Normativ-huquqiy hujjatlarning hudud va makon bo‘yicha amal
qilishi. Davlat suvereniteti tamoyiliga binoan normativ-huquqiy hujjatlar davlatning butun hududida amalda bo‘ladi. Davlat hududiga quyidagilar kiradi – yer maydoni, yer osti, ichki va hududiy suvlar, yer va suv hududi ustidagi havo makoni, elchixonalarning, harbiy kemalar, parvoz etuvchi kemalar (apparatlar) hamda ochiq dengizda suzuvchi kemalarning hududlari. Normativ hujjatlar amal qilishining hududiy ko‘lami davlat yurisdiksiyasi bilan chambarchas bog‘liq. Ba’zan xorijiy mamlakat qonunchiligi muayyan davlat hududida amal qilishi mumkin. Biroq, buning uchun bu ikki davlat o‘rtasida ular qonunchilik hujjatlarining o‘zaro bir-birining hududida amal qilishi haqida shartnoma bo‘lishi shart.
Xalqaro shartnomalar normativ hujjatlarning eksterritorial harakatini ham nazarda tutishi mumkin. Ya’ni, bir davlatning qonunlari o‘z hududidan tashqarida ham amal qiladi (bir davlat qonunlarining boshqa davlat hududida bo‘lgan o‘z fuqarolari va tashkilotlariga nisbatan qo‘llanilishi). Federativ davlatlarda federal qonunlar butun ittifoq hududida, federatsiya subyektlarining qonunlari esa, ularning o‘z hududlaridagina amal qiladi.
Ko‘pchilik davlatlarning qonunchiligida kollizion normalar mavjud. Bular nizoli vaziyat vujudga kelganda qo‘llaniladi. Masalan, teng kuchli huquqiy hujjatlar to‘qnashib qolganda, shuningdek turli davrda chiqarilgan hujjatlar yoki har xil hajmdagi hujjatlar yoxud turli organlar tomonidan o‘rnatilgan hujjatlar o‘zaro zid kelib qolganda kollizion normalar ishga solinadi. Davlatning turli ma’muriy-hududiy birliklari uchun chiqarilgan hujjatlar o‘rtasida ham o‘zaro qarama-qarshilik kelib chiqishi mumkin. Aksariyat hollarda bunday nizolar sud orqali hal etiladi.
Normativ hujjatlarning shaxslarga nisbatan amal qilishi. Huquqiy qoidalarning vazifasi ular tatbiq etilishi lozim bo‘lgan munosabatlarni, tashkilotlarni va kishilar doirasini aniqlab berishdan iborat. O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa huquqiy hujjatlari mamlakatning barcha fuqarolariga, davlat organlariga, siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari va diniy tashkilotlarga nisbatan amal qiladi. O‘zbekiston Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa normativ hujjatlari mamlakatda yashovchi, vaqtincha kelib-ketuvchi ajnabiy fuqarolarga ham tatbiq etiladi. Tartibga solinishi lozim bo‘lgan munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan tuziladigan shartnomalarning mazmuniga qarab, yuqorida ko‘rsatilgan umumiy qoidalardan ayrim istisnolar mavjud. Masalan, O‘zbekiston Respublikasida yashaydigan chet el fuqarosi sudga majburiy tartibda ko‘rsatma berish uchun keltirilgan bo‘lib, u diplomatik immunitet (daxlsizlik) huquqidan foydalanadigan bo‘lsa, bunday shaxsning xatti-harakatlari diplomatik vositalar bilan hal qilinadi. O‘zbekistonning ayrim qonunchilik normalari xorijiy davlat fuqarolariga qo‘llanilmaydi. Masalan, ularning mamlakatimizda saylov huquqiga ega emaslar; Qurolli kuchlar safida xizmat qilishi va huquqni muhofaza etuvchi davlat organlarida ishlashi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasining qonunlari mamlakatimizning chet davlatlarda turgan (doimiy ishlovchi, sayyoh, xizmat safarida bo‘lgan) fuqarolariga nisbatan ham qo‘llaniladi. Masalan, chet elda jinoyat sodir etgan O‘zbekiston fuqarosi xorijiy qonunchilikka ko‘ra javobgar bo‘lishidan tashqari, O‘zbekiston Jinoyat kodeksi bilan ham javobgarlikka tortiladi.
Ayni vaqtda ta’kidlash lozimki, diplomatik immunitet (daxlsizlik) huquqiga ega bo‘lgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlari ta’siriga tushmaydilar. Bular elchilar, diplomatik vakolatxonalarning rahbarlari va xodimlari, ularning oila a’zolari, xalqaro delegatsiyalar- ning ishtirokchilaridir. Ularning holati xalqaro huquq normalari bilan tartibga solinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |