Huquq ijodkorligining oshkoraligi. Huquq ijodkorligi faoliyatining natijasi bo‘lmish normativ-huquqiy hujjatlarda fuqarolarning huquq va majburiyatlari mustahkamlanadi. Shu sabab, normativ-huquqiy hujjat darhol o‘z ijrochilari e’tiboriga yetkazilishi zarur. Fuqarolar huquq normalari tomonidan o‘zlariga qo‘yilayotgan talablardan xabardor va hech bo‘lmasa, shunday bilim olish imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak. Quyidagi yuridik prezumpsiya barchaga ayon: «qonunni bilmaslik hech kimni javobgarlikdan ozod qilmaydi»; «hech kim qonunni bilmasligini ro‘kach qilishi mumkin emas». Shunga ko‘ra, ya’ni javobgarlikka tortishga ma’naviy huquqqa ega bo‘lish uchun davlat fuqarolarning normativ-huquqiy hujjatlar bilan tanishish imkoniyatini ta’minlab berishi lozim.
Normativ-huquqiy hujjatlarni oshkor qilishning asosiy vositasi ularni ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilishdir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 84-moddasida juda muhim qoida mustahkamlangan: «Qabul qilingan qonunlarning va boshqa normativ hujjatlarning matbuotda e’lon qilinishi ular qo‘llanilishining majburiy shartidir». Mazkur konstitutsiyaviy prinsip muhim demokratik mazmunga ega. Normativ-huquqiy hujjatni hayotga joriy etishdan avval u oshkora tarzda xalqqa yetkazilishi lozim. Huquqiy hujjatlar fuqarolardan sir tutilishi, yashirin amalda bo‘lishi mumkin emas.
Bu prinsipga xalqaro huquqda ham katta e’tibor beriladi. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik Kengashi qatnashchilari bo‘lgan davlatlarning 1989-yil 15-yanvardagi Vena uchrashuvi Yakuniy hujjatida shunday deyiladi: YeXHK qatnashchisi bo‘lgan davlatlar «shaxslarning o‘z huquq va burchlarini bilishga hamda ularga muvofiq harakat qilishga bo‘lgan huquqini samarali ta’minlash maqsadida inson huquqlari va asosiy erkinliklariga oid qonunlar, ma’muriy qoida hamda tartibotlarni nashr etib, barchaga yetkazish majburiyatini oladilar».
Huquq ijodkorligining ilmiy asoslantirilganligi. Huquqiy normalar yaratish jarayoni zamonaviy huquq ilmi va amaliyoti yutuqlariga, huquqiy tafakkur va mantiq qoidalariga qat’iy tayanmog‘i lozim. Har bir qonun, huquqiy norma ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy rivojlanish qonuniyatlarini chuqur anglash hamda ilmiy asoslantirish negizida yaratilishi kerak. Muayyan qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjatni qabul qilishdan oldin uni yaratish uchun qanday ehtiyoj borligini ilmiy jihatdan isbotlash maqsadga muvofiqdir. Buning uchun huquqiy tartibga solish mo‘ljallanayotgan ijtimoiy munosabatlar turi chuqur tahlil etilishi, jamoatchilik fikrini o‘rganish ishlari amalga oshirilishi lozim.
Ilmiylik prinsipi haqida gap borganda, kamida ikki jihat nazarda tutiladi. Birinchidan, huquq ijodkorligi puxta ilmiy strategiyaga tayanishi zarur. Bunday strategiya umumdavlat miqyosida shakllantiriladi. Uni, odatda, davlat yuqori hokimiyat organlari huzuridagi tegishli tadqiqotlar institutlari amalga oshiradi. Ikkinchidan, muayyan normativ-huquqiy hujjat matni ustida ish borganda, huquq normasini yaratish va ifodalashda (mazmunan va yuridik texnika nuqtayi nazaridan) ilmiy tavsiyalar inobatga olinishi lozim. Bundan ko‘zlangan maqsad – ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda imkon qadar qo‘proq samaraga erishishdir. O‘z faoliyatini ilmiy jihatdan ta’minlash uchun huquq ijod etuvchi organlar huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashda ishchi guruhlar tarkibiga yetakchi huquqshunos-olimlarni kiritadilar; loyiha yuzasidan xulosa olish uchun uni tegishli ilmiy muassasalarga yuboradilar.
So‘nggi paytlarda O‘zbekiston Respublikasi parlamenti faoliyatida qonun loyihalarini ilmiy ekspertiza qilishga e’tibor qaratilayotganligi tahsinga sazovor. Qonun loyihalarini ilmiy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazishga olimlar, amaliyotchi xodimlar va boshqa yuqori malakali mutaxassislar jalb etiladi. Loyihani ekspertizadan o‘tkazish natijalari yuzasidan ekspertlar tegishli xulosa taqdim etadilar.
Ilmiylik prinsipda qat’iy turiladigan bo‘lsa, huquq ijodkorligining subyektlari bo‘lgan organlarning vakolatlari hokimiyatlar taqsimlanishi asosida tashkil etilishi lozim. Shu yo‘l bilan mazkur organlar faoliyatida parallelizm, takrorlash, nomuvofiqlik va boshqa organning vakolat doirasiga daxl qilish hollari istisno etiladi.
Huquq ijodkorligiga ilmiy yondashish talabi ayniqsa bugungi kunda, ya’ni bozor munosabatlarini qaror toptirish, demokratik qadriyatlarni shakllantirish davrida inson huquqlarining ustuvorligini ta’minlash, milliy, siyosiy, ijtimoiyma’naviy munosabatlarni muvaffaqiyatli rivojlantirish uchun muhimdir. Bu munosabatlarni aniq huquqiy tartibga solishga erishish uchun huquq ijodkorligining ilmiy zaminini muttasil takomillashtirib borish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |