Taxminan miloddan avvalgi VIII–III minginchi yillarda, ya’ni neolit inqilobi davriga kelib jamiyatda o‘zlashtiriluvchi xo‘jalik (termachilik, ovchilik, baliqchilik)dan ishlab chiqaruvchi xo‘jalikka o‘tilishi bilan jamoa-urug‘chilik tashkilotlari tashkil topadi.
Davlat va huquq tarixidan oldingi davrning muhim bosqichi – bu jamoa tepasida turuvchi murakkab tuzilmalarning va ularga mos bo‘lgan ijtimoiy-me’yoriy tartibga solish mexanizmlarining tashkil topishi bilan bir qatorda, o‘z mazmuniga ko‘ra davlatdan oldingi jamiyatni boshqarishning tamomila yangi asoslarining shakllanishi bo‘lgan.
Ijtimoiy mehnat taqsimotining muhim turlari bilan bir qatorda bosh- qaruvchilik faoliyatining ham ajralib chiqishi va sekin-asta ixtisoslashib – doimiy kasbga aylanib borishi sodir bo‘lgan. Jamiyat a’zolarining boshqaruvchi va boshqariluvchi guruhlarga bo‘linishi davlatning tashkil topishidagi oxirgi bosqich hisoblanadi.
Dastlabki davlat tashkilotlari shahar-davlatlar nomini olgan. Bunday davlatlar Qadimgi Sharqda miloddan avvalgi IV–III ming yilliklardayoq tashkil topgan edi.
Antik dunyoda esa sivilizatsiya va davlatchilikka o‘tish birmuncha keyinroq sodir bo‘lgan. Yevropaning ko‘pgina xalqlarida ibtidoiy jamoa tuzumining yemirilishi va davlatning tashkil topish jarayoni o‘rta asrlarda nihoyasiga yetgan. Afrika, Polineziya va yer yuzining boshqa ba’zi joylarida to XIX–XX asrlargacha davlatdan oldingi oila-urug‘ munosabatlari mavjud bo‘lgan va bu yerlarda davlatning tashkil topishi tabiiy rivojlanish natijasida emas, balki Yevropa mamlakatlari mustamlakachiligi oqibatida yuz bergan.
Ilk davlat va huquqning vujudga kelishidan oldin «Qadimgi Sharq» tushunchasiga to‘xtalib o‘tish lozim. Qadimgi zamonda yunon-rimliklar dunyosidan sharqda va janubi-sharqda joylashgan mamlakatlarning jamini «qadimgi sharq»1 deb ataymiz. Sharq haqida gapirar ekanmiz,
1Izoh: «Qadimgi Sharq» tushunchasi fanda janubiy-g‘arbiy, janubiy va sharqiy Osiyo, shuningdek, shimoliy va shimoliy-sharqiy Afrika mamlakatlari yig‘indisini anglatish uchun an’anaviy tarzda ishlatiladi.
Yevropa bilan bog‘liq bo‘lgan janubiy Osiyo hamda qisman Shimoliy Afrika mamlakatlari va xalqlarini, shuningdek Hindiston va Xitoyni nazarda tutamiz. Kishilik jamiyati rivojlanishidagi eng muhim ijtimoiy va siyosiy institutlar, davlat, huquq, jahon dini ilk bor Sharqda vujudga kelgan. Eng qadimgi yozuv tizimlari ham dastlab sharqda paydo bo‘lgan.
Sharqdagi asosiy mamlakatlar (ikki daryo oralig‘i, Misr, Hindiston, Xitoy), keyinchalik esa boshqa mamlakatlar ham o‘zlarining geografik qulay joyda joylashganliklaridan juda barvaqt foydalana boshlaganlar. Ularning barvaqt rivojlanishi qulay muhitda joylashganligi bilan bog‘liqdir. Tabiiy sharoitlar ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy tashkilotlar taraqqiyotini tezlashtirgan. Yunon-rim dunyosi esa sharq xalqlari yutuqlaridan foydalanib ilgarilab ketadi.
Sharq va G‘arbning taraqqiyot yo‘li bir-biridan farq qiladi. Sharqda xususiy mulkchilik munosabatlari, bozorga asoslangan xususiy tovar ishlab chiqarish munosabatlari muhim o‘rin egallagan. G‘arbda esa xususiy mulkchilik hukmronlik qilgan.
Qadimgi Sharq va antik dunyo davlatlarining o‘ziga xos xususiyatlari ularning mohiyatini to‘g‘ri va to‘liq anglashga yordam beradi.
Sharq davlatlarining kelib chiqishi va rivojlanishidagi o‘ziga xos jihatlar ularning ijtimoiy, siyosiy tuzumi va huquq tizimida namoyon bo‘ladi. Ular quyidagilardan iborat:
shahar-davlatlar faqat mehnat taqsimotining kuchayishi, qullar va quldorlar sinfining shakllanishi natijasida emas, balki murakkab boshqaruv funksiyalarini bajaruvchi shaxslarning shakllanishi natijasida tashkil topgan;
sharq davlatlarida hududni dehqonchilikka moslashtirish borasida jamoa mulkchiligi saqlanib qolgan. Yerlarning asosiy egasi davlat hisoblangan. Natijada, ilohiylashtirilgan podsho ta’sirida podsho-cherkov xo‘jaligi tashkil topgan;
quldorchilik yengil darajada bo‘lib, qullar xo‘jayinidan tashqari davlat tomonidan nazorat etilgan va himoyalangan (masalan, Misrda qullar jinoyati uchun davlat organlari tomonidan jazolangan, xo‘jayi- nining shafqatsizligi uchun shikoyat qilish huquqiga ega bo‘lishgan, Hindistonda qullarning toifasi inobatga olingan);
mamlakatlardagi ijtimoiy tuzum tabaqalarga ajralgan. Biroq aniq ijtimoiy-sinfiy chegaralar bo‘lmagan;
sharq jamiyatlarining an’anaviyligi. Boshqacha aytganda, ijtimoiy- siyosiy tuzumi va huquqiy tizimi vorislik tariqasida o‘tib kelganligi;
sharq davlatlari o‘zining davlat tuzumi bilan ham antik dunyo davlatlaridan farq qilgan. Davlat boshlig‘i – ham davlat, ham din boshlig‘i sifatida qaralgan. Barcha mansablar tayinlash yoki meros tariqasida o‘tgan bo‘lsa, antik dunyo davlatlarida ko‘pgina organlar saylov asosida shakllantirilgan;
sharq mamlakatlari o‘zining huquq tizimi bo‘yicha ham antik dunyo davlatlaridan farq qiladi. Avvalo, sharq mamlakatlari huquqi bu – dastlabki huquq tizimlaridir. Ularda ibtidoiy jamoa tuzumining qoldiqlari saqlangan. Jumladan, jazo tizimida jamoaviy javobgarlik, jazo tayinlashda «talioniya» – «ko‘zga-ko‘z», «tishga-tish» tamoyili va sud yuritish ishlarida «ordaliya» sinab ko‘rish mavjud bo‘lgan. Bundan tashqari, huquq tarmoqlarga bo‘linmagan. Antik davlatlarda esa aksincha, aynan Rim huquqi sohalarga ajratilib mukammal ishlab chiqilgan va ko‘plab davlatlarning huquqiga juda katta ta’sir ko‘rsatgan.
Shunday qilib, qadimgi Misrda ilk davlat Nil daryosini jilovlash va yangi yerlarni o‘zlashtirish, kanal va suv inshoatlarini qurishni boshqarish, dehqonchilik va chorvachilik ishini yo‘lga qo‘yish, urug‘ va qabilalararo ishlarni tartibga solish, jamoani, mamlakatni qo‘shni qabilalar hujumidan himoya qilish zaruriyati natijasida asta-sekinlik bilan vujudga kelgan.
Dunyoda birinchi sinfiy jamiyat va davlat Misrda tashkil topgan. Misrda davlat Afrikaning shimoli-sharqida vujudga kelgan. Nil daryosining boshlaridan to O‘rta dengizgacha bo‘lgan vodiy davlatning asosiy qismini tashkil qilgan. Sharq tomondan arab qirlari (Nil daryosi va Qizil dengiz o‘rtasidagi) va g‘arbdagi Liviya yassi tog‘liklarining bir qismi ham uning tarkibiga kirgan.
Aholisi qadimgi misrliklar va boshqa o‘lkalardan ko‘chib kelgan xalqlardan iborat bo‘lgan.
Miloddan avvalgi V va IV ming yilliklarda dehqonchilik va hunarmandchilik sohasidagi ishlab chiqaruvchi kuchlar taraqqiy etgan. Natijada ibtidoiy jamoa tuzumi yemirilib, davlatning tashkil topishi uchun zarur shart-sharoitlar vujudga kelgan. Urug‘doshlik aloqalari o‘rnida qishloq (qo‘shnichilik) jamoasi tarkib topgan. Xususiy mulkchilik rivojlanib borgan. Oqibatda, jamiyatda mulkiy tabaqalanish vujudga kelgan.
