janglarda fors qo‘shinlari to‘la mag‘lubiyatga uchradi. Arrianning
ma’lumot berishicha ahmoniylarning so‘nggi hukmdori Doro III
Baqtriyaga qochib ketadi va Baqtriya satrapi Bess tomonidan fitna
uyushtirilib o‘ldiriladi.
Mil. avv. 330-329-yillar qishida Makedoniyalik Iskandar qo‘shinlari
Hinduqush dovonidan o‘tib Shimoliy Baqtriya yerlariga chiqib keladilar.
Bess o‘z qo‘shinlari bilan Iskandarga qarshi chiqdi. Ammo, tajribali
yunon-makedon
qo‘shinlaridan mag‘lubiyatga uchradi. Iskandar
Baqtriyaning poytaxti Baqtra shahri, Aorn, Drapsak kabi mustahkam
qal’alarni egalladi.
Mil. avv. 329-yilning bahorida Makedoniyalik Iskandar qo‘shinlari
Oks (Amudaryo) bo‘ylariga yetib kelib katta qiyinchilik bilan daryoni
kechib o‘tdilar. Daryodan o‘tgan qo‘shinlarning dastlab Ptolemey Lag
boshchiligidagi ilg‘or qismi keyin esa asosiy qo‘shinlar Navtaka
viloyatiga (Sharqiy Qashqadaryo) kirib boradilar. Bu yerdan esa Iskandar
qo‘shinlari So‘g‘diyonaning poytaxti Marokandaga (Samarqand) yo‘l
oldilar. Kursiy Ruf ma’lumotlariga qaraganda, yunon-makedon
qo‘shinlari Maroqandani egallashda unchalik qarshilikka uchramadilar va
“shaharda o‘z garnizonlarini qoldirib, yaqin atrofdagi qishloqlarni
yondirib va vayron etib”, shimoli-sharqqa tomon harakatlana boshladilar.
74
Maroqandadan so‘ng yunon-makedon qo‘shinlarining yurishi
nihoyatda og‘ir kechdi. Mahalliy so‘g‘diy aholi dushmanni o‘ta norozi
kayfiyatda kutib oldi hamda bir tan- bir jon bo‘lib unga qarshi chiqdi. Ular
o‘z yerlarining ozodligi va mustaqilligini mardonavor turib chet el
bosqinchlaridan himoya qildilar. Iskandar Ustrushonaning (Samarqand va
Jizzax oralig‘ida) tog‘li hudud aholisini qiyinchilik bilan yenggach dasht
ko‘chmanchilari (saklar) va o‘troq aholi (so‘g‘diylar) o‘rtasida chegara
hisoblangan Yaksart (Sirdaryo) tomonga harakat qila boshladi. Yunon-
makedonlar daryo bo‘yida to‘xtab bu yerdagi shaharlarga o‘z harbiy
qismlarini joylashtira boshladilar. Ko‘p o‘tmay bu shaharlar aholisi
Iskandarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘taradilar. Daryoning o‘ng qirg‘og‘idagi
saklar ham o‘z qo‘shinlarini bir yerga to‘play boshlaydilar. Xuddi shu
paytda Baqtriya va So‘g‘diyona hududlarida ham Iskandarga qarshi
qo‘zg‘olonlar boshlanib ketadi.
Iskandar dastalab Yaksart bo‘yida o‘z mavqeini mustahkamlashga
qaror qilib, bu yerdagi qo‘zg‘olonlarni bostirdi. So‘g‘diyonada mil. avv.
329 yil kuzida Spitaman boshchiligidagi qo‘zg‘olonni (Maroqandada)
bostirish uchun sarkarda Farnux boshchiligidagi qo‘shinlarni jo‘natdi.
O‘zi asosiy kuchlar bilan saklar ustiga yurish qildi. Ammo bu yurish
muvaffaqiyatsiz tugadi.
Farnux boshchiligida Maroqandaga jo‘natilgan qo‘shinlar Spitaman
tomonidan mag‘lubiyatga uchradi. Iskandarning o‘zi asosiy kuchlar bilan
So‘g‘diyonaga qaytishga majbur bo‘ldi. O‘rta Osiyo hududlarida
ko‘tarilgan qo‘zg‘olonlar yunon-makedon zulmidan ozod bo‘lishga
qaratilgan bo‘lib, Iskandarning “varvar”larni osonlikcha bosib olmoqchi
bo‘lgan rejalarini puchga chiqardi.
So‘g‘diyonaning tog‘li hududlaridagi bosqinchilar qadami yetmagan
joylarda qo‘zg‘olonchilar yashirinib olgan edilar. So‘g‘diyonaning deyarli
barcha aholisi Spitaman tomonida bo‘lib, uning g‘alabalariga katta umid
bog‘lagan edilar. Iskandar esa, mil. avv. 329-28 yillar qishlovini
Baqtriyada (ba’zi manbalarda Navtakada deyiladi) o‘tkazar ekan vaqtni
behuda ketkazmadi. U bu yerda Xorazm hukmdori Farasman bilan
muzokaralar olib bordi. Natijada Iskandarning Xorazmga yurish rejasi
to‘xtatildi.
Mil avv. 328-yilning bahoridan yunon-makedonlarga qarshi kurash
yana avj oldi. Mahalliy aholi yirik shaharlar, qal’alar, tog‘li hududlarda
kurashni davom ettirdilar. Ahvol jiddiylashganidan xavotirga tushgan
Iskandar 30 ming qo‘shinini 5 guruhga bo‘lib, bu guruhlarga ishonchli
75
sarkardalar-Gefestion, Ptolemey Lag, Perdikka, Ken va Artabozlarni
boshliq etib tayinladi.
Yunon-makedonlarning shafqatsiz urushlari natijasida ko‘pgina
mahalliy aholi qirilib ketdi. Qolganlari ham tog‘li hududlarda kurashni
davom ettirdilar. Bu o‘rinda Spitamanning jasorati haqida to‘xtalish
joizdir. U doimo raqiblarining zayif joylarini izlar va ularga aynan o‘sha
joylardan zarbalar berar edi. Spitaman so‘g‘diy va baqtriyalik zodagonlar,
hamda saklar bilan ittifoqlikda dushmanga qarshi kurashishga harakat
qildi. Manbalarning ma’lumot berishicha mil. avv. 328-yilning oxirida
Spitaman o‘z vatandoshlari xiyonatining qurboni bo‘ladi. Spitaman
tajribali davlat arbobi va sarkarda bo‘lib, u bosqinchilarni Ona-yurtidan
haydab chiqarishi uchun imkoniyati bo‘lgan barcha tadbirni ko‘rdi,
choralardan unumli foydalanishga harakat qildi. U mohir sarkarda bo‘lib
dushmanning kichik xatosidan ham unumli foydalanar va uning zayif
tomonlarini topishga harakat qilardi. Ammo, Iskandar harbiy kuch-qudrati
jihatdan Spitamandan ustun edi.
Spitaman halok bo‘lganidan so‘ng asosan tog‘ qal’alari qo‘zg‘olon
o‘choqlariga aylanadi. Yozma manbalarda eslatilgan “So‘g‘d qoyasi”
(yoki “Arimaz qoyasi”), “Xoriyen qoyasi” shular jumlasidandir.
Makedoniyalik Iskandar mahalliy aholini kuch bilan yengish
nihoyatda og‘ir ekanligini anglab yetganidan so‘ng turli yo‘llar bilan
ularga yaqinlashishga qaror qildi. Mahalliy xalq vakillariga nisbatan
siyosatini tubdan o‘zgartirdi. Xususan, zardo‘shtiy kohinlariga birmuncha
erkinliklar berib o‘zi ham bu dinni qabul qildi. Qo‘zg‘olon boshliqlari
Oksiart, Sisimitr, Xoriyen kabilarni avf etib, mol-mulklarini qaytarib
berdi. Hatto, qo‘zg‘olonga qatnashganlarga mukofotlar tarqata boshladi.
Mahalliy aholi bilan qarindoshlik munosabatlarini o‘rnatib Oksiartning
qizi go‘zal Roksanaga (Rohshanak) uylandi. Natijada mahalliy
zodagonlarninng deyarli barchasi Iskandar hokimiyatini tan olib uning
xizmatiga o‘tib ketdilar. Mil. avv. 327-yilning oxirida So‘g‘diyonadagi
qo‘zg‘olonning so‘nggi o‘choqlari ham bostirildi.
Yunon-makedon bosqinchilariga qarshi uch yil davomida kurash
olib borar ekan, O‘rta Osiyo xalqlari mislsiz jasorat namunalarini
ko‘rsatdilar. Ular yunonlar o‘ylaganidek, “varvarlar” va madaniyatdan
orqada qolgan emas, balki o‘z davrining yuksak harbiy san’ati va
madaniyatiga ega ekanliklarini namoyish etdilar. Iskandar qo‘shinlari
butun Sharq davlatlarini o‘zlariga bo‘ysundirganlarida So‘g‘diyona va
Baqtriyadagi kabi qattiq qarshilikka uchramagan edilar. Bu holni Iskandar
tarixini yozgan ko‘pgina qadimgi davr tarixchilari ham e’tirof etadilar.
76
O‘zbekiston hududlarida yashagan mahalliy aholi qadimgi
davrlardan boshlab bosqinchilarga qarshi ayovsiz kurash olib borib o‘z
ozodligi va mustaqilligi yo‘lida bir tan-bir jon bo‘lib harakat qilganlar.
Ammo kuchlar nisbati va harbiy texnikaning teng emasligi ko‘p hollarda
bosqinchilar ustunligini ta’minlagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |