Qonunchilik tizimining kompleks tuzilmalari huquqiy tartibga solish obyektining xususiyati va davlat boshqaruvining mazmunidan kelib chiqib shakllantiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik tizimi o‘z ichki mantig‘iga ko‘ra, quyidagi qonunchilik tuzilmalarini qamrab oladi. Birinchisi – qonunchilik sohalari bo‘lib, muayyan huquq sohasining predmeti hisoblangan ijtimoiy mu- nosabatlarni tartibga soluvchi normalar yig‘indisidan iborat. Buning ma’nosi shuki, qonunchilik tizimining ichki tuzilishi huquqiy tartibga solish obyekt- lari, ya’ni ijtimoiy munosabatlarning mazmuniga ko‘ra tasniflanishidan kelib chiqadi. Masalan, inson va davlat (uning ijroiya hokimiyat organlari timsolida) o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish haqida so‘z yurit- ganda, ma’muriy huquq qoidalari (normalari) amal qiladi, mulkiy munosabat- larni tartibga solish haqida so‘z yuritganimizda esa, fuqarolik huquqi sohasiga oid normalar amal qiladi va hokazo. Ikkinchisi – qonunchilik sohasi ichidagi yirik tuzilma, sohaviy ijtimoiy munosabatlarning muayyan turlarini tartibga soluvchi qonunchilik institutini ifodalaydi (masalan, fuqarolik qonunchiligi sohasining tarkibiga kiruvchi mualliflik, meros, hadya, oldi-sotdi, ijara insti- tutlari). Uchinchisi – qonunchilik tizimining asosini, uning sohalari va insti- tutlari tashkil topishining boshlang‘ich bo‘g‘inini yuridik norma, ya’ni qonun
va boshqa normativ-huquqiy hujjatning normasi (moddasi) tashkil etadi. Qo- nunchilik tizimining ushbu boshlang‘ich qismini shartli ravishda qonunchilik normasi deb atash mumkin. Qonunchilik normasi deganda, Konstitutsiyaning normasini, qonunning qoidasi (moddasi)ni, farmonning normasini, hukumat qarorlarining normasini tushunish lozim.
To‘rtinchisi – o‘z mazmuniga ko‘ra ijtimoiy hayotning nisbatan mustaqil sohalarini tashkil etuvchi har turli ijtimoiy munosabatlar majmuini tartibga soluvchi, bir necha huquq sohalariga oid huquq normalarini o‘z ichiga oluvchi normativ tuzilma qonunchilikning kompleks sohasi (masalan, transport, baliqchilik xo‘jaligi, harbiy, temir yo‘l munosabatlariga oid qonunchilik) deb ataladi1. Masalan, qonunchilikning kompleks sohasi sifatida harbiy qonunchilik Qurolli Kuchlarning jangovar tayyorgarligi, harbiy xizmat o‘tash tartibi, har- biy xizmatchilar hamda ular oilalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash va qo‘riqlash bilan bog‘liq davlat, ma’muriy, yer, moliya, jinoyat va boshqa huquq sohalariga tegishli normalarni o‘z ichiga oladi.
Taassufki, milliy huquqshunosligimizda «huquq» bilan «qonun»ni bir-biri-
dan farqli hodisalar ekanligini anglamasdan, ularni aynanlashtirish holatlari mavjud. Shu bois aksariyat tadqiqotchilar «huquq sohasi» va «qonunchilik so- hasi» kategoriyalarini yetarlicha farqlamaydilar. Ba’zi olimlar «huquqning kom- pleks sohalari» bo‘ladi, deb hisoblaydilar2. Aslida, kompleks sohalar, yuqorida isbot qilganimizdek, faqat qonunchilikda mavjud bo‘lishi mumkin. Shuni yana bir karra yodga solish lozimki, huquq sohalarini shakllantirish (alohida ajratish) mezoni huquqiy tartibga solish predmeti va tegishli huquqiy tartibga solish metodidir. Ular har bir huquq sohasi uchun alohida va o‘ziga xos hodisadir3. Qolaversa, huquq sohasining predmetini tashkil etuvchi ijtimoiy munosabatlar bir turliligi, mazmunan bir toifaga mansubligi, ta’bir joiz bo‘lsa, «bir jinsliligi» bilan tavsiflanadi, va aslo, kompleks xususiyatga ega emas.
Qonunchilikning kompleks sohasi to‘la shakllanib, amal qilishi uchun kompleks normativ hujjatlarning tizimi (yig‘indisi) mavjud bo‘lishi lozim. Shunday qilib, kompleks mazmundagi hujjatlarning yig‘indisi, majmuasi qo- nunchilikning kompleks sohasini hosil qiladi. Bitta qonunchilik hujjatida turli huquq sohalariga tegishli normalarni jamlash qonun chiqaruvchi organga ma- salalarni keng qamrovli, ya’ni kompleks tarzda hal qilish imkoniyatini beradi. Masalan, bitta qonunchilik hujjatida ijtimoiy muhim masalaning ham fuqaroviy- huquqiy, ham ma’muriy, ham jinoiy-huquqiy va boshqa jihatlari kompleks tarzda aks ettiriladi.
1 O‘zbеkistоn milliy ensiklоpеdiyasi. T.12. – T., 2006. – 205-bеt.
2 Rаhmоnqulоv Х.R. O‘zbеkistоn Rеspublikаsining milliy huquq tizimi. – T., 2007. – 8-bеt.
3 Оdilqоriyev Х.Х. O‘zbеkistоn Rеspublikаsining qоnunchilik tizimi. – T., 2008. – 58-bеt.
Qonunchilikning kompleks (majmuiy) tuzilmalari qatoriga, masalan, tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi, transport qonunchiligi, kapital qurilish sohasiga oid qonunchilik, fuqarolarning ijtimoiy himoyasiga oid qonunchilik, xo‘jalik qonunchiligi kabilarni kiritish mumkin. Mamlakatimiz bozor iqtisodiyotiga o‘tayotgan bir sharoitda yangi huquq tarmoqlari paydo bo‘lmoqda. Masalan, korporativ huquq, budjet huquqi, bojxona huquqi, parlament huquqi, tadbirkor- lik huquqi, sug‘urta huquqi, axborotlashtirish huquqi, ijtimoiy ta’minot huquqi, munitsipal huquq va boshqalar shular jumlasidandir.
Qonunchilik tizimini yanada chuqurroq ta’riflash maqsadida uni huquq tizimi bilan qiyoslab tahlil yuritamiz.
Avvalo, huquqning tarkibiy tuzilishi (strukturasi) jamiyatning iqti- sodiy tizimi mazmuni bilan belgilanadi. Huquq tizimi qonun chiqaruvchi organning xohishiga ko‘ra shakllantirilmaydi. Yuqorida ta’kidlanganidek, huquq tizimining elementlari quyidagilardan iborat: huquq normalari, huquq institutlari, huquq tarmoqlari (ba’zan u yoki bu huquq tarmog‘i ichidagi bir turdagi yirik tuzilmani «tarmoq osti huquq sohasi» deb yuritiladi). Huquq tizimining rivojlanishi va yangilanishi ijtimoiy munosabatlarning takomil- lashuviga bog‘liq.
Qonunchilik huquq normalarini o‘rnatish, rasmiylashtirish va hayotga joriy etish vositasi hisoblanadi. Qonunchilik hujjatlari huquqiy normalarni umumlashtiradi va rasmiy ifoda etadi. Biroq, qonunchilik tizimi normativ- huquqiy aktlarning oddiy yig‘indisi emas, balki bunday hujjatlarning mantiqiy mutanosib va uyg‘unlashtirilgan tizimidir. Normativ-huquqiy hujjatlar tizimini shakllantirishda tartibga solinadigan munosabatlarning xususiyatlari va qonun chiqaruvchi organning istagi, manfaati hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Huquqning ichki tuzilishi (strukturasi) qonunchilik tizimini shakllanti- rish uchun obyektiv asos bo‘lib xizmat qiladi. Huquqni ijod etish yoki qonun chiqarish jarayonida vakolatli organ huquq tarmog‘i va huquq tuzilmalarining xususiyatlaridan kelib chiqib ish tutishi lozim.
Qonunchilik tizimi bilan huquq tizimi o‘rtasida quyidagi farqlar mavjud: birinchidan, huquq tizimining birlamchi, boshlang‘ich elementini huquqiy norma tashkil etadi; qonunchilik tizimining boshlang‘ich elementini qonunning
moddasi yoki normativ-huquqiy hujjatning qoidasi tashkil etadi;
ikkinchidan, qonunchilik tizimi o‘z mazmuniga ko‘ra ba’zan huquq tizimidan kengroq bo‘lishi mumkin. Masalan, qonunchilik hujjatlarida dasturiy, maqsadni ifodalovchi qoidalar ham bayon etiladi. Bular huquqiy norma yoki institut mazmuni uchun ahamiyat kasb etmaydi;
uchinchidan, huquq tizimini tarmoqlarga va institutlarga bo‘lish asosida
huquqiy tartibga solish predmeti va metodi yotadi; qonunchilik tarmoqlari dav-
lat hayotining yo‘nalishlari va o‘z predmeti mavjudligi bilan izohlanadi, ammo yagona tartibga solish metodiga ega bo‘lmaydi;
to‘rtinchidan, huquq tizimi, uning tarmoqlari mazmuni bir turli bo‘ladi;
qonunchilik tizimi va tarmoqlari esa, turli yo‘nalishdagi hamda xarakterdagi munosabatlarni tartibga soladi;
beshinchidan, huquq tizimining ichki tuzilishi qonunchilik tizimining
ichki tuzilishi bilan aynan mos kelavermaydi. Qonunchilik tizimining vertikal tuzilishi davlat organlari iyerarxiyasini aks ettirsa, huquq tizimining vertikal tuzilishi – uning normalarga, institutlarga, sohalarga bo‘linishini aks etti- radi;
oltinchidan, huquq tizimi obyektiv xususiyatga ega bo‘lsa, qonunchilik
tizimi subyektiv omilga, ya’ni qonun chiqaruvchi organning xohish-irodasiga bog‘liq.
Shunday qilib, huquq tizimi bilan qonunchilik tizimi o‘rtasidagi nisbatni, munosabatni aniqlash ham nazariy, ham amaliy ahamiyatga ega. Bu vazifaning muvaffaqiyatli hal etilishi huquq tizimi bilan qonunchilik tizimini bir-biriga yaqinlashtiradi, hayotda qo‘llanishiga samarali ta’sir ko‘rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |