Ma poi ch’i’ fui al piè d’un colle giunto, la dove terminava quella valle 15 che m’avea di paura il cor compunto…
Tarjimasi:
Bir do‘nglik poyiga yetdim har holda – Shunda tugab edi anov vodiy ham 15 Dahshat-la qalbimni etib aftoda – …
II. Xaloskor tepalik
Shoir “Valle”yu [“Vodiy”] “Selva”ning baridan bir amallab chiqqach, o‘rmon nihoyasidagi adirga qadam qo‘yib, tepaga ko‘tarila boshladi. Shunda Dante “So‘ng ko‘kka boqdim-u, ko‘rdim har odam, Har kasga yo‘l aro hodiy yulduzning Nuriga chulg‘angan nishabni shu dam”, deydi:
guardai in alto, e vidi le sue spalle vestite gia de’ raggi del pianeta 18 che mena dritto altrui per ogne calle.
Sayyora (Quyosh)5 nurlari Dante qalbini ham yoritdi. Bu holni yorug‘likka chiqayotgan adib “O‘shal chog‘ so‘nmishdi bir zum ko‘ngulning Qonli g‘arqobi-la bardavom dahshat, Ne hasratda kechgach har oni tunning”, deya ta’riflaydi:
Allor fu la paura un poco queta che nel lago del cor m’era durata 21 la notte ch’i’ passai con tanta pieta.
Dante xiyol vaqt tin oldi. U nihoyatda toliqqan edi. Ana o‘sha charchog‘u sarson-sargardonlikning, ruhiy zo‘riqishning oqibati, ta’siri endi bilinmoqda. Demak, zamindagi hayotimiz mana shunday darbadar kezish, uqubat chekish, aldanish va lekin baribir Haq sari intilishdan iborat ekan. Najot tepaligi bo‘ylab asta yuqorilayotgan shoir shularni o‘ylarkan, o‘zidagi bu holatni g‘arq bo‘lishdan qutulishga o‘xshatadi: E come quei che con lena affannata uscito fuor del pelago a la riva 24 si volge a l’acqua perigliosa e guata,.. così l’animo mio, ch’ancor fuggiva,..
Tarjimasi:
Va bo‘g‘iq nafas-la dengizdan faqat Sohilga chiqiboq qo‘rqinch suv tomon 24 Burilib, tik boqqan kishidek albat,
Mening ham zor ruhim oshiqib hamon…
Shu tariqa Dante ham tubsizlikdan chiqib oldi. Bu “Pelago” [“Dengiz”, “O‘pqon”] xilma-xil ko‘rinishli, ammo xira va aldoqchi dunyoning sifatlaridandir. U osiy bandalarni o‘z qa’riga yutaveradi. To‘g‘ri yo‘ldan adashganlar esa o‘sha yuho dengizga yem bo‘lishlaridan, naqadar tubanlashib ketishganidan bexabardirlar (Ha, Dantening g‘oyibona ustozlaridan biri faylasuf Seneka ham bejizga “Ayrimlar zulmatga shu qadar botganlarki, yorug‘likdagi hamma narsani noaniq ko‘radilar”,6 deya Pomponiydan iqtibos keltirmagan!). Buni anglab yetishganda esa ruhlari tanadan ayro holda jahannamda azob chekayotgan bo‘ladi. Biroq jahannamning o‘sha sababkori – “Paura”, nafsdan paydo “Sonno” hamda shoir xulosalarining uchinchisi sanalmish asosan tunga mansub gunohkorlar – shahvatparastlardan qoraygan jirkanch “Pelago” kabi mo‘’jaz obrazlarning umumlashmasi, o‘z navbatida dorulfano timsoli hisoblangan “Selva” (“O‘rmon”) barchani ham mahv etolmaydi. Imoni but bandalar uni yengib o‘tgaylar. Asar qahramoni Dante ham shular safida. U ming mashaqqat bilan changalzordagi tikanli shoxlardan, chirmovuqlardan qutulib, boya uchlikda tilga olgani – “La riva”ga yetdi. Ushbu najotkor “Sohil” shoir jon-jahdi-la tirmashayotgan balogardon tepalikning ramzidir. Vazifasiyu xususiyatlari o‘sha adirga mengzalgan “Sohil” timsoli “Dengiz”u “O‘pqon”ga, ya’ni ”Pelago”ga qarama-qarshi turadi.
Dantening “…con lena affannata Uscito fuor del pelago a la riva…” satrlari vositasida biz anchadan beri ta’rifu tavsifini keltirayotganimiz makon va undan tashqariga chiqish, to‘g‘rirog‘i, XALOS BO‘LISH hodisasi7 tasviri va g‘oyalarining bunday murakkabu muxtasar xulosasi singdirilgan misralardagi ana o‘sha ikki logos – “Pelago” hamda “Riva” tushunchalari “Balo” va “Balogardon”likning ham simvolidir. Dantening hozirgacha kechgan umri mana shu “Balo” hamda qisman “Balogardon”da o‘tdi. Bu jarayonni “… fuor del pelago a la riva…” (“…dengizdan sohilga…”) jumlasi dohiyona ifodalaydi. Xullas, bu yo‘l “Pelago”dan uning muqobili “Riva”ga qadar cho‘zilgan.
Umuman, qarama-qarshilik, zidlik hosil etgan bu kabi obrazlar “Komediya”ning ilk qo‘shig‘ida yetarlicha uchraydi:
1. “Oscuro” [“Zim-ziyo”] — “De’ raggi del pianeta” [“Sayyora nurlari”]
Do'stlaringiz bilan baham: |