Ijtimoiy munosabatlardagi mazkur siljishlar muqarrar ravishda qabilachilik tuzumidan davlat tuzumiga o‘tishga olib kelgan. Dastlab bir necha davlatchalar tashkil topgan. Ularni mahalliy xalq «sepat», yunonliklar esa «nom» deb ataganlar. Ular manbalarda viloyatlarga
tenglashtiriladi. Nomlar qishloq jamoalarining birgalikda ish yuritish uchun birlashishi natijasida vujudga kelgan. Ma’lumotlarga qaraganda, miloddan avvalgi IV ming yillik boshlarida Misrda 42 ta kichik davlatlar bo‘lgan. Har bir nomning o‘z hokimi bo‘lib, u yunon tilida «nomarx» deyilgan. Nomarx dehqonchilik, chorvachilik, ayniqsa sug‘orish ishlarini, shuningdek harbiy va diniy ishlarni boshqargan.
Umumiy manfaatlar uyg‘unligi Misr miqyosida umumlashtirish zarurati mayda davlatlarning birlashishiga yordam bergan. Tabiiyki, bu birlashish boshchilik qilishga qaratilgan urushlar jarayonida yuzaga kelgan.
Dastlab ikkita katta davlat, janubda Yuqori Misr, shimolda Quyi Misr tashkil topgan. Har birining o‘z podshosi bo‘lgan. Miloddan avvalgi taxminan 3000-yilda Yuqori Misr podshosi Menes (Mina) Quyi Misrni o‘ziga bo‘ysundirgan. Poytaxti Abidos (qisqa muddatdan so‘ng Memfis shahri, keyinchalik Fiva) bo‘lgan yagona Misr podsholigiga asos solingan.
Fanda Qadimgi Misr davlati tarixini quyidagi beshta yirik davrga bo‘lish qabul qilingan:
ilk podsholik davri (miloddan avvalgi 3100–2800-y.);
Qadimgi (Qo‘hna) podsholik davri (miloddan avvalgi 2800– 2250-y.);
O‘rta podsholik davri (miloddan avvalgi 2250–1750-y.);
Yangi podsholik davri (miloddan avvalgi 1584–1071-y.);
So‘nggi podsholik davri (miloddan avvalgi XI–VI asrlar).
Ilk podsholik davrida qadimiy qabilaviy ittifoq shaklidagi davlat bo‘lgan. Qadimgi podsholik davrida markazlashgan kuchli davlat tashkil topgan. Qadimgi, o‘rta va yangi podsholiklari oralig‘idagi davrlar Misrning xo‘jalik va siyosiy inqiroz davri bo‘lgan.
Miloddan avvalgi XXIII asrdan XXI asrgacha Misr bir nechta mustaqil davlatlarga ajralgan. Nomlar vorislik qiluvchi yirik zodagonlar qo‘lidagi yarim qaram viloyatlarga aylangan. Bu esa mutlaq hokimiyatni chegaralagan.
Miloddan avvalgi XVIII asrda ozod dehqonlar va qullar tomonidan juda katta norozilik qo‘zg‘oloni bo‘lib o‘tadi. Natijada Misr giksoslar (Osiyoning ko‘chmanchi qabilalari) tomonidan osonlik bilan bosib olinadi. Ularning hukmronligi 100 yil davom etadi. So‘ngra Misr o‘z mustaqilligini, giksoslar ta’siridagi hududlarni ham qo‘lga kiritadi.
Natijada yangi podsholik davrida birinchi jahon imperiyasiga aylangan. So‘nggi podsholik (Liviya-Sais) davriga kelib inqirozga yuz
tutgan. Miloddan avvalgi VIII–VII asrlarda (miloddan avvalgi 663- yilgacha) Efmopiya va osur podsholarining hukmronligi o‘rnatiladi. Miloddan avvalgi 525-yilda Ahamoniylar Eron tomonidan bosib olingan. Miloddan avvalgi 332-yildan yunon mustamlakasiga aylangan. Iskandar vafotidan so‘ng bu yerda yunon-makedoniyaliklar sulolasi qaror topib, Misr ellinizm davriga qadam qo‘ygan. Miloddan avvalgi I asrda Misr Rim imperiyasi ta’siriga tushib qolgan.
Jamiyatning ijtimoiy pog‘onalari podsho hokimiyatining tayanchi bo‘lgan kohinlar, zamindor va harbiy zodagonlar, shaharliklar jamoalari, mayda mulkdorlar («najis» – misr tilida «kichkina» ma’nosini anglatadi), erkin kishilar (meret), podsho xizmatchisi deb ataluvchi yarim erkin kishilar, hunarmandlar, savdogarlar, podsho qullari («xemu-nesut» – podsho qullari) va qullardan iborat bo‘lgan. Cherkov xo‘jaligi ommani fir’avnlarga itoatda bo‘lishga undashligi sababli soliq va ishlab berish majburiyatlaridan ozod etilgan. Quldorchilik munosabatlari asrlar davomida kuchaya borgan. Shunday bo‘lsa-da, qullar o‘z oilasi va mulkiga egalik qilishi, xo‘jayini ustidan ibodatxonaga shikoyat qilishi mumkin bo‘lgan.
Davlatning hokimiyati tepasida podsho turgan. Qadimgi podsholik davriga kelib oliy hokimiyat meros tariqasida o‘tgan. Hokimiyat haqidagi diniy ta’limotga ko‘ra, yangi fir’avn-xudoni yaratish uchun fir’avnlarning ilohiyligi yetarli hisoblanmagan. Ilohiylik darajasiga ko‘pincha nomarxlar va kohinlar ham fir’avn mansabini egallashi mumkin bo‘lgan.
Podsho shaxsi ilohiylashtirilgan. Natijada podsho so‘zi o‘rnida majoziy ma’noda «fir’avn – ulug‘ uy» iborasi ishlatilgan. Oddiy fuqaro podsho oldida hukmdorning oyog‘i ostidagi tuproqni o‘pishga, nufuzli shaxslar esa oyog‘ini yopishga haqli bo‘lgan. Fir’avn qonun chiqarish, ijro etish va sud hokimiyatiga egalik qilgan. Barcha davlat ishlari uning buyrug‘i bilan amalga oshirilgan. U o‘z qo‘riqchilariga ega bo‘lgan. Misr tarixida taxminan XXVI sulola hukmronlik qilgan.
Uning hokimiyati hukmron tabaqalar, ya’ni yirik zodagonlar, harbiylar va kohinlar tomonidan nazorat etilgan. Shuningdek, diniy va axloqiy me’yorlar bilan ham ushlab turilgan.
Saroyda ko‘p sonli amaldorlar faoliyat ko‘rsatgan. Davlat boshqaruvida podshodan keyingi birinchi o‘rinda turuvchi oliy mansabdor shaxs «vazir – jati» hisoblangan. Dastlab u poytaxt kohini, saroy boshqaruvi va devonxona boshlig‘i vazifasini bajargan. Uning vakolatlari asta-sekin kengaya borgan. Xususan, yer-suv ta’minotini, davlat idoralari, qo‘shin va sud organlarining boshqaruvi va nazoratini amalga oshirgan.
Yuqori mansabdor shaxslar, harbiy boshliqlar, xazinani saqlovchilar, ish boshqaruvchilar, oliy kohinlar, odatda, podsho xonadonidan bo‘lishgan1.
Qadimgi podsholik davriga kelib harbiy, ijtimoiy ishlar, moliya-soliq va sud idoralari shakllangan. Yangi podsholik davrida markaziy boshqaruvda «Bosh xazinachi», «Butun podsholik ishlari boshlig‘i» lavozimlari joriy etilgan. Ko‘p sonli mirzalar buyruqlarni yozish bilan shug‘ullanib, xazina hisobini, dehqonlar va hunarmandlar ustidan nazoratni yuritgan.
Keyingi davrlarda bosqinchilik siyosati natijasida davlat boshqaruvi harbiy xususiyat kasb eta boshlagan. Xo‘jalik boshqaruvida harbiy boshliqlarning roli kuchaygan.
Oliy sud instansiyasi «Oltita buyuk uylar» deb atalib, poytaxtda joylashgan. Oliy sud hokimiyati fir’avnga tegishli bo‘lgan. U davlatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha maxsus sudyalarni tayinlagan. Qadimgi jamoa sudlarining o‘rnini podsho sudi vakillari egallagan.
Joylarda hokimiyat nomarxlar tomonidan an’anaviy tarzda boshqarilgan. Ular viloyatning xo‘jalik boshqaruviga oid buyruqlar chiqargan va umumiy kuzatuvni olib borgan. Nomarxlarning atrofida cherkov kohinlari, turli darajadagi amaldorlar faoliyat yuritgan. Ko‘p joylarda ularning hokimiyati meros tariqasida otadan o‘g‘ilga o‘tgan.
Yangi podsholik davrida Yuqori va Quyi Misr fir’avn tayinlaydigan alohida noiblar tomonidan boshqarilgan. Bu mamlakatni yanada markazlashtirgan. Shahar va qal’alar fir’avn tomonidan tayinlanadigan boshliqlar tomonidan idora qilingan. Dehqonlar jamoalari oqsoqol – kserp tomonidan idora etilgan.
Dastlabki davrlarda doimiy qo‘shin shakllana boshlagan. Keyingi davrlarga kelib maxsus va yollanma dehqonlar qo‘shinidan tashkil topgan.