Normativ hujjatlarning vaqt bo‘yicha amal qilishi qonun yoki boshqa huquqiy hujjatning yuridik kuchga kirish va uni yo‘qotish vaqtini anglatadi. Har bir davlatda qonun va boshqa normativ hujjatlarning matbuotda e’lon qilinishi va kuchga kirishi tartibi to‘g‘risidagi normalar amal qiladi.
O‘zbekistonda qonunlarni matbuotda e’lon qilish va yuridik kuchga kiritish tartibi maxsus qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati respublika organlarining huquqiy hujjatlari qabul qilinganidan (imzolanganidan) so‘ng o‘n kundan kechiktirmasdan o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida nashr etiladi, ayni vaqtda radio va televideniye orqali e’lon qilinishi ham mumkin. Qonunlar O‘zbekiston Prezidentining imzosi bilan e’lon qilinadi.
Qonunlar, Oliy Majlis palatalarining boshqa qarorlari «Axborotnoma» da nashr etilgandan so‘ng 10 kun o‘tgach, butun respublika hududida kuchga kiradi. Xuddi mana shu hujjatlar rasmiy matbuot organlari («Xalq so‘zi», «Narodnoye slovo», «Еrkin Qaraqalpaqstan» va «Vesti Karakalpakstana» gazetalari) da bosilib chiqqanidan keyin 10 kun o‘tgach yuridik kuchga kiradi. Normativ mazmunga ega bo‘lmagan hujjatlar ular qabul qilinib, matbuotda e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi. Albatta, bu umumiy qoidadir. Biroq, qonun chiqaruvchi organ vaziyatga qarab boshqa muddatlarni belgilashi ham mumkin.
Agar muayyan qonunni kuchga kiritish tartibi to‘g‘risidagi qarorda boshqacha muddatlar belgilangan bo‘lsa, qonun nashr etilgach, yuqoridagi muddatda emas, balki parlament qarorida ko‘rsatilgan muddatda kuchga kiradi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 1994-yil 24-sentabrda qabul qilinib, 1995-yil 1-apreldan boshlab kuchga kiritilgan; O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi 2007-yil 25-dekabrda qabul qilinib, 2008-yil 1-yanvardan e’tiboran kuchga kiritilgan; Respublikaning Bojxona kodeksi 1997-yil 26-dekabrda qabul qilinib, 1998-yil 1-martdan kuchga kiritilgan.
Odatda, kodekslar va boshqa katta hajmdagi qonunlar qabul qilinganidan boshlab kuchga kirgunicha bir necha oy vaqt o‘tadi. Bunday muddat belgilanishiga sabab tegishli ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitni vujudga keltirish, tashkiliy-tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish uchun vaqt va imkoniyatning zarur bo‘lishidir. Bu davr ichida qonunni hayotga joriy etish mexanizmi tarkibiga kiruvchi qonun osti hujjatlar (farmon, hukumat qarori, nizom va yo‘riqnomalar) ishlab chiqilib qabul qilinadi. Zarur bo‘lsa, tashkiliy-institutsional tuzilmalar tizimi vujudga keltiriladi va hokazo.
Ba’zi normativ-huquqiy hujjatlar matbuotda e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi. Bu haqda tegishli ko‘rsatma qonunni kuchga kiritish tartibi to‘g‘risidagi qarorda nazarda tutilgan bo‘ladi. Amaliyotda qonunchilik hujjatlarini bosqichma-bosqich qabul qilib, shu zayilda kuchga kiritish hollari ham uchrab turadi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining birinchi qismi 1995-yil 25-dekabrda qabul qilindi, Fuqarolik kodeksining ikkinchi qismi esa, 1996-yil 29-avgustda qabul qilinib, har ikkala qism 1997-yil 1-martdan boshlab kuchga kirdi. Prezident farmonlarida ularni kuchga kiritishning turli shakllari qo‘llaniladi. Masalan, farmonlar matnida shunday qoidalar uchraydi: «Farmon imzolangan vaqtdan kuchga kiritilsin», «Farmon matbuotda e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiritilsin», «Farmon qabul qilingan vaqtdan boshlab kuchga kiritilsin». Kuchga kiritishning bunday shakllari boshqa turdagi normativ-huquqiy hujjatlarga ham xosdir.
Referendumda qabul qilingan qonunni e’lon qilish va kuchga kiritish tartibi «Referendum to‘grisida»gi qonunda belgilangan:
«Referendum natijalarini referendum o‘tkazuvchi Markaziy Komissiya ovoz berish tugaganidan keyin o‘n kundan kechiktirmay ommaviy axborot vositalari orqali O‘zbekiston Respublikasining aholisiga ma’lum qiladi. Referendum o‘tkazuvchi Markaziy Komissiyaning qarorlari ustidan bu qarorlar qabul qilingan kundan boshlab bir hafta ichida O‘zbekiston Respublikasining Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin».
Normativ-huquqiy hujjatlarning kuchga kirish va amalda bo‘lish vaqtini aniq belgilash muhim ahamiyatga ega. Chunki ular belgilangan vaqtdan boshlab so‘zsiz bajarilishi lozim. Bu qonun ustuvorligi prinsipini hayotga joriy etish bilan bog‘liq. Qonun orqaga qaytish kuchiga ega emas, degan talab qonun chiqarilgunga qadar vujudga kelgan hamda mavjud bo‘lgan harakat va munosabatlarga tatbiq etilmaydi, degan ma’noni anglatadi. Biroq, bu umumiy yuridik aksiomadan ikki holatda istisno bor: birinchisi, agar qonun yoki normativ hujjatning o‘zida, ularning orqaga qaytish kuchi ko‘rsatilgan bo‘lsa; ikkinchisi, agar qonunda sodir etilgan xatti-harakat uchun jazo qo‘llash to‘xtatilgan bo‘lsa yoki jazoni yengillashtirish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, qonun orqaga qaytish kuchiga ega.
Qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar quyidagi uch asosga ko‘ra amal qilishini to‘xtatadi:
normativ hujjatning amal qilishi belgilab qo‘yilgan muddat tugagan
bo‘lsa;
davlat vakolatli organining normativ hujjatni bekor qilish to‘g‘risida qarori bo‘lsa yoki eskisining o‘rniga kelayotgan yangi qabul qilingan normativ hujjatda bu haqda ko‘rsatilgan bo‘lsa;
v) ilgari amalda bo‘lgan normativ hujjatni almashtiruvchi yangi normativ
hujjat qabul qilinsa.
Odatda, eskirgan normativ hujjatni bekor qilish yoki kuchini yo‘qotgan deb topish haqida maxsus qaror qabul qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |