Qonun ijodkorligi Jamiyat huquqiy rivojlanishining davr
5-§.sohasidagi huquqiy talablariga mos va tegishlicha yuksak savisiyosat yada bo‘lishi ko‘p jihatdan davlat hokimi-
yati yuritadigan huquqiy siyosatga bog‘liq. Davlat hokimiyatining irodasi – siyosiy iroda. Ushbu iroda qonun ijodkorligi faoliyatiga impuls (turtki) beradi, natijada o‘zi shaklan – qonun, mazmunan – huquq tarzida rasmiylashadi, yuridik ma’no kasb etib, siyosiy-huquqiy hodisaga aylanadi. Ma’lumki, davlat belgilaydigan maqsad, bajaradigan vazifalar, amalga oshiradigan faoliyat siyosat sohasini tashkil etadi, boshqacha aytganda, ayni siyosatdir. Davlat faoliyati nihoyatda serqirra bo‘lganligi bois, u yuritadigan siyosat bir qancha turlarda, masalan, iqtisodiy siyosat, ijtimoiy siyosat, madaniy-ma’rifiy siyosat, huquqiy siyosat kabi shakllarda namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasida adolatli demokratik davlatchilik qaror topayotgan vaziyatda huquqiy siyosat mavzusini, bunday siyosatni shakllantirish va amalga oshirishning fundamental masalalarini ilmiy tadqiq etish o‘ta dolzarb vazifadir. Chunki, mamlakatda yuritilayotgan huquqiy siyosatning mazmunmohiyatini chuqur anglab yetish huquqiy tizimni muvaffaqiyatli modernizatsiya qilish garovidir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2015-yil 23-yanvardagi qo‘shma majlisida asosiy e’tibor qonun ijodkorligi va qonunchilik faoliyatining sifat-samaradorligini oshirishga qaratilgan edi. Unda qonun ijodkorligini amalga oshirishda yangi, zamonaviy faoliyat shakllarini joriy etish, qonunni qo‘llash amaliyotini muntazam o‘rganish, qonun loyihalarini davlat boshqaruvi va fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb etish asosida muhokama qilish, tegishli xorijiy huquqiy amaliyotni tahlil qilish, qonunlarda ularning normalarini amalga oshirish mexanizmlarini puxta ishlab chiqish, qonun ijodkorligida siyosiy partiyalar, ularning fraksiyalari va deputatlar faolligi hamda tashabbuskorligiga erishish, qonunlar ijrosi ustidan parlament nazoratini yo‘lga qo‘yish, parlament palatalarining samarli hamkorligini ta’minlashga oid muhim vazifalar belgilandi1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoev o‘zining 2017-yil 12-iyuldagi parlament palatalari qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida shunday dedi: «Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, amaldagi qonunlarimizda bir-biriga zid o‘rinlar ham yo‘q emas»2. Davlat boshlig‘i yana bir chiqishida ta’kidladiki, «Afsuski, hozirgi kunda qonunlarning islohotlar samarasiga ta’siri yetarlicha sezilmayapti. Ularning ijtimoiy munosabatlarni bevosita tartibga solishdagi roli pastligicha qolmoqda»3. Ushbu fikrlar hozirgi kunda qonun ijodkorligini rivojlantirish borasidagi huquqiy siyosatning o‘zagini, uning istiqbolli dasturini tashkil etadi, deyish mumkin.
Zamonaviy ilmiy adabiyotlarda huquqiy siyosat mavzusiga alohida ahamiyat berilmoqda. Mazkur maqolada huquqiy siyosatning birgina jabhasi, ya’ni, uning qonun ijodkorligi vositasida shakllantirilishi, amalga oshirilishi, qolaversa, qonun ijodkorligining ko‘lami, yo‘nalishi, mazmun-mohiyatini belgilovchi muhim omil ekanligiga e’tibor qaratiladi.
Davlat hokimiyatining huquqiy tizim ravon harakatlanishini ta’minlash, huquqiy hayotni tashkillashtirish bobida yuritadigan siyosati huquqiy siyosat deb ataladi. Huquqiy siyosat – davlatning huquqiy mafkurasi, uning huquqiy hayot sohasida tutadigan yo‘l-yo‘rig‘i, ro‘yobga chiqaradigan amal va tadbirlari, qo‘llaniladigan rahbariy g‘oyalari (prinsiplari) ifodasidir4. Shu bilan birga aytish joizki, huquqiy siyosat yuridik faoliyatdagi qadriyatlar, ustuvorliklar tizimida, huquqiy hayot voqeliklarida, qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar mazmunida hamda rasmiy huquqiy mafkurada namoyon bo‘ladi. O‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra, huquqiy siyosat jamiyat tuzilmalari va davlat organlarini quyidagi dolzarb vazifalarni hal etishga yo‘naltiradi: mamlakat miqyosidagi muhim ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish, huquq subyektlari (jumladan, fuqarolar)ning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlarini muhofaza etish, yuridik hayotni ravon hamda izchil rivojlantirish, qonunchilikni davr talablariga mutanosib takomillashtirib borish, ijtimoiy-huquqiy ong va madaniyatni barqaror yuksaltirish, umuman, huquqiy tizimni yalpi modernizatsiya qilish kabilar.
Ilmiy adabiyotlarda huquqiy siyosatning irodaviy hodisa ekanligiga e’tibor qaratiladi: «huquqiy siyosat davlatning huquqiy hayot sohasidagi tizimli rasmiylashtirilgan irodasi bo‘lib, u davlatning ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish ... maqsadida yuridik vositalardan oqilona foydalanish borasidagi muntazam faoliyatidir». Davlat hokimiyatining huquqiy siyosati, bir tomondan, qonunchilik tizimida moddiylashadi (buning boisi qonun, qonunchilik hujjatlari huquqni ifodalashning asosiy shakli ekanligida), ikkinchi tomondan, qonun ijodkorlik faoliyatiga tatbiqan differensiatsiyalashadi (tarmoqlanadi).
Professor S.V. Poleninaning ta’kidlashicha, huquqiy siyosat uning ta’rif va tavsiflari xilma-xil bo‘lishiga qaramasdan, avvalo, huquq ijodkorligi sohasidagi siyosat tarzida tasavvur etiladi12. Keltirilgan iqtibos biz ta’kidlagan huquqiy siyosat qonun ijodkorligiga tatbiqan differensiatsiyalashadi, degan tezisni quvvatlaydi. Mazkur tezisni davlatning «qonunchilik siyosati» yoki «qonun ijodkorligi borasidagi huquqiy siyosati» kategoriyalari yordamida talqin etish mumkin. Suveren davlat hokimiyati o‘zining mustaqil qonunchilik strategiyasiga, qonun ijodkorligiga doir huquqiy siyosatiga, ya’ni o‘z qonunchilik siyosatiga ega bo‘ladi. Qonun ijodkorligi borsidagi huquqiy siyosatni shakllantirish va rasmiylashtirishda qonunchilik strategiyasi instituti muhim metodologik ahamiyat kasb etadi. Xo‘sh, qonunchilik strategiyasi qanday ma’noni anglatadi? Fikrimizcha, qonunchilik strategiyasi – bu mamlakat butun huquqiy tizimining, alohida tarkibiy qismlari, huquq hamda qonunchilik sohalari va institutlarining hozirgi va kelgusi taraqqiyoti yo‘nalishlarining belgilanishidir. Qonunchilik strategiyasi qonunlarni tayyorlashning, uni rejalashtirish va amalga oshirishning nazariy va amaliy masalalarini o‘z ichiga oladi. U davlat siyosati bilan chambarchas bog‘liq. Shuningdek, qonunchilik strategiyasi siyosatni huquqiy munosabatlar mazmuniga singdirish, qonunlarni muntazam ravishda takomillashtirib borish vositasidir.
Davlat irodasining qonun ijodkorligi jarayoniga ta’siri qonunchilik siyosati orqali amalga oshadi. Shu bois, davlatning qonunchilik siyosatini ilmiy va amaliy jihatdan tahlil etib, unga yuridik fan nuqtayi nazaridan tavsif berish alohida dolzarblik kasb etadi. Qonunchilik siyosati – davlat huquqiy siyosatining bir bo‘lagi bo‘lib, unda ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning asosiy yo‘nalishlari, prinsiplari, maqsad va vazifalari o‘z ifodasini topadi1. Qonunlarni shakllantirish, qabul qilish va hayotga joriy etish maqsadlariga yo‘naltirilgan maxsus siyosiy-yuridik ta’sir etish vositalari va choralari yig‘indisi qonunchilik siyosati voqeligini tashkil etadi. Boshqacha aytganda, qonun ijodkorligi davlatning huquqiy (qonunchilik) siyosatini shakllantirish, ifodalash, rasmiylashtirish hamda amalga oshirishning muhim vositasi hisoblanadi. Qonunchilik siyosati ijtimoiy boshqaruv san’atining maxsus turidir. Qonunchilik siyosati qonun ijodkorligining bosh mazmunini, asosiy yo‘nalishlarini, tendensiyalarini, uni takomillashtirish strategiyasi hamda taktikasini va modernizatsiyalash mantig‘ini belgilaydi.
Qonunchilik siyosatining eng muhim sifati – qonunchilikni takomillashtirish maqsadiga yo‘naltirilganlik, huquq ijodkorligi va huquqni ijro etishni tashkil qilishning ratsional tizimini ishlab chiqishdir. O‘zbekiston mustaqil davlat sifatida hech kimga tobe bo‘lmagan qonunchilik siyosatini yuritadi. Yuksak nufuzli insonparvar, adolatli hamda demokratik qonunlar yaratish, qonunni inson huquqlari va erkinliklarini himoyalash vositasiga aylantirish, jamiyat uchun umumiy manfaatli barcha munosabatlarni qonun yordamida muhofaza etish kabilar ushbu siyosatning asosini hosil qiladi.
Alohida e’tirof etish joizki, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi davlatimiz huquqiy siyosatining, shuningdek qonunchilik siyosatining negizini tashkil etadi. U qonunchilik siyosatining asoslari, prinsiplari va ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beradi. Darhaqiqat, Konstitutsiyada jamiyat rivojlanishining bosh strategiyasi, ustuvor yo‘nalishlari, davlat umumiy va huquqiy siyosatining mazmun-mohiyati o‘zining qonuniy ifodasini topadi. Aslida Konstitutsiya jamiyat siyosiy yetukligining, ma’rifiy-huquqiy saviyasining, turli ijtimoiy-siyosiy kuchlar muvozanati(murosaga kelishuvi)ning natijasi, mahsulidir. Konstitutsiya nafaqat sof ma’nodagi yuridik hujjat, balki davlat siyosatini oliy darajadagi qonun tarzida rasmiylashtiruvchi hujjatdir. Asosiy qonunimizda qonun ijodkorligi jarayoni va uning bosqichlari, qonunlarni yaratishning konstitutsiyaviy mexanizmi aniq hamda qat’iy mustahkamlangan (76, 78, 83, 84, 87, 93-moddaning 17-bandi va boshq.). Mazkur moddalarda belgilangan qoida, prinsip va normalar mamlakatimizda amalga oshiriladigan qonun ijodkorlik faoliyatining, shuningdek, qonunchilik siyosatining konstitutsiyaviy asoslarini tashkil etadi.
Davlatning Konstitutsiyada ifodlangan siyosatini, siyosiy mafkurasi va doktrinasini konstitutsiyaviy-huquqiy siyosat sifatida e’tirof etish mumkin. Tahlil etilayotgan mavzuga tatbiqan konstitutsiyaviy-huquqiy siyosat – davlat hokimiyatining Konstitutsiya asosida huquq yaratish, qonunlarni ijod qilish va uni amalga oshirish sohasida davlat organlari, mansabdor shaxslar, fuqarolik jamiyati institutlarining vakolatlarini mustahkamlash, inson huquqlari ustuvorligi tamoyili asosida qonun ijodkorligi strategiyasini belgilash, shuningdek, huquqiy vositalar bilan konstitutsiyaviy tuzumni muhofaza etishga oid asosiy konseptual qoida va mezonlarni ishlab chiqish hamda jamiyat hayotiga tatbiq etishga yo‘naltirilgan faoliyatidir1.
Mamlakatning qonunchilik strategiyasi Konstitutsiyada mujassam ifodalanadi. Ayni vaqtda, qonunchilik strategiyasi qonunchilik siyosatining mazmunmohiyatini ijtimoiy munosabatlar tizimiga singdirishning muhim yo‘nalishlari sifatida maydonga chiqadi.
Davlatimizning qonun ijodkorligi sohasidagi zamonaviy huquqiy siyosati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2010-yil 12-noyabrda Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida bayon etgan «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»da o‘zining aniq ifodasini topgan. Unda jamiyatimizning istiqbolli taraqqiyotini ta’minlovchi ustuvor yo‘nalishlarni belgilash barobarida bu boradagi muhim vazifalarni hal etishda davlat hokimiyati tarmoqlarini, xususan, parlamentni yanada rivojlantirish va mustahkamlash, siyosiy partiyalarning rolini oshirish, mamlakatimiz sud-huquq tizimini hamda saylov qonunchiligini takomillashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarini, ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, shuningdek, demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirishga qaratilgan bir qator qonunchilik tashabbuslari ilgari surildi. Konsepsiyaning bosh maqsadi mustaqillik yillari mobaynida amalga oshirilgan islohotlar va erishilgan yutuqlarga tanqidiy baho berish hamda istiqbolda bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarni ilmiy-amaliy, nazariy jihatdan asoslashdan iborat.
Konsepsiyada 21 ta yangi qonun, 5 ta yangi tahrirdagi qonun, 2 ta milliy dastur va amaldagi qonunlarga 25 ta qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish, jami 50 dan ziyod qonunchilik tashabbusi ilgari surilgan.
Ko‘rinib turibdiki, «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi» Oliy Majlis palatalari qonun ijodkorlik faoliyatining qat’iy dasturulamali sifatida mazkur faoliyatga yangicha ruh, ma’no-mazmun, jo‘shqinlik, izchillik va tizimlilik baxsh etdi. Eng muhimi, barcha qonunlarimizni demokratik fuqarolik jamiyati qurish ehtiyojlari va talablariga javob beradigan sifat hamda saviyaga ega bo‘lishiga ko‘maklashmoqda.
Qonunchilik siyosatini shakllashtirishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti alohida o‘rin tutadi. Prezident davlat boshlig‘i sifatida o‘z farmon va qarorlari vositasida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayotining barcha sohalariga oid huquqiy siyosat asoslarini belgilab beradi. Shuningdek, u parlament minbaridan turib mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining, ichki va tashqi siyosatining eng muhim masalalari yuzasidan qilgan ma’ruzalarida, parlamentga murojaatlarida, alohida konsepsiyalarida qonun ijodkorligi borasidagi siyosatning asosiy ustuvorliklarini ifoda etadi.
Mustaqil taraqiyotimizning dastlabki davrlarida qonun ijodkorligida shunday tajriba shakllandiki, masalan, qator muhim sohalar bo‘yicha, xususan, dehqon va fermer xo‘jaliklarini tashkil etish, xususiy mulkchilikni rivojlantirishni rag‘batlantirish, bank va banklar faoliyati, qimmatli qog‘ozlar bozori va fond birjasini shakllantirish, birjalar va birja faoliyatini tashkil qilish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish kabi ko‘plab masalalar bo‘yicha dastlab Prezident farmonlari qabul qilindi. Tegishli huquqiy mexanizmlar hayot sinovidan o‘tib, ijtimoiy munosabatlar ruhiga singgach, shu masalalarga oid alohida-alohida qonunlar qabul qilingan edi.
Keyingi yillarda qonun chiqarish tizimining o‘zigina emas, balki qonun va me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish hamda qabul qilish mexanizmi ham vujudga keldi.
O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi – qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiruvchi oliy davlat vakillik organi sifatida qonunchilik siyosatini shakllantirish va hayotga joriy etishda salmoqli rol o‘ynaydi. Qonun ijodkorligi jarayoni qabul qilinadigan qonunlarda davlat siyosatini, xususan huquqiy siyosatni ifodalash, rasmiylashtirishning alohida tartibi (protsedurasi) hisoblanadi. Qonun chiqarish jarayonida huquqiy siyosatni shakllantirishda jamiyatning umumiy manfaatlarini, turli ijtimoiy qatlamlarning manfaatlarini aniqlash va murosaga keltirish amalga oshiriladi. Parlament qonun ijodkorligi jarayonini samarali tashkil etish, izchil qonunchilik tizimini shakllantirish, sifatli qonunlar qabul qilinishini ta’minlash, qonunlar ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bilan bog‘liq katta hajmdagi ishlarni bajaradi. Parlament mamlakat taraqqiyotining tegishli bosqichlarida muhim qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha qonun ijodkorlik ishlari rejalarini qabul qiladi, mazkur faoliyatning konseptual va tashkiliy jihatlarini muhokama etib, o‘z strategik vazifalarini belgilaydi.
Oliy Majlis qonunchilik siyosatini shakllantirish va amalga oshirish jarayoniga Konstitutsiyaning 83-moddasida nazarda tutilgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlarini, siyosiy partiyalarni (ularning parlamentdagi fraksiyalarini), fuqarolik jamiyatining barcha institutlarini, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarini keng jalb etadi. Mazkur siyosatning asosiy prinsiplari va ustuvor yo‘nalishlari mazmunida mamlakatda o‘tkazilgan referendumlar, qonun loyihalarining umumxalq muhokamalari yakunlari, xalq ijtimoiy fikrini va fuqarolarning huquq tashabbuskorligini aks ettirish ta’minlanmoqda. Qonun ijodkorlik jarayonida xalq ommasining, fuqarolarning keng ishtirokini ta’minlash parlament sobitlik bilan rioya etadigan demokratik konstitutsiyaviy prinsipdir.
Hukumat darajasida qabul qilinadigan qarorlar qonun va farmonlar ijrosini ta’minlashga yo‘naltirilgan bo‘lib, ular ham davlat tomonidan yuritilayotgan qonunchilik sohasidagi huquqiy siyosatning amaliy jihatlarini aks ettiradi. Qonunchilik siyosatining ayrim yuridik va tashkiliy masalalarini ishlab chiqishda, hayotga tatbiq etish va qonunchilik hujjatlarini loyihalashtirish, amaldagi qonunchilikni yangi qabul qilingan qonunlarga muvofiqlashtirishda Adliya vazirligi, qonunlar ijrosi ustidan nazoratni tashkil etishda prokuratura, qonunlar ijrosini tahlil etish bo‘yicha Prezident huzuridagi amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti va boshqalar muhim rol o‘ynaydi.
Davlatning qonun ijodkorligi sohasidagi huquqiy siyosatini shakllantirishda sud hokimiyati subyektlari ham faol qatnashadilar. Konstitutsiyaviy sud, umumiy yurisdiksiya va xo‘jalik sudlarining oliy organlari qonunlarni qo‘llash amaliyotini tahlil etish asosida qonunchilik tashabbusi tartibida parlament e’tiboriga muntazzam ravishda tegishli takliflarni kiritadilar. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquqiy islohotlarining konsepsiyasi, shuningdek jinoyat qonunchiligi va jinoiy jazo tayinlash tizimini liberallashtirish konsepsiyasi ham ushbu demokratik o‘zgarishlarning huquqiy bazasini shakllashtirish borasidagi qonunchilik siyosatining muhim tarkibiy qismi sifatida e’tirof etilishi mumkin. Xususan, mazkur siyosatning qator ustuvorliklari «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunda, Prezident farmonlarida, ayniqsa, «Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risida»gi Prezident qarorida (2008-yil 23-iyun) rasmiy tarzda mustahkamlandi1. Mazkur hujjatda sudlarga oid qonunchilik siyosatining quyidagi mantig‘i ifoda etilgan: mustaqil, xolis, demokratik sud hokimiyati va insonparvar sud tizimini vujudga keltirish pirovardida inson manfaatlariga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatli muhofaza etishga xizmat qiladi.
Shu o‘rinda huquqiy siyosatning alohida turi sifatida sud-huquqiy siyosati mavjudligini ham ta’kidlab o‘tish mumkin. Fikrimizcha, sud huquqiy siyosati – davlat hokimiyatining, tegishli davlat organlari va mansabdor shaxslarning, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatdagi odil sudlovni tashkil etish va amalga oshirishga oid huquqiy g‘oyalarni, prinsiplarni, sohani isloh etish mafkurasi hamda strategiyasini ishlab chiqishga yo‘naltirilgan maqsadli, ilmiy asoslangan, izchil va tizimli faoliyatidir. Uning mohiyati jamiyat va davlat manfaatlarini, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, odil sudlovni samarali tashkil etish va amalga oshirishga doir g‘oyalarni shakllantirish hamda vazifalarni belgilash, dasturlarni ishlab chiqish va hayotga joriy etishdan iborat.
Alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi» besh ustuvor yo‘nalishni belgiladi. Ular davlat qurilishi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyotni modernizatsiyalash, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik va tashqi siyosat jabhalarida amalga oshiriladigan qonun ijodkorligining dasturulamali bo‘lib, tegishli huquqiy siyosatning o‘zagini tashkil etadi.
Jamiyatni modernizatsiyalash jarayonlari davom etayotgan hozirgi sharoitda davlatning qonun ijodkorlik faoliyatiga, umuman, qonunchilik siyosatining mazmuniga yanada yuqori yangi talablar qo‘yilishi tabiiy. Mazkur vaziyatda qonun ijodkorligi sohasidagi davlat siyosatini davr ruhi va ehtiyojlariga mos holda takomillashtirishni ta’minlovchi, mustahkam metodologiyaga tayangan ilmiy konsepsiyani shakllantirish maqsadga muvofiq. Bu o‘rinda, qonunchilik siyosati qonunlar yaratish sohasidagi davlat faoliyatining ilmiy asoslangan strategiyasi va taktikasi sifatida maydonga chiqadi. Qonun ijodkorligi borasidagi huquqiy siyosatni rivojlantirish konsepsiyasida, avvalo, qonun chiqaruvchi hokimiyat faoliyatining va qonunchilik siyosatining bosh maqsadi, asosiy vazifalari, ustuvor yo‘nalishlari, rivojlanish tendensiyalari, qo‘llaniladigan rahbariy prinsiplari, strukturasi va shakllari, ijtimoiy munosabatlarni qonun vositasida tartibga solishning yuridik vositalari va usullari o‘z aksini topishi zarur. Qonun ijodkorligiga oid siyosatning istiqbolga mo‘ljallangan konsepsiyasini ishlab chiqishda qonun va qonunchilik hujjatlari tizimi rivojlanishini prognoz qilish masalalariga ham jiddiy e’tibor qaratish lozim.
Shunday qilib, qonunchilik siyosati davlat huquqiy siyosatining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, mamlakatning izchil huquqiy taraqqiyotini ta’minlash, huquqiy tizimni yaxlit voqelik tarzida sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tarish, qonun ijodkorligi faoliyatini modernizatsiya qilish, uning ilmiy asoslarini mustahkamlash, eng muhimi, ijtimoiy munosabatlarni samarali huquqiy tartibga solishning qonuniy mexanizmilarini yaratish imkonini beradi.
XII bob. HUQUQ NORMASI*1
Do'stlaringiz bilan baham: |