Huquq prinsiplari Kishilik jamiyati taraqqiyotining ustu1-§.tushunchasi va vor maqsadlari, ezgu intilishlari, ma’naviymohiyati g‘oyaviy qadriyatlari bo‘lishi tabiiy holat.
Fuqarolik jamiyatining ezgu niyat-intilishlari
ijtimoiy adolat, tenglik va erkinlik kabi voqeliklar bilan chambarchas bog‘liq huquqiy ideallarda mujassamlashadi. Haqiqat, adolat, qonun ustuvorligi, demokratik boshqaruv singari huquqiy ideallar jamiyat a’zolarining huquqiy ongi va huquqiy tafakkurida, ijtimoiy-huquqiy mafkurada o‘z in’ikosini topib, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning tamal toshi bo‘lib xizmat qiladi. Real hayotda huquqiy g‘oyalar hamda ideallar normativ tarzda rasmiylashtirilgan huquqiy prinsiplar sifatida namoyon bo‘ladi1.
Mamlakatimiz huquqiy tizimi muayyan huquqiy prinsiplar asosida amal qiladi. Huquqiy prinsiplar huquqiy tizimning muhim tarkibiy qismi, negizi hisoblanadi. «Prinsip» (lotincha – principium) atamasi orqali faylasuflar, huquqshunoslar va sotsiologlar o‘rganilayotgan hodisaning mavjudlik qonunini, ichki mantig‘ini ifoda etadilar. Prinsip kategoriyasi «qonuniyat», «mohiyat» kategoriyalari bilan uzviy bog‘liqdir. Shundan kelib chiqqan holda, aytish mumkinki, huquqiy tizimning mohiyati uning asosiy prinsiplari mazmunida namoyon bo‘ladi. Huquqiy tizim prinsiplari huquqning butun ichki tuzilishini, mazmunini qamrab oladi hamda boshqa ijtimoiy tizimlar bilan aloqasi va o‘zaro munosabatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Huquq prinsiplari, hech mubolag‘asiz, uning mohiyatini ifodalovchi asosiy jihatlardan birini, asl o‘zagini tashkil etadi. Ular butun huquqiy materiyani – g‘oyalar, normalar va munosabatlarni qamrab olib, jami huquqiy hayotga muayyan mantiq, mazmun, ma’no, sobitqadamlik, ichki mutanosiblik hamda uyg‘unlik baxsh etadi. Yanada aniqroq ta’riflaydigan bo‘lsak, huquq prinsiplarida bamisoli huquq rivojining butun dunyoviy tajribasi, insoniyat ma’rifiy taraqqiyotining hosilasi o‘zining mujassam ifodasini topadi. Prinsiplar huquq shakllanishida yo‘nalish beruvchi mo‘ljal, mezon vazifasini o‘taydi.
Huquq prinsiplari huquqning shakllanish jarayoni, rivojlanishi va harakatlanishining rahbariy g‘oyasi, boshlang‘ich qoidasi, yetakchi mezoni sifatida maydonga chiqadi.
Avvalo qonunda, huquqiy normalarda o‘z tasdig‘ini topadigan huquq prinsiplari jamiyatning butun siyosiy-huquqiy hayotiga, mamlakat ijtimoiy tizimiga to‘laligicha singib ketadi. Ular nafaqat huquqning mohiyatini, balki uning mazmunini tavsiflaydi, uning ichki tuzilishi, statik holati bilan bir qatorda, huquqni qo‘llash jarayonini, huquq faoliyatining dinamikasini aks ettiradi. Huquq prinsiplari normativ hujjatlarni tayyorlashning butun jarayoniga, ularni qabul qilish va chiqarish, huquqiy talablarga rioya etish kafolatlari o‘rnatilishiga nihoyatda katta ta’sir ko‘rsatadi.
Huquq prinsiplari o‘ziga xos tayanch tuzilma bo‘lib, unga nafaqat huquq normalari, institutlari yoki tarmoqlari, balki butun huquq tizimi asoslanadi. Mazkur rahbariy tamoyillar davlat organlarining huquq ijodkorligi, huquqni qo‘llash va huquqni muhofaza qilish bilan bog‘liq butun faoliyati uchun yo‘naltiruvchi mash’al bo‘lib xizmat qiladi. Huquqiy tizimning bahamjihatligi, barqarorligi va samaradorligi ularga rioya etish darajasiga bevosita bog‘liq. Huquq prinsiplari umummajburiy tusga ega bo‘lganligi sababli ular turli huquq tarmoqlari va institutlari, normalari va huquqiy munosabatlar, obyektiv hamda subyektiv huquq o‘rtasidagi ichki birlikni, uyg‘unlik va o‘zaro aloqadorlikni ta’minlashga ko‘maklashadi.
O‘z mohiyati va tabiati jihatidan huquq prinsiplari tasodifiy emas, balki jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy tizimi tomonidan bevosita belgilanadi. Bundan tashqari, ular mazmuniga mamlakatda mavjud davlat va huquq, hukmron siyosiy va davlat rejimi, jamiyat siyosiy tizimining qurilishi hamda amal qilishi tamoyillari o‘z ta’sirini o‘tkazadi1.
Yuqoridagi fikr kundek ravshan, uni isbotlashning hojati yo‘q. Zero, aytaylik, feodal huquqning tuzilishi va harakatlanishi prinsiplari quldorchilik huquqi yoki hozirgi zamonaviy huquq prinsiplaridan tubdan farq qiladi. Shuningdek, Rim huquqiga asoslangan hozirgi roman-german huquqining prinsiplari islom dini arkonlariga asoslangan musulmon huquqi prinsiplaridan farq qilishi barchaga ayon.
Huquq prinsiplari, odatda, bevosita qonun hujjatlarida (konstitutsiya va joriy qonunlarning muqaddimasida, moddalarida) mustahkamlanadi; ba’zan huquq normalarining mazmunidan kelib chiqadi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida inson huquqlari va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiqlik prinsipi, xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olish prinsipi o‘z aksini topgan. Shuningdek, Konstitutsiyamizning bir qator moddalarida o‘ta muhim boshqa huquqiy prinsiplar mustahkamlangan. Ulardan ba’zilarini eslab o‘tamiz: davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamiyat va fuqarolar oldida mas’ulligi (2-modda), xalq hokimiyatchiligi (7-modda), davlat hokimiyatining bo‘linishi (11-modda), siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlar xilma-xilligi (12-modda), Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi (15 va 16-moddalar), fuqarolarning qonun oldida tengligi (18-modda) va hokazo.
Xorijiy davlatlar tajribasi ham aynan shunday. Misol uchun Shvetsiya Konstitutsiyasining 1-moddasiga muvofiq: «Shvetsiyada butun davlat hokimiyati xalqdan kelib chiqadi. Shved xalqining boshqaruvi fikrlarni erkin shakllantirish hamda umumiy va teng saylov huquqiga asoslanadi. Boshqaruv davlat tuzumi vositasi bilan, vakillik va parlament tizimi hamda kommunal o‘zini o‘zi boshqarish orqali amalga oshiriladi».
Adolat va erkinlik huquq binosining tamal toshlaridir. Barcha prinsiplar orasida ular alohida muhim o‘rin tutadi. Adolat va erkinlik prinsipi ko‘pgina nufuzli xalqaro normativ-huquqiy hujjatlarda, mamlakat ichki qonunchiligida o‘z tasdig‘ini topgan. Fikrimizning dalili sifatida 1948-yilda qabul qilingan «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi»ni, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Fuqarolik kodeksi, Mehnat kodeksi va boshqa qonunlarni keltirish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |