2. “Amaro” [“Achchiq”, “Zulmkor”] — “Pianeta” [“Sayyora”]
3. “Valle” [“Vodiy”] — “Colle” [“Adir”]
Old qatorlarda tilga olingan kuchlardan eson-omon qutulgan Dante endi xuddi Eney va avliyo Pavel kabi tanu ruh birligida boqiy dunyoga jo‘nashi lozim edi (hali uning o‘zi bundan bexabar!). Shu asno ilohiy kuchlar inoyati-la “rihlat so‘qmog‘i”ga shoirning ko‘zi tushdi. Bu yo‘l sayyohning sayyoralarga – behisht ko‘klari sari borishida ko‘prik bo‘lmog‘i lozim. Boya bir necha bor ta’kidlaganimiz – qazo qilmay turiboq fano dunyosini tark etish tadorigidagi Dante ko‘zlagan mazkur so‘qmoq aslida o‘zi o‘rmonda yo‘qotgani “Verace via” [“Haqiqat yo‘li”]dir:
…si volse a retro a rimirar lo passo 27 che non lasciò già mai persona viva.
Tarjimasi:
Yuzlanmish ortiga yo‘lin ko‘rgali – 27 O‘tmabdir hargiz ul yo‘ldan tirik jon.
Ayni damda bir oz tinchlangan, biroq najotga muhtoj Dante Yaratganning marhamatiga musharraf bo‘lmoqda:
Poi ch’èì posato un poco i corpo lasso, ripresi via per la piaggia diserta, 30 sì che ‘l piè fermo sempre era ‘l più basso.
Tarjimasi:
Horg‘in vujudim sal tin olgach hali, Xilvat yonbag‘irdan o‘rlayverdim man 30 Zildek poyim nuqul toyg‘angan sari.
III. Uch yirtqich
Ayni damda o‘zi qadam qo‘ygan “Passo” [“Odim”, “Kechuv”]ga – o‘tkinchi dunyo va boqiy olam o‘rtasidagi ko‘prikka yetib kelguniga qadar ancha-muncha baloning changalidan chiqa olgan Dante barcha ofatlar daf bo‘ldi deb o‘ylagandi. Ammo…
Ed ecco, quasi al cominciar de l’ erta, una lonza leggera e presta molto, 33 che di pel macolato era coverta;
Tarjimasi:
Mana, nishabning naq boshida aynan Bir qoplon uchramish chaqqonu ildam, 33 Chulg‘agan xol-xol yung ani tamoman.
Changalzor kasofati butkul tugamagan ekan. Undagi hayvonlar – bu dunyo illatlari Haq manziliga borishga monelik qilmoqda. Ulardan dastlabkisi esa “Selva oscura”ning “mahsul”i, Semiramida, Kleopatra, Axilles, Paris, Yelena kabi jahonga dong‘i taralgan shohzodalarni ham o‘z komiga tortgan shahvatparastlik [Bu kishilar shunday gunohlari uchun do‘zaxning ikkinchi qavatida jazolanadi (5-qo‘shiq)]ning ramzi, “Pelago”da vujudga kelib, uni makon tutganidan hamma yog‘i dog‘, chirkin maxluq yaguardir.
Ayni shu hayvon rom etguvchi o‘tkir tishu panjalari bilan sudraydigan o‘sha joy – qop-qora botqoqlik shu qadar chuqurki, uning eng teran qa’ri albatta jahannamga eltadi. Qizig‘i, “Pelago”da tubanlashganlar do‘zaxda kuchli shamol dastidan havoda xoru xas singari chirpirak bo‘lib uchib yuradi. Ha, shunday, qoplonga ergashganlar oniy dunyoning oniy lazzati deb boqiy dunyoning boqiy azoblariga mahkumdir. Dante esa o‘rmonning boshqa ulkan illatlari qatori “Qoralik”ni ham ma’nan yengib o‘tgandi.
Endi “Selva” so‘nggi kuchlarini ishga solmoqda: moddiy dunyoning moddiy ko‘rinishdagi atributlari – yirtqich hayvonlar hidoyat sari ketayotgan adibni yo‘ldan urishga urindi. Buni ayniqsa, “Lonza”, ya’niki qoplon ma’lum vaqt osongina uddaladi:
e non mi si partia dinanzi al volto, anzi ‘mpediva tanto il mio cammino, 36 ch‘ì’ fui per ritornar più volte voltò.
Tarjimasi:
Ko‘z oldimdan nari ketmasdi hech ham, Yo‘limni to‘sdi ul bil’aks shu qadar, 36 Qaytmoqqa necha bor chog‘langan bo‘lsam.
Dantening gangib qolishiga sababkor bu qoplon tunda juda faol. Chunki uning “homiyligi”dagi zinokorlik ko‘proq qorong‘ilikka moyil. Aynan shunday paytlarda shahvoniy nafs bandalari qop-qora balchiqqa belanadi. Masalaga ma’naviy-axloqiy jihatdan yondashsak, shuning uchun ham bundaylarning xuddi qoplon kabi tanayu yuzini qop-qora dog‘ bosgan. Lekin ular kun yorug‘ida o‘zlarini oppoq, pokdomon qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lishadi. Agar buni eplay olishmasa, in-inlariga kirib ketishadi. Mazkur toifaga xos osiylikning obrazi sanalgan “Lonza” ham shu holga tushdi:
Temp’ era dal principio del mattino, e‘l sol montava ‘n sù con quelle stele 39 ch’eran con lui quando l’amor divino
mosse di prima quelle cose belle;..
Tarjimasi:
Bo‘sag‘ada edi shu chog‘ tongotar, Oftob ham yuksalmish yulduzlar birlan – 39 Anga esh bo‘lgandir ul sitoralar
Ilk daf’a kuch olgach ilohiy ishqdan;
Shu topda tangri olamni yaratgan damdagidek holatni ko‘rish mumkin edi8. Yodingizdadir, Uning (Xalloqning) darakchisi quyosh tepalik cho‘qqisiga ziyo sochib, Dantega Haqdan ilk nishona bergandi. Endi esa qorong‘i osmon asta-sekin moviy tusga kira boshladi. “Aylabdir shunchalik asosu dalil Xayrixoh umidim xoldor yirtqichdan Shul ajib lahzayu dilrabo fasl;” deydi shunda shoir:
…sì ch’a bene sperar m’ era cagione 42 di quella fiera a la gaetta pelle l’ora del tempo e la dolce stagione;
Shahvatparastlikka – “Lonza” [“Qoplon”]ga nisbatan cheksiz nafrat tuygan Dante sal oldin undan qo‘rqqan ham edi. Shu bir lahzalik sarosima, esankirash, ishtiboh oxir-oqibat “Dahshat”ga evrildi – viqori-la tahlika soluvchi arslon paydo bo‘ldi:
…ma non sì che paura non mi desse 45 la vista che m’apparve d’un leone.
Tarjimasi:
Lek bir sher sumbati ko‘rinib, mani 45 Dahshat-la baribir etdi-ku azl.
Dante yorug‘ dunyo – aslida-chi, qorong‘i o‘rmon, ya’ni “Selva oscura”ning qarosidan, shu bilan birgalikda o‘sha changalzordagi zo‘ravonlik, oqibati ezgin holat, achchiq xotira, ayanchli qismat bo‘lguvchi zulm – “Amaro” hamda yirtqichlarcha yovvoyilik, tamagirlik timsoli – “Selvaggio”dan ham ilgari ruhan ustun chiqqandi. Oldin chaqirtikanaklar, o‘tib bo‘lmas shox-shabbalar, labirintmonand tor yo‘llaru ularning vahshatli mahobati adibga uqubat keltirgan esa, shu topda o‘sha “Dahshat”ning umumiy jamlanmasi – “Leone” [“Arslon”] yana bir bor Danteni o‘z komiga tortmoqchi. Bu kom oldin zulm ko‘rib, so‘ng o‘zi ham zulmkorga aylanganlarni “Pelago”ga o‘xshab yutib yuboradi. Faqat tafovut shundaki, uning nihoyasi tomuqning ikkinchi qavatidan ham battarin yettinchi qavatidadir.
Hali ancha vaqtdan keyin o‘sha rutubatli, mudhish joyning ilk sathida hodiy Vergiliy hamda Dante Flegeton daryosining qaynoq qonli mavjlarida qovrilib azob chekayotgan Aleksandr, Dionisiy, Asolino, Obisso d’Este, Gi de Monfora, Attila, Pirr, Sekst, Rinyer de’ Passi, Rinyer Korneto hamda shu kabi turli zolim, qonxo‘r hukmdorlarni, qaroqchiyu qotillarni (12-qo‘shiq), uchinchi sathda esa o‘tli yomg‘ir, samum ostidagi mag‘rur Kapaneyday tangriga-da bepisand boqqan mutakabbirlarni uchratadi (14-qo‘shiq). Mazkur gunohkor bandalar bir paytlar hozir biz ko‘rayotgan yoldor, mag‘rur arslonning, to‘g‘rirog‘i, “Paura” [“Dahshat”]ning “Yovvoyi” changaliga tushib, “Qop-qora” hiqildog‘iga yutilgan. Shu bo‘yi ular marhumlar ruhini o‘zlariga mos joylarga hukm qilguvchi Minosning ixtiyori (5-qo‘shiq)ga yuborilgan.
Hozir ham yangi qurbon ilinjida arslon shoir tomon bostirib kelmoqda:
Questi parea che contra me venisse con la test‘alta e con rabbiosa fame, 48 sì che parea che l’aere ne tremesse.
Tarjimasi:
Kelibdir go‘yo u chovut solgani Boshin tik tutgancha yutoqib chunon, 48 Shu bois havo ham titrar baayni.
Ma’lumki, har qanday qon to‘kish, xunrezlik, zulm irodasizlik va jilovsiz nafs orqasida voqe’dir. “Arslon”ga ergashgan beshafqat, johil kimsalarning aqlini o‘g‘irlagan ana shu manfaatu nafs xudobexabarlik, g‘aflat, “Sonno” (bu to‘g‘rida avval alohida qayd etgan edik!)dir. U ham hamisha zo‘ravonlikka yovuq. Ma’naviy uyqu domidagilar, nuqul jig‘ildon tashvishida yashaguvchilar quturib, hayvoniy nafsini qondirish maqsadida xundan, vahshiylikdan toymaydi. Vahshat, kibr esa Hidoyatga intilguvchi qalb uchun Dahshatli Zulmdir.
Mana, nihoyat, o‘sha arslonning sherigi, ochko‘z, mechkay, “Paura” yoki “Selva” yoxud dorulfanoning uch atributidan biri, “Selvaggio” [“Yovvoyi”], yorug‘ olamning eng xarakterli ramzi bo‘lmish aldoqchi xira tush – “Sonno”, xullas, shuning kabi sifatlaru xususiyatlar egasi – “Lupa” [“Bo‘ri”] ham Dante qarshisida shay:
Ed una lupa, che di tutte brame sembiava carca ne la sua magrezza, 51 e molte genti fé già viver grame,..
Tarjimasi:
Tag‘in-chi bir qashqir – nafs sabab chandon Ko‘rinib qoq suyak, to‘zg‘in raftorda, 51 Ko‘plarni aylagan xoru sargardon…
Bu hayvon ko‘plarni Nafsning Yovvoyi Uyqusi-la avrab, ochofat Chakkolarga u dunyoda ham taqdirdosh qiladi: do‘zaxning uchinchi doirasida bahaybat ochko‘z mahluq – ko‘ppak Serber hamda shiddatkor selu yomg‘ir dastidan ularning terisi shilinadi, o‘zlari loyga botiriladi (6-qo‘shiq). Ana o‘sha Serberga o‘xshash “Bo‘ri” esa Dante qalbidagi so‘nggi umid uchqunini o‘chirmoqda:
… questa mi porse tanto di gravezza con la paura ch‘uscia di sua vista, 54 ch‘io perdei la speranza de l’altezza.
Tarjimasi:
Shu maxluq ham etgach meni aftoda Avzoyin qoplamish dahshat-la nogoh, 54 Yuksakdan umidim uzdim shu topda.
Adib “Altezza” [“Balandlik”] sari intilmoqda edi. “Yuksaklik”ka nisbatan mana shu umid, ishonch, e’tiqod uni omon saqlab keldi. Afsuski, “Lupa” aynan “Speranza” [“Umid”]ga hujum qildi. Dante qalbidagi bu yo‘qotish esa davlatmand kishining butun boshli xazinasidan, mol-dunyosidan ajrashiga barobardir:
E qual i quei che volontieri acquista, e giugne ‘l tempo che perder lo face, 57 che ‘n tutt ‘i suoi pensier piange e s’attrista;..
Tarjimasi:
Zo‘r berib zar yiqqan qay kimsa bir chog‘ Ko‘rsa gar barin boy bermak pallasin, 57 G‘amnok o‘ylar ichra chekkaydir oh-voh –
Tama, hakalak otgan nafs jamiki ezgulikning dushmanidir. Aynan uning “Dahshat”i “Umid” [“Speranza”]ni mahv etayozdi. Keyin qarabsizki, ko‘ngil “Quyosh”i [“Sol”]dan yiroq ochko‘zlikning Qaro Dengizi Danteni yana o‘sha “Selva” ko‘rinishida “yutib yubordi”:
tal mi fece la bestia sanza pace, che, venendomi ‘ncontro, a poco a poco 60 mi ripigneva la dove ‘l sol tace.
Tarjimasi:
Shunday ko‘yga soldi tiymasdan nafsin, Baqamti kelgancha yirtqich ohista, 60 Quvib meni nursiz ma’voga tag‘in.
Do'stlaringiz bilan baham: |