Huquqni qo‘llash faoliyati – huquqni qo‘llashga doir hujjatlarda ifodalangan asosiy va yordamchi xususiyatga ega har xil huquqni qo‘llash harakatlari tizimidan iborat bo‘lgan huquqni qo‘llashning tashkiliy ifodasi. Bu yerda «yuridik ishni hal qilish», «alohida davlat-hokimiyat qarori» va «huquqni qo‘llashga doir hujjat» tushunchalarining ma’nosi o‘rtasida mavjud farqlarni hisobga olish lozim. Ko‘rsatilgan tushunchalarning birinchisi – yakunlovchi huquqni qo‘llash harakatini qamrab olsa, ikkinchisi – huquqni qo‘llash natijasiga ishora qiladi, uchinchisi esa – yuridik ishni hal qilish natijasini ifodalaydi, ya’ni yuridik hujjat hisoblanadi. Huquqni qo‘llash natijasida huquq normasi talablari aniq hayotiy holatga nisbatan tatbiq etiladi.
Demak, huquqni qo‘llash quyidagi o‘ziga xos xususiyatlar bilan tavsiflanadi:
Huquq normasi uni qo‘llash vakolatiga ega bo‘lgan organlar yoki mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston Resublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq huquqni qo‘llash vakolatini qonun chiqaruvchi, ijro va sud organlari, korxona, muassasa, tashkilot rahbarlari, turli darajadagi mansabador shaxslar, muayyan holatlarda jamoat tashkilotlari va o‘zini o‘zi boshqarish organlari amalga oshirishi mumkin. Huquqshunosikka oid adabiyotlarda e’tirof etilganidek, mansabdor bo‘lmagan shaxslar huquqni qo‘llash faoliyati bilan shug‘ullana olmaydilar.
Huquqni qo‘llash davlat faoliyatining muhim bir shakli hisoblanadi. Huquqni qo‘llash o‘zining ijtimoiy tabiatiga ko‘ra, boshqaruvning bir shakli bo‘lgan – boshqaruv faoliyatini tashkil etadi. Lekin huquqni qo‘llash umuman boshqaruvdan iborat emas, balki huquq normalarida mustahkamlangan umumiy qoidalarni hayotga qat’iy tatbiq etilishini ta’minlashga qaratilgan maxsus xarakterdagi boshqaruvdir. Huquqni qo‘llash davlat-hokimiyat faoliyati sifatida har doim davlat nomidan amalga oshiriladi.
Huquqni qo‘llash har doim qonunlarda aniq belgilab qo‘yilgan tartibda amalga oshiriladi. Sud, ma’muriy, tergov va boshqa davlat organlari hamda mansabdor shaxslar tomonidan huquqni qo‘llash faoliyatini amalga oshirishning qat’iy tartibi o‘rnatilgan. Huquqni qo‘llovchi organlar huquq normalari asosida, doirasida va ularda ko‘zda tutilgan tartibda, huquqiy tartibga solish jarayonida faol ishtirok etadi, huquqiy masalalarni hal etadi, aniq vaziyatlarda mazkur munosabatlarni huquqiy tartibga soladi1.
Huquqni qo‘llovchi davlat organlari va mansabdor shaxslar qonunda belgilab qo‘yilgan muayyan prinsiplar asosida o‘z faoliyatlarini tashkil etadilar. Bularning eng muhimlari bo‘lib: qonun ustuvorligi, ijtimoiy adolat, maqsadga muvofiqlilik, asoslantirilganlik prinsiplari hisoblanadi. Muayyan ish bo‘yicha qaror qabul qilish yoki uni rasmiylashtirish davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning huquqni qo‘llash faoliyatining yakuni bo‘lib hisoblanadi. Huquqni qo‘llashning mazkur jarayonida alohida olingan hayotiy vaziyat yoki shaxsga nisbatan huquqni qo‘llashning yuridik oqibatlari ishlab chiqiladi va shakllantiriladi2.
Do'stlaringiz bilan baham: |