Zo‘ravonlik (bosqinchilik) nazariyasi. Davlat va huquqning kelib
chiqishi haqidagi bu nazariyaning namoyandalari K. Kautskiy, L. Gumplovich, Е. Dyuring va boshqalardir. Bu nazariyaning asosiy g‘oyasi shunday: davlat va huquq va sinflar bir qabilaning ikkinchi qabila tomonidan urushib, zo‘rlik ishlatib, bosib olishi natijasida vujudga keladi. Davlat mag‘lub bo‘lgan qabilani bostirish, majburlash apparatidir. Kuchsizlarni kuchlilarning bosib olishi va bo‘ysundirishi tabiat qonuni emish.
Bu nazariya keng tarqatilishining sababi, u davlat abadiy bor, davlatni kuchlilar boshqaradi,. degan g‘oyani kishilar ongiga singdirishga urinishdir. Shuningdek, bu nazariya mustamlakachilik siyosatini oqlash uchun ham qo‘l keladi.
Zo‘ravonlik nazariyasi asosiy qoidalarini shakllantirib, uni rivojlantirgan olim L. Gumplovichdir. U «bir sinfning ikkinchi sinf tomonidan bo‘ysundirilishi natijasida davlat vujudga keladi, deb xulosa chiqaradi. Uning fikricha, davlat zo‘rlik yordamida emas, boshqacha tarzda vujudga kelganligini isbotlovchi bi- rorta ham misolni tarix taqdim eta olmaydi. Bundan tashqari, bu har doim bir qabilaning boshqa qabila ustidan zo‘rligi bo‘lib, u kuchli qabilalar tomonidan kuchsizroq, o‘troq aholini bosib olish va qul qilishda ifodalanadi. Davlat ijtimoiy shartnoma, ilohiy kuch, oliy g‘oya asosida emas, balki zo‘ravonlik natijasida vujudga keladi.
Jamiyat rivojlanib borgan sari qabila davlat, sinf davlatga o‘sib o‘tgan. Sinf davlatning asosi bo‘lib, mulk egalarining iqtisodiy hukmronligi bo‘lgan.
L. Gumplovich fikricha, qabilalarning sinf va tabaqalarga aylanish jarayoni bi- lan shuningdek, davlatning evolyutsiyasi bilan ongning rivojlanishi jarayoni amalga oshadi. «Davlat shakllanishi bilan qabilaviy ongning ma’lum qismi yo‘qolib borib, qolgan qismi qabilalarning sinf va tabaqalarga aylanib borishi orqali, sinf va tabaqa ongiga aylanib boradi». Zo‘rlik va bosqinchilik davlatning vujudga kelish jarayonini to‘xtatish yoki jadallashtirishi mumkin, lekin aslo asosiy va tub sabab bo‘lolmaydi. Fan davlat va huquqni keltirib chiqaruvchi bosh sabab ishlab chiqarish munosabatlari, jamiyatning iqtisodiy taraqqiyoti va bazisi ekanligini rad etib bo‘lmas darajada isbotlab berdi.
Davlat kelib chiqishining psixologik nazariyasi ham bor. Uning asos-
chisi sotsiolog Gabriel Garddir. Rus olimi Korkunov, professor Petrajitskiylar
ham shu konsepsiya tarafdorlaridirlar. Mazkur nazariyaning asosiy g‘oyasi – insonlar o‘z tabiatiga, biologik instinkt xususiyatlariga ko‘ra boshqarilish, itoat etishga intilar emishlar. Ulardagi bu ehtiyoj faqat davlat mavjud bo‘lgan taqdirdagina qondirilarmish. Bu nazariya xalq ommasini avom va passiv qilib tasvir etadi. Xalqni politsiya qamchisi ostiga qo‘yishdan boshqa narsa emas, deydi.
Davlat kelib chiqishining psixologik nazariyotchisi o‘ng sotsialistik Ru- dolf Pamperiyen davlat kelib chiqishini kishilardagi hokimiyat instinktining mavjudligi bilan izohlaydi. Yuqorida aytib o‘tilgan davlatning kelib chiqishi haqidagi burjua qarashlari huquqning kelib chiqishiga ham taalluqlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |