Huquq ijodkorligining demokratikligi. Demokratizm huquq ijodkorligida xalq irodasini aniqlash va qonunda ifoda etish darajasi bilangina tavsiflanmaydi. Bu, avvalo, huquqiy hujjatlar qabul qilishda, xususan, qonun chiqarishda xalqning ishtirokini ta’minlashda namoyon bo‘ladi. Demokratizm parlament va mahalliy xalq deputatlari kengashlari faoliyati jarayonida aks etadi. Referendum qonun qabul qilishning bevosita demokratik shakli ekanligini yuqorida ta’kidlab o‘tgan edik. Shuningdek, demokratiyaning bevosita shakllariga o‘ta muhim normativ-huquqiy hujjatlar loyihasining xalq muhokamasiga qo‘yilishi ham kiradi. Bunday muhokamalar chog‘ida mamlakat fuqarolari, jumladan, olimlar, mutaxassislar loyiha yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildiradilar. Shu tariqa xalqning fikri, irodasi qonun chiqaruvchi organga ayon bo‘ladi va uni huquqiy normalar mazmunida to‘laqonli aks ettirish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Binobarin, demokratiyaga intilish ijtimoiy taraqqiyotimizning bosh yo‘nalishidir. «Demokratiya atamasining qanday sharhlanishi emas, balki uning qanchalik realligi, haqiqiyligi, yashashga qobilligi muhimdir... U hayotimizning har bir soniyasiga singab ketmasa, turmushimizning ajralmas qismiga aylanmasa, hamma shiorlar va ta’riflar mazmunsiz... so‘z o‘yini bo‘lib qolaveradi»1. Demokratik qadriyatlar, mezon va me’yorlar haqida so‘z borganda quyidagilarni qayd etish muhim ahamiyatga ega: «Jamiyatda demokratiya qay darajada ekanligini belgilovchi kamida uchta mezon bor. Bular – xalq qarorlar qabul qilish jarayonlaridan qanchalik xabardorligidir. Hukumat qarorlari xalq tomonidan qanchalik nazorat qilinishi, oddiy fuqarolar davlatni boshqarishda qanchalik ishtirok etishidir»2.
Huquq ijodkorligida qonuniylik prinsipi. Ushbu prinsip huquq ijodkorligi subyektlarining normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini tayyorlash, muhokama etish, qabul qilish va e’lon qilish borasidagi xatti-harakatlari Konstitutsiyaga va boshqa qonunlarga asoslanishidan kelib chiqishi lozim. Huquq ijodkorligidagi qonuniylik ikki jihatni nazarda tutadi: birinchidan, davlat organlari tomonidan qabul qilinadigan har bir hujjat ularning vakolatlari doirasida va tegishli hujjatlar uchun belgilangan taomil (tartib) asosida chiqarilishi shart; ikkinchidan, normativ-huquqiy hujjatning mazmuni ham qonuniylik talablariga javob berishi shart.
Ya’ni, yangi chiqarilayotgan hujjat qonunlar va yuridik kuchi bo‘yicha o‘zidan yuqori turuvchi boshqa huquqiy hujjatlarga zid bo‘lmasligi kerak.
Qonun ustuvorligi, qonuniylik prinsipi, avvalo, qonun chiqaruvchi organ hamda ijroiya hokimiyat yuqori organlari uchun ham dasturulamaldir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan «Harakatlar strategiyasi»da qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash masalalariga nihoyatda jiddiy e’tibor qaratilganligi tahsinga loyiq3.
Qonun ustuvorligi yalpi qonuniylikni ta’minlashning muhim sharti. Basharti, qonunlar, farmonlar va hukumat qarorlari Konstitutsiyaga muvofiq bo‘lmay qolsa, maxsus muhofaza mexanizmi ishga tushadi. Bunday hollarda Konstitutsiyaviy sud o‘zining tegishli xulosasini chiqaradi va g‘ayrikonstitutsiyaviy hujjatni harakatdan to‘xtatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